MONTANA — AQSHning shim.gʻarbiy qismidagi shtat. Togʻli shtatlar guru-xida. Kanada bilan chegaradosh. Mayd. 380,8 ming km2. Aholisi 909,4 ming kishi (2002), shundan shahar aholisi 52%. Maʼmuriy markazi — Xelina sh. Yirik shaharlari: Billings va GreytFols. Shtatning gʻarbiy qismini Qoyali togʻlar egallagan, sharqiy qismi Preriy platosidan iborat. Iklimi moʻtadil, kontinental iqlim. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi —8°, iyulniki 20°. Yillik yogʻin 350—400 mm. Yirik daryolari: Missuri va uning irmogʻi Yellouston. M. hududida Gleysher va Yellouston milliy parklarining bir qismi joylashgan.
Montana iqtisodiyotining yetakchi tarmogʻi — kon sanoati va ekstensiv q. x. Mis, qoʻrgʻoshin va rux eritish, yogʻochsozlik, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Asosiy q. x. ekinlari: bugʻdoy va qand lavlagi. Milliy parklarga koʻplab turistlar keladi.