Modern

Qanchalik kirishib-tirishmay, qishloqda hech ishim yurishmadi. Keyin omad qidirib Toshkentga keldim. Hamqishloq yigitlarga ergashib gʻaribgina ijara uyga joylashdim. Soʻng avom xalq tilida “Mardikor bozor” deyiladigan joyga bordik. Biror mashina kelib toʻxtasa, hammamiz yopirilib uni oʻrab olamiz. Haydovchi pastga tushishga ham ulgurolmaydi. Mashina oynasini ochib, qanday yumushi borligini, nechta ishchi kerakligini aytadi. Narxini kelishib, keragicha ishchini tanlab oladi-da, joʻnab ketadi. Biz esa keyingi talabgorni kutib qolaveramiz. Shu yerda ham nuqul omadim kelishini oʻylab oʻtiraman. Ammo mardikorchilik jonga tegdi. Qiynalib ketdim.

Koʻp oʻtmay, qishloqqa qaytish payiga tushdim.

Brigadirimiz Eshpoʻlat kutilmaganda bir ish topib keldi-yu, fikrimdan qaytdim.

– Joʻralar, – dedi Eshpoʻlat sigiri egiz tuqqanday tirjayib, – katta ish topib keldim. Qishgacha bemalol ish bor deb hisoblayveringlar. Ertagayoq ijara uyni topshiramiz, oʻsha yoqda yotib ishlaymiz.

Katta ish degani shaharning chekkaroq qismidagi bir hayhotday hovlida ekan. Shohona imoratlar orasida koʻrimsizgina boʻlib qolgan bu uyni mashhur qoʻshiqchi Asalxon opa yaqinda sotib olgan ekan. Biz hovli etagidagi pastqamgina xonalarga joylashib, katta imoratni bir haftada buzib, tekislab tashladik. Asosiy ishni bizdan boshqa katta ustalar bajarishardi, biz esa maydaroq yumushlarni qilardik. Asalxon opani yaqindan bir koʻrish istagi menga tinchlik bermasdi. Bizning qishlogʻimizga katta artistlar bormagan. Hali bironta tirik ashulachini yaqinroqdan koʻrmaganman. Asalxon opani bir koʻrsam, qishloqqa borganda maqtanib yurardim-da. Lekin uchratish qiyin ekan. Bizga bir ishboshi tayinlab qoʻygan, oʻsha yigit hamma ishga bosh boʻlib yurdi. Asalxon opa boshqalarga oʻxshab xasis emas ekan. Oziq-ovqatni moʻl-koʻl qilib tashladi, ishimizga yaxshigina haq toʻlaydi. Yotar joyimiz uchun pul bermaymiz, topgan-tutganimizning hammasi yonimizga qoladigan boʻldi.

Yozning oʻrtalariga borib ish qizigandan-qizidi. Eski uy oʻrnida uch qavatli shohona imorat qad koʻtardi. Ana shunda bir kuni ertalab Asalxon opa qurilishni koʻrish uchun keldi. Men archilgan yogʻochlarni yuqori qavatga tashiyotgan edim. Uni koʻrib, qoʻlimdagi yogʻochlarni tashlab yuborib, sal boʻlmasa oyogʻimni sindirib olay dedim. Ogʻzim lang ochilib, angrayib qolibman. Tushimmi, oʻngimmi, nahotki mana shu roʻparamda turgan hurliqo oʻsha mashhur qoʻshiqchi Asalxon boʻlsa? Haytovur Asalxon opa baland poshnali tuflisida avaylab qadam tashlab hovliga kirib keldi. Ustalarga horma-bor boʻl qilib, hovliga bir qur razm solib chiqdi.

Shundan soʻng opamiz daraxt soyasidagi chorpoyaga oʻtirib, guldor yelpigʻichi bilan husnu latofati barq urib turgan yuziga shamol yelpidi. Yordamchi yigitlari yelib-yugurib choy hozirlashdi. Mening hali ham unga qarab angrayib turganimni koʻrib, opa shiringina tabassum qildi-da: “Hormang, yigit, charchagan koʻrinasiz, mang, bir piyola choy iching”, – dedi va oppoq momiqday qoʻllari bilan piyolaga choy quyib uzatdi. Shu tobda uning qoʻlidan choy tugul, zahar ichishga ham tayyor edim. Yugurib borib qoʻlidan choyni oldim. Shosha-pisha choyni hoʻplarkanman, labim kuyganini ham bilmay qoldim. Keyin oʻz-oʻzidan tilim sayrab ketdi. Asalxon opaning qoʻshiqlarini butun qishlogʻimiz jon-dilidan sevib eshitishini, hamma uni yaqindan bir koʻrish orzusida ekanligini aytdim. Eskigina klubimizni katta sanʼat saroyiga oʻxshatib maqtadim. Asalxon opa xursand boʻlganidan zavqlanib kuldi. Bundan men ham quvonib ketdim va hayajonlanib, sheʼr aytib yubordim. Yaxshiyam Joʻra togʻamning eski sheʼr daftari qoʻlimga tushib qolib, toʻrt-beshtasini oʻrtoqlarimning uylanish toʻylarida aytaman deb yodlab olgan ekanman, hozir juda asqotdi-da. Sheʼr Asalxon opaga yoqdi chamasi, shahlo koʻzlari porlab ketdi.

– Bu kimning sheʼri? – soʻradi opa hamon koʻzlari charaqlab.

– Oʻzimniki, – dedim opadan maqtov eshitish ilinjida.

Toʻgʻri-da, boshqa nima ham deyishim mumkin, Joʻra togʻam bu sheʼrlarni birovga koʻrsatishga iymanadi. Ey, bular yoshlikdagi bir havas-da, men shoirmidimki sheʼr yozdim deb birovga koʻrsatsam, deydi. Shunday chiroyli sheʼrlar “yoshlik xotirasi” boʻlib chang bosib yotsa uvol-da. Undan koʻra, mana men aytib maqtanib yursam boʻlmaydimi?

– Rostdanmi? Bu ayni mening koʻnglimdagi sheʼr-ku. Iltimos, uni hoziroq menga yozib bering, – dedi opa rostakamiga qiziqib.

Yordamchi yigit chaqqongina borib mashinasidan qogʻoz bilan ruchka olib keldi. Men qoʻllarim qaltiray-qaltiray sheʼrni qogʻozga tushirdim. Asalxon opa sheʼrga bir koʻz yugurtirib, xayolida qoʻshiqni tayyor qildi shekilli, ketishga taraddudlanib qoldi. Yoʻl-yoʻlakay qogʻozga yana bir-ikki qarab-qarab oldi. Darvoza oldida ortiga oʻgirilib, menga ajabsinib qaradi:

– Shunday ajoyib sheʼr yozadigan shoir, nega bu yerlarda loyga belanib yuribsiz?

– Odamzod asli loydan yaralgan, – dedim men ham boʻsh kelmay.

– Qoyilman, siz bilan ertaga gaplashamiz, – deb Asalxon opa shoshilganicha joʻnab ketdi.

– Balosan, Hoshimboy, balosan, – dedi boyadan beri bir chetda bizni kuzatib turgan Eshpoʻlat yelkamga urib. – Binoyiday shoir ekansan-u, shu paytgacha aytmay yurganingni qara, voy pismigʻ-yey. Bu deyman, shoirlikni togʻangdan oʻrganganmisan, a? Bir paytlar Joʻra muallim ham sheʼrlar yozib yurardi.

– Yoʻq, togʻam mendan oz-moz oʻrgangan, – dedim.

Qiyqirishib kulishdik.

Haqiqatan ishlarim yurisha boshlaganiga ertasi kuni oʻzim ham amin boʻldim. Ertalab Asalxon opaning yordamchisi kelib, oyogʻimni yerga tekkizmay olib ketdi. Shahar markazidagi bir chiroyli koʻp qavatli uyning uchinchi qavatiga koʻtarildik. Yordamchi yigit kalitlarni shaqirlatib eshikdagi bir nechta qulflarni burab, ikki qavatli eshikni ochdi va hurmat bilan ichkariga taklif qildi. Toʻkin dasturxon tuzalgan keng xonaga kirdik. Haligi yigit choy damladi va menga bir piyola choy uzatib:

– Siz bemalol nonushta qilib oʻtiring, opa hozir studiyadan keladilar, – deb chiqib ketdi.

Uy nihoyatda nafis bezatilgan, kakkuli osma soat, ulkan yassi televizor, billur qandillar, qimmatbaho gilamlar, hammasi bir-biriga mos, bir-biriga yarashgan, hozir faqat mengina bu uyga yarashmay turganimni aniq-tiniq his qilayapman.

Birozdan soʻng Asalxon opa keldi. Oddiygina oppoq matodan tikilgan koʻylagi uning husnu latofatini yanada ochib yuborgan edi. Oʻzimni ertaklar olamiga tushib qolganday sezib, koʻzlarimga ishonmay oʻtirardim. Opa yengilgina tabassum qilib yumshoq kresloga oʻtirarkan, horgʻin nafas oldi. Uyqudan qolganga oʻxshaydi, yuzida charchoq alomati koʻrinib turibdi.

