Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkistonda vujudga kelgan jadidchilik harakati oʻsha davr hayotiga oʻziga xos bir toʻlqin kabi taʼsir koʻrsatdi. Har bir jabhada yangilanish va oʻzgarish yasash, islohotlar oʻtkazish, jahonga boʻylashish taklifi bilan chiqqan maʼrifatparvarlar til masalasi, uning ajralmas qismi boʻlgan alifbo va imlo masalalariga ham yangicha yondashuv bilan qaraganlarini koʻrish mumkin.

Oʻsha davr jadid matbuotida ayni mavzuda koʻplab chiqishlar, bahslar boʻlib oʻtgani, ayniqsa, til masalasi millat fidoyilarini jiddiy oʻylantirgani, tashvishga solgani bejiz emas. Turkistonliklarning rus mustamlakasi ostida boʻlgani va hukmron davlat oʻz tili, madaniyatini turkiy oʻlkalarda keng va chuqur tomir yoyishi uchun intilayotgani jadidlarni norozilikka boshladi va harakatga undadi. Oʻz navbatida, chor hukumati ham jadidchilik oqimi faoliyatini avvalboshdanoq xush qabul qilmagan boʻlib, zimdan uning payini qirqishga urinardi. Oʻtgan asr boshlarida Rossiya imperiya dumasida mustamlaka oʻlkalarda yangi maktablar, yaʼni “usuli jadidiya” maktablari ochilayotgani va ularda taʼlim mahalliy xalq tilida olib borilayotgani muhokama qilinadi. Tabiiyki, hukumat yerli xalqning oʻz ona tilida emas, balki rus tilida taʼlim olishi, hatto muloqot qilishini istar edi. Xuddi shu maqsadni koʻzda tutgan holda mustamlaka oʻlkalarda ochilgan rus-tuzem maktablarida taʼlim rus tilida olib borilib, oʻquvchilar hukmron millat gʻoyalari asosida tarbiyalanardi. 1906 yilda hukumat oʻlkalardagi maktablarda taʼlim yerli xalq ona tilida, ammo har qavmning oʻz shevasida berilishiga ruxsat etadi. Bu esa millatlarning adabiy tilini yoʻqqa chiqarish, pastga urish bilan barobar edi. 1910 yilda duma majlislarida rus imperiyasidagi musulmon (yoki gʻayrirus) millatlarga oʻz ona tilida taʼlim olish huquqini berish-bermaslik masalasida tortishuvlar, munozaralar boʻlib oʻtadi. Bir guruh “taʼlim hukumat qoʻlida, taʼlim ruslar izmida boʻlsin, ruxsatsiz maktab ochilmasin”, degan fikrda tursa, ikkinchi guruh “ruxsat olinsa, yerli millat tilida maktab ochish huquqiga ega”, deydi. Duma tarkibidagi musulmon deputatlar, tabiiyki, mustamlaka millatlarning ona tiliga daxl qilinishiga qarshi turadilar. Ular taʼlim tilini tanlash har bir millatning oʻziga tegishli masala ekanini aytadilar. Ushbu majlis keskin tortishuvga aylanib ketadi va til masalasi hal boʻlmaydi. Gʻayrielatlar taʼlim tili haqidagi hujjat qabul qilinganida esa Rossiyaning markaziy gubernalaridagi maktablarda taʼlim tatar va rus tillarida olib borilishi belgilanadi. Turkistonda esa adabiy til mavjud emasligi bahona qilinib, taʼlim rus tilida olib boriladi, degan qaror beriladi. Bu tuturiqsiz bahona va qaror jadidlar tomonidan katta norozilik bilan kutib olinadi va oradan koʻp oʻtmay “Tarjumon” gazetasida “Chigʻatoy tili” sarlavhali maqola eʼlon qilinadi.

Ushbu maqola muallifi jadidchilik gʻoyalari asoschisi, qrim-tatar ziyolisi Ismoilbek Gʻasprali edi. U maqolada yuqorida zikr qilingan qarordagi “Turkistonda adabiy til mavjud emas” bahonasiga eʼtirozlarini bildirar ekan, shunday fikrlarni keltiradi:

“Samarqand, Fargʻona, Sirdaryo qitʼalarining shevalari eski chigʻatoy shevasidir. Bu sheva adabiy oʻldigʻi butun jahona maʼlumdur. Hatto turk shevai adabiyalarining eng qadimi va mabdai oʻldigʻi lisoniyun oldinda masdaqdir. Taftazoniylar, Ahmad Yassaviylar, Ali Qushchi, Alisher Navoiy va soirlari vujuda kelturmish Turkiston nechuk tilsiz, adabiyotsiz oʻlinur? Rus millatining lisoni adabiyi olmadigʻi zamonda Lomoʻnoʻsuf, Pushkin kabi adiblarning vujudindan uch va toʻrt yuz sana muqaddam chigʻatoy, yaʼni Turkiston tili forsiya foiq boʻlindigʻi daʼvo oʻlinur-da, bugun Turkiston belisondur deyu nasil hukm oʻlinur?”

Maʼrifatparvarning bu kuyunishlari bejiz emasligini vaqt koʻrsatdi. Ilgʻor ziyolilarning urinishlari bilan milliy tillarda taʼlim olish mumkin boʻlgan esa-da, chor Rossiyasi hukmronligida ham, mustabid shoʻro tuzumi davrida ham boshqa tillar, jumladan, oʻzbek tili ham ikkinchi darajali til boʻlib qoldi.

