Moldavan adabiyoti

Moldavan adabiyotining ilk namunalari ham xalq ogʻzaki ijodi asarlari shaklida vujudga keldi.

Valax va moldavanlar juda boy xalq ogʻzaki ijodiga ega. Mehnatkash xalq yaratgan qoʻshiq va ertaklarda Fat-Frumos va Ilyana-Kosnyazyana singari tadbirkor, dono va jismoniy sogʻlom qahramonlar obrazi yaratilgan. Hikmatli soʻz va maqollarda xalqning qadimiy hayot tajribasi va falsafasi oʻz aksini topgan.

Moldavan folkloriga xos janrlardan biri xalq balladalari, aniqrogʻi, xalq dostonlari boʻlib, ularda turli ijtimoiy tabaqalar hayoti, xalq ommasining oʻz ozodligi uchun kurashi yorqin aks ettirilgan. Choʻponlar hayotiga bagʻishlangan “Mioritsa”, turk istilochilariga qarshi kurashchi, qasoskor gayduklarning mardligini tasvirlovchi “Pahlavon Gruya Grozovan”, “Gruya va Novak”, “Donchilar”, “Bujor” hamda gayduk Kordyanu haqidagi balladalar xalq orasida juda mashhurdir.

Milodiy II asr boshlarida hozirgi Moldaviya va Ruminiya hududidagi Dakiya davlati Rim imperiyasiga boʻysundirilgach, bu oʻlkada yashagan dakilar va ularning tili batamom yoʻqolib, uning oʻrnini jonli lotin tili zaminida shakllangan hozirgi moldavan va rumin tillari egallaydi.

V-VIII asrlarda Dakiya aholisi slavyan qabilalari bilan yaqin munosabatda boʻldilar. IX-XI asrlarga kelib hozirgi Moldaviya yerlari Kiyev Rusi tarkibiga kirdi. XII-XIII asrlarda esa bu yerlar Kiyev-Volinskiy knyazligi ixtiyoriga oʻtdi. XIV asrda mustaqil Valaxiya hamda Moldaviya knyazliklari tashkil topgach, slavyan tili cherkov, davlat tili va adabiy til boʻlib qoldi. XIV-XVII asrlarda slavyan tilida yaratilgan qadimgi moldavan-valax adabiyoti diniy mazmundagi adabiyot edi. “Avliyo va jafokash Ioan Noviy” nomli birinchi diniy original asar ana shu adabiyotning yirik vakili va targʻibotchisi Grigoriy Samlak tomonidan yozilgan edi.

XVIII asrning boshlarida yaratilgan yilnomalar mazmundorligi, rang-barangligi va publitsistik xususiyatga ega boʻlishi bilan bundan oldingi davrlarda yaratilgan yilnomalardan ancha farq qilar edi. Chunonchi, endigi yilnomalarda moldavan xalqining bosqinchi turklarga qarshi olib borgan mardona kurashi ham tasvirlanar, ularda mustaqil moldavan knyazligini qayta tiklash zarur degan gʻoya ilgari surilar edi.

XVII asrda Dunay boʻyi knyazliklarida gullagan oʻrta asr adabiyoti Ureke, Miron, Kostin, Nekulche kabi zabardast yilnomachilardan tashqari, Nikolay Milesku Spafariy va Dmitriy Kantimerga oʻxshash dunyoga mashhur donishmand yozuvchilarni ham yetishtirdi.

XVIII asr boshlarida Moldaviyada ham, Valaxiyada ham bosqinchi turk hukmdorlarining zulmi haddidan oshganligi sababli adabiyot va madaniyat ham inqirozga yuz tutdi.

1812 yilda Bessarabiyaning Rossiyaga qoʻshilishi progressiv ahabiyatga ega boʻldi. Chunki chor hukumatining oʻlkada reaksion siyosat oʻtkazishiga qaramay, shu yillardan boshlab Bessarabiyaga Rossiyadagi ilgʻor kishilarning, jumladan, dekabristlarning progressiv gʻoyalari tarqala boshladi.

