Moʻjaz kitoblarning zavqi

“Isteʼdod maktabi” VIII respublika yosh ijodkorlar seminari ishtirokchilarining “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida nashr etilgan toʻplamlarini koʻzdan kechirarkanman, koʻnglim allanechuk faxrga toʻldi. Mualliflarning baʼzilari bilan doʻstligim yoki qisman tanishligim, baʼzilarini ijodi orqali bilishim, yana kimlarnidir oʻzim uchun kashf qilganim, xullas, bu moʻjaz kitobchalardan olgan taassurotlarimni qogʻozga tushirgim keldi. Buni adabiy tanqid emas, yoshlarning ijodiga bir tengdoshining munosabati desangiz, xursand boʻlardim. Bir tomondan, ilk toʻplamlarining koʻpi sheʼrlardan tashkil topgani, boshqa tomondan esa, nazmga oshuftaligim sabab shu yoʻnalishda qalam tebratayotgan doʻstlarimiz ijodiga toʻxtaldim. Demak, sheʼriyat haqida gaplashamiz.


 

“Bu sheʼrlar ertadir, bu sheʼrlar – taqdir”

 

Qoʻlimda oʻndan ortiq sheʼriy toʻplam turibdi. Ularning baʼzilariga batafsil toʻxtalishga ahd qilib, kitoblarni varaqlayman. Nima topdim, bilasizmi? Mana buni:

 

“Bu sheʼrlar shunchaki xomxayol emas,

Bu sheʼrlar ertadir, bu – sheʼrlar taqdir”.

 

Dilmurod Doʻstning “Koʻksimdagi qush” kitobidagi soʻnggi sheʼr shu misralar bilan boshlanadi. Toʻplamdagi sheʼrlarni “nigoh sheʼrlari” degim keladi. Olamni taftish qilayotgan va koʻrayotganlarini imkon qadar sayqallab qalamga tutayotgan nigohning tortiqlari bu.

Oʻz boʻstonining eng baland daraxtiga qoʻnib, dunyoni jim kuzatayotgan qush! Tiriklik va tirikchilik orasida andarmon odamlarga chetdan qarab ne oʻylarga botadi u? Odamlarga muhim tuyulgan narsalar unga kichik koʻrinadi. Axir, u yuqoriroqdan nazar tashlayapti-da!

Mana, nasroniy xochni oʻpib ibodat qilyapti. Yerning narigi burchida musulmon toatga berilmoqda. Aslida, ikkisining maqsadi ham bir – jannatdan umidvorlik. Nega bir-biriga gʻayri nazar bilan boqishadi?

Mana, varrak parvoz qilmoqda. U shamol izmiga boʻysunmay, qushlarga esh boʻlib samo kezmoqni istaydi. Osmon kengliklariga shoʻngʻir kez pastdan, yerdan kimdir varrakning ipini tortib shamol izmiga tushirib qoʻya qoladi. “Parvoz tiriklikdir. Maʼnodir parvoz”. Bu – “Varrakning armonli qoʻshigʻi”.

Mana, Yer. U insonni osmondan kuchliroq sevadi. Osmondan rashk qiladi. Shuning uchun ham u bagʻrida bir xona qazib, insonni osmondan mangu yashirib qoʻyadi.

Mana, kimdir qimmatbaho soat taqib yuribdi. Lekin vaqtning qadrini bilmaydi. Odamlar uni boy deb oʻylashadi. Chunki tilla soati bor. Yoʻ-oʻq, u – qul. Vaqt oʻzining tilla kishanini uning qoʻllariga osib qoʻyibdi.

Bu qush yana nimalarni koʻrdi. Soʻraylik-chi!

 

“Shoirlarni koʻrdim koʻp qofiyaboz,

Nafasni qafasga tirkab qoʻyardi.

Dil soʻziga pulni, erkka – berk deya,

Dilga siyohini surkab qoʻyardi”.

 

U-chi? U oʻziga qarab nimalarni koʻrdi?

 

“Millatim iymondir, bayrogʻim vijdon,

Butun yeru osmon Vatanim mening.

Toshlar boshim boʻlsa, yuragim – qushlar,

Har zarra tuproqda bor tanim mening”.

