Mohiru mehru mahorat

Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligi oldidan

 

Oʻtgan asr miyonasida mustabid hukmdor vafotidan soʻng yuz bergan nisbiy iliqlik sharoitida, “ikkinchi milliy uygʻonish” deb atalgan tarixiy jarayon taʼsirida mamlakatda yangi bir adabiy avlod yetishib chiqdi. Ular safida shoir Erkin Vohidov, Abdulla Oripovdek noyob isteʼdod sohiblari bor edi. Oʻsha kezlari ogʻizga tushgan jasur adib Abdulla Qahhor adabiy muhiti hamda hozirda Milliy universitet deb atalayotgan qutlugʻ oʻquv dargohida M. Qoʻshjonov, O. Sharafiddinov asos solgan adabiy tanqid maktabi ayni shu navqiron avlodning rahnamosiga aylangan edi. Koʻplab yosh iqtidorli qalamkashlar qatori noyob sheʼriy isteʼdod sohibi Erkin Vohidovning ijoddagi ilk dadil qadamlarini himoya qilgan, ragʻbatlantirgan, elga tanitgan ayni oʻsha tabarruk siymolardir. Abdulla Qahhordek ulkan siymo yosh boshlovchi shoir Erkinjonning toʻrtligini mashhur “Mahalla” hikoyasiga epigraf qilib olgan, markaziy matbuotda chiqqan bir maqolasida “Nido” dostoni haqida iliq gaplar aytgan; Ozod Sharafiddinov esa shoirning ilk sheʼriy kitobi – “Tong nafasi” haqida maxsus maqola yozib, milliy sheʼriyatimizda yangi bir noyob isteʼdod maydonga chiqqanini el-yurtga oshkor etgan edi.

Ana shunday ragʻbat tufayli 14-15 yoshidayoq qoʻliga qalam olgan shoirning ijodiy imkoniyatlari yildan-yilga toblanib, chiroy ocha boshladi. Shoir 1960 yili 24 yoshida bitgan mana bu satrlarda oʻzining ham betakror, ham hayotiy ijodiy aqidalarini bayon etgan edi:

 

Mohiru mehru mahorat,

Olimu ilmu amal.

Oshiqu ishqu mashaqqat,

Shoiru sheʼru shuur.

 

Shaxsan kamina guvoh: bu benazir isteʼdod sohibi, hazrat Navoiy soʻzlari bilan aytganda, dili poku, soʻzi poku, oʻzi pok siymo umrining soʻnggi daqiqalariga qadar bir umr ijodda, hayotda oʻsha yuksak aqidalariga sodiq qoldi. Mohiru mehru muhabbat ijodda uning bosh shioriga aylandi, filolog olim sifatida ilmu amal yoʻlidan bordi; “Soʻz latofati” kitobi orqali chin olimlik iqtidorini isbot etdi; hayotga shaydolik, chin mehr-muhabbat koʻyida jamiki mashaqqatlarni yengib oʻtdi; shoiru sheʼru shuur olamida yonib yashadi. Mana shu noyob fazilatlarining hosilasi oʻlaroq 80 yosh boʻsagʻasida sakkiz jildga jo etilgan mukammal asarlarini shoirimiz oʻz qoʻli bilan koʻrkam kitoblar holida tayyorlab, sizu bizga, kelajak avlodlarga hadya etib ketdi.

Erkinjon shaxsiyati, xarakterining shakllanishida u tugʻilib oʻsgan, ulgʻaygan oilaviy muhitning taʼsiri katta. Fargʻonaning Oltiariq tumanida ziyoli oilada dunyoga kelgan doʻstimiz ikkinchi jahon urushi qurboni otasi, soʻng onasi vafotidan keyin Toshkentdagi togʻasi Sohiboyevlar xonadonida unib-oʻsib voyaga yetgan.

Bu oila aʼzolari adabiyotga, sanʼatga, umuman, maʼrifatga tashna odamlar edi, xonadonda tez-tez shoir va xonandalarning maroqli davralari boʻlib turardi. Erkin Vohidovdagi nafosatga, sheʼriyatga mehr va mayl shu xonadonda, ana shu davralarda shakllandi. Bu xonadondagi davra qatnashchilari orasida Alixontoʻra Sogʻuniy kabi islom maʼrifatining dargʻalari ham bor edi. Erkin Vohidov tabiatidagi Sharq madaniyati va adabiyotiga chuqur ehtirom, sharqona odob-andisha, tavoze, bir chekasi, ana shu davra ishtirokchilari taʼsirida toblangan.

Shoirning yigirma uch yoshida chiqqan birinchi sheʼrlar toʻplami – “Tong nafasi” milliy sheʼriyatimizga yangi nafas olib kirdi. Unga taqriz yozgan ustoz Ozod Sharafiddinov taʼkidlaganidek, yosh shoir ilk mashqlarida koʻproq dunyoni endi kashf etayotgan, oʻzining kashfiyotidan oʻzi zavqlanib, quvonchidan boshqalarni xabardor etishga oshiqayotgan, hayot benihoya goʻzal, noyob neʼmat ekanini tushunib kelayotgan murgʻak qalbning quvonchlari bor. Keyinroq shoir aql va his bahsiga oʻtdi. Madhiya, faxriya, qasidachilik kayfiyatlariga berilgan onlari ham boʻldi, romantik xayollar ogʻushida ishqiy gʻazallar bitdi. Shu asarlar qatorida begʻubor quvnoq yumor, hazil-mutoyibalar bilan yoʻgʻrilgan sheʼrlar ham yaratdi; ayni paytda koʻngil armonlarini, oʻkinchlarini, xalqimizning ogʻir va shonli kechmishini, tariximizning qora va nurli sahifalarini, urush keltirgan ofatlarni ham sheʼrlarga soldi, lekin baribir, nekbin ruh – hayot madhi, sevgi sururi, faxr-iftixor tuygʻusi ijodida yetakchilik qildi. Bu xususiyat 1969 yili chop etilgan “Yoshlik devoni” kitobida yorqin koʻrindi.

Bu kitob faqat Erkinning 60-yillar ijodi namunasi, oʻsha yillardagi shoir kayfiyati, oʻy-mushohadalari ifodasi boʻlibgina qolmay, umuman, milliy sheʼriyatimiz taraqqiyotidagi muayyan tamoyilning koʻrinishi sifatida ham qimmatlidir. Gap shundaki, adabiyotda vulgar sotsiologizm balosi hukmron boʻlgan kezlari hammayoqni ijtimoiy-siyosiy mavzudagi tumtaroq sheʼrlar bosib ketgan, sevgi, shaxsiy-intim kechinmalar sheʼriyatdan badargʻa qilingan edi. 60-yillarga kelib ahvol oʻzgara boshladi, anʼanaviy sevgi taronalari uchun qisman yoʻl ochildi. Shunisi xarakterliki, poeziyamizda sevgi motivlarining qayta hayoti anʼanaviy shakl, ayniqsa, gʻazalning jonlanishiga olib keldi. “Yoshlik devoni” shu jarayonning eng jiddiy hodisasi, shoirning ulkan ijodiy jasoratidir.

Shoir Abdulla Oripov yozganiday, “Mumtoz adabiyotimizning oltin eshiklari abadiy bekiladi, deya karomat qilishayotganda yosh avlod orasida birinchilardan boʻlib Erkin Vohidov aruzning tabarruk ostonasida posbon yangligʻ paydo boʻldi”. Koʻhna aruz vaznini yangi zamon sheʼri uslubiga, ohangiga yaqinlashtirish uchun uringan Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom, Usmon Nosirlar anʼanasini yuqori bosqichga koʻtardi.

Erkin Vohidov gʻazallari, shoirning oʻz aruzi, oʻz gʻazali shakliga aylangani uchun ham milliy adabiyotimiz, sheʼriyatimiz rivojida hodisa boʻldi. Ularda biz faqat Erkinning oʻziga xos shaklini yuzaga keltirgan hissiy ohangini, qalb sadosini, yurak tebranishlarini, oʻylash-fikrlash yoʻsinini koʻramiz.

 

Tun bilan yigʻlabdi bulbul

Gʻuncha hajri dogʻida.

Koʻz yoshi shabnam boʻlib

Qolmish uning yaprogʻida.

 

Nihoyatda goʻzal, mangulikka muhrlanib qolgan benazir holat, jarayonning bu qadar nafis, chiroyli, sirli-sehrli ohanglarga yoʻgʻrilgan ifodasini “Yoshlik devoni”dagina uchratish mumkin.

Faqat “Yoshlik devoni” gʻazallari emas, shoirning 60-yillarda yaratgan boshqa janrlardagi sara asarlari ham el orasida nihoyatda mashhur boʻlib ketdi. Bevosita shoir shaxsiy hayoti, tarjimai holi – fashizmga qarshi urush qurboni boʻlgan oʻz otasi haqidagi “Nido” dostoni lirik qahramonining qalb sadosi, anduhlari, Abdulla Qahhor yozganidek, million-million kishilarning nidosi, urushga nafrati, urushda halok boʻlganlar xotirasiga ehtiromi kabi yangradi.

