Miltiq

Gul Pocha ULFAT

(Afgʻoniston)

 

Bu voqeaga bir necha yil boʻldi. Afridiy qabilasidan boʻlgan Toʻmasxon momand qabilalari yashaydigan togʻli viloyatdan qishlogʻiga oʻtib ketayotgandi. Qoʻlida miltigʻi bor, hech narsadan qoʻrqmasdi.

Momand qabilasidan boʻlgan Banorasxon Toʻmasxonning yelkasidagi ajoyib miltiqni koʻrib, aqlini yoʻqotayozdi. Momandlar birovning qoʻlida yaxshiroq qurol koʻrib qolsa, mol-jonini ham ayamay, uni qoʻlga kiritishga urinadi.

Toʻmasxon qishloqdan ancha uzoqlashganda orqasidan izma-iz kelayotgan Banorasxon bir pana joydan turib:

– Hoy, miltigʻingni darrov tashla-da, bu yerdan tezroq yoʻqol, – deb baqirdi.

Toʻmasxon darrov katta bir toshning panasiga oʻtib olib, ovoz chiqqan tomonga oʻq uzdi. Afgʻon oʻlsa oʻladiki, qoʻlidagi yarogʻini birovga bermaydi. Qoʻrqoqlik qilib, qurolidan ajralgan afgʻondan hatto, bola-chaqalari ham or qilib, yuz oʻgiradi.

Toʻmasxon oʻq ovozini eshitgan, momandlar Banorasxonga yordamga kelishini yaxshi bilardi. Shuning uchun u oʻz raqibini tezroq bir yoqlik qilishi kerak edi. Banorasxonga oʻq tegib, koʻksini changallaganicha yerga yiqildi. Toʻmasxon shu yoqqa kelayotgan momandlarning shovqin-suronini eshitib qolib, kuchi boricha tepalikka qochdi.

Toʻmasxon momandlar oʻqidan zoʻrgʻa jon saqlab, yugurgancha bir tepalikdan oshib oʻtdi. Qarasa, yana momandlar qishlogʻidan chiqib qolibdi. Momandlardan qochib qutulishiga koʻzi yetmay, daryo yoqasidagi kichikroq bir uyga kirib, boshpana soʻradi. Toʻmasxon qotil boʻlsa ham, afgʻon afgʻonga panoh boʻlishini yaxshi bilardi. Bu afgʻonlarning muqaddas mehmondoʻstlik odatidir.

Toʻmasxon uyga kirib olgach, xavfdan qutuldim, deb oʻyladi. Uy egasi momand boʻlgan taqdirda ham mehmonga yomonlik qilmaydi.

Shu payt bir toʻda miltiqli momandlar uyni qurshab olishdi.

– Uyingda yashirinib yotgan qochoq – qotil! U oʻgʻlingni otib oʻldirdi! – deb ular bir-biriga gal bermay uy egasi Mir Akbarxonga qichqirishardi. Shu payt momandlar Banorasxonning murdasini keltirishdi. Mir Akbarxon oʻgʻlining jasadini koʻrib, bir zum dong qotib qoldi. Gʻam-anduhda qolgan cholga qarar ekan, Toʻmasxonning rangi oqardi.

Taqdiri tushmagur, nega uni boshqa uyga yetaklamadi ekan? Nima uchun u oʻz oyogʻi bilan oʻlimini axtarib keldi?

Mir Akbarxon boshini quyi solgancha, indamay murdaga tikilib turardi.

Qani endi iloji boʻlsa-yu, pichogʻini shartta sugʻurib, qotilni boʻgʻizlab tashlasa! Ota qalbida ikki his-hayajon olishardi; oʻgʻli uchun qasos olish oʻti hamda mehmonni izzat-hurmat qilish burchi.

Nihoyat, ikkinchi burch gʻolib chiqdi.

Chol alamdan qovjirab qolgan lablarini zoʻrgʻa qimirlatib, boʻridek quturib turgan qabiladoshlariga vazminlik bilan dedi:

– Yaxshi, mehmonim oʻldirgan boʻlsa, mening oʻgʻlimni oʻldiribdi. Uning gunohidan oʻtish – mening ishim. Agar boshqa odamni oʻldirganida uni himoya qila olmasdim, – qariya ovozini sal balandlab soʻzini davom ettirdi: – Shu gaplarim qulogʻingizda boʻlsin. Sizlar unga yomonlik qila olmaysiz, chunki u, yaxshimi-yomonmi, mening mehmonim. U boshpana soʻrab keldi. Uyimga yaxshi niyat bilan kelib, taqdirini menga topshirgan odamni oʻldira olmayman. Pushtunvalay* odatini buzishga haqqim yoʻq. Agar bu odamni sizlarga topshirsam, bechorani oʻldirasizlar. Unda men oʻzimni badnom qilib, momand qabilasi shaʼniga dogʻ tushirgan boʻlaman. Bu ishimizni eshitib boshqa qabilalar, ota-bobolarimizning muqaddas urf-odatini oyoqosti qilibdi, deb nafrat bilan qarashadi.

Mir Akbarxonning gapi hammaga maʼqul tushdi. Momandlar Toʻmasxonga tegishmadi. U sevimli miltigʻini yelkasiga tashlab, momandlar kuzatuvida oʻz qabilasi – afridiylar yashaydigan qishloqqa omon-eson yetib oldi.

 

Orif USMON tarjimasi

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/miltiq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x