 

Dilmurod Doʻstning “koʻksidagi qush”i ohang izlamaydi, ohang kutmaydi. U chiroyli sayrashdan koʻra rost sayrashni afzal koʻradi. U hamma koʻrgan narsani boshqacha koʻrish mumkinligini isbotlashga urinadi. Uning sheʼrlarida dazmol koʻylakka sevgi izhor qiladi, Yer Osmonga chiroyli koʻrinish uchun qishda yuzlariga upa suradi, gung yigit oʻzining oʻn barmoqli tilida soʻzlaydi, barmoq chiroq tugmasini oʻpganda xonaga zulmat yiqilib tushadi…

Bu badiiy topilmalar qatoriga yana birini qoʻshish mumkin edi. Bilasiz, yoʻl harakatida oʻng qoʻl qoidasi mavjud. Xalq orasida esa “Oʻngda – rahmon, chapda – shayton” degan naql yuradi. Demak, umr yoʻlida ham oʻng qoʻl qoidasiga amal qilish kerak ekan. Men shu joyga kelganda Dilmurod Doʻstni ayblagim keladi. Shunday goʻzal topilma topibdi-yu, oddiygina ifodaga singdiribdi. Sheʼr soʻngida shiddatli badiiy portlash tayyorlashning oʻrniga “Yoʻl qoidasini nega buzasiz?” degan joʻngina savolga joy hozirlabdi.

“Koʻksimdagi qush”ning achchiq entikishga yoʻgʻrilgan, oʻychan haqiqatlardan sayrashi soʻz qushlari oshiyonida yangi navozandaning paydo boʻlayotganidan xabar bermoqda.


 

 “Yuragimni yoza olaman”

 

“Oʻn sakkizim” kitobining varaqlaridan sheʼrlar emas, oʻynoqi jilgʻalar chiqib keladi. Shohista Ergasheva qalamiga mansub misralarda yoshlikning eng inja hislari qizlarga xos nazokat va erkalik bilan bayon qilinadi. Shohista oʻzining “Tanishuv”ida: “Otang – usta, sen kim boʻlarding? Olmaning tagiga olma tushadi”, deb kamsitguchiga qarata magʻrur-magʻrur soʻz qotadi.

 

“Osonmi bir bogʻda qurt tushirmasdan

Olmaning tagiga olma tushirish?!”

 

Sheʼr soʻngida esa aslidan orlanmaydigan oʻzbek qizining soʻzi yangraydi:

 

“Doʻstlar, mening onam – oddiy enaga,

Men – oʻsha Alijon ustaning qizi!”

 

Shohista ozgina ginaxonlik bilan yozadi, ozgina hazil bilan yozadi, ozgina araz bilan yozadi. Uning sheʼrlarini oʻqir ekanman, qaysidir misralardan Choʻlponning Zebisi chiqib keladigandek tuyulaveradi. Uning yozmishlarida, asosan, uchta lirik qahramon harakat qiladi. Otabek, Kumush va Zaynab uchburchagida oʻzini Zaynab deb biladi.

 

“Men bekman, u bekam” debsiz,

Baxtli qilsin bekamingiz”.

 

(Eʼtibor bering, “bekam” soʻzi bilan iyhom tarzida soʻz oʻyini qilingan.)

Gohida:

 

“Men kim boʻpman,

Aytgancha, uning

Oyi bor-ku peshonasida”

,

– deb oʻksib qolsa,

gohi:

 

“Baxtli boʻl” deb qargʻayman, yana…

Yana nima deyishim mumkin…?”

 –

deya oladi.

Bu satrlar goʻyo “Kecha va kunduz”dagi Zebining sud majlisida sudyaga qarab: “Yoʻ-oʻq, oʻlibmanmi oʻz erimni oʻldirib”, degani kabi soddagina hayrat bilan yoʻgʻrilgan.

“Qoʻgʻirchoq” sheʼrining goʻzal badiiy yechimi kishini maftun qiladi. Asar qahramoni kichikligida qoʻgʻirchoq oʻynaganida otasidan eshitgan soʻzlarni tarorlaydi:

“Qizim, oʻzing jajji qoʻgʻirchogʻimsan, Qoʻgʻirchoq qoʻgʻirchoq oʻynar ekanmi?”.

Koʻzyoshga choʻmilgan satrlar orasidan:

“Sizni oʻzim uchun asrab qolay deb, Oʻzimni siz uchun butkul yoʻqotdim”

 kabi misralar charaqlab turadi.

