Mohiyatan umuminsoniyatga daxldor boʻlsa-da, adabiyot milliy shaklda namoyon boʻladi. Oʻzida millatning ruhini ifodalaydi. Bu xususiyatlar sheʼriyatda, ayniqsa, yaqqolroq boʻy koʻrsatadi. Zamonlar almashinadi, tafakkur, taxayyul evriladi, sheʼriyatda surat – shakl oʻzgarib, yangilanib boradi. Biroq har qanday holda adabiyotning, sheʼriyatning darajasi ikki mezon – milliy ruh va mahoratga koʻra belgilanadi.
Bugungi sheʼriyatimiz milliy ruhni saqlab qola bilgani hamda badiiy tasvir va uslub rang-barangligida katta miqyoslarga koʻtarila olgani jihatidan jahondagi eng rivojlangan xalqlar poeziyasi bilan ham boʻylasha oladi. Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov nazmiy merosi bu jihatdan, ayniqsa, alohida ahamiyatga ega.
Shoirning “Oʻzbegim” qasidasi oʻsha murakkab va ziddiyatli zamonda beqiyos jasorat namunasi boʻldi. “Yoshlik devoni” orqali zamonamizga unutila boshlagan mumtoz aruzni olib kirdi, aruzga zamon ruhini bagʻishladi. “Donishqishloq latifalari” timsolida millatga oyna tutdi. Bu oynada taraqqiyotga toʻsiq boʻlayotgan illatlarni roʻy-rost koʻrsatdi. Komfirqa gʻoyalarining jarchisiga aylangan sheʼriyatga milliy ruhni olib kirish yoʻlida munosib xizmat qildi.
Bizningcha, Erkin Vohidov sheʼriyatida milliy ruh quyidagi poetik shakllarda ifodalangani kuzatiladi:
Birinchidan, badiiy obraz va timsollarda. Sheʼriyatning, hatto umuman adabiyotning asosiy sharti boʻlgan badiiy obraz yoki timsol chinakam milliy shaklda namoyon boʻlsagina oʻquvchi qalbiga tezroq yetib boradi. Shundagina uning taʼsiri umrbod unutilmasligi mumkin. Ijodining ilk davridayoq Erkin Vohidovning zohiran maishiy turmush ashyosi sanalgan piyola va choynak timsollari orqali manmanlik va kamtarlik haqida chiqargan ohorli va taʼsirchan xulosasi buning yaqqol dalilidir. Bor-yoʻgʻi sakkiz misradan iborat bu sheʼr oʻzbekona obrazli tafakkurning yorqin namunasi ekani uchun ham yuraklardan chuqur joy egalladi. Shu bois uni yod bilmagan odam kam.
Yoki mana bu satrlarga eʼtibor bering:
Oy fonusin koʻtardi osmon,
Yulduzchalar boʻldi parvona.
Oyni qorongʻi tunda yongan fonusga va yulduzlarni uning atrofida aylangan parvonalarga qiyoslash – milliy ruhga yoʻgʻrilgan bu ohorli tashbeh Erkin Vohidovgacha boshqa biror shoir asarlarida uchramagani bilan qimmatli. Shoir ijodidan bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.
“Uchi tuguk dastroʻmol” – sarlavhaga olib chiqilgan bu poetik timsol oʻzbek xarakteri, oʻzbek ruhiyatini taʼsirchan va yorqin ifodalagani bilan alohida ajralib turadi. Muhimi, shoir bu kichik timsol vositasida yirik badiiy umumlashmalar chiqaradi. Uningcha, gʻunchalar – olamga sep yozgan bahorning bayramga yasanishni unutmaslik uchun roʻmolchasiga solgan tuguni. Inson miyasi – oʻn toʻrt milliard uchi tugik dastroʻmol. Odamzod koʻkragidagi betinch qalb bamisoli umr mohiyatini eslatib turuvchi roʻmolcha tuguni.
Shoir chiqargan badiiy xulosa oʻquvchini inson hayotining asl mohiyati haqida chuqurroq mushohada yuritishga undaydi:
Oʻyla, doʻstim, kelmay turib oʻsha dam,
Isrof qilma yosh yurakning kuchini.
Mana bu gap hech chiqmasin yodingdan,
Tugib qoʻygin roʻmolchaning uchini.
Erkin Vohidov koʻp mamlakatlarda xizmat safarlarida boʻlgan. Qayerga bormasin, shoir qalbini Vatan va millat muhabbati, bir nafas boʻlsin, tark etmagani rost. “Ararat choʻqqisiga” sheʼrida moviy samoga tutashgan, tong eng avval otib, quyosh eng keyin tark etadigan bu zamin haqida yozar ekan, dengizdan naridagi – oq dalalari harir koʻylak kiygan, Amu, Sir atalgan daryolari bor oʻz ona diyori, sevikli yori haqida oʻy suradi. Arman qizi Azganushni vasf etar ekan, togʻlar ortidagi ona yurtini bir lahza boʻlsin unutmaydi. Bokuda Fuzuliy haykali qoshida turar ekan, sheʼrsevar xalqini yod etadi. Kanada safarida yurar ekan, soat milini hamma sursa ham, shoir oʻzgartirmaydi: “Yer sharining ters tomonida ham Toshkent vaqti bilan yashaydi”. Bular hammasi millat ruhi, oʻzi mansub ona xalqi yodi shoir bilan bir umr hamnafas, hamqadam boʻlganini koʻrsatadi.
