XX asr oʻzbek adabiyotining ilk romannavisi Abdulla Qodiriy nomi tilga olinganida uning biri biridan goʻzal “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” kabi romanlari, “Obid ketmon” qissasini yodga olishga odatlanganmiz. Ushbu asarlar oʻzbeklar turmushining butun qirralarini sodda va samimiy, hayotiy tarzda tasvirga olgani bilan qanchalik ahamiyatli boʻlsa, Qodiriy ijodiy faoliyatining ikkinchi qismi – hajvgoʻylik va publitsistika ham xalqimiz hayotini yanada rang-barang va tanqidiy tusda yoritgani bilan shu qadar sevimli va eʼtiborga molik.
Oʻz davrining ilgʻor fikrli, ziyoli bir kishisi oʻlaroq Abdulla Qodiriy atrofida yuz berayotgan har bir oʻzgarishga, millatining maʼnaviy qiyofasidagi ayrim jihatlarga befarq boʻlmagan. Aksincha, u XX asr boshlarida qalami oʻtkir jurnalist, usta hajvchi sifatida jamiyat hayotiga faol aralashganini koʻramiz. Adib oʻtgan asrning 20-yillarida mashhur hajv jurnali – “Mushtum”da faoliyat yuritgan, shapaloqdekkina, biroq magʻzi toʻq, oʻqigan kishiga jizillatib chaqqan ari nishidek taʼsir koʻrsatadigan maqolalari bilan qator gazetalarda “Julqunboy”, “Dumbulnisa”, “Maxzum”, “Kalvak maxzumning jiyani”, “Tarsak”, “Shapoq maxdum” singari taxalluslar ostida muntazam qatnashgan. Bu maqola va hajviy chiqishlarni oʻqiganimizda oʻsha davr kishilari koʻz oldimizda namoyon boʻladi, zamona zaylini his qilamiz.
“Turkiston” gazetasining 1922 yil 26 dekabr sonida “Julqunboy” imzosi bilan bosilgan “Ogʻzingga qarab gapir!” hangomasi alohida ahamiyatga molikdir. Hangoma ortiqcha dabdaba va isrof bilan oʻtkaziladigan toʻy-hashamlar, ayrim kishilarning nojoʻya ishlarini tanqid qilish, ularning asl basharasini ochib tashlab, qilayotgan ishi notoʻgʻri ekanini koʻrsatib berish oʻrniga buni xaspoʻshlash va oʻz ishini andishalilik deb ataydigan muxbir tilidan beriladi. Qodiriyga xos hajv, achchiq kinoya ifodasi orqali shunday odamlar va ularning ishlaridan koʻz yumayotgan, jurnalistik burchini bajarmayotgan muxbirlar fosh etiladi. “Turkiston”ning… nchi sonida “muxbirlarimizdan” bittasi bir narsani yozibdurki, oʻqib koʻrib, nax muxbirning ogʻzini yorib yuborgim keldi. Axir, uying kuygur, sal ogʻzingga qarab gapir-da”, deb boshlanadi hangoma. Davomida esa muallifni “gʻazablantirgan” voqea tafsilotini oʻqiymiz:
“Isroflik toʻy… Samarqandda oʻrtoq Qurbi oʻgʻillarini kesturdi. 3-4 kun toʻy berdi, bir-ikki milliard pul ketdi… toʻyga isrof qilgan aqchasini “Koʻmak uyushmasi”ga berganda foydali boʻlar edi…”
Bu tanqidiy maqolachani oʻqigan muxbir endi oʻz qarashlarini bayon eta boshlaydi. Uningcha, oʻsha “muxbircha”ning yozgani “zap kurakda turmaydigan vahimalar”dan iborat. U maqola egasiga “Koʻmak uyushmasi” mulla Qurbining kor xayriga qancha koʻmak beradi?” degan savolni beradi. Davomida hayot faqat shunday toʻy-tomoshalardan iborat, boshqa bilan nima ishim bor, deguvchi odamlar qiyofasi quyidagi gaplar orqali ustalik bilan chizib koʻrsatiladi:
“Samarqandlik mulla Qurbi bilan kamina toshkandlik mulla Julqunboyning onalari nima uchun tugʻib tashladi? Doyachamiz nima deb tanglaychamizni koʻtardi?
– Yaxshi boylarga kuyov boʻl, uvalik-chuvalik boʻl, oʻgʻillaringning toʻyi-tomoshasini koʻr!..
Ammo: toʻy qilaturgan pulingni “Koʻmak”ka ber deyilmabdi-ku! Bas, shundogʻ boʻlgandan keyin biz ham besh kunlik dunyoda bola-chaqamizning orzu-havasini koʻraylik…”
Shundan soʻng muallif muxbir deganlari har qanday gapni ham gazetaga yozavermasligi lozimligini aytadi. Odamga andisha, rioya kerakligini taʼkidlaydi. Maqolaning shu oʻrnida Qodiriyga xos ustamonlik koʻzga yaqqol tashlanadi. Yaʼni muxbirning agar oʻzida andishayu rioya boʻlmasa, kimlarni, qanday tanqid qilishi, ayblarini ayamay ochib tashlashi mumkinligi, ammo unga bu ishni qilishda andishasi yoʻl qoʻymasligini izhor qilaturib, mahorat bilan illatlaru ularni qilayotganlarni qistirib oʻtadi:
“Agar man andisha qilmasam:
– Eski shahardagi solinaturgan teatru binosining muboshirlari kam xarju bolonishin deb, “janggoh”ga solib bergan teatrularida qurbaqalar teatru qoʻya boshladilar, deb xabar yozmasmi edim?..”
