Post Views:
1 177
MIRTEMIR (taxallusi; asl ism-sharifi Tursunov Mirtemir) (1910.30.5–1978.25.1) – O‘zbekiston xalq shoiri (1971). Turkistonda tug‘ilgan. Eski maktabda ta’lim olgach (1919–20), Toshkentga kelib, Almaiy nomidagi namuna ish maktabi (1920–23) va O‘zbek erkaklar bilim yurtida (1925–29) tahsil ko‘rgan. Samarqanddagi Pedakademiyani tugatgan (1929). U shu yillarda «Qizil qalam» adabiy tashkilotining a’zosi sifatida Botu, Oltoy singari «millatchi»lar bilan aloqada bo‘lganligi uchun hibsga olingan (1932.8.8). Qamoqdan ozod bo‘lgach, «Yangi hayot» gazetasida adabiy xodim (1936), respublika radioqo‘mitasida bosh muharrir (1941). O‘zdavnashrda muharrir (1942), Opera va balet teatrida adabiy emakdosh (1943–44), Yozuvchilar uyushmasida bo‘lim mudiri va maslahatchi (1957–64), badiiy adabiyot nashriyotida muharrir (1965–66) lavozimlarida xizmat qilgan.
Shoirning «Barot» (1930), «Xidir» (1932), «Dilkusho», «Suv qizi» (1937), «Oysanamning to‘yida» (1938), «Qo‘zi» (1939) kabi dostonlari o‘zbek she’riyatidan munosib o‘rin olgan.
2-jahon urushidan keyingi yillardagi adabiy siyosat natijasida Mirtemirga ijod etish va yozgan asarlarini e’lon qilish imkoni berilmagan. Natijada u tarjima va tahrir ishlari bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lgan. Qoraqalpoq she’riyatidan qilgan tarjimalari va «Qoraqalpoq daftari» (1959) she’riy turkumi katta muvaffaqiyat qozongan. «Qoraqalpoq daftari»da namoyon bo‘lgan xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik g‘oyalari shoirning qozoq, qirg‘iz va turkman diyorlariga qilgan safarlari ta’sirida yozilgan she’rlarida katta mahorat bilan davom ettirildi.
Mirtemirning 60–70-yillarda yaratgan aksar she’rlari («Onaginam», «Toshbu», «Norbuvi» va boshqalar) 20-asr o‘zbek she’riyatining tom ma’nodagi durdonalaridir. Mirtemir ijodining muhim qismini qo‘shiqlar («Yali-yali», «Bog‘ ko‘cha», «Bir go‘zal», «Qaro ko‘zli») tashkil etadi.
Mirtemirning ijodiy faoliyatida badiiy tarjima katta o‘rin egallaydi. U Abay, Maxtumquli, Berdaq she’rlaridan tashqari, qirg‘iz xalqining «Manas» eposini (hamkorlikda), Shota Rustavelining «Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon» (hamkorlikda), A.S.Pushkinning «Ruslan va Lyudmila», «Oyimiz-qishloqi qiz», M.Yu.Lermontovning «Ismoilbek», «Savdogar Kalashnikov haqida qissa», N.A.Nekrasovning «Rusiyada kim yaxshi yashaydi» kabi doston, qissa va ertaklarini, G.Geyne, A.M.Gorkiy, Pablo Neruda, Nozim Hikmat, Samad Vurg‘un va boshqalarning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Karmen» va «Ulug‘bek» operalari, «Natalka-poltavka», «Bayadera», «Keto va Kote» singari musiqali dramalar Mirtemir tarjimasida o‘zbek tilida sahnalashtirilgan.
Mirtemir Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti (1979), Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat mukofoti (1977) laureati. «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2001). Chig‘atoy qabristoniga dafn etilgan. Toshkentdagi ko‘chalardan biri Mirtemir nomi bilan ataladi.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/mirtemir-2/