– Menga eʼtibor berma, ukaginam, tuni bilan uxlamasdan studiyada oʻtirib qoʻshiq yozdik, – dedi u koʻzlarini yumib. Meni sensirayotganidan oʻziga yaqin olayotganini tushunib, yuragim gupillab ura boshladi. – Tayyorlab qoʻygan bir musiqam bor edi, sheʼring juda mos tushdi. Yayrab-yayrab ijro qildim. Koʻzlarimga uyqu kelmadi. Oʻzi shunaqa, yaxshi qoʻshiq boʻlishini sezsam, toki tayyor boʻlmaguncha koʻnglim tinchimaydi. Menimcha ajoyib qoʻshiq chiqdi. Sen ham bir eshitib koʻrgin.

U DVD diskni joylab, yangi qoʻshiqni baland ovozda qoʻydi. Kuyning oʻzidanoq badanim jimirlab ketdi. Beixtiyor chapak chalib yubordim, opani tabrikladim, olqishladim, maqtadim.

– Hali oz-moz kamchiliklari bor. Yana biroz ishlasak, qoʻshiq qiyomiga yetadi. Endi sen mardikorlikni bas qil, shunday isteʼdodingga bu ish toʻgʻri kelmaydi, – dedi opa nihoyat maqsadga oʻtib. – Boshqa hunaring ham bormi?

– Bor, toʻylarda davraboshilik qilishim mumkin, – dedim.

– Mayli, oʻrtakashlik ham yomon ish emas hozircha. Mana, koʻrasan, ukaginam, shou-biznesda baxting chopib ketishiga koʻzim yetib turibdi. Sen yaxshi-yaxshi sheʼrlaringni qogʻozga tushiraver, xit boʻladigan qoʻshiqlar qilamiz. Hozirgiga oʻxshagan bir-ikkita qoʻshiqdan keyin seni hamma tanib qoladi. Asalxon opam xuddi adabiyotchi olimlarday sheʼrlarimni rosa maqtadi.

Bunday maqtov gaplarni Joʻra togʻam oʻz quloqlari bilan eshitsa, shoirlikni tashlaganiga qattiq pushaymon qilgan boʻlardi. Shunday mashhur qoʻshiqchi maqtayaptimi, demak bu sheʼrlar haqiqatan ham arzirlik ekan. Opa hali bittasini koʻrdi, bunaqa sheʼrlardan togʻamda koʻp. Kattagina bir daftarni toʻldirib yozganini, oʻsha daftar uyining chordogʻida chang bosib yotganini koʻrganman. Men ularni changdan qutqarishim kerak. Bilaman, togʻam sheʼrlarini birovga koʻrsatishni istamaydi. Shuning uchun ular mening nomim bilan qoʻshiq boʻlib tarqalsa buning nimasi yomon? Har holda chordoqda chirib ketgandan odamlarga foydasi tekkani yaxshi emasmi? Qolaversa, boshimga qoʻngan omad qushim oʻsha sheʼrlarni talab qilib turgan boʻlsa, boʻshanglik qilib oʻtirishim insofdan boʻlmaydi. Vaqt gʻanimatida otni qamchilab qolishim kerak.

Qishloqqa keldim. Omadning birinchi moyanasi qoʻlimga tekkan emasmi, oʻzimga eʼtibor berib qarasam, ichimdan bir ustun koʻtarib turganday qaddi-bastim adl boʻlib qolganligini payqadim. Atrofdagi odamlar bukchaygan, shalpaygan, sudralganday koʻrinadi koʻzimga. Togʻam esa unday emas, kayfiyati chogʻ, oʻtayotgan kunlaridan mamnun. Shu kayfiyatidan foydalanib, sheʼrlari haqida gap ochdim.

– Oʻsha sheʼrlaringizni bering, men gazetalarga chiqaray. Toshkentda yurib, koʻp ajoyib tanishlar orttirdim. Gazetadagi tanishlarim, togʻangizning sheʼrlarini olib keling, chop ettiramiz, deyishdi, – dedim.