Maʼlumki, biror kishining ichki qiyofasini ochib berish uchun yozuvchidan avvalo shu tipdagilarning tabiatini puxta oʻrganish, nutqidan tortib, harakatlariga qadar aynan “nusxa koʻchirish” talab etiladi. Qodiriyning oʻsha davrlardagi gazetalarda bosilgan, “Mushtum” sahifalarida sonma-son eʼlon qilinib, mushtariylarni kuldirgan, keyingi sonni kutishga undagan “Kalvak maxzumning xotira daftaridan”, “Sharvon xola nima deydi?”, “Toshpoʻlat tajang nima deydir?” singari hajviyalarida bosh qahramonlar qiyofasi juda yorqin va ishonarli, hayotiy chiziladi. Ayniqsa, Sharvon xola obrazini yaratar ekan, ayollar nutqiga xos soʻzu iboralar shu qadar ustalik bilan qoʻllanganki, oʻqigan kishining koʻz oldida darhol ezmagina, ostona hatlab koʻchaga chiqmagan sodda oʻzbek ayolining qiyofasi namoyon boʻladi:
“Bir vaqt osh-suvdan qutilib, Norpochcha xanimminan bir piyola zaharni ichib oʻltursam, eshikdan nortuyadek boʻrtib ikkita yallachi oʻlgur kelvotti. Bosh yalang, ogʻzi oʻlgurda popiriska… Shu vaqtda yer yorilmadiki, yerga kirsam… Ogʻzi oʻlgurdan allambalo gurkiydi, tovba deng, aylanay Buhamfa!”
Bu satrlar kishini kuldirish barobarida yozuvchining mahorati, kuzatuvchanligiga tan berdiradi. Sharvon xola timsoli esa Oʻzbek oyimu Oftob oyimlar qatorida yodda saqlanib qoladi.
Avvalroq aytganimiz kabi Qodiriy oʻz davrining ijtimoiy hayotiga juda faol aralashgan. Hech bir voqea-hodisa uning nazaridan chetda qolmagan. Masalan, “Mushtum”ning 1923 yilgi 7-sonida uning “Roʻza, iftor, xatm, zakot” sarlavhasi bilan “Tarsak” taxallusi ostida ortiqcha chiqimlar tanqid qilingan bir maqolasi chop etiladi. Bu maqola atrofida yetarlicha shov-shuv, eʼtirozlar koʻtarilgan boʻlsa kerakki, keyingi sonda yozuvchining shu maqolaga raddiyasi “Uzr” nomi bilan bosiladi. Maqola tagiga “Mushtum” imzosi qoʻyilgan. Raddiya ham oʻziga xos tanqid. Yaʼni yozuvchi “uzr”ini ham achchiqqina, zardaligina qilib yozadi. “ – Eyy, mushtuming toshga tegsin, roʻzaga til tekizdi! – deb “Mushtum”ning roʻza noʻmerlaridan tarvaqaylashganlar koʻp boʻlishibdirlar”, deb gap boshlaydi muallif. Soʻngra oʻz muddaosini baralla aytadi:
“Shuningdek, koʻcha-koʻylarda biliqsib yurgan ashtak-pashtak ogʻalarga degimiz keldiki: qozonimizda bor ekan, choʻmichimizga chiqibdir; “bordan yuqar, yoʻqdan nima chiqar?” degan ekan birov. Shunga oʻxshash oynadan achchigʻlanib yalqashning foydasi yoʻq. Haligidek aft-basharani bir oz tozalab olinsa, ham masxaralikdan qutilarsiz, ham tasqaralikdan…”
Oxirini “Mana, bizning uzrimiz shudir. Tushunsangiz shul, boʻlmasa “egam” chaqirgay sizni!” deb tugatgan yozuvchi bu bilan yurtdoshlarini tanqiddan toʻgʻri xulosa chiqarishga chorlaydi, oʻz fikrini qatʼiy turib, himoya qiladi. Xalq orasida chiqimgarchiligu isrof boʻlmasligi tarafdori ekanini koʻrsatadi.
Publitsist sifatidagi shunday kichik maqola va hajviy chiqishlari Julqunboyning ixlosmandlari sonini oshirgani barobarida uning gʻanimlarini ham paydo qilganiyu bu adibning keyingi taqdiriga nechogʻlik taʼsir etgani barchamizga maʼlum. Ammo uning oʻtkir tilli jurnalist sifatida oʻsha davr matbuoti rivojiga qoʻshgan hissasi ham ulkanki, hamon sevib oʻqiladi, oʻrganiladi, ibrat boʻladi. Bu kabi asarlarda ikkinchi umrini yashayotgan adib siymosiga dillarda chuqur ehtirom uygʻotadi.
Xolida PARDAYEVA,
Shahrisabz tumanidagi 17-maktab oʻqituvchisi
Xurshida ABDULLAYEVA,
jurnalist
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/mohir-tanqidchi-usta-publisist/