EPIKUR
Donolik yoshu qariga birdek yarashadi. Donishmandlikni izlashda yoshning ahamiyati yoʻq. Axir, koʻngilni sogʻlom tutishning erta-kechi boʻlmaydi-ku! Hayotni oʻrganish, falsafani anglashning vaqti hali yetib kelmadi yoki oʻtib ketdi, deyish baxtiyorlikni boy berish yo uni kechiktirish bilan barobar. Shu sababli, yoshu qari donishmandlikni izlamogʻi darkor. Yosh boʻla turib ham dono boʻlish mumkin. Biz shuurimizga baxtiyorlik olib keladigan ish bilan mashgʻul boʻlib, xotirjamlikka erishamiz.
Oʻlimning biz uchun xatarli joyi yoʻq. Buni tushunishga odatlan. Oʻlim biz oʻylaganchalik qoʻrqinchli emas. Undan ustun kelishning yagona yoʻli – mangu hayotga ketishdan oldin umrboqiylikni qoʻlga kiritishdir. Oʻlimdan qoʻrquvchi kishi nodondir. U jon ogʻrigʻini oʻylab emas, oʻlim kelajak sari tobora jadal ilgarilayotgani uchun ham undan qoʻrqadi. Aslida, oʻlim tabiatdagi hodisa kabi bir koʻrinishdan ikkinchisiga oʻtishdek gap. Oʻlim biz uchun hech narsa. Gap shundaki, biz tirik boʻlganimizda u bizga yaqinlasha olmaydi. U kelganida esa biz allaqachon ketib boʻlgan boʻlamiz. Bir vaqtlar insonlar oʻlimni eng shafqatsiz iblis deb bilishgan. Vaqti kelib esa oʻlim ularga hayotdagi iblislardan qutulishning yagona chorasi boʻlib koʻringan.
Donishmand odam hayotini qadrlaydi va uning poyoniga yetishidan u qadar ham iztirobga tushmaydi. Odamlar moʻl-koʻl ovqatdan koʻra, oz boʻlsa ham mazali taomni afzal koʻrganlari kabi, donishmand odam ham uzoq emas, maʼnoli hamda xushvaqt umr kechirishni maʼqul koʻradi.
Shuni esdan chiqarmasligimiz kerakki, kelajak tamomila bizning ixtiyorimizda emas. Uning kelishiga qatʼiy ishonish yoki kelmasligidan tashvishlanib, umidsizlik girdobiga gʻarq boʻlishimiz yaramaydi.
Unutmaylikki, kuchli xohish koʻp hollarda cheksiz nafratga sabab boʻladi. Qanoat esa xotirjamlik va baxtiyorlikning kalitidir. Xohishlarimizning baʼzilari tabiiy. Baʼzilari esa asossiz. Tabiiy xohishlarimizning ham maʼlum qismigina zarur. Qolganlariga ehtiyoj yoʻq. Buning fahmiga yetib, ularni ajrata oladigan kishi ulardan tanasini sogʻlom tutish va tafakkurini boyitishda foydalanadi. Bu asnoni hayotning mazmuni va umrning xayrli davomi deb biladi. Biz doimo koʻnglimiz va tanamizning ehtiyojini bosadigan narsalarni qidiramiz. Azoblanganimizdagina huzur-halovatni istaymiz. Shu sababli ham huzurni hayotning eng muhim pallasi deb bilamiz. U bizning eng oliy istagimiz boʻlib, har qanday tanlovning, shu bilan birga, nafratning asosidir. Huzur har qanday narsaga baho berishda bosh hakamdir. Afsuski, huzur-halovat hamisha ham haq boʻlavermaydi. Ammo, dunyodagi eng ulugʻ huzur-halovat qanoatli boʻlishdir.
Non va suv och qorin va qaqrab ketgan lablar uchungina halovatlidir. Ehtiyojlarini meʼyorida ushlab turgan kishi ortiqcha muammolarga duch kelmaydi.
Huzur-halovat – bu tanadan ogʻriqni daf qilish va koʻngil bezovtaligidan xalos boʻlishdir. U shohona taomlar tortilgan toʻkin dasturxon emasligini yodimizdan chiqarmaylik.
Huzur-halovat koʻngilni besaranjom qilayotgan oʻy-xayollardan xalos etguvchi, bizni ulardan himoya qilguvchi hamda oldimizdagi toʻsiqlarga asosli iloj topguvchi idrokdir. Shu sababli ham fazilatlar orasida eng yaxshisi mulohazakorlikdir. Idrok, iftixor hamda adolat farovon hayotning ajralmas boʻlagidir.
Mana shu fikrlarga suyangan odam oʻlim qoʻrquvidan batamom xalosdir. Bunday odam yaxshi narsalarga va ezgulikka qanchalik tez erishish mumkinligini biladi va bunga oson erishadi. Shuningdek, iblis kuchining meʼyorlari ham unga maʼlum va u bundan unchalik ham xavotirga tushmaydi. Baʼzilar uchun qochib-qutulib boʻlmaydigan, hukmdor hisoblangan taqdirni u mensimaydi. Sababi, hayotdagi voqeliklarning aksariyati ehtiyoj, qolganlari tasodif va yana bir qismi oʻzimiz bois roʻy berishidan u yaxshi xabardor. U ehtiyojni, masʼuliyatni yemiradigan kuch hamda uni oʻtkinchi deb bilgani sabab, unga boʻysunmaydi. U nodonlarcha zavqu shavqqa burkangandan koʻra, dono boʻlib, faqir holda hayot kechirishni maʼqul koʻradi.
Sen mening aytganlarimni yodingda tut. Oʻzing va senga oʻxshaganlar bilan birgalikda, bularga amal qil. Shunda hech qachon na oʻngingda, na uyqungda hech narsa seni bezovta qilmaydi.
Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi
“Sharq yulduzi”, 2011–3
https://saviya.uz/ijod/nasr/minokevsga-maktub/