– E, jiyan, qaysi sheʼrlarni soʻraysan? Aytgan edim-ku, ular shunchaki yoshlikdagi havas edi, deb. Endi ularni biron joyda chiqarishdan menga nima naf? Endi bizga yarashmaydi. Bu yil oʻn besh nafar oʻquvchim universitetga oʻqishga kirdi. Kelasi yilga undan ham koʻprogʻini oʻqitib tayyorlayman. Ana shularning orasida shoir boʻlsa boʻlguliklari bor. Qishda togʻlarga moʻl qor yogʻdi, ariqlardan suv uzilmayapti. Tomorqaga qara, dehqonchilikning yili boʻldi-da oʻziyam. Hovlining nariga tomonidan yana bitta imorat koʻtarayapman. Hademay togʻavachchalaringni birin-ketin uylantiramiz. Bizga yarashadigan ishlar mana shular-da, jiyan, – deb Joʻra togʻam baquvvat kaftlarini bir-biriga ishqaladi.

– Nima, yoshlikdagi havas edi, deb endi shunday oromijon sheʼrlar yoʻq boʻlib ketaveradimi? – dedim tutaqib. – Ularni gazetalarga chiqaraylik, artistlarga berib qoʻshiq qildiraylik, odamlar oʻqib, eshitib maza qilishsin. Oʻzingizga ep koʻrmasangiz, hech boʻlmasa, mana, menga bering, men ularni yorugʻlikka olib chiqay. Sizning yoshingizga toʻgʻri kelmasa, mening yoshimga toʻppa-toʻgʻri kelib turibdi-ku.

– Sen nima qilasan sheʼrlarni?

– Bir jiyaningiz shoir deb nom chiqarsa chiqaribdi-da, togʻa. Sizga armon boʻlgan havaslar bir kuni menga ham armon boʻlmasin. Shunda ham oʻzimni oʻylab emas, oʻtmishda qolib ketayotgan sheʼrlaringizni oʻylab shoirlikni boʻynimga olishga jazm qilayapman.

Xullas, Joʻra togʻamni rosa avradim. Togʻam kulaverib tuyilib qoldi.

– Bor-e, bilganingni qilmaysanmi, – dedi oxiri qoʻl siltab. – Agar oʻsha sheʼrlarning senga biror nafi tegadigan boʻlsa, olib ketaver, senga sovgʻa qilganim boʻlsin ularni.

Quvonganimdan togʻamni quchoqlab oldim. Keyin yugurib chordoqqa chiqdim-da, sargʻayib ketgan gazeta-jurnallar orasidan oʻsha qalingina daftarni qidirib topdim. Daftarning varaqlari ilvirab toʻkilay deb qolibdi. Agar menday sheʼriyat fidoyisi boʻlmaganida bu qogʻozlar hademay tuproqqa aylanishi muqarrar edi.

Ishlar yurishgandan yurishib ketdi. Men koʻproq sheʼr yodlashga, katta-kichik toʻy-tantanalarda davraboshilik qilish sanʼatini oʻrganishga kirishdim. Opa tanishtirib qoʻygan bir abjir yigit toʻylarda gapiriladigan gaplarni qogʻozga yozib olib kelib berdi: “Mana shu gaplarni obdon yodlab olsang, oʻrtakashlik qilishga qiynalmaysan”, – dedi. Men tez orada ularni yodlab oldim. Sheʼrlarim birin-ketin jozibali qoʻshiqlarga aylanayotgan edi. Asalxon opaning qoʻshiqlarini eshitmaydigan odam yoʻq. Qoʻshiqning sheʼrini kim yozgani bilan ham albatta qiziqishadi. Men sheʼrlarimga “Hoshim Jiyan” deb imzo qoʻydim. Albatta, taxallusimda togʻamga ishora bor. Axir, Joʻra togʻamning mehnatlarini ham halol baholashim kerak-ku. Asalxon opa bir-ikki toʻylarga meni oʻzi bilan birga olib borib, odamlarga tanishtirdi. “Yangi qoʻshiqlarimizning matnini yozgan shoir”, dedi. Ustimga pul yogʻilgandan-yogʻildi, olqishlar, izzat-ikromlar… Taniqliyu taniqsiz qoʻshiqchilar huzurimga yopirilib keladigan boʻlishdi. Sheʼrlarning nusxalarini koʻpaytirib, ularga ham beraverdim. Endi sheʼrlarim turli-tuman ovozlarda qoʻshiq boʻlib tarala boshladi. Opa rost aytgan ekan, shou-biznes shoirni tez tanitarkan. Qisqa vaqt ichida men ana oʻsha “shou-biznes”ning xaridorgir shoiri boʻlib ulgurdim. Doimiy ishim studiyada qoʻshiqchilarning yonida boʻlish. Gap-gashtaklarga, toʻy-tantanalar, tungi klublardagi jonon kechalar, katta-kichik tomoshaxonalardagi konsertlarga takliflar tushgani-tushgan. Oʻrtakashlikni ham qiyib qoʻyadigan soʻzamolga aylandim. Men tanimagan yoxud meni tanimagan ashulachilar qolmadi hisob. Toʻylar bahona kattayu kichik amaldorlar, olimlar, shoiru jurnalistlar bilan tanish boʻlib qoldik. Ular davralarda meni yonlariga taklif qilib, birozgina suhbatlashmoqchi boʻlishadi. Men esa qisqagina soʻrashib, biron narsani bahona qilib nari ketaman. Chunki ularning suhbati aylanib-aylanib, oxiri adabiyotga, ijodga borib tutashsa, bu mavzularda men nimani gapirishim mumkin? Qolaversa, ular bilan suhbatlashmasam, vaqti ziq ekan, deb oʻylab, yana suhbatimga mushtoq boʻlib yurishadi. Buni shou-biznesdagilarni kuzatib bilib oldim. Ha, shou-biznesning oʻrganadigan tomonlari koʻp ekan. Ilgarilari bu sohaga aralashib yurganlarning hammasi ertayu kech dilrabo kuy-qoʻshiqlar, olqishlar ichida yashaydi, hayotlari toʻkis, muammo nimaligini bilishmasa kerak, deb tasavvur qilardim. Biroq bu muhitda fitnayu hasad, gʻiybatu gʻurbatlar, oʻgʻriligu johillik gʻujgʻon qaynashini, pul uchun, sariq chaqaga qimmat obroʻ uchun bir-biriga pichoq oʻqtalishlar, soch yulib talashishlar, kamsitish va haqoratlashlar, turli-tuman behayoliklar ular uchun odatiy hol ekanligini mutlaqo oʻylab ham koʻrmagan ekanman. Ularning qilgʻiliklarini koʻrsa, ilon ham poʻst tashlab yuboradi. Mana shularni koʻrganimdan keyin baʼzan qishloqda oʻtgan kunlarimning qadri bilinar, hatto Eshpoʻlatning boshchiligida loy qorib, gʻisht quyib yurganlarimiz ham baxtiyor damlar boʻlib tuyular edi. E, menga nima, qirilib ketmaydimi. Menga “taka boʻlsin, sut bersin”.