Endi u ulgʻaydi. Qoʻgʻirchogʻini olovga uloqtirdi. “Qoʻgʻirchoq qoʻgʻirchoq oʻynamas axir”. Koʻzyosh toʻkar ekan, otasi uni yupatib: “Yigʻlama, qizim, qoʻshnilar eshitsa, uyat boʻladi”, deydi. Qizi nima deydi deng?

 

“Qoʻrqmang, siz aytgandek boʻladi, ota,

Bilaman, paymonam bir kun toʻladi.

Yoʻq, siz oʻshanda ham yigʻlamang zinhor,

Qoʻshnilar eshitsa, uyat boʻladi”.

 

“Oʻn sakkizim” sheʼrida ham oddiygina soʻzlar badiiylik libosini kiyadi. Bu fikrimizga

“Sendan butkul kechishim uchun “Xudo haqqi” deyishim shartmi?”, “Men haddidan oshgan haddingman”

kabi satrlarni isbot deya olamiz. Mana bunga eʼtibor bering:

“Oʻn sakkizim”da modernnamo soʻztaroshlikka urinilgan joylar ham bor. “Xonadon” sheʼrida shunday satrlar bor:

“Darvozaga yozilgan soʻzni

Oʻzim davom ettirib qoʻydim:

 

Uy sotiladi!

               Uy otiladi!

               Uy tiladi!

               Uy iladi!

               Uy ladi!

   Uy adi!

 Uy di!

 Uy i!

 Uy

 U…”

 

Bu misralar haqidagi fikrlar boshqa maqolaga aylanib ketadi. Muhimi shuki, Shohista faqat soʻzlar bilan emas, harflar bilan ham badiiylik yasashga uringanidir. Buni esa maʼqullash kerak, nazarimda.


 

“Tinglaylik yulduzlar shivirin”

 

Humoyun Quvondiqovning “Yulduzlar shiviri” toʻplami “Sohibqironim” sheʼri bilan boshlanadi. Toʻgʻrisi, ajdodlarga bagʻishlangan yana bir madhiyamikan deb oʻyladim. Odatda sheʼriy kitoblar oʻshanday madh bilan boshlanadi. Ajdodlarning qilgan ishlarini eʼtirof etsak-etmasak, bundan ularning shonu shavkatiga daxl yetmaydi. Tarixiy haqiqatni tiklash uchun bitilgan, adabiyotga va abadiyatga doxil madhnomalar boʻlsa, boshqa gap. Oʻz davrida Abdulla Oripov va Erkin Vohidov tomonidan yaratilgan shunday asarlarni misol keltirish kifoya deb oʻylayman. Ammo Humoyun na u, na bu tarzdagi madhni tanlaydi. U erkalik bilan “Sohibqironim bor, sohibqironim”, deya magʻrurlanib qoʻyadi.

Xayol daryosining oʻzanlari keng boʻlsa, yaxshi ekan. Humoyunning sheʼrlarini oʻqib shunday oʻy kechdi xayolimdan. Uning oʻzi bilan tanishuvimiz bundan bir yil oldin Qashqadaryoning “Lochin” oromgohida boʻlgan edi. Dunyoga, unda yashayotganlarga, uni talashayotganlarga hayrat bilan boqadigan, ijodga va adabiyotga yoshiga nisbatan ancha yuqoridan qaraydigan, balki, shundandir oʻz yozganlarini koʻpda baland baholamaydigan bu bola bilan doʻstlashib ketdik. Tanlov soʻngida: “Yaxshiyam, oʻrin olmadim. Boʻlmasa, adabiyotning ahvoli shunday gʻarib ekan, deb oʻylab qolardim”, degan edi. Uning sheʼrlarida parvoz koʻp. “Qanotimni qayirsang, men uchaman beqanot”, deydi bir sheʼrida. “Erksevar” koʻngliga “yovqur shamollarning etagini tut”ishni buyuradi, shabbodadan “oydinda birga sayr etish”ni yolvoradi, “qanoti qayrilgan bechora yerga osmonni yetaklab kelish”ni maqsad qiladi.

 

“Doʻstim, huv, anavi togʻlarni qara,

Yotibdi dunyoning dardidan kechib”,

 –

deydi “Asotir” sheʼrida. Keyin xayolga choʻmadi. Nega ular bunday yaralgan? Balki…

 

“Balki, bu togʻlar mard botirlar boʻlib,

Uxlagan yalmogʻiz jodusi sabab.

Balki, uygʻonarlar bir kuni kulib,

Yuzlariga bossa malikalar lab”.

