Bir vaqt Andijon shahrida qattigʻ zilzila boʻlub, hamma imoratlar yiqildi. Koʻp kishilar tom va devorlarning ostida qolub, halok va majruh boʻldilar. Koʻp faqiru bechoralar uysiz, joysiz, och va yalangʻoch qoldilar. Bularning foydalarigʻa har tarafdan ionalar (ehsonlar) yigʻildi. Har shahardan ul bechoralargʻa aqcha, taom va kiyimlar yuborildi. Har yerda necha-necha kishilar iona yigʻib yubormoqgʻa mutasaddi boʻlmish edilar.
Shul mutasaddilarning baʼzilari Toshkanda iona soʻramoq uchun bir boyning uyigʻa bordilar. Boyni jahl va gʻazablik bir holda koʻrdilar. Soʻngra gʻazabining sababini bildilarki, xizmatkori uchi yoqilmagʻan bir gugurtni yerga tashlagani uchun ondin koyib turgan ekan. Mutasaddilar bu holni koʻrib, bir-birlarigʻa boqub: “Bir gugurt uchun muncha gʻazablangan, iona soʻrab nima qilurmiz?” dedilar. Lekin yana shuncha yergʻa kelib, hech narsa demasdan ketmoqni munosib koʻrmay, nima uchun kelganlarini boygʻa bildurdilar. Boy esa tezlik ila ichkari kirib, besh yuz soʻm aqcha chiqarub, mutasaddilarning qoʻllarigʻa berdi. Mutasaddilar hayron boʻlishdilar.
Boy janoblari bulargʻa boqub: “Nimagʻa hayron boʻlursiz? Agarda man bir gugurtning bekor ketmogʻigʻa rozi boʻladurgʻan darajada isrofchi boʻlsaydim, hozirda bunday xayr ishlargʻa beriladurgʻon aqchalarni qanday jam qilurdim? Saxiy boʻlurman degan kishi molning qadrini bilur. Yerigʻa qarab, puligʻa savdogarlik qilur. Yerigʻa qarab, minglarcha soʻmning yuzigʻa boqmas”, dedi.
Munavvarqori Abdurashidxonov
https://saviya.uz/ijod/nasr/mol-qadrini-saxiy-bilar/