Mashhur bastakor Volfgang Amadey Motsart haqida eshitgansiz. Juda erta musiqa bastalay boshlagan va shuhrat qozongan bu daho bastakor haqida juda koʻp hikoyatlar yuradi. Quyida shulardan ayrimlari bilan tanishasiz.
Motsart – sodda vunderkind
Motsartning favqulodda isteʼdodga ega boʻlganligi maʼlum. U toʻrt yoshida klavishli cholgʻu asboblari uchun konsert – murakkab musaqa asari yozadi. Bunday asarni mahoratli va tajribali sanʼatkorlargina ijro etishi mumkin edi. Motsartning mehribon otasi hali yozib tugatilmagan notalarga qarab hayratga tushadi:
– Axir bu konserting judayam murakkab-ku, uni hech kim chala olmaydi!
– Qiziqmisiz, dada! – eʼtiroz bildiradi u. – Uni hatto yosh bolalar ham chala oladi-ku. Masalan, men.
Bola baribir bola-da…
Motsartning butun bolaligi turli tadbirlardagi chiqishlar va musiqa mashgʻulotlari bilan oʻtgan. Yosh isteʼdod sohibi Yevropaning turli burchaklarida tashkil etilgan konsertlarda oqsuyaklarni hayratga solib yuradi: otasi Motsartning koʻzini roʻmolcha bilan yopib qoʻyar, u ana shu holatda kuy ijro etardi. Hatto cholgʻu asbobining klaviatura-tugmalarini ham roʻmolcha bilan yopib qoʻyishar, shunda ham bolakay oʻz ishini uddalay olardi.
Konsertlarning birida sahnaga toʻsatdan mushuk chiqib keladi. Yosh Motsart kuy chalishni toʻxtatib, mushuk tomon yugurib ketadi. Hamma narsani unutib, mushuk bilan ovora boʻladi. Otasining asabiy baqirigʻiga javoban esa shunday deydi:
– Klavesin (fortepyanoga oʻxshash qadimiy cholgʻu asbobi) hech qayoqqa ketmaydi, lekin mushuk ketib qolsa nima qilaman?!
Iltifot
Yosh Motsart imperator saroyida chiqish qilgach, malika Mariya-Antuanetta unga oʻzining hashamatli saroyini koʻrsatmoqchi boʻladi. Zallarning birida parket polda yurolmagan Motsart sirpanib yiqilib tushadi. Malika uning turishiga yordamlashadi.
– Menga mehr koʻrsatdingiz… – deydi yosh musiqachi. – Sizga uylanishimga ruxsat bering.
Mariya-Antuanetta bu haqda onasiga aytadi.
Qirolicha hali moʻylovi sabza urmagan “kuyov”dan soʻraydi:
– Malika aʼlo hazratlariga nima sababdan uylanmoqchisan?
– Minnatdorchilik yuzasidan,– javob beradi Motsart.
Gʻaroyib suhbat
Yetti yoshli Motsart Frankfurt-na-Mayneda konsert beradi. Tomosha tugagach uning oldiga oʻn toʻrt yoshli bir bola keladi:
– Juda ajoyib chalar ekansan, – deydi u. – Menga hech qachon bunaqasini oʻrgatishmagan.
– Nahotki! – ajablananadi yosh Volfgang. – Buning hech qanaqa qiyin joyi yoʻq. Nota yozib koʻrganmisan?.. Kallangga keladigan kuylarni qogʻozga tushirganmisan?..
– Bilmadim… Mening kallamga faqat sheʼr keladi, xolos.
– Yoʻgʻ-ye! – hayratlanadi Motsart. – Sheʼr yozish juda qiyin deyishadi, shu toʻgʻrimi?
– Bekor gap, juda oson-ku. Bir urinib koʻrgin…
Motsartning suhbatdoshi yosh Gyote edi.
Soddadil
Bir kun Zalsburglik katta bir amaldor jahonshumul shon-shuhratga erishgan yosh Motsart bilan suhbat qurmoqchi boʻlibdi.
Lekin bolaga qanday murojaat qilishni bilmabdi. “Sen” deyish noqulay, uning shuhrati juda baland, “siz”lash esa mushtday bolaga koʻplik qiladi…
Uzoq vaqt oʻylab koʻrgach bu janob oʻzi uchun qulay boʻlgan murojaat shaklini topadi:
– Biz Fransiya va Angliyada boʻlganmizmi? Biz katta muvaffaqiyat qozonganmizmi? – deb savol beradi amaldor.
– Siz aytgan joylarda boʻlganman, janob. Lekin toʻgʻrisi, sizni Zalsburgdan boshqa joyda koʻrmaganman! – deb javob beradi soddadil Motsart.
Akademikning istagi
Volfgang yetti yoshida birinchi simfoniyasini, oʻn ikki yoshida esa birinchi operasi “Bastyen va Bastyena”ni yozadi. Bolon akademiyasida yigirma olti yoshga toʻlmagan kishi akademiklikka qabul qilinmas edi. Lekin Motsartday favqulodda iqtidor egasi uchun istisnoga yoʻl qoʻyiladi. U oʻn toʻrt yoshida Bolon akademiyasi akademigi boʻlib saylanadi.
Otasi uni qutlagan payt deydi:
– Dada, mana akademik ham boʻldim, endi yarim soat oʻynab kelishimga ruxsat berasizmi?
Ustasiga farqi yoʻq
Motsart Salyeri bilan hazillashmoqchi boʻlibdi.
– Klavir[1] uchun kichkina bir asar yozdim, uni dunyoda mendan boshqa hech bir kishi chala olmaydi, – deydi u ogʻaynisiga.
Notalarni koʻrgach, Salyeri hayratdan yoqa ushlaydi:
– Eh Motsart, hatto sen ham buni chala olmaysan. Juda qiyin kuy ekan, bir qoʻling klaviaturaning bir boshida boʻlsa, ikkinchisi narigi boshida boʻlishi kerak. Ayni shu vaqtda bir nechta notani oʻrtadagi klaviaturalarda chalish zarur. Hatto oyoqlaring bilan chalganingda ham ulgura olmaysan, tempi juda baland…
Motsart bir kulib qoʻyadi, oʻziga nihoyatda ishongan holda klavirga oʻtiradi va… pyesani qanday yozilgan boʻlsa shunday aniqlikda ijro etadi. Topogʻon musiqachi oʻrtadagi klaviaturalarni burni bilan chalgan edi!
Orifjon Madvaliyev
“Ovoza” gazetasining 2009 yil 6 avgust (№31) sonida chop etilgan.
[1] Klavishli cholgʻu asboblarining umumiy nomi.
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/mosart-haqida-hikoyatlar/