XIX asrning 30-yillarida Moldaviya va Valaxiyada umumiy iqtisodiy koʻtarilish zaminida feodal munosabatlar yemirila borib, kapitalistik munosabatlar mustahkamlandi va bu, oʻz navbatida, badiiy adabiyotning rivojiga turtki boʻldi. Maktablarda ona tilida oʻqitiladigan boʻldi. Birinchi teatr tomoshalari koʻrsatildi. “Rumin bolarisi” noli gazeta nashr etila boshladi. Oʻz sahifalarida K. Stamati, A. Xrestovergi, K. Negrutsi, V. Aleksandrilarning asarlarini eʼlon qilgan bu gazeta moldavan adabiyoti taraqqiyotida katta rol oʻynadi. Nomlari zikr etilgan moldavan adiblarining asarlari janr, mavzu va badiiy mahorat eʼtibori bilan bir-biridan farq qilardi, albatta. Biroq ularninng hammasiga xos umumiy bir fazilat shundaki, bu yozuvchilarning ijodi rus madaniyati va adabiyoti bilan bevosita aloqador edi.

Oʻtgan asrning 30-40-yillarida oʻlkada feodal zuhumi va politsiya oʻzboshimchaligi hukm surgan kezlarda ham taraqqiyoparvar yozuvchilar adabiyotni xalq xizmatiga hamda mamlakatdagi iqtisodiy-siyosiy taraqqiyotga boʻysundirishga urindilar. Ular krepostnoy dehqonlar va loʻli qullarni ozod qilishni talab qilib chiqdilar. Original milliy adabiyotni rivojlantirish muhim masala boʻlib qoldi. Shu munosabat bilan xalq ogʻzaki ijodi asarlarini toʻplab nashr ettirishga eʼtibor kuchaydi. Adabiyotda (A. Donich masallari, K. Negrutsi va V. Aleksandrining hikoya va sahna asarlarida) tanqidiy realizm uchqunlari koʻzga tashlana boshladi.

1840–1860 yillarda hozirgi zamon moldavan adabiyo tilini shakllantirish uchun kurash qizib ketdi. V. Aleksandri, K. Negrutsi va ayniqsa, A. Russo singari yozuvchilar ona tilining sofligini himoya qildilar.

Moldavan milliy adabiyotini yaratish uchun kurashgan yozuvchilarning har biri murakkab hayot yoʻlini bosib oʻtdi. Ular Rossiya va Gʻarbiy Yevropa shaharlarida taʼlim olib, jahon adabiyoti yutuqlari bilan yaqindan tanishdilar. Bu adiblar xalq xalq ozodlik harakatida ham faol qatnashdilar. M. Kogelnichanu bir qancha ocherk, povest, roman yaratgan boʻlsa, A. Russo koʻproq hajviy pyesalar va otashin ilmiy-tanqidiy maqolalar muallifidir. K. Negrutsi zamonaning dolzarb masalalari haqida, asosan, oʻtmish tarixi materiallari asosida tarixiy poema va novellalar yozdi.

XIX asrning ikkinchi yarmida yashab ijod etgan Vasile Aleksandri avval Yassida, keyinchalik Parijda tib, matematika va huquq fanlarini oʻrgangan boʻlsa-da, vataniga qaytgach, koʻproq adabiyot bilan shugʻullandi. 1848 yil revolyuyiyasida faol qatnashdi. Revolyusiya yengilgach, Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarini kezib chiqdi, koʻp revolyusionerlar bilan tanishdi. Uning shu davrda yaratgan “Moldaviya bilan xayrlashuv”, “Ruminiyaning uygʻonishi” nomli sheʼrlarida vatanga muhabbat his-tuygʻulari oʻzining chuqur ifodasini topdi. 1860 yildan boshlab u siyosiy kurashdan chetlanib, adabiy-ijodiy ishga berildi.

V. Aleksandri poeziyasi ijtimoiy gʻoyalar bilan sugʻorilgan, xalq qoʻshiqlarini eslatuvchi poeziyadir. Shoirning “Gayduk qoʻshigʻi”, “Gayduk Groza”, “Qaldirgʻoch qissasi”, “Sibir yoʻlida” nomli qoʻshiq va balladalari fikrimizning dalili boʻla oladi.

