Dunyo adabiyotshunosligida badiiy asarni tadqiq qilishning turli metodlari bor. Ilmiy fikr bayonida baʼzan juda koʻp ishlatiluvchi “metod”, “metodologiya”, “metodika” istilohlarining aralashib ketgan hollari ham kuzatiladi. Holbuki, “metod” soʻzi yunoncha boʻlib, lugʻaviy maʼnosi “biron narsaga borish yoʻli”, istilohiy jihatdan esa “maqsadga erishish usuli, muayyan tarzda tartibga solingan faoliyat” maʼnosini anglatadi. Rus olimi Yu.Borev “metod”ni fikrlash usuli, “metodologiya”ni metod nazariyasi, “metodika”ni metodning xususiy usullar sistemasi tarzida tushuntiradi. Uning fikricha, qoʻllanilayotgan nazariya bilan kuzatilayotgan obʼyekt orasida uygʻun holat boʻlishi kerak. Metod shu holat-asosni tashkil etadi. Bunda metod fan va voqelik, tahlil va fakt, nazariya va amaliyot, konsepsiya va eksperimental maʼlumotlar oraligʻini egallaydi. Metod — bilish vositasi. Shu vosita bilan oʻrganilayotgan obʼyekt tafakkurda qayta jonlanadi.
Adabiyotshunoslik tarixida badiiy asarga filologik, estetik, formal, biografik, tarixiy-madaniy, qiyosiy-tarixiy, sotsiologik, tarixiy-genetik, tarixiy-tipologik va boshqa yondashuv usullari keng qoʻllanilgan. Hozirgi davrda dunyo adabiyotshunosligida metodlar koʻp; ularning salmogʻi ortib, soni yuzga yaqinlashib ham qoldi. Ularning oʻzaro yaqinlarini umumlashtirib muallifga, adabiy matnga, kitobxonga tegishli metodlar sifatida tasniflash mumkin. Adabiyotshunoslik metodlaridan birontasiga ortiqcha qimmat berish yoki yaqin oʻtmishda boʻlganidek, “burjua adabiyotshunoslarining metodlari” sifatida oʻrinsiz kamsitish toʻgʻri emas. Har bir metodning oʻz nazariyotchisi, oʻz tarixi, oʻz tadqiqot usuli, oʻz muxlislari va, ayniqsa, barchaga baravar obʼyekti bor. Bu fakt aslo eʼtibordan chetda turmasligi kerak.
Bugungi oʻzbek adabiyotshunosligida talqin va tahlillar tarixida uch holat kuzatiladi:
1.Adabiy-ilmiy metodlardan birini dunyo adabiyotshunosligidan olib, oʻzbek dabiyoti namunalarini oʻsha qolipga joylashtirish.
2.Oʻzbekona adabiy-nazariy qarashlar bilan dunyo adabiyotshunosligidagi talqin prinsiplarini uygʻunlashtirish.
3.Sharq mumtoz poetikasi mezonlariga tayanish.
Gap bulardan qaysi biri toʻgʻri yoki notoʻgʻri, qay biri mahsuldor yoki kammahsulligi haqida emas. Xoʻsh, qaysi bir metod badiiy asar mazmun-mohiyatini deyarli tugal ochib bera oladi? Nega “deyarli”? Chunki hech bir olim ham, hech qanday metod ham umrboqiy sanʼat asarini yuz foiz tugal va bekamu koʻst talqin etish salohiyatiga ega emas. Hatto bebaho sanʼat asarini bunyod qilgan muallifning oʻzi ham yozgan asari tahlilida baʼzan ojiz qoladi. Chunki ijod psixologiyasiga koʻra, muallif oʻz asarini yozgan ruhiy holatdan uzoqlashgani sari gohida undan begonalashib borishi hamda oʻsha asar adibning ijodiy biografiyasida muayyan tarixga aylanishi ham mumkin.
Bugungi kundagi ayrim tadqiqotlarning “Kirish”ida unda qoʻllanilgan metodlar eslab oʻtilsa-da, tahlilda ularning samarasi sezilmaydi. Buning sababi faqat anʼanaviy qoliplarda fikrlash emas, balki yalqovlik ortidan keladigan ilmiy kitoblardan xabarsizlik hamdir. Metodlar mohiyati, tasnifi, talqin prinsiplari, ilmiy-nazariy asoslaridan bexabarlik oqibatida adabiy maqolalarda, ilmiy tadqiqotlarda bir xillik, bir-birlariga oʻxshash va egizak ishlar maydonga keladi. Holbuki, adabiyotshunoslik metodlarini maxsus oʻrganish, shu soha yangiliklarini bilish va ularni tahlil jarayonida qoʻllash har qanday adabiyotshunos uchun juda muhim. Chunki boshqa barcha fan sohalari kabi filologiya ilmi ham aslo yangiliklardan xoli emas. Hozirda struktural analiz, psixoanalitik usul, immanent analiz, sistem tahlil, kontekstual talqin, ekzistensial yondashuv, lingvopoetika, “yangi tanqid”, germenevtik metod, intertekstuallik, intuitiv metod, mifopoetika, sotsio-genetik metod va boshqa nazariy tushunchalarni amaliyotda qoʻllashda dunyo adabiyotshunosligi katta tajribaga ega. Albatta, oʻz mustaqil dunyoqarashiga, oʻz aytar soʻziga ega adabiyotshunos bunday anʼanaviy va yangi metodlarni puxta oʻrganishi, milliy tafakkuri chigʻirigʻidan oʻtkazishi hamda sintezlab oʻzlashtirishi shart.