Ikki yil ichida shaharda oʻz uyimga, mashinamga ega boʻldim. Endi kimsan – falonchi shoir diqqinafas tramvay yoki avtobusda oddiy odamlar orasida qisilib yurmayman. Uyimni koʻnglimdagiday taʼmirlatish uchun usta qidirib “pitak”ka borganimda Eshpoʻlatni uchratdim. Hali ham oʻsha-oʻsha eski chorigʻini sudrab yuribdi. Meni koʻrib hayratdan koʻzlari chaqnab ketdi. Yugurib oldimga keldi. Kir qoʻllari bilan oppoq kostyumimni bulgʻab qoʻyishdan choʻchib, ehtiyot boʻlib salomlashdi. Mashinamni gir aylanib tomosha qildi. Hol-ahvol soʻrashdik. Oʻzining aytishicha, dovrugʻimni eshitib, xursand boʻlib yurgan emish. Ustalarni oʻzi boshlab boradigan boʻldi. Ishning boshida ham oʻzi turadi. “Bir oy ichida uyingni qoʻgʻirchoqday qilib bermasam, sen bilan hamqishloqligim kuyib ketsin”, dedi.

Meni radioga, televideniyega taklif qilishdi. Yangi sheʼrlaringizdan oʻqib bering, deyishdi. Oʻylab qarasam, yangi sheʼrlar qolmabdi. Hammasi qoʻshiq qilingan, hammasini eshitib boʻlishgan. Zudlik bilan biror chorasini koʻrmasam, tez kunda xonavayron boʻlaman-ku. Uyning kalitini Eshpoʻlatga qoldirdim-da, qishloqqa joʻnadim. Toʻppa-toʻgʻri Joʻra togʻamning oldiga bordim. Meni koʻrishi bilan togʻamning kulgisi qistadi:

– Obbo jiyan-yey, kutilmaganda katta shoir boʻlib tanilib qolding-ku.

– Nimasini aytasiz, togʻa, omad kelaman desa loyning ichidan ham chiqib kelaverar ekan, – dedim kulgisiga kulgi bilan javob qilib. – Endi mana shu katta shoirning jamgʻarmasi tugab qoldi. Yo pirim, deb yana yangi sheʼrlar yozib berarmikansiz, deb oldingizga bosh egib keldim. Qancha desangiz pulini toʻlayman, buyogʻidan xotirjam boʻling. Hozir ayni “populyar” boʻlib turganimda oʻzingiz qoʻllab turing, togʻa. Bu darajaga yetishishim oson boʻlmadi, reytingim tushib ketmasin. Oʻzim ham mashq qilayapman, asta-sekin sheʼr yozishni oʻrganib olarman.

Togʻam bosh chayqab, miyigʻida kuldi. Uydan avvalgisiga oʻxshagan yana bir eski daftarni olib chiqib, qoʻlimga tutqazdi.

– Shu ishni toʻgʻri qildimmi, yoʻqmi, mana shu daftarni ham senga azbaroyi rahmim kelganidan berayapman. Bular ham yoshlik zavqi bilan yozilgan. Tashlab yubormoqchi boʻlganimda yangang qoʻyarda-qoʻymay qoʻlimdan tortib olib, sandiqqa tashlab qoʻygan edi. Senga nasib qilgan ekan, mayli, bularni ham olaqol. Shundogʻam bu daftarning endi menga keragi yoʻq. Lekin, jiyan, bunday yurish bilan uzoqqa borib boʻlmaydi. Hali ham boʻlsa, esing borida qoʻlingdan keladigan biror ishning etagini tutsang yaxshi boʻlardi. Gʻirromlikning, yolgʻonchilikning alaloqibat albatta misi chiqadi.

Muallimdan nima olasan, bir daftar sheʼrga qoʻshib bir qop gap olasan-da. Togʻam uzundan-uzoq nasihat qildi. Lekin u kishi shou-biznesni qayoqdan bilsin. Yolgʻonchilik, gʻirrom aralashmagan biznes biznesmi? Men-ku, tugʻishgan togʻamning sheʼrlarini oʻzidan soʻrab olib shoirlik qilayapman, lekin qoʻshiqchilar oʻz togʻalarining qoʻshiqlarini aytishayaptimi? Toʻgʻri, Asalxon opa mehnatkash, har beshta qoʻshigʻidan uchtasiga oʻzi kuy yozadi yoki biron kompozitorga yozdiradi. Atigi ikkita qoʻshigʻiga xorij qoʻshiqlaridan kuy oʻgʻirlaydi. Qolganlari-chi? Baʼzi ashulachilar hamma qoʻshiqlarini xorijliklardan oʻgʻirlab aytishadi-ku. Isteʼdodli artistlar kamtarlik qilib, oʻzlarining izzat-obroʻlarini saqlashni bilishadi. Isteʼdodsizlari esa oʻzlarini oʻtga-choʻqqa urishadi, gazeta, radio, televideniyega beayov kirib boraverishadi, hammayoqda oʻshalarning reklamalari, hatto dazmolni tokka ulasangiz ham oʻshalarni koʻrsatadi.

“Yangi sheʼrlar”ni hafsala bilan oq qogʻozga koʻchirib chiqdim. Uzzu kun qoʻngʻiroq qilib, eshigimni taqillatib turgan qoʻshiqchilar yangi-yangi qoʻshiqlarini koʻpaytiraverishdi. Bu qoʻshiqlarning deyarli hammasi, ularning tili bilan aytganda, “xit”ga aylandi. Eshpoʻlatning ustalari “qoʻgʻirchoqday” qilib bergan uyda yolgʻiz oʻzim zerika boshladim. Har gal qishloqqa borganimda uydagilar “yoshing oʻtib qolayapti, tezroq uylan”, deb holi jonimga qoʻyishmaydi. Bunday oʻylab qarasam, endi hamma narsam bor-u, faqat uylanish qolibdi, xolos. Uydagilar qishloqning eng sara oʻnta qizining roʻyxatini qoʻlimga tutqazishdi. Hammasi rozi ekan, faqat mendan ishora boʻlsa bas. Oʻylab-oʻylab, oxiri Oysanamni tanladim. Buni eshitib Eshpoʻlat ataylab kelib, qoyil qolganini bildirib ketdi. “Ukkagʻar-yey, tozayam omading chopgan bola ekansan-da. Shu qizning oshigʻi koʻp edi. Kim-kimlar ogʻiz solmadi deysan. Hech kimga rozilik bermagan edi. Sen bir choʻqishda uddalabsan-a, qoyilman. Molingni sot, joningni sot – shoir boʻl ekan”, – dedi.