Tabiiyki, oʻsha yillar shoir sheʼriyatining eng avj pallasi “Oʻzbegim” qasidasidir. Bu oʻrinda qasidani maxsus sharhlab oʻtirishga hojat yoʻq: u haqda koʻp yozildi. Asar darsliklardan joy olgan. Millatning shaʼni-gʻururi toptalgan, tarix darsliklarida xalqimizning shonli oʻtmishi qora boʻyoqlar bilan boʻyalgan, har tongda kuylanadigan davlat madhiyasi ulugʻ ogʻaga, partiyaga hamdu sanolar bilan boshlanadigan zamonlarda kechmishning shonli sahifalarini ulugʻlovchi “Oʻzbegim” qasidasi gʻayrirasmiy milliy madhiyaga aylandi. Shu tariqa “Oʻzbegim” 60-yillari birin-ketin chiqqan beshta sheʼrlar toʻplami, “Nido”, “Palatkada yozilgan doston”lardagi ijodiy izlanishlarning muayyan yakuni boʻldi.

Yillar oʻtgan sari Erkin ijodida fikrlar ufqi kengayib, his-tuygʻular tobora serjilo boʻlib bordi. Shunga qaramay, shoirda erishgan yutuqlardan qoniqmaslik, oʻzini yangilashga moyillik kayfiyati ortib bordi. Bu holat 70-yillar boshlarida bitilgan “Yoʻqolgan sheʼr”da yaxshi ifodalangan: shoir oʻz asriga mos, faqat millatning emas, butun olamning shavqini, dardini oʻzida mujassam etadigan sheʼrlar izlaydi, shunday sheʼrlar yozishni orzu qiladi. Nihoyat, bu orzu-intilish, izlanishning samarasi 70-80-yillarda yaratilgan “Tirik sayyoralar”, “Sharqiy qirgʻoq”, “Kuy avjida uzilmasin tor”, “Yaxshidir achchiq haqiqat” kabi toʻplamlaridan joy olgan sheʼrlarida, “Ruhlar isyoni”, “Istanbul fojiasi” dostonlarida yaqqol koʻrindi. Bu asarlardagi har bir soʻz, har bir satrda insoniyat qismatidan bezovta qalb kechinmalari, zamon taqdiriga javobgarlik hissi bilan tepayotgan yurak hayajonlari lovullab turadi. “Inson”, “Sirdaryo oʻlani”, “Arslon oʻynatuvchi” kabi oʻtkir fuqarolik ruhi-nafasi bilan yoʻgʻrilgan doston va sheʼrlarni XX asr milliy sheʼriyatmizning nodir namunalaridan desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

1979 yili yozib tugatgan “Ruhlar isyoni” dostonida milliy istiqlol toʻgʻrisida soʻz ochish aslo mumkin boʻlmagan bir zamonda mustabid tuzum qatagʻoni qurboni Fitratning “Chin sevish”, “Hind istilolchilari” asarlari izidan borib, dekoratsiyani Hind eliga koʻchirib, shoir Nazrul Islom timsoli orqali oʻz ona yurtida erk, ozodlik yoʻliga hayotini tikkan Qodiriy, Choʻlpon, Fitratlar qismatiga ishora etishga, rivoyatu, hikoyatlar orqali shaxs erki gʻoyasini umuminsoniy miqyoslarda turib ifodalashga erishadi.

Oʻtgan asrning 80-yillari oxiri 90-yillar boshlarida bitilgan sheʼrlarini oʻz ichiga olgan “Yaxshidir achchiq haqiqat” toʻplamini oʻsha tarixiy burilish davri shoir qalbining kardiogrammasi deyish mumkin. Toʻplamga xos bosh xususiyat undagi sheʼrlarda ruhiy erkinlikning toʻla namoyon boʻlganligidir. Bu nihoyatda muhim fazilat. Busiz chinakam badiiy kashfiyotlar dunyoga kelishi mumkin emas. Novatorlik deymizmi, ijodiy originallik deymizmi, uslubning oʻziga xosligi, shakliy topilmalar deymizmi – barchasining ibtidosi shu ruhiy erkinlikdan boshlanadi. Yetmish yil davomida milliy sheʼriyatimiz, ijodkorlarimiz hukmron mafkura, siyosat tazyiqida boʻlib keldi. Bu tazyiqdan chetda turishga, mustabid tuzum aqidalari qobigʻini yorib chiqishga dadil urinishlar ham boʻldi. Biroq jasur, haqgoʻy ijod ahli har qancha urinmasin, baribir, qandaydir hadik, Choʻlpon aytgan sustkashlik davom etdi, tutqunlik zugʻumi oʻz asoratini qoldirdi. Faqat istiqlol arafasiga kelib shoirlarimizda ruhiy erkinlik toʻla namoyon boʻla boshladi. E. Vohidovning shu davr mahsuli sanalmish “Vatan umidi” sheʼrida shunday satrlar bor:

 

Agarchi ismim Erkin,

Erki yoʻq, bandi kishan boʻldim.

Koʻzim bogʻliq, dilim dogʻliq,

Tilim yoʻq, besuxan boʻldim.

