Post Views:
2 257
Buxorodagi “Mir Arab” madrasasi shahar markazida, aniqroq qilib aytilsa, qadimiy Shahristonda joylashgan bo‘lib, ikki ulkan gumbazi bilan boshqa tarixiy binolardan ajralib turadi. Madrasaning kirish qismi kunbotar tomondadir. Darvoza ulkan peshtoq ostida joylashgan. Bino to‘rt qavatdan iborat bo‘lib, unda 114 ta xona bor. Madrasaning ichki qismi ham ajoyib tarzda loyihalashtirilgan. Hujralarni to‘rtta ulkan peshtoq ajratib turadi.
Madrasa binosini milodiy 1530–1536 (hijriy 936–942) yillari shayx Mir Arab qurdirgan. Xalq orasida “Mir Arab” nomi bilan mashhur bo‘lgan bu olimning asl ismi Sayyid Abdulloh Yamaniydir. U yigirma ikki yoshida ilm izlab Samarqandga keladi va Xoja Ahror Valiyga shogird tushadi. Xoja Ahror Valiy vafotidan so‘ng uning o‘g‘li Muhammad Bakr Sayyid Abdullohni Buxoro amiri Ubaydullohxon bilan tanishtiradi. Tez orada u ilm-ma’rifati bilan el orasida taniladi, hurmat qozonadi.
Madrasa qariyb besh asrdan buyon Sharqu G‘arbga ilm nurini taratishdek ezgu yo‘lda xizmat qilayotir. Faqat o‘tgan asrning 30-yillarida uning faoliyati bir necha yil to‘xtatib qo‘yildi. 1943 yilga kelib, sobiq ittifoqda yagona Islom o‘quv yurti sifatida yana ish boshladi. Zamonasining yetuk olimlaridan Miyon Malik, u kishining shogirdi, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati asoschisi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, Qozi Asqar, Domla Ikromcha, Sulaymon Xo‘ja, Domla Izomiy, Domla Qosim, Muxtorjon Abdullayev, Abdug‘ani Abdullayev, Yusufjon Shokirov va boshqalar shu madrasaning talabalari bo‘lishgan. Ilm maskanida qo‘shni Afg‘oniston, Eron, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Rossiya va Xitoydan ham juda ko‘p talabalar tahsil olishgan. Ular orasida zamonasining yetuk olimlari bo‘lib yetishganlari oz emas.
Hozir bilim yurtida yuzdan ortiq talaba o‘qiydi. Ularga yigirma uch nafar malakali mudarris va o‘qituvchi ta’lim-tarbiya beradi. O‘qish muddati to‘rt yil. Madrasani bitiruvchilarga islomshunos, imom-xatib va arab tili o‘qituvchisi mutaxassisliklari bo‘yicha diplom beriladi.
O‘quv dasturi Davlat ta’lim standarti talablari asosida tashkil etilgan. Talabalar Qur’oni Karim, hadis, fiqh, Islom tarixi, arab tili, sarf va nahv, shuningdek, ona tili va adabiyot, ingliz tili, fizika-matematika, jug‘rofiya, astronomiya hamda informatika kabi fanlarni o‘rganishadi. Zamon talablariga javob beradigan sinfxonalar, internetga ulangan kompyuter markazi talabalar xizmatida.
Madrasa kutubxonasida yigirma mingdan ortiq kitob bor. Ayniqsa, kutubxonaning nodir qo‘lyozmalar bo‘limida saqlanayotgan manbalar ma’naviy merosimiz durdonalari sanaladi.
Talabalarning hunar egallashlari, sog‘lom va baquvvat bo‘lishlariga ham jiddiy e’tibor beriladi. Ular darsdan bo‘sh vaqtlarida voleybol, futbol, stol tennisi va boshqa to‘garaklarga qatnashishadi. Boshqa o‘quv yurtlari bilan turli bellashuvlar, tanlovlar o‘tkazilishi talabalar bilim-ko‘nikmalarini sinashda qo‘l kelmokda.
– Toshkent islom universiteti, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va boshqa oliy o‘quv yurtlari talabalari safida yildan-yilga madrasamiz bitiruvchilari ko‘payib borayotgani biz ustozlar uchun sharafdir, – deydi bilim yurti mudiri Muhiddin No‘’monov. – Maqsadimiz – yoshlarga sof islomiy aqidadan, hanafiy mazhabimiz asoslaridan puxta ta’lim berish, dinimizning chinakam insoniy g‘oyalarini xalqimizga yetkaza oladigan malakali mutaxassislar tayyorlashdir.
Muhammad SIDDIQ tayyorladi.
2016 yil 18 yanvar
O‘rta Osiyo, Rossiya, Afg‘oniston kabi o‘lkalarning ko‘pgina diniy arboblari va taniqli ulamolar shu dargohda tahsil ko‘rishgan. Dastlabki yillari madrasada Abdurahim qori, Mubin qori, Ismoil Maxdum, Muhammad Amin domla, Shahobiddin qori, Muhammadjon maxsum (Maxjuriy) kabi ustozlar dars berishgan.
Hozirgacha 1000 dan ziyod kishi madrasani bitirib chiqqan bo‘lsa, shundan 720 nafari mustaqillik yillarida ta’lim olgan. XIX asr naqshbandiya tariqati yetakchi namoyandasi Qozi Asqar, Shahobiddin al-Marjoniy, Siddiq Hasanxon, taniqli mufassir va muhaddis Miyon Malik, yozuvchi Sadriddin Ayniy, o‘lkaning deyarli barcha muftiylari mazkur madrasa talabalari bo‘lishgan.
«Mirarab» o‘rta maxsus Islom bilim yurti:
Buxoro shahri, F. Xo‘jayev tumani, Xo‘janurobod, 16.
Tel: 224-21-76, 224-45-97.
https://shosh.uz/uz/mir-arab-madrasasi/