Eshpoʻlat adashibdi, Oysanam menga shoirligim uchun emas, artistlarni koʻrish uchun tekkan ekan. Unga qancha sheʼr oʻqimay, quloq solgisi kelmaydi. Sheʼrni tushunmaydi ham. Qoʻshiqlarni esa miriqib tinglaydi. Eshikni taqillatgan artistlarning oldiga yugurib chiqadi. Hatto farzandli boʻlganimizda oʻgʻilchamizga ham mashhur artistning ismini qoʻydirib oldi. Oʻsha artistning hayotda qanchalik kalondimogʻ-u, xudbin va pulparast ekanligini u bechora bilmaydi-da. Men esa oʻgʻilchamga, hech boʻlmasa menga omad keltirgan sheʼrlarning hurmati uchun, ulugʻ bir shoirning ismini qoʻymoqchi edim. Oʻzi shu Oysanamga uylanmasdan, birorta sheʼr yozish qoʻlidan keladigan qizga uylanib olsam yaxshiroq edi. Ana shunda ikkovlashib shou-biznesning tomorqasini yashnatib yuborardik.

Bu yoqda endi sheʼrlar ham tugab qoldi. Artistlar nuqul yangi sheʼr soʻrashadi. Eskilarini hadeb takrorlayversa, uch-toʻrt oyda muxlislarning meʼdasiga urib qolayotgan emish. Joʻra togʻamning oldiga borgan edim: “Qoʻy, jiyan, meni qiynama. Bisotimda saqlanib qolgan eski ermaklarimning hammasini yuzingdan oʻtolmaganim uchun senga berdim. Boshqa sheʼr yozmaganman, yozmayman ham. Shoirlik kimningdir kuyiga soʻz qalab berish degani emas. U egamning suyganlariga beradigan bebaho inoyati. Toʻrtta gapni birovlarga oʻxshatib qofiyalab, qoʻshiq qilib, soxta olqish olib koʻksiga urib yurganlar bugun bor, ertaga yoʻq. Chinakam shoirlik esa mangulikdir”, – dedi. Lekin mening mangulikka daʼvoyim yoʻq. Hozir hammaga tirikchilik kerak, mangulik emas. Shunday boʻlgach, yo shou-biznesdagi oʻrnimni saqlab qolish uchun sheʼr yozishim, yo boʻlmasam omadli kunlarim bilan butunlay xayrlashib, “qaydasan Eshpoʻlat” deb yana “pitak”ka borishim kerak. Yoʻq, unaqasi ketmaydi. “Yotib qolguncha otib qol” deyishgan donolar. Qora kunga asqotib qolar deb oʻzim ham ancha-muncha sheʼrlar qoralab qoʻygan edim. Sheʼr soʻrab kelgan sanʼatkorlarga oʻshalarni taqsimlab berdim. Biroq sheʼrlarning birontasi ham ularga yoqmadi. Oʻzlaricha oliftagarchilik qilishganiga oʻlaymi bu qoloqlarning. Axir, bular eng zamonaviy sheʼrlar-ku. Yaxshiyam bir jurnalda ishlaydigan ustoz shoir bilan tanishib qoʻygan ekanman. U meni juda hurmat qiladi, bir nechta sheʼrimni jurnalda suratim bilan bosib chiqardi. Yangi sheʼrlarimni oʻsha domlaga olib borib koʻrsatdim. Kamchiliklari boʻlsa, u yoq-bu yogʻini toʻgʻrilashga yordam beradi, deb oʻylagan edim. Domla sheʼrlarimni koʻrib, koʻzoynagi ostidan menga uzoq tikilib qoldi.

– Oʻzingiznikimi mana shu qoralamalar? – soʻradi rostakamiga ajablanib.

– Ha, oʻzimniki, – dedim sal dovdirab.

– Siz ilgari durustgina sheʼrlar yozar edingiz-ku. Buningiz nimasi? Yoki yangilik qilmoqchi boʻldingizmi?

– Ha, ha, yangilik qilmoqchi edim, – dedim bahona topilganidan sevinib.

– Ammo, ukajon, har qancha yangilik desangiz ham buni sheʼr sifatida qabul qilib boʻlmaydi. Buningizda na vazn bor, na boshqa mezonlar. Yo uslubingizni yoʻqotib qoʻydingizmi? – dedi qoshini chimirib. Men indamadim. – Siz mana bu kitoblarni bir varaqlab koʻring. – U javondan bir talay kitoblarni olib oldimga qoʻyaverdi. – Mana bu kitobda aruz vaznining eng goʻzal namunalari bor. Mana bu kitobda esa barmoq vaznidagi sara sheʼrlar jamlangan.

Men kitoblardagi bir-ikkita sheʼrni oʻqib koʻrdim, koʻnglimga oʻtirmadi. Keyin javonning pastrogʻidagi chiroyli bezatilgan sariq va havorang kitoblarni olib varaqlay boshladim.

