Oʻtgan zamonda bir donishmand bir qishloqqa kelib yashab qoldi. U bolalarni sevar, ular bilan koʻp vaqtini oʻtkazar edi. Yana bir sevimli ishi – oʻyinchoqlar yasab berish edi, biroq faqat moʻrt oʻyinchoqlarnigina sovgʻa qilardi. Bolalar ehtiyotkor boʻlishga qanchalik urinmasin, buning uddasidan chiqa olmas, oʻyinchoqlar sinib qolardi. Bundan xafa boʻlgan jujuqlar bor ovozi bilan yigʻlashga tushardi. Keyinchalik donishmand ularga yanayam moʻrtroq oʻyinchoqlarni hadya qildi.
Nihoyat bolalarning ota-onalari qariyaning oldiga kelib, nolishdi:
– Sen aqlli odamsan, bolalarimizga ham faqat yaxshilikni ravo koʻrasan. Lekin nima uchun bunday tegmanozik narsalarni sovgʻa qilasan? Ular oʻyinchoqlarni asrashga bor kuchlari bilan harakat qilyapti, lekin baribir iloji boʻlmayapti. Soʻng yigʻiga tushishyapti. Oʻynamay deyishsa, oʻyinchoqlaring juda chiroyli.
– Hali koʻp oʻtmay, – deydi jilmayib bunga javoban donishmand, – ularga kimdir yuragini hadya qiladi. Balki mening bu arzimas oʻyinchoqlarim ularga qadrli narsalarni avaylashni oʻrgatar.
Orif Tolib
“Toshkent haqiqati” gazetasining 2016 yil 27 avgust sonida chop etilgan.
https://saviya.uz/ijod/nasr/mort-sovgalar/