MOHTOBI — ertapishar oʻrik navi. Shreder nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik i. t. in-tining Samarqand filialida chiqarilgan. Daraxti boʻyi va shoxlanishi oʻrtacha. Mart oxiri — apr. boshlarida gullaydi. Arzami va Koʻrsodiq navlari bilan yaxshi changlanadi. Iyunning oxirlarida pishadi. Mevasi vazni 30—40 g. Meva choki sezilmaydi. Poʻsti yaltiroq, yupqa, tusi sargʻish, meva yuzasida pushti nuqtalar uchraydi. Etining rangi och sariq, shirali, sersuv, xushboʻy, bir oz nordonroq. Qurgʻoqchilikka chidamli. Koʻchati ekilgach, 7—8-yili hosilga kiradi, 15—16 yoshida yaxshi hosil beradi. Bir tupidan 150 kg hosil olinadi. Mevalari barobar pishmaydi. Yangiligida isteʼmol qilinadi, povidlo yoki jem tayyorlanadi. Zarafshon vodiysida koʻp ekiladi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые