Post Views:
289
MOSHTABIBLAR – Sharq tabobatiga o‘z hissasini qo‘shgan Toshkentlik tabiblar sulolasi. Sulola tarixi uzoq o‘tmishga ega. Rivoyatlarga ko‘ra, Amir Temurning dardiga ham shu sulolaning bobokaloni Moshtabib malham bo‘lgan ekan. Hatto Moshtabiblar ajdodi Amir Temurdan avval Chig‘atoy ulusi davrida ham «Xo‘ja xon tabib» nomi bilan mashhur bo‘lganligi hikoya qilinadi. Moshtabiblar sulolasining ulug‘i singan qo‘l yoki oyoqni taxtakachlab gilmoya surib qo‘yish usulidan mohirona foydalangan. Bu usul necha yuz yillardan beri avloddan-avlodga o‘tib keladi.
«Moshtabib» atamasi haqida xalq o‘rtasida bir necha taxminlar bor. Unga ko‘ra, Haj ibodati niyatida yo‘lga chiqqan tabib bobolarimiz yo‘lda uchragan bemorlarni davolaganlar. «Shoshlik tabib – Shosh tabib» atamasi balki o‘sha asrlarda rasm bo‘lgandir. Boshqa bir taxminga ko‘ra, «Moshtabib» «Mostabib», ya’ni singan yoki chiqqan joyni moslab va jipslab qo‘yuvchi degan ma’noda va h.k.
Tarixda nomi qolgan Moshtabiblarning ulug‘lari Azimhoji, Arbobboy, Mutalboy, Muhammad Shukur o‘z davrining olimu ulamolari bo‘lish bilan bir qatorda tabibchilikda ham shuhrat qozonganlar.
Sulolaning keyingi avlodi Muhammad Ibrohim (1871–1952), Muhammad Sobir (1900–1966), Abdujabbor Muhammad Sobir o‘g‘li (1934–2006) uzoq yillar davomida Shayxontohur tumanining Gulbozor mahallasida yashab, tabibchilik sohasida faoliyat yuritgan. Muhammad Sobir o‘g‘li bemorlarni davolashda o‘z usuli bilan tayyorlagan dori-darmonlar, shuningdek, singan joyni qimirlatmaslik uchun tol novdasidan taxtakach yasab «taxtakachlash» usulidan foydalangan. Mashhur professor travmatolog Odil Shokirov bilan yaqin hamkorlik qilgan, vrachlarga bemorlarni xalq tabobati usullaridan foydalanib davolash bo‘yicha zarur maslahatlar bergan. Singan suyaklar patologiyasi, chiqqan suyaklar hamda tushgan jag‘ni solish, bolalar displaziyasi, umurtqa churrasini davolash, yara-chaqalarga malham qo‘yish, sambit bargi ila «nazla» tashlatish tabibning o‘ziga xos davolash usullari hisoblanadi. U tabibchilikdan tashqari jamoat ishlarida ham faol qatnashgan. Uning tashabbusi bilan Zangiota tumani «Turkiston» agrofirmasi hududida «Anas ibn Molik» masjidiga asos solindi. «Asrlar oshgan tabobat» badihasi muallifi (to‘ldirilgan 2-nashri, Toshkent, 2007).
Moshtabiblar sulolasi faoliyati ilmiy va mukammal tajribaga asoslangan. Hozirgi Abdulahat Abdujabbor o‘g‘li (genetika sohasida olim) va nabirasi Abdulvoris (Toshkent tibbiyot akademiyasining bitiruvchisi) Moshtabib sulolasining davomchisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Moshtabiblar Shayx Zayniddinbobo qabristoniga dafn etilganlar. Toshkentning Mirobod tumani (Mingo‘rik shahristoni oldi)dagi ko‘chalaridan biri «Moshtabib» nomi bilan ataladi.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/moshtabiblar-2/