Ingliz faylasufi F.Bekon fikricha, umumiy metodlar ilmiy-falsafiy bilishga tatbiqan uch qismga boʻlinadi:
1.Oʻrgimchak yoʻli — usuli. Faqat aqliy tafakkurga tayanadiganlar, oʻrgimchakka oʻxshab, “oʻz aqllaridan fikr tolalarini toʻqib chiqaradi”. Oqillik yetakchilik qiladigan bu usulda olimlar oʻzi uchun oʻzi qoidalar yasab oladilar.
2.Chumoli yoʻli — usuli. Tajribani xush koʻradigan tafakkur egalari chumoliga oʻxshab faktlar jamlaydi va shu bilan qanoatlanadi. Koʻpincha tashqi omillarga eʼtibor beradi; topganini aralashtirib “qozon”ga tashlaydi.
3.Asalari yoʻli — usuli. Goʻyo “bogʻ va dala gullaridan manbalar saralab oladigan”, oʻz qobiliyati asosida oʻsha manbalarni tafakkurida qayta ishlab oʻzlashtiradigan “asalari” usuli tarafdorlari tajriba bilan aql-idrokni uygʻunlashtiradilar.
Shu jihatdan bugungi adabiy-ilmiy hayotga nazar solinsa, “asalari usuli”ga zarurat kuchli ekani, “chumoli”ning koʻproq ommaga xosligi va “oʻrgimchak” yoʻli tanqidga uchrashi ham mumkinligi maʼlum boʻladi.
Bugun oʻzbek adabiyotshunosligida dunyo tajribasidan oʻrganilayotgan bir necha metodlar ibtidosi kuzatiladi. Ularga nisbiylik xos; birortasiga oʻzgarmas va haqqoniy metod sifatida qarab boʻlmaydi. Har birida yutuq, badiiy asarning qaysidir jihatini ochib beradigan kalit bor. Ayni damda istagan kishi ulardan nuqson va kamchiliklar topa oladi.
Zahmatkash olim dunyo adabiyotshunosligida mavjud barcha metodlarni oʻrganishi lozim. Zaruratga koʻra, yangi metodlarning talqin prinsiplari sistemasi ishlab chiqilishi va ularga mos nom qoʻyilishi shart. Jahon adabiyotshunosligida koʻrilmagan, Sharq adabiyotshunosligida qoʻllangan, ehtimol, oʻarb adabiyotshunoslarida zarurati boʻlmagan badiiy asarga oʻziga xos yondashuv usullarini ham dadil ilmga olib kirish — sahnaga olib chiqish, hodisaga mos ilmiy termin hamda tushunchalarni oʻrtaga tashlash lozim.
Toʻgʻrisi, mustabid tuzum zamonida oʻzbek adabiyoti baʼzan oʻz mazmuniga mos tadqiq usullari asosida oʻrganilmadi. Bu imkonsiz ham edi. Vaholanki, oʻzbek adabiyoti, umuman, Sharq adabiyoti tarixida shunday adabiy durdonalar borki, tasavvuf falsafasisiz, ayni damda, Qurʼoni karim oyatlari va hadisi sharif hikmatlarini talqin jarayoniga tatbiq qilmasdan ulardagi poetik obrazlar hamda asl mohiyatni tugal ochib berib boʻlmaydi.
Mumtoz sheʼriyatdagi “yor”, “oshiq”, “may”, “sharob”, “soqiy”, “jom” kabi oʻnlab obrazlar tasavvufiy istilohlar bilan izohlanadi. Zotan, mumtoz adabiyotga bunday yondashuvlar istiqlol yillaridagi adabiy-nazariy maqola, ayrim risola va monografiyalarda yangi adabiy-tadqiqiy hodisa, aynan adabiyotshunoslik metodining bir turi sifatida kuzatiladi. Shu eʼtibordan “oʻoyiblar xaylidan yongan chiroqlar”(mualliflar jamoasi), “Hazrat-i Navoiyning maʼnaviy olami”(A.Rustamiy), “Tafakkur karvonlari”(N.Komilov), “Tasavvuf va sheʼriyat”(I. Haqqul), “Mumtoz adabiyotda diniy-maʼrifiy mavzular”, (B.Jalilov), “Qurʼon baxsh etgan ilhom” (D.Qambarova), “Qurʼoni karim va oʻzbek adabiyoti”(H.Karomatov), “Ishq, oshiq, maʼshuqa”(S.Olim), “Jozib izhor izlab”(T.Shermurodov), “Alisher Navoiy “Xamsa”sida xronotop poetikasi”(U.Joʻraqulov), “Majoziy muhabbat haqiqatlari” (B.Eraliyev) va boshqa koʻplab kitoblar maydonga keldi. Meningcha, mumtoz asarlarni bunday yangicha usulda oʻrganish hodisasini maxsus istiloh bilan atash, unga aniq nom qoʻyish davri yetildi. Deylik, ularni umumiy nom ostida “diniy-tasavvufiy tahlil metodi” istilohi bilan atash oʻrinlidir.
