MOLIBDEN QOTISHMALARI — asosini molibden tashkil qiladigan qotishmalar. Asosan, issiqbardosh konstruksion materiallar sifatida ishlatiladi. VM-1, SM-2 va VM-2 markali Molibden qotishmalari tarkibida 0,1—0,4% gacha uglerod boʻladi. VM-2 qotishmasidan chiviq, pokovka va shtampovkalar, VM-1 va SM-2 qotishmalaridan esa chiviq, list va quvurlar tayyorlanadi. Molibden qotishmalaridan tayyorlangan detallar vakuumda yuqori (1800° gacha) t-rali sharoitda uzoq muddat ishlaydi. Bu qotishmalardan 2300 — 2500° t-rali gazlar oqimida qisqa muddat (5 min. gacha) ishlaydigan detallar ham tayyorlash mumkin. Molibden qotishmalaridan tayyorlanadigan himoya qoplamali detallarning havoda yoki boshka oksidlovchi muhitlarda 1200—2000° dagi xizmat muddati — 5—500 soat. Odatda, Molibden qotishmalari yoyli vakuum pechlarda, elektron nurli va garnisaj pechlarda eritib olinadi. Molibden qotishmalari kukun metallurgiyasi usulida olinganda ancha ifloslanadi, natijada texnologik xossalari (ayniqsa, pay-vandlanuvchanligi) yomonlashadi.
Molibdenni legirlash uchun titan (Ti), sirkoniy (Zr), gafniy (Hf), vanadiy (V) ishlatiladi (0,1 — 1,5%). Legirlovchi elementlarning koʻpchiligi molibdenni moʻrtlashtiradi. Titan, sirkoniy, niobiy va b. bilan legirlangan molibdenning issiqbardoshligi ancha yuqori, ammo plastikligi pastroq. Molibdenning plastikliligini oshiruvchi birdanbir element — reniy. Sirkoniy va titan Molibden qotishmalarining plastik deformatsiyalanuvchanligini oshiradi. Molibden qotishmalarining mexanik puxtaligi t-raga bogʻliq. Molibden qotishmalaridan soplolar, uchish apparatlarining qoplamalari, raketa detallari, atom reaktorlarining qismlari, elektrotexnika va radiotexnika sanoatida ishlatiladigan turli detallar va b. tayyorlashda foydalaniladi.