Yozuvchining prozasida salmoqli oʻrin tutgan “Bir tilla pul tarixi” povesti qiziqarli majoziy syujetga ega. Muallif bir tilla pulning turli xil odamlar hamyonida safar qilishini koʻrsatish orqali oʻsha zamonning poraxoʻr sudyalari, firibgan qimorbozlari, insofsiz sudxoʻrlari va zolim amaldorlarining kirdikorlarini ochib tashladi. Bu asarda Zemfira va Nadulkaga oʻxshash gunohsiz loʻli va gayduklarning mavjud ijtimoiy tuzum qurboni boʻlganliklari tasvirlanadi.

V. Aleksndrining ellikdan ortiq sahna asarlari orasida “Sinzyana va Pepelya” nomli hajviy, “Ovidiy” hamda “Blanduziy chashmasi” nomli tarixiy dramalari alohida oʻrin tutadi. Bu asarlarda, birinchidan, oʻsha zamon hukmronlarining yaramas axloqi, nodonligi, farosatsizligi fosh qilinsa, ikkinchidan, vatanparvarlik gʻoyalari tashviq etiladi.

Ruminiyada yashab ijod etgan taniqli bessarab yozuvchilaridan Yem. Bukov, L. Delyanu, G. Menyuk, N. Kostenko, B. Istrular moldavan adabiyoti taraqqiyotiga muhim hissa qoʻshdilar. Ular oʻz ijodlari bilan rumin progressiv adabiyoti rivojiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatdilar.

Urush davrida moldavan adabiyotida ham Vatan va Vatan mudofaasi mavzui yetakchi edi. I. Kanning “Oʻrmon qizi”, L. Barskiyning “Shinel kiygan qiz”, Gr. Adamning “Tomulesa qudugʻi yonida” hikoyalarida, Yem. Bukovning “Kotovskiy tirik” dostonida va A. Lupanning “Posbon”, L. Delyanuning “Qoʻshiq”, B. Istruning “Anna” nomli sheʼrlarida ham jangchilarning matonati, partizanlar harakati va mehnat fronti azamatlarining hayoti zoʻr hayajon bilan tasvirlandi.

XX asrning 50-yillar moldavan adabiyotida badiiy prozaning salmogʻi oshdi. Uning barcha janrlarida, xususan, roman va povest janrida, koʻplab asarlar yaratila boshladi. Kitobxonlarga xalq hayotining oʻtmishini ham hozirgi kunini ham keng koʻlamda aks ettiruvchi oʻnlab roman va povestlar taqdim qilindi. A. Lipkaning “Uygʻonish”, Yem. Bukovning “Binolar qad koʻtarar”, I. K. Chobanuning “Kodri”, A. Shalarning “Inson va taqdir”, M. Kaxananing “Pavel Bragar”, “Kostya Gingash” romanlari, I. Drutsening “Beva xotin oʻgʻli George”, S. Shlyaxuning “Oʻrtoq Vanya”, L. Barskiyning “Florenada”, G. Bannaruning “Dehqonlar”, V. Malevaning “Qoʻshiqqa yoʻl ochiq” povestlari oʻular jumlasidandir. Bu asarlarning yaratilishi, birinchidan, moldavan badiiy prozasining tematik doirasi xiyla kengayganligini, ikkinchidan, adabiyot maydoniga proza bilan shugʻullanuvchi isteʼdodli yoshlar kirib kelganligini koʻrsatadi.

Soʻnggi 5-6 yil ichida moldavan poeziyasida ham oʻnlab yangi nomlar paydo boʻldi. Ular oʻzlarining ilk sheʼriy toʻplamlari yoki dostonlari bilan adabiyot maydoniga kirib kelar ekan, Viktor Teleukning oʻychan, oʻtkir lirikasi, Pavel Botsuning mazmundor sheʼrlari, Anatoliy Kodruning jozibador poeziyasi, George Vodening optimistik ruh bilan sugʻorilgan sheʼriy asarlari, Ion Vatamanu va Petri Kerarening asarlari fikrimizning dalilidir.

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/moldavan-adabiyoti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x