Mirpoʻlat Mirzo 1949 yil 20 avgustda Chimkent viloyatining Sayram qishlogʻida tugʻildi. Oʻrta maktabni bitirgach, hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirdi va uni 1971 yilda tugatdi. Mehnat faoliyatini 1971 yilda hozirgi “Yangi asr avlodi” nashriyotida boshlagan. U Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi, “Yozuvchi” nashriyotida bosh muharrir, Yozuvchilar uyushmasining kotibi vazifalarida ishlab keldi. Uzoq yillar “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharririning oʻrinbosari boʻldi.
Mirpoʻlat Mirzoning ijodi talabalik yillarida boshlangan. Dastlabki sheʼriy turkumi 1971 yilda “Guliston” jurnalida, ilk sheʼriy toʻplami esa 1975 yilda nashr etilgan. “Ishq fasli” (1978), “Yaxshi kunlar” (1981), “Sunbula” (1985), “Moviy daryo” (1988), “Atirgul va yulduzlar” (1990) kabi qator toʻplamlari chop etildi. Shoir sheʼrlarida xalqining orzu-umidlarini, kelajagini, dolgʻali davr kishilarining murakkab ichki olamini, his-tuygʻularini, jamiyatda shakllanayotgan istiqlol orzusini kuylashga intildi.
Mirpoʻlat Mirzo mustaqillik yillarida barakali ijod qildi. Sheʼrlaridan jamlangan “Saylanma” (2004), maqolalar, pyesa, tarjimalar, sheʼrlardan iborat “Surur” (2009) majmuasi, esselar, safarnomani oʻz ichiga olgan “Rayhon isi” (2011) toʻplami bosilib chiqdi.
Tarjimon sifatida Mirpoʻlat Mirzo Lessingning “Donishmand Natan”, Shekspirning “Yoz tuni gʻaroyibotlari” asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildi. Bu asarlar oʻzbek Milliy akademik drama teatrida muvaffaqiyat bilan sahnalashtirildi. “Somon yoʻli chechaklari” (jahon sheʼriyati antologiyasi, 2004), “Sayra, doʻmbiram” (qozoq sheʼriyati antologiyasi, 2005), “Lojuvard osmon” (XX asr shoirlari, 2008) kitobi,“XX asr rus sheʼriyati” (2010) tarjima majmualari nashr etildi.
“Qachon tong otadi” dramasi Qozogʻistondagi Chimkent viloyati oʻzbek Davlat teatrida sahnalashtirilgan.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Mirpoʻlat Mirzo Pasternak nomidagi Rossiya (1998), “Alash” nomli Qozogʻiston xalqaro mukofotlari (2001) sohibi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/mirpolat-mirzo-1949/