Tarixdan bilamizki, jadidlarning “panislomizm”, “millatchi”, keyinchalik esa “xalq dushmani” kabi nohaq ayblovlar bilan qatagʻon qilinishiga sabab boʻlgan qarashlari milliy tilni saqlab qolish, oʻzga tilga tobe boʻlmaslik edi. Shu bilan birga, tarixchilar chor hukumati bilan jadidlarning ilk ixtilofini ham ayni til masalasi bilan bogʻlaydilar. Oʻsha yillarda imperiya dumasidagi tortishuv, bahslar sabab boʻlib, keyinchalik ham maʼrifatparvarlar milliy til mavzusida matbuotda chiqishlar qilishda davom etadilar. Endi ularning diqqatlari yoshlarga qaratiladi. Oʻsib kelayotgan avlodni boshqa tillarni oʻrganishga chaqirgan jadidlar oʻz ona tilini hurmat qilish, eʼzozlash, sof holda saqlash borasida bong uradilar. Ularning bu kabi fikrlari bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Jumladan, oʻsha davrning koʻzga koʻringan nashrlari – “Sadoi Fargʻona”, “Turkiston viloyati gazeti” gazetalari, “Oyna” jurnalida milliy til masalasiga bagʻishlangan maqolalar ketma-ket chop etiladi. Fargʻonalik jadid Ashurali Zohiriy “Ona tili” maqolasida shunday fikrlarni bildiradi:

“Bizning ham xoh ulamo va mudarrislarimiz, xoh yosh unsurlarimiz boʻlsunlar, bu muqaddas ona tilimizni tiriltirmoqlari anda tursin, balki yoʻqotmoqlikka sabab boʻlurlar va ham boʻlib turibdurlar. Na uchunki, ulamolarimizdan biri biror yerga xat yoki birovga bergan narsasini xotira daftariga yozsa, ona tilini qoʻyib fors tilida yozadurlar. Yosh oʻsmirlarimiz boʻlsalar oʻz yerliklaridan birini ziyofatga choqurib xat yozsalar ham, usmonlicha, yoki totorcha yozadurlar;   shoyadki, ona tilga muhabbat va islohi onlardin boʻlur erdi…”

Zohiriyning bu fikrlariga uygʻun gaplarni Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” asarida ham oʻqish mumkin. “Biz, turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun, kundan kun unutmak va yoʻqotmakdadurmiz. Tilimizning yarmiga arabiy, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishtirmakdadurmiz. Durust, bizlarga hukumatimiz boʻlgʻon rus lisonini bilmak hayot va saodatimiz uchun osh va non kabi keraklik narsadur. Lekin oʻz yerinda ishlatmak va soʻzlamak lozimdur. Zigʻir yogʻi solub, moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur”, deya kuyinib yozadi ulugʻ maʼrifatparvar. Uning nazdida “milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”.

Millatimizning eng koʻzga koʻringan ziyolilaridan yana biri Mahmudxoʻja Behbudiy til masalasidagi qarashlarida Ismoil Gʻasprali bilan hamfikr boʻlgan. Yaʼni u ham qrim-tatar maʼrifatparvari kabi barcha turkiy xalqlar uchun bir xildagi adabiy tilni yaratish taklifini yoqlar edi. Shu bilan birga, u tilning zamonlar osha rivojini maʼqullaydi, yaʼni boshqa bir guruh ziyolilar kabi oʻzga tillardan oʻzbekchaga oʻtgan soʻzlarni muomaladan chiqarish haqidagi fikrlarga qoʻshilmaydi. “Tilimizdan forsiy va arabiyni quvaylik”, bu koʻp yengil orzu, ammo ijrosi mumkin emas orzulardandur”, deb yozadi Behbudiy 1915 yilda “Oyna” jurnalida eʼlon qilingan “Til masalasi” sarlavhali maqolasida. Shu fikrni ilgari surganlarning yanglish qarashini quyidagicha inkor etadi:

“Masalan, muning tarafdori boʻlgan moʻtabar “Sadoi Turkiston”ni “Turk eli dovushi” lozim boʻlur. Turkistonni “Turk eli” yoxud “turk yeri” yozmoq kerak boʻlur… Masalan, maktab, madrasa, jarida, majalla, kitob – hammasi arabniki. Ismimizni oʻndan toʻqquzi arabiy. Endi, bu nihoyasiz nimarsalarni hammasigʻa turkiydan ism oxtaribmi, dunyodan oʻtarmiz?”

Biroq maqola muallifi turkiychada muqobili bor soʻzlarni, albatta, turkiycha aytmoq va yozmoqni taklif qiladi. Tilda arabiy-forsiy soʻzlardan imkon qadar kam foydalanish, oʻzbek tilini sofligʻicha saqlash lozimligini uqtiradi. Arabcha va forschadan oʻzlashgan kalimalarni ham turkiy shaklda qoʻllamoq mumkinligini isbot etadi:

“Masalan, ulum, funun, ulamo, quzzot va …demoq yerinda fanlar, ilmlar, olimlar, qozilar va …lar yozingiz”.

Behbudiy tilning sofligini saqlash, adabiy nutqning oddiy odamlarga-da tushunarli va sodda tuzilishi tarafdori. U kundalik nashrlarga ham bu borada oʻz maslahatlarini beradi. Jumlalarni turkiycha sodda va ravon tuzish lozimligini, bu til sifatini yuksaltirishga hissa qoʻshishini taʼkidlaydi.

Umuman, jadidlar milliy til borasida ham ilgʻor fikrlarni ilgari surgan, uning sofligi, mustaqilligi uchun kurashganlarki, ularning bu qarashlari zamonlar oʻtsa-da eskirmaydi, bilʼaks, har safar murojaat qilinganida yangicha fikrlar, qarashlar beradi.

 

Manbalar asosida Xurshida ABDULLAYEVA tayyorladi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/milliy-tilni-yoqotmak-millatning-ruhini-yoqotmakdur/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x