 

Sheʼrlardagi baʼzi soʻzlarni nojoiz deb hisoblagan joylarimiz ham bor. Har toʻkisda bir ayb, deganlaridek, “Kenja botir” sheʼrida uning tulporini Boychibor deya atab ketadi. Kenja botir haqidagi ertakni bilamiz, unda Boychibor laqabi tilga olinmaydi. Boychibor – Alpomishning tulpori.

“Sokin hayot” sheʼrida shunday satrlar bor:

 

“…Sokin tun… Samoda mahvash yolgʻiz,”

Labimda shul oyga gullar tutaman…”

 

“Mahvash” soʻzi “oyga oʻxshash” degan maʼnoni beradi. Misra mazmunidan samoda oyga oʻxshash yor yolgʻiz degan maʼno chiqadi. Bu yerda oʻxshatuvchi vosita “-vash”ning umuman keragi yoʻq. “Sokin tun… Samoda toʻlin oy yolgʻiz”, desa, nima oʻzgaradi? Keyin, labda oyga gul tutish holatini tasavvur qila olmadim. Bunda hayotiylik yoʻq.

“Yulduzlar shiviri”dan oʻrin olgan ijod namunalari shakliy izlanishlari bilan ham ajralib turadi. Sergey Yesenin ilk bor qoʻllagan badiiy takror shakliga bir necha sheʼrda murojaat qilinadi. Ularda oʻsha mashhur “Shahinam, o, mening Shahinam”ning ohanglariga hamohanglik sezilib turadi. Humoyunning “Yor kokili” gʻazal-mashqi ham muvaffaqiyatli chiqqan. Aruz yoʻlida yozilgan sheʼriy satrlar “Birinchi kitob”lardan faqat “Yulduzlar shiviri”da uchraydi.

 

“Oʻy-na-gay- no/zik- be-lid-a/ in-ja- yor- ko/                                                                       kil-la-ri,

 

Foilotun – foilotun – foilotun – foilun

( – V–– / – V–– / – V–– / – V–)

Ay-la-gay – hij/ron – se-lid-a/ in-ti-zor – ko/kil-la-ri…”

Foilotun – foilotun – foilotun – foilun

( – V–– / – V–– / – V–– / – V–)

“Belida” va “selida” soʻzlari yopiq boʻgʻin bilan tugaganida bayt ramali musammani maqsur vazniga xatosiz tushgan boʻlardi. Ammo oʻzbek tilidagi soʻzlarda urgʻu soʻnggi boʻgʻinga tushishi hisobiga choʻzib aytilishi inobatga olinsa, bu baytni bekamu koʻst gʻazal maqtaʼsi desa boʻladi. Bundan tashqari, baytda asosiy qofiyadan tashqari “oʻynagay” va “aylagay”, “belida” va “selida” soʻzlari ichki qofiyani ham yuzaga keltirgan. Bu esa muallifning aruz vaznida ham mahoratini koʻrsatishga imkoni borligidan dalolatdir.

Eng muhimi, Humoyun Quvondiqov ijodni koʻngil ovunchogʻi deb bilmaydi. Bu uning har bir sheʼrida sezilib turadi. Yuksak parvozlar orzusi, “Yulduzlar shiviri”ni tinglash ilinji ijodkorni bir zumga boʻlsin tark etmaydi.


 

“Anorlar koʻksini yorib boradi”

 

Shohsanam Nishonovaning “Iqror” toʻplami bu galgi kitoblar orasida alohida ajralib turadi. Oʻynoqi, shu bilan birga, keskin ohang, nafis ifoda va teran mazmun uygʻunligida muallifning nazmiy iqrorlari boʻy koʻrsatadi. “Sen ham meni sogʻindingmi, Fargʻonajon?” degan savolning oʻzidayoq vatan sevgisini, his etamiz, vodiyning dilkash odamlari qiyofasi koʻz oldimizga keladi.

 

“Quva tomonlarda meni sogʻinib

Anorlar koʻksini yorib boradi”,

 –

deydi Shohsanam. Quvaning oʻsha mashhur anorlari bir qizining yoʻlida koʻz tikaverib, sogʻinchdan koʻksi yorilib ketadi. Qanday goʻzal tashbeh! Qizi esa safardan kela solib “vatanjonim” deya otasining bagʻriga otiladi. Soʻng qizgina yana oʻzi “million yil izlagan baxt” tomon yoʻlga tushadi.