Ikkinchidan, milliy qadriyatlar talqini sheʼriyatda milliy ruh ifodasining eng muhim shartlaridan. Millat mavjudligi va milliy ruh asosi boʻlgan ona tiliga muhabbat gʻoyasi Erkin Vohidov sheʼriyatida oʻziga xos talqin etilgan. “Ona tilim oʻlmaydi” (1976) sheʼrida shoʻrolarning milliy tillar yoʻqolib, faqat bir til qolishi haqidagi safsatasiga javoban Navoiy, Pushkin, Dante, Shiller, Bayron, Firdavsiy, Balzak, Tagor, Xayyom, Beranje, Lorka va Fuzuliy kabi buyuk mutafakkirlar tilidan mana bunday badiiy hukm chiqaradi:
Bu sado yangrar hamon,
Sira ado boʻlmaydi.
Olam aytar:
Hech qachon
Ona tilim oʻlmaydi!
Shoir ona tili va millat qismatini biri-biridan ayri tasavvur eta olmaydi. Uning bu mavzuga takror-takror murojaat etgani sababi shunda. Amerikalik olima Ilza Sirtautasga, ukrain shoiri Ivan Drachga bagʻishlangan sheʼrlarida ham ayni ruh ustuvor. Matbuot nashrlaridagi suhbatlaridan birida ijodkor bu haqdagi oʻylarini mana bunday talqin etadi: “Keyingi sheʼrlarimda ona tilimiz toʻgʻrisida yozganlarim Marokash safarida tugʻildi, desam koʻplar ajablanishi mumkin. Munosabat haqiqatan ham uzoq. Lekin gap shundaki, Marokashdagi Arab tili markazini koʻrib, u yerlik olimlar arab tilini chuqur oʻrganish, uni yangi atamalar bilan butun dunyoda targʻib qilish borasida shunday ishlar qilishmoqdaki, ochigʻini aytganda, oʻzbek tilshunoslaridan xafa boʻlib ketasan kishi. Bu markazda vaqt-vaqti bilan barcha arab mamlakatlaridan tilshunos olimlar yigʻilib, dunyo tillarida yangi paydo boʻlgan atamalarni arab tilida qanday ifoda qilish ustida, umuman turli tillar bilan arab tilining oʻzaro aloqalari xususida ilmiy kengash oʻtkazadilar. Ijtimoiy terminlarga ham, ilmiy-texnik terminlarga ham ekvivalent topadilar. Bizning tilshunoslik markazimiz nima bilan shugʻullanadi, Xudoning oʻzi biladi… “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor” deymiz-u hech birimiz tilimiz imkoniyatlaridan toʻlaroq foydalanishni oʻylamaymiz…”.
Shunday kechinmalar ogʻushidagi ijodkor ukrain shoiriga bagʻishlangan sheʼrida oʻz iztirobini quyidagicha badiiy talqin etadi:
Ona tiling uchun gʻam chekib dilda
Nola qilsang, koʻkka uchar faryodim.
Yetmish yetti pushtim soʻzlagan tilda
Soʻzlarmikin yana yetti avlodim.
Tabiiyki, shoir yuragini oʻrtagan bu armon oʻtmish zamonga oid. Toʻgʻri, bugun ona tilimiz ravnaqi uchun barcha imkoniyat bor. Biroq bu imkoniyatlardan qay darajada foydalanilayotir – shoirni ana shu muammo oʻylantiradi. Uning “Soʻz latofati” kitobi – ona tiliga boʻlgan muhabbatning beqiyos namunasi. Bu kitobida ijodkor tilimiz haqida millat ruhiyatiga yot, tushuniksiz ajnabiy terminlar, oʻlik soʻz va iboralar orqali emas, chinakam milliy ruh, milliy atama va tushunchalar asosida fikr yuritish, ilmiy-ijodiy oʻylarni yurakni titratadigan tarzda oʻzbekona ifoda etish mumkin ekanini amalda namoyon etdi. Ona tilimizning nechogʻli qadimiy tarixiy ildizlarga, boy ifoda imkoniyatiga ega ekanini yana bir karra koʻngillarga muhrladi. Milliy tilning jonli vujud ekanidan, unga zaxa yetkazish ogʻir gunoh boʻlishidan barchamizni yana bir marta ogoh etdi.
Shoirning ona yurt vasfiga bagʻishlangan sheʼrlari ham milliy ruh bilan sugʻorilgan. Ijodkor shunday bir Vatan qurmoqni istaydiki, uning bayrogʻi – insof, tugʻi – sarhad, muhri – mehr boʻlsin. U Vatanning maʼrifat ummonidagi yelkanlarini qiblai iymon sari burmoq boʻladi. Zero, ijodkor nazdida, shoʻrolar vaʼda qilgan yolgʻon saodat, yolgʻon erk, yolgʻon vatandan xalos boʻlish, chin hurriyat zavqini surishning asosiy sharti ham shu.