 

U bor ovoz bilan “Bas, yetar yolgʻon saodat, Yolgʻon erk, yolgʻon vatan!” deya hayqiradi.

Erkinning istiqlol yillaridagi sheʼrlari toptalgan milliy qadriyatlarni tiklash, oʻzini topish, oʻzligini tanishdek mashaqqatli yoʻl gʻoyat sharafli ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Agar u “Yoshlik devoni”da “Yoshligim, kel, kuyga toʻlgan Qalbim oltin sozi boʻl, Men qoʻshiq aytay toʻlib, Bir lahza joʻr ovozi boʻl” deya shoʻx-shodon kuylagan boʻlsa, endi dangal “Keksalik kelgach nasibing Yoʻlga boqib oʻltirish. Endi manzil hech xarita – Ichra nomi yoʻq diyor, Keksalik – ul mamlakatga Yoʻl tadorigin koʻrish” deb yozadi. Ayni paytda yana, ulugʻ Navoiy iboralari bilan aytganda, qarilik chogʻda ham yor vaslidan koʻngil uzolmaydi, “Men hayotda bor ekanman, Oʻylasam, sen bor uchun, Koʻksim ichra qalb urar Tun-kun oʻzingga zor uchun… To jahonda bor ekanman, Borligʻim sen yor uchun” singari olovli misralar tizadi. Qoʻl qovushtirib oʻtirmay, el-yurtning bugungi muammolari ustida bosh qotirishda davom etadi, millat mustaqillikka erishib oʻz kuch-qudrati, aql-zakovatini toʻla namoyon etish davri kelganida, uning parvozi yoʻlidagi toʻgʻanoqlar, yuz yil burun jadid bobolarimizni dogʻda qoldirgan qoloq udumlar ustida alamli oʻylarga toladi.

Erkin Vohidov sheʼriyati, aniqrogʻi, uning sara sheʼrlari birinchi galda shoirning oʻzi uchun eng ardoqli, dil qaʼridan sizib chiqqan shaxsiy kechinma-tuygʻular hosilasidir. Ayni paytda ana shu shaxsiy kechinmalar koʻpchilik uchun ham qadrli va tushunarlidir. Erkinning yozganlari qogʻozda qolib ketadigan satrlar emas, ular tillardan dillarga koʻchib, u yerda muqim joy olgan yetuk sheʼriyatdir. Shoir sheʼrlari sirtdan sodda, yetti yoshdan yetmishgacha barcha uchun birdek tushunarli tuyulsa-da, ulardagi tagmaʼnoga yetish, ularni uqish oson emas. “Oʻzbegim”, “Inson” qasidalarini, “Ruhlar isyoni” dostonini anglab yetish uchun qanchalar bilim, boy hayotiy va adabiy tajriba kerakligi ayon.

Erkin Vohidov ijodiy faoliyatini jamoat ishlari bilan qoʻshib olib bordi. Ayniqsa, atoqli va ardoqli shoirimiz mustaqillik yillari Oliy Kengash, Oliy Majlis deputati, Senat aʼzosi boʻlib masʼul lavozimlarda ishlagan kezlari davlat arbobi sifatida ham tanildi. “Odamlarga faqat sheʼring emas, oʻzing ham kerakligingni sezish – bu katta baxt, – deydi shoir. – Shuning uchun ham jamoat mehnatidan hech qachon qochgan emasman. Qaynoq hayot ichida yashab, ishlab oʻrganganman”. U benazir sheʼru dostonlari bilan barobar Mustaqilligimizning Bosh meʼmori Birinchi Prezidentimiz yonida turib istiqlol ideallarini roʻyobga chiqarish yoʻlidagi xayrli xizmatlari bilan ham millatimiz uchun ardoqlidir. Erkin Vohidov Davlat mukofoti laureati, “Xalq shoiri”, “Oʻzbekiston Qahramoni”dek yuksak mukofotu unvonlarga har jihatdan munosib ijodkor edi.

Ardoqli shoirimizning 80 yoshlik toʻyini munosib nishonlashga doir tadbirlar, jumladan, 80 nafar muallif qalamiga mansub Erkin Vohidov hayoti, ijodiy qiyofasi haqida taassurotlar, talqinlar, tadqiqotlardan iborat salmoqdor “To quyosh sochgayki nur…” deb nomlangan koʻrkam salmoqdor kitobning “Oʻzbekiston” nashriyoti tomonidan chop etilishi, shuningdek, bu savob tadbirga oʻz hissasini qoʻshayotgan ozod mamlakatimiz rahbariyati, qolaversa, xalqimiz, ijodiy ziyolilarimizning benazir isteʼdod sohibiga, millatning ardoqli asl oʻgʻloniga beqiyos ehtiromi tasdigʻidir.

 

Umarali NORMATOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/mohiru-mehru-mahorat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x