– Ularni oʻqimasangiz ham boʻlaveradi, – dedi domla yuzini bujmaytirib. – Ular oʻzlarini modernchilar deb atashadi. Lekin yozganlari modernizmning “m” harfiga ham yaqinlashmaydi. Bular sheʼr yozolmaydilar, lekin shoirlar davrasida oʻralashib yurishni juda-juda istashadi. Shuning uchun almoyi-aljoyi qoralamalarni qogʻozga tushirishadi-da, men “modern”da yozayapman, deb oʻzlarini xaspoʻshlashadi. Aslida “modern” dastlab Gʻarb adabiyotida yuzaga kelgan otashin, falsafaga boy yoʻnalish. Hozirgi paytda bizda ham bu uslubda eplab ijod qilayotgan yaxshi shoirlar yoʻq emas.

Shundan soʻng domla uslublar, vaznlar haqida uzundan-uzoq maʼruza oʻqidi. Aruz va barmoqda yozilgan kitoblarni varaqlab bir narsalarni kuyib-pishib tushuntirdi. Menga esa haligi sariq va havorang muqovali kitoblar yoqib qoldi. Chunki ularni yozish juda oson, xuddi mening yozganlarimga oʻxshardi. Demak, uslubimiz bir xil boʻlsa kerak. Boʻldi, uslubimni topdim: men “modern”da yozayotgan ekanman. Meniki hatto anavi ikkala kitobdagidan oʻlsa oʻligi ortiq. Ularniki modern boʻlsa, menikini bemalol postmodern desa ham boʻlaveradi. Mana, masalan bir sheʼrim “Telefon – sotka, supurgi – choʻtka” deb boshlanadi. Qofiyasi joyida, mazmun bor, eng muhimi, zamonaviy sheʼr. Xayriyatki ijod ahlining nozik koʻnglini tushunadigan uddaburon kishilar ana shu uslubni oʻylab topishgan ekan, yoʻqsa, meni allaqachon ijod dunyosidan badargʻa qilishib, ustimdan kulib yurishgan, men ayni barq urib ochilgan chogʻida tomiri suvdan uzilgan guldek qovjirab, yana qora mehnatga qorishib ketgan boʻlardim. Yashasin modern! Domla esa menga klassik shoirlarni tushuntirmoqchi boʻladi. Buncha gʻalcha boʻlmasa. Axir, klassiklar oʻzlarining zamonasidagi uslubda yozishgan. Ularning zamonida sotka telefonlar boʻlmagan. Mabodo boʻlganida, ular ham xuddi mana shunday yozardilar. Bundan tashqari, hozirgi shou-biznes klassiklarni hazm qilolmaydi. Bugun sanʼat olamini “rep” va “rok”lar egallayapti. Ularga esa aynan bizning moderncha sheʼrlarimiz kerak. Haligi olifta qoʻshiqchilar yangi sheʼrlarimni mensishmadi. Yoʻq, menimcha ularning bunga tishlari oʻtmadi. Bilganlarini qilishsin, zamondan orqada qolganlar. Men endi yangi yulduz boʻlib charaqlab chiqib kelayotgan “Ananas”, “Apelsin” guruhlari bilan ishlayman. Mana bu sheʼrlarim aynan ularbop. Ular haqiqiy zamonaviy guruhlar.

Domla ayni berilib javrayotgan paytda men uzr soʻrab, asta oʻrnimdan turdim. Sariq va havorang muqovali kitoblarni berib turishini iltimos qildim.

– Olib ketavering, ularning menga keragi yoʻq, shunchaki oʻzlari tashlab ketishgan, – dedi hafsalasi pir boʻlib.

Bu kitoblarning domlaga keragi yoʻq, lekin shou-biznesga ular juda kerak. Eng muhimi, togʻamning menga hadya qilgan “merosi” tugab, oʻzim sheʼr yozishga majbur boʻlayotgan, shou-biznes ham, gazetalar ham bir gʻayratli shoirga eshiklarini taqa-taq yopib, ijod maydonidan batamom supurib tashlamoqchi boʻlib turgan bir paytda mening yozganlarimni sheʼr deb tan olib, bagʻrini keng ochuvchi hurmatli “MODERN”ni topib olganimdan va bu saxovatpesha yoʻnalishni orqa qilib ijod maydonida hali ancha-muncha javlon urib yurishim mumkinligidan benihoya xursand boʻlib ketdim. Men kitoblarni qoʻltigʻimga qistirib, xayrlashdim.

 

Uygʻun ROʻZIYEV

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 4-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/modern/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x