Miqyosi nafs deb qiladurgan amallarimizni, ishlarimizni shariat, insoniyat qonuniga muvofiq oʻlub, oʻlmaydigʻini vijdonimiz ila oʻlchab koʻrmakni aytilur. Nafs oʻlchovi haqiqiy bir oʻlchovdurki, insonning oʻz nafsiga loyiq koʻrmagan muomalani boshqalar haqida ijro etmoqgʻa qoʻymas, fikr egalari, insof sohiblari har vaqt nafs oʻlchovidan tashqari harakat qilmas.
Agarda bir sabab ila shariat hukmidan, insoniyat qonunidan chet ketsa, bu qabohatini nafs oʻlchovi ila bilub, ikkinchi martaba qilmasga qasd va niyat qilub, shariat nizomidan, insoniyat chizigʻidan chiqmaslikgʻa saʼy va gʻayrat qilur.
Alhosil, nafs oʻlchovi taʼrifdan tashqari insonlar uchun eng foydali, har kimcha maqbul buyuk bir fazilatdur.
Buyuk Iskandar: “Dunyoda eng haqiqiy, toʻgʻri oʻlchov nafs oʻlchovidurki, bu mezonda zarra nuqson yoʻqdur”, – demish.
Ibn Sino hakim: “Insonning fazl-u kamolining oʻlchovi nafsning oʻlchovi ila oʻlchanur”, – demish.
Dunyoda har narsaning maxsus oʻlchovi boʻlar,
Banda af ʼolini vijdoni ila tortib koʻrar.
Bir ishiga vaznda kelsa ogʻir oʻz nafsiga,
Ul ishing qandogʻ boʻlaklarga ravo, loyiq koʻrar.
Abdulla AVLONIY
“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan
https://saviya.uz/ijod/nasr/miqyosi-nafs/