Yaxshiga yaxshilik istash oson. Biroq yomonga yaxshilik sogʻinish dushvor. Oʻziga yomonlik qilganlarga nisbatan ham bagʻrikeng, kechirimli boʻlish, hatto gʻanimiga ham Yaratgandan yaxshilik tilash oʻzbekning asl tabiatida bor. Erkin Vohidovning “Kechir, yo Rab” radifli gʻazali ana shu fazilat betakror badiiy talqin etilgani bilan qimmatlidir.
Menga tosh otdi bir johil,
Kechir, yo Rab, kechirdim men,
U quldir, bandai gʻofil,
Kechir, yo Rab, kechirdim men.
Jahonda fitnalar bordir,
Adolat gohi nochordir,
Adolat qil, oʻzing odil,
Kechir, yo Rab, kechirdim men.
Shoir lirik qahramoni tubanlikka tubanlik bilan javob qaytarishni oʻziga ep koʻrmaydi. Voqelikka insoniy kamolot choʻqqisidan turib baho beradi. Qabihlik bois yomon holga tushgan, xato oʻqqa nishon boʻlgan esa-da, agʻyorini kechiradi. Hatto u siniq odamning siniq iymoniga motam tutadi. Haq taolodan uning diliga eʼtiqodni jo aylashni soʻrab iltijo qiladi, gʻanimining qiyomatda xijolatli holga tushishidan panoh soʻraydi. Asli nokomil boʻlgan odamzod yanglishmoqqa moyil ekanini aytib, toshotarning afv etilishini tilaydi. Oʻzbekning fitratini, ruhiyatini bunchalik teran ifodalash hamma ijodkorga ham nasib etavermasligi ayon. Samimiyat va badiiyatning bu darajada uygʻunlashuvi nazmiy ijoddagi noyob hodisa.
Uchinchidan, Erkin Vohidov sheʼrlarida milliy ruh fikrning badiiy ifodasida ham oʻziga xos koʻrinishlarda namoyon boʻlgani kuzatiladi. Quyidagi qitʼa bu jihatdan alohida ahamiyatga ega:
Istasang toza koʻngilga
qoʻnmasin zarra gʻubor,
Pok soʻzu pok ish va pok dil,
pok xayol boʻlmoq kerak.
Xalqimizning bir necha ming yillik maqol va matallaridan, hazrat Alisher Navoiy “Xamsa”sidan bizga maʼlumki, insonning nainki “koʻngli poku ham koʻzi pok”, balki “tili poku soʻzi poku oʻzi pok” boʻlishi uning fazilati ulugʻ ekanidan dalolat beradi. Erkin Vohidov ana shu haqiqatni bugungi zamon oʻquvchisiga mos tarzda, oʻziga xos talqin etadi:
Jismu jonimga desang
begona boʻlsin xastalik,
Ishq zavqu dardi birlan
xastahol boʻlmoq kerak.
Shoirning mahorati shundaki, soʻzni oʻzi istagan yoʻriqqa yurgiza oladi. Soʻzlardagi zohiriy shakl uygʻunligidan sanʼatkorona istifoda eta biladi. Soʻzlar intizomli askarlar singari ijodkor amriga soʻzsiz boʻysunadi. Natijada teran mazmun va goʻzal badiiyat mutanosibligi taʼminlanadi. Quyidagi satrlarda dori nomi boʻlgan “karvalol” bilan “kar va lol” hosil qilgan tajnis muallifning sheʼrdan koʻzda tutilgan badiiy niyatini toʻlaqonli ifoda etgan:
Qalbga istarsan shifo gar,
boʻl yomon soʻzdan yiroq,
Karvalol ichmoq kerakmas,
kar va lol boʻlmoq kerak.
Soʻz latofatini, soʻz sehrini inja his eta bilmoq – ijodning, ijodkorlikning asosiy sharti. Fikrni aniq, loʻnda, obrazli ifodalashni talab etadigan adabiy tur – sheʼriyatda bu fazilat oʻn karra, yuz karra zarur. Ohorli soʻz va iboralarni yuksak badiiyatga xizmat qildira bilish, oz soʻzga koʻp maʼno yuklay olish, soʻz durlarini marjondek tizib, maʼno olamini nurlantirib yuborish salohiyati, milliy ruhning betakror talqini – Erkin Vohidov sheʼriyati ana shu xususiyatlariga koʻra ham biz uchun qadrlidir.
Haqiqatan, muayyan xalq sheʼriyatining boʻy-bastini, oʻziga xosligini belgilovchi bosh mezon aynan milliy ruhdir. Erkin Vohidov milliy ruhning betakror ifodasi bilan adabiyotimiz ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshdi. Shoir nazmiy merosi isteʼdodlarning bugungi va kelajak avlodlari uchun benazir ijodiy maktab oʻlaroq bundan keyin ham millat adabiy-estetik tafakkuri rivojiga xizmat qilishi shubhasizdir.
Nurboy JABBOROV,
filologiya fanlari doktori, professor
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/milliy-ruh-buyuk-mezon/