Post Views:
1 380
Mazkur masjid Toshkent shahar Shayxontohur tumani Samarqand darboza ko‘chasi “Chorsu” mahallasi 13-A uyda joylashgan. Masjid o‘z faoliyatini 1991 yil may oyidan boshlagan. Masjid Toshkent shahar adliya boshqarmasining 1998 yil 22 oktyabrdagi 107-raqamli guvohnomasi bilan qayta ro‘yhatdan o‘tgan.
Masjidning qurilish tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, uning “Ukkosha” nomi qadimiyroqdir. Bu ism Rosululloh S.A.V. ning sahobalaridan birining ismi bo‘lib, uning to‘liq ismi Ukkosha ibn Mihsan ibn Harsan al-Asadiy bo‘lib, 16-17 asr muarrixlari Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” va Muhammad Tohirning “Ajoyib ut-taboqat” asarlarida Toshkent shahridan tashqari Balx shahri tashqarisida ham hazrati Ukkosha qabri borligi qayd qilingan.
Aslida hazrati Ukkosha xalifa Abu Bakr R.A. davrida (632-634 m.y) soxta payg‘ambar Tulayha ibn Huvaylidga qarshi jangda o‘ldirilgan va Toshkent hamda Balx shaharlaridagi qabrlar ramziy hisoblanadi. Toshkentdagi hazrati Ukkosha mozorining qaysi davrdan shakllangani haqida aniq fikr aytish qiyin. Har xolda hazrati Ukkosha mozorida Baroqxon davrigacha ham namozgoh masjid mavjud bo‘lgan.
Mazkur namozgohdan aholi 17-asr davomida ham foydalanib kelgan. Xususan, Ashtarxoniy Subxonqulixon (1681-1702) muxri bosilgan Hoja Alambardor mozoriga mutavalli tayinlash haqidagi bir yorliqda Toshkent namozgohi zamini tilga olinadi.
Namozgoh qalmoqlarning Toshkentga hujumidan keyin (18 asrning 20 yillari) qarovsiz qolgan va 19-asrga kelib yozma manbalarda “Ko‘hna namozgoh” yoki “Eski namozgoh” deb tilga olingan.
Hatto bu nom ko‘cha va mahalla nomi sifatida Hazrati Ukkosha qadamjoyi va mozor yaqinidagi shifobaxsh buloq, shahardagi gavjum ziyoratgohlardan bo‘lgan.
Yuqorida ta’kidlanganidek eski namozgoh o‘rnida keyinchalik Beshyog‘och mahallasida bir mahalla yuzaga kelgan.
19-asrning 80-yillarida ushbu mahallada ikkita masjid ishlab turgan. Ulardan biri mahalla odamlari tarafidan, ikkinchisi Saidbobo Imomhoji o‘g‘li tarafidan bunyod etilgan bo‘lib, ularning qadimiy namozgohga aloqasi bormi yo‘qmi aniq fikr aytish qiyin.
Bugungi kunda ham o‘sha qadimiy Namozgoh yeriga qisman yaqin yerda Hazrati Ukkosha nomidagi jome’ masjid faoliyat yuritmoqda.
Masjidning “Mo‘yi-Muborak” deb nomlanishining sababi 20-asrning boshlariga qadar masjid xonaqohida Rasululloh S.A.V. ning muborak soqol tolalari shisha idishga solinib yuqori qismiga osilgan holda saqlanib turganligi haqida mahalla keksa yoshli otaxonlar tomonidan rivoyat qilingan.
Ilxomjon Madaliyev ma’lumotlari asosida tayyorlandi
https://shosh.uz/uz/mo-yi-muborak-ukkosha-jome-masjidi-tarixi/