Qalb esa doim bezovta. U oʻz egasini mudom soʻroqqa tutib turadi:

 

Oʻzingizga oʻzingiz

Savol berib ayting-chi,

Tanlagan yoʻllarda koʻp

Adashib ketmadikmi?

 

Shunday soʻroqlar orasida oʻzining nurli manzilini koʻrgandek boʻladi. Ana, oʻsha tomondan shamollar esmoqda. “Adabiyotda toza havo borga oʻxshaydi”. U yoʻlda davom etadi.

Bu maydonga yuksak parvozlar vaʼda qilib kirib kelgan opa-singillarimizning aksariyati bir-bir jimib ketadi. Ayol uchun oiladan ustun nimadir boʻlishi, boʻlganda ham uni saqlab qolish qiyin ish. Adabiyot esa oʻziga baxshida boʻlishni talab qiladi. Shu mashaqqatni yelkaga olib soʻz aytayotgan shoiralar orasida Shohsanam Nishonovaning ham dadil ovozi yangrayotgani quvonarli. Bu ovoz turmushning allaqaysi soʻqmoqlarida yoʻqolib, adashib ketmasligiga ishonamiz. Undagi dadillik bizga shuni vaʼda qilyapti.

“Iqror”ni varaqlar ekanman, yana bir jihat eʼtiborimni tortadi. Ijodkor oʻz atrofidagi oʻtkir ijtimoiy mavzularni dadil sheʼrga aylantiradi. “Imtihon” sheʼrida bilimdon qizning oʻqishdan yiqilishi va uning: “Nyutondan xato qilmayman, Shundan savol tushgandi, axir”, degan daʼvosiga javoban:

 

“Kitoblarni olib qoʻlingga

Qonunlarni yodlaysan, biroq

Bu hayotning yozilganidan

Yozilmagan qonuni koʻproq”,

 –

deb xulosa chiqaradi.

“Sessiya” sheʼrida baho talashib bir-biriga ters boʻlib borayotgan kursdoshlariga qarab:

 

“Evohki, imtihon shundayin boʻlsa,

Qiyomating qanday boʻlar, Xudoyim”,

 –

deya dodlaydi.

Shohsanam Sharq sheʼriyatida urf boʻlgan noma, yaʼni xat janriga eʼtibor bilan qaraydi. “Dadamga xat”, “Moʻmin boboga maktub”, “Doʻstimga xat” kabi sheʼrlarida murojaat ohangi va koʻngil izhori ajib uygʻunlik kasb etadi.

Fikr va soʻz marjon kabi terilib, qogʻozga tushdi, muqova qoplanib, “Iqror” deb nom qoʻyildi. Soʻz olamiga goʻzal iqrorlari bilan kirib kelayotgan yana bir ijodkorga omad tilagim keladi.

 

* * *

“Birinchi kitobim” loyihasi doirasida chop etilgan Mansur Jumayev, Gulruh Xudoyorova, Sayfiddin Okanov, Elyor Murod, Allayar Darmenov, Asliddin Sabriddinov, Otabek Odil, Abdumannob Mansurov singari yosh ijodkorlar qalamiga mansub sheʼriy toʻplamlar haqida ham shuncha soʻz yuritishimiz mumkin.

Uy ostonasi oldida turgan odam ichkari kirar chogʻ oyoq kiyimining changini qoqqani kabi adabiyot dargohining muqaddas qopqasi qarshisida turgan inson borki, oʻz qalbini gʻuborlardan poklasin. SOʻZdan maishiy ikir-chikirlar uchun, kimnidir taʼzirini berish yoki kimgadir xush yoqish uchun foydalanish ilinji bilan qalam tutadigan kimsalar bu jannatdan abadiy quvgʻin boʻlgusidir. Adabiyot, sheʼriyat faqat xalqqa va Haqqa xizmat qilishi kerak. Muhtasham Yolgʻizlik saodati va betinim Mehnat mashaqqatini oʻz qismati deb bilmoqqa shay isteʼdodli odamgina qoʻliga qalam olishi lozim. Ulugʻ dargoh ostonasidan hatlayotgan tengdoshlarimga betizgin ilhomga mubtalolik baxtini tilayman.

 

Suhrob ZIYo

 

“Yoshlik”, 2017 yil 10-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/mojaz-kitoblarning-zavqi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x