Umuman, bugungi oʻzbek adabiyotshunosligi Sharq adabiyotshunosligi tarixidagi adabiy mezonlar bilan jahon ilm-fanidagi samarali usullarni uygʻunlashtirgan — sintez qilgan holda taraqqiy etishi mumkin.
Bugungi adabiy hayotda badiiy asarlar talqinida chizma va jadvalchilik usuli ham bor. Shular orasiga qaysi bir oʻrinda oʻzimni ham qoʻshaman (“Koordinatlar tekisligidagi uch hikoya” maqolasi). Biroq bu tajriba va mashqlar dunyo adabiyotshunosligidagi struktural tahlil metodidan farq qiladi. Chunki Yu.Lotman bilan R.Bartga tegishli struktural metodga doir tadqiqotlar tajribaviy bosqichdan yuksalib, muayyan maktab holiga kelgan, albatta.
Istisno bir gap shuki, agar chizmalar muallifning oʻziga tegishli original ijod namunasi boʻlib, davom ettirilsa yoki boshqalarga saboq bersa va badiiy asarni tushunishni osonlashtirsa – bunda nur ustiga nur. Aks holda, chizmalar birov pishirib, damlab qoʻygan tayyor oshni laganga suzgandek gap.
Bugungi olimlar orasida yana bir “usul” ham bor. Tinimsiz koʻchirma olish va unga alternativ oʻlaroq birovning qarashlarini shaklan oʻzgartirib oʻziniki sifatida bayon etish “metodi” kuzatiladi, afsus. Biroq adabiy-ilmiy hayotdagi bunday halim plagiat yoʻllari bir kun kelib oʻz egasining bor qiyofasini oshkor qiladi…
Ilmiy yangilikning paydo boʻlishidek murakkab jarayonni shartli ravishda sistemali tasavvur qilish ham mumkin. Maʼnaviyat zahmatkashlari uchun intuitsiya – ilksezim, ruhsezim muhim. Toʻgʻri, intuitsiya abstrakt va ziddiyatli tushuncha. Tasodifiylik, kutilmaganlik, toʻsatdan paydo boʻlish, bir lahzada yilt etib yonib-oʻchish, bu — intuitsiyaga xos xususiyat. Intuitsiya nuri hali shakllanmagan yangi bilim uchun oʻziga xos, favqulodda yoʻlni yoritib beradi. Bu intuitiv-psixologik sezim real bir predmetga, mavjud ilm yoki adabiy manbaga nisbatan paydo boʻladi. Koʻngildagi irratsional sezim makoni orqali; uning oʻrni avvalgi qarashlar bilan hali nomlanmagan yangi tushuncha-kashfiyotlar orasidagi maydon. Ilmiy metod va maktablar taxminan ana shunday intuitiv, irratsional jarayonlardan oʻtib reallashadi, mustahkamlanadi, dunyoga tarqaladi; oʻz tatbiqoti va tarafdorlarini topadi…
Adabiyotshunosning oʻz talqinlarida qaysi usulni qoʻllashi uning dunyoqarashi va nazariy bilimiga bogʻliq. Har bir ishda aql, tafakkur va tadabbur muhim. Adabiyotshunoslik metodlarini badiiy asar talqiniga tatbiq etayotgan olim shu ichki intuitsiya bilan yoʻl tanlaydi. Badiiy asar mutolaasi va uning talqiniga kirishgan olim safarga chiqqan yoʻlovchiga oʻxshaydi. Yoʻlovchi manzilini taxmin qiladi. Ayni damda, oʻzi uchun eng bexatar, oʻzi biladigan va manzilga eson-omon yetkazadigan yoʻldan yuradi. Qor bosgan maydonda oyoq izi boʻlmasa, odam taxminlab, chamalab, oʻylab, oʻlchab, adashib oʻzi oʻziga yoʻl ochadi. Birovning izidan ergashib yurish, bu — ancha oson mashgʻulot. Chinakam adabiyotshunoslar avlodining tavallud topishi, dunyo adabiyotchilari uchun namuna boʻladigan maxsus oʻzbek adabiyotshunoslik metodlari va maktablarining maydonga kelishi, bu — ezgu va bebaho orzu, albatta.
Bahodir KARIMOV,
filologiya fanlari doktori
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/mohiyatga-eltuvchi-yol-bugungi-adabiyotshunoslikka-bir-nazar/