Post Views:
199
MIRMUHSIN (taxallusi; asl ism-sharifi Shermuhamedov Mirmuhsin) (1895–1929.4.8) – jurnalist, yozuvchi. O‘zbek matbuotining asoschilaridan biri. Toshkentda tug‘ilgan. Beklarbegi madrasasida tahsil olgan. 1913 yildan matbuotda qatnashgan. 1916–17 yillarda Ufadagi «Oliya» madrasasida o‘qigan. 1917 yil Toshkentga qaytgan. 1917 yil Fevral inqilobi munosabati bilan «Turon» gazetasiga yozgan «Tarixiy ikki voqyea» maqolasi katta janjalga sabab bo‘lgan. Sebzor qozikaloni hukmi bilan Mirmuhsinga o‘lim jazosi berilgan. Lekin bu hukm qamoq jazosi bilan almashtirilgan. Mirmuhsin qamoqdan qochib, Ufaga ketgan. Fuqarolar urushida jangchi-jurnalist sifatida ishtirok etgan. 1920 yilning boshlarida Toshkentga qaytib, dastlab «Ishtirokiyun», so‘ng «Qizil bayroq», «Turkiston» va boshqa gazetalarda muharrirlik qilgan. Mirmuhsinning hozircha ma’lum she’rlari 700 misra atrofida. Bundan tashqari, u hikoyalar, maqolalar yozgan. «Befarzand Ochildiboy» (1914) romani muallifi. Adib ilm-ma’rifat orqali hamma odamlar baxtli, hayot esa farovon bo‘lishiga astoydil ishonadi («Milliy adabiyot», «Ahvoli odamdan bir namuna», «Adabiyot» va boshqalar). Xalqning og‘ir va mashaqqatli, fojiaga to‘la turmushini tasvirlaydi («Ash’or», «Bizni»). Mirmuhsinning «Yigirmanchi asrda Turkiston boboy», «Zindon» (1914) kabi hikoyalarida taraqqiyotdan orqada qolgan Turkiston qiyofasi, idora usuliga oid qarashlari bayon etilgan. U Oktyabr to‘ntarishining dastlabki yillarida sho‘rolarga ishongan, ular tarafida turib kurashgan. Biroq shovinizmning «yo‘qsullik» rangiga bo‘yalib, yanada keskinroq tus olgani, milliy-diniy qadriyatlarning oyoqosti qilingani Mirmuhsin umidlarini puchga chiqardi. Maqolalaridagi quvonch va ko‘tarinki ruh yo‘qolib, umidsizlik kuchayib bordi, aldanganini chuqur his etdi va bular oxir-oqibatda hayotining bevaqt, fojiali yakunlanishiga olib keldi. Toshkentdagi ko‘chalardan biriga Mirmuhsin nomi berilgan.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/mirmuhsin-1895-1929-2/