Milliy maʼnaviyatimiz va til madaniyatimizning rivoj topishiga fanning boshqa barcha sohalari qatori tarjimashunoslik ham oʻz ulushini qoʻshishi lozim.
Ayni paytda, tarjimondan xorijiy tillardan oʻzbek tiliga bevosita yoki bilvosita oʻgirilayotgan asliyat asarida mujassam boʻlgan milliy maʼnaviyat va til madaniyatini tarjima tili xalqiga asliymonand tarzda yetkazib berish talab qilinadi.
Tarjimonning vazifasi asliyat asarida ijodkor tomonidan mohirona tasvirlangan milliy maʼnaviyat va til madaniyatini tarjima tilida qayta yaratishdan iborat. Agar tarjimon asliyatda mujassam boʻlgan milliy maʼnaviyat va til madaniyatini tarjima tilida notoʻgʻri talqin etsa, birinchidan, asliyatdagi asar va uning muallifi hamda ana shu asar mansub boʻlgan xalq shaʼniga dogʻ tushirib qoʻyadi. Ikkinchidan esa tarjima tili xalqining milliy maʼnaviyati va til madaniyatiga nisbatan nojoizlik paydo boʻladi.
Fikrimizning tasdigʻi sifatida quyidagi tarjimalarga nazar solaylik:
- Irland yozuvchisi J. Joysning “Uliss” asari rus tiliga notoʻgʻri tarjima qilinganligi oqibatida, ruscha tarjimani oʻqigan kitobxon koʻz oldida asardagi qahramonlar va ular timsolida butun irland xalqi ichkilikka xuruj qoʻygan hamda zinoga berilgan maʼnaviyatsiz millatga aylanib qolgan. Ehtimol, shu sababli ham oʻzbek yozuvchisi Pirimqul Qodirov “Uliss” asarining ruscha tarjimasiga asoslangan holda ushbu asarni oʻzbek tiliga tarjima qilinishini maqsadga muvofiq emas, deb bilgan.
Asar boshlanishida Malligan oʻzining eng yaqin doʻsti Stivenga hazil-toyipa qilib, uni buyuk iyezuit deb chaqiradi. Ammo ruscha tarjimada fearful jesuit jumlasining asliyatdagi very great jesuit (velikiy iyezuit) maʼnosiga butunlay qarama-qarshi maʼnoli neschactniʼy iyezuit jumlasi ishlatilganligi, called up soʻzining kriknul emas, balki pozval maʼnosida ekanligi va coarsely (vnezapno) soʻzining grubo maʼnosi yoʻq ekanligi eʼtiborga olinmaganligi oqibatida, ruscha va undan qilingan oʻzbekcha tarjimada asliyatdagi qahramon nutq maʼnaviyati va til madaniyati buzilgan:
– He held the bowl aloft and intoned: Introibo ad altare Dei. Halted, he peered down the dark winding stairs and called up coarsely: – Come up, Kinch. Come up, you fearful Jesuit // On podnyal chashku pered soboyu i vozglasil: – I podoydu k jertvenniku Bojiyu. Ostanovyas vniz, v sumrak vintovoy lestnitsiʼ, i grubo kriknul: – Viʼxodi, Klink! Viʼxodi, iyezuit neschastniʼy! // U qoʻlidagi idishni baland koʻtarib xitob qildi: – Rabbim mehrobiga kirgayman. U toʻxtab pastga qorongʻi burama zinalarga nazar tashladida, xirillagan tovush bilan qichqirdi: Bu yoqqa chiq, Kinch. Kel bu yoqqa, razil shayton.
Ingliz tilidagi harlot soʻzining lugʻaviy maʼnosi prostitutka (fohisha), ammo uning sotqin koʻchma maʼnosiga ham ega ekanligi lugʻatlarda koʻrsatib qoʻyilgan. Masalan, rus tilida “politicheskaya prostitutsiya (siyosiy sotqinlik)” birikmasi mavjud. Asarda harlot soʻzi ishlatilgan rechitativ (ashula ohangida aytiladigan soʻzlar) berilgan joydan oldin, bu soʻzning sotqin maʼnosida ekanligini anglatuvchi kontekstga eʼtibor bermaganliklari oqibatida, tarjimonlar ingliz xalqini fohishaga chiqarib qoʻyishgan:
The harlot’s cry from street to street
Shall weave old England’s winding sheet.
I kriki shlyux gluxoy poroy
Britaniya, tkut savan tvoy.
Qizlarning sasi kelur,
Badanlarin soturlar,
Koʻhna Angliya kafan,
Tinmay kafan tikurlar
Ushbu vaziyatda, J. Joys oʻzining prototipi Stivenga uning hamsuhbati tilidan: “Angliya yahudiylar qoʻlida. Ular barcha muhim oʻrinlarni moliyani ham, matbuotni ham egallab olishgan. Bu esa millatning tanazzulidan darak. Yahudiylar birlashib olgan joyda, ular millatning butun qonini soʻrib oladilar. Hech shubha yoʻqki, yahudiy chayqovchilar bizni xarob qiluvchi kori badlarini allaqachon boshlab yubordilar. Koʻhna Angliya jon berayapti”, deb aytishi bilan siyosiy sotqinlikni nazarda tutgan. Bizningcha, ushbu rechitativda J. Joys nazarda tutgan fikr quyidagicha boʻlgan:
Sotqinning betoʻxtov ayuhannosi
Koʻhna Angliyaga chaqirar kafan.
Quyidagi vaziyatda esa J. Joys irland xalqining bir-birlariga mehr-oqibatliligi va maʼnaviyatligini ifodalagan, ammo ruscha va oʻzbekcha tarjimalarda irland xalqi ichkilikka xuruj qoʻygan millatga aylanib qolgan:
Then here’s a health to Mulligan’s aunt
And I’ll tell you the reason why.
She always kept things decent in
The Hannigan famileye.
Za tyotku Malligana bokal
Miʼ viʼpyem drujno do dna
Ona prilichya svyato blyudet
V semye u Xannigana.
Doʻstlar ichaylik xola uchun,
Bordur xolasi Malliganning,
Saranjom-sarishta roʻzgʻori,
Xonadoni Hanniganning…
Bizningcha:
Malligan xolasi boʻlsin salomat,
Sababin soʻrsangiz men sizga aytay:
Xola farosati va saranjomligi
Hannigan roʻzgʻorin qildi sarishta.
Asarning boshqa bir joyida J. Joys Malligan nomidan oʻzining ayrim nopok ayollarga boʻlgan nafratini ifodalagan, ammo tarjimonlar ushbu maʼnoni ifodalay olmaganlar:
– Redheaded women buck like goats.
(Soʻzma-soʻz: Qizilsochli ayollar sakraydi oʻxshab echkilarga.)
Riʼjiye babiʼ bludliviʼ, kak koziʼ.
Malla xotinlar anavi echkiga oʻxshab kulishardi.
Taʼkidlash joizki, Redheaded soʻzi riʼjiye degan maʼnoni anglatmaydi. Riʼjiy soʻziga ingliz tilida blonde soʻzi toʻgʻri keladi. Bundan tashqari, buck feʼlining rus tilida bludliviʼy maʼnosi yoʻq. Ushbu vaziyatda echkining boshqa hayvonlarni toʻgʻri yoʻlga boshlovchi hayvon ekanligi tarjimonlarning xayoliga kelmaganligi oqibatida, u zinokorga aylanib qolgan. Bizningcha, ushbu gapning tarjimasi oʻzbek tilida “ – Bu ayollar shahar koʻrgan echkiga oʻxshaydi-ya!” tarzida berilganda, J. Joys nazarda tutgan maʼno ifodalangan boʻlardi.
Asardagi quyidagi vaziyatda J. Joys asar personaji nutqi orqali kitobxonni alloh qudratiga tan berishga chaqirgan, ammo ushbu maʼno ruscha tarjimada A kto govorit, ya ne bog tarzida notoʻgʻri ifodalanganligi oqibatida, allohga shirk keltirib qoʻyilgan. Oʻzbekcha tarjimada esa, xudo oʻgʻlidirman jumlasining berilishi bilan islom diniga mansub boʻlgan oʻzbek xalqi nutq maʼnaviyatiga putur yetkazilgan:
If anyone thinks that I amn’t divine
He’ll get no free drink when I’m making the wine
But have to drink water and wish it were plain
That I make when the wine becomes water again.
A kto govorit, ya ne bog, tem plutam
Vinsa, chto tvoryu iz vodiʼ, ya ne dam.
Pust pyut vodu, i tayna yasna,
Kak snova ya vodu tvoryu iz vina.
Men xudo oʻgʻlidirman, kim ishonmasa,
Men bilan tekin aslo ichisha olmas.
Men suvdan aroq yasab, koʻza toʻlgan kun,
Tomogʻidan suv oʻtmas, oʻzidan koʻrsin.
Bizningcha:
Kim meni demasa xudoga yaqin,
Nasib etmas suvdan qilgan sharobim.
Va, u moʻjizaga lol qolar, albat,
Yasagan sharobim aylansa suvga.
- Janubiy Afrika yozuvchisi P. Abraxamsning “Qabrdagi gulchambar” asarining rus tili orqali qilingan oʻzbekcha tarjimasidagi quyidagi vaziyatlarda ingliz va rus tillaridagi salomlashishni ifodalovchi birliklar oʻzbek tiliga notoʻgʻri tarjima qilingan. Ushbu birliklar oʻzbek tiliga “Salom!” – “Salom!” tarzida emas, “Assalomu-alaykum!” (Sizga allohning salomi (yaxshiligi) boʻlsin!), “Va alaykum assalom va rahmatullohu va barakotuh!” (Sizga ham allohning salomi (yaxshiligi), rahmati va barakoti boʻlsin!) birliklari bilan tarjima qilinganda, oʻzbek kitobxonining ajdodlarga xos milliy maʼnaviyati va til madaniyatini qayta tiklanishiga erishilgan boʻlardi:
– Good morning! Dobroye utro! // – Salom!
– Good evening!
– Good evening!, he said.
– Dobriʼy vecher!,
– Dobriʼy vecher!, – skazal on.
– Salom!
– Salom!, – deya javob berdi yigit.
- Rus yozuvchisi M. Gorkiyning “Tubanlikda” asarining oʻzbekcha tarjimasida rus tilidagi “Yey bogu!” jumlasini: “Xudo ursin!” tarzida berilishi bilan oʻzbek xalqining milliy maʼnaviyati va til madaniyatiga xos boʻlmagan holat yuzaga kelib qolgan:
“Dedushka! Yey bogu… biʼlo eto! Student on… fransuz biʼl… I tak on menya lyubil!…” // “Buvajon! Xudo ursin… oshiq boʻlganman! Oʻzi student… fransuz edi… Meni biram yaxshi koʻrardiki, asti qoʻyavering!”.
Islom dini axloqiy meʼyorlariga koʻra, “Xudo ursin!” deb qasam ichish maʼnaviyatsizlik hisoblanadi. Shuning uchun, “Yey bogu!” jumlasi oʻzbekchada “Xudo xaqi!” tarzida berilganda maʼnaviyatimiz va madaniyatimizning ifoda shakliga mos tushardi.
Xulosa qilib aytganda, tarjima asari kitobxon uchun milliy maʼnaviyat va til madaniyatini shakllantirish hamda rivojlantirish omili boʻlishi lozim.
Tohirjon UMIRZOQOV,
filologiya fanlari nomzodi
“Sharq yulduzi”, 2012–1
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/milliy-manaviyat-va-til-madaniyatining-tarjimada-aks-etishi/