MIRXOND, Mir Muhammad ibn Sayid Burhonuddin Xovand-shoh ibn Kamoliddin Maxmud (1433.22.6 — 1498.24.2) — tarixchi olim. Ota-bobolari asli buxorolik boʻlib, fiqh ilmida mashhur boʻlishgan. M. Buxoroda madrasani tugatib, otasi vafotidan keyin Hirotga kelgan. Alisher Navoiy M. ga yirik bir tarixiy asar yozishni topshirgan. Unga Xalosiya xonaqohida joy, maosh tay-inlab, oʻzining boy kutubxonasidan foydalanish uchun imkon yaratadi. Mirxond shu yerda 1494-y. gacha 7 jil dli «Ravzat ussafo fi siyratul-anbiyo val-muluk valxulafo» («Paygʻambarlar, podsholar va xalifalarning tarjimayi holi haqida jannat bogʻi») asarining 6 jildini yozib tugatadi. «Ravzat ussafo»ning mazmuni quyidagichadir: 1jild (daftar) — dunyoning yaratilishidan sosoniylar sulolasi inqirozigacha; 2jild Muhammad (as.) va toʻrt xalifa tarixi; 3jild umaviy va abbosiylar xalifalari tarixi; 4jild — umaviy va abbosiylar davrida Oʻrta Osiyo; 5jild — Chingizxon va chingiziylar tarixi; 6jild — Amir Temurdan Abu Sayd vafotigacha boʻlgan davr tarixi; 7jild — Sulton Husayn va uning avlodi davri tarixi. Bu jildning davomini nabirasi Xondamir (bobosi vafotidan keyin) yozib tugatadi. Dastlabki 6 jild matni Alisher Navoiy taxriridan oʻtadi. Asar matni Bombay (1845, 1848), Tehron 1850-56, 1860; va Lakhnav 1874, 1883, 1890-y. lar)da chop etilgan; oʻzbekchaga tarjimasi Muhammad Rahimxon Feruz davri (1865 — 73)da amalga oshiriladi.
Ad.: Ahmedov B., Oʻzbekiston tarixi manbalari, T., 2001.
Naim Norqulov.