Mirzo Ulugʻbek astronomiya, matematika, trigonometriya, geometriya, geodeziya, joʻgʻrofiya va boshqa fanlar boʻyicha Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Abul Vafo Buzjoniy, Nasriddin Tusiy kabi allomalarning asarlarini mutolaa qilib, chuqur oʻzlashtirgan. Bobosi Amir Temur va otasi Shohrux toʻplagan noyob kitoblarni oʻqib, koʻp vaqtini kutubxonada oʻtkazgan.
Ulugʻbek Movarounnahr hukmdori boʻlgandan soʻng, 1420 yilda Samarqandda madrasa – oʻsha davrning oliy taʼlimgohini qurdirib, Samarqand yaqinida quriladigan rasadxonaga ilmiy xodimlar tayyorlashga eʼtibor bergan. Rasadxona bilan madrasaning mashhur boʻlishida, yaʼni “Ulugʻbekning Samarqand akademiyasi”, deb atalishida madrasaga layoqatli, qobiliyatli mudarrislarning tanlov asosida qabul qilinishi hamda astronomiya, matematika sohasida mashhur boʻlgan xorijlik olimlarni taklif qilishning oʻziga xos tizimi joriy qilingani katta rol oʻynagan.
Shuningdek, Mirzo Ulugʻbek madrasasida dars jahon taʼlimi tarixida ilk bor oʻzida 10-15 shogirdni jamlagan jamoa – dars tarzida tashkil etilgan. Bunda Mirzo Ulugʻbek bir tomondan buyuk mutafakkir Ibn Sino ilgari surgan progressiv gʻoya – bolalarni guruh-guruh shaklda oʻqish-oʻqitishni va bu usulning taʼlim-tarbiyaga ijobiy taʼsir koʻrsatishi toʻgʻrisidagi fikrlarini inobatga olgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, madrasada koʻzda tutilgan dunyoviy fanlarni jiddiy asosda oʻqitish tizimining oʻrnatilganidir.
Madrasada taʼlim jarayonida nazariyani amaliyot bilan bogʻlash, kuzatish, taʼlimning koʻrgazmali usullaridan foydalanishga keng oʻrin berilgan. Natijada, shogirdlar madrasada olib borilgan astronomiya, matematika fanlari boʻyicha nazariy mashgʻulotlarni kunning ikkinchi yarmida rasadxonada amaliy, kuzatish ishlari bilan davom ettirganlar.
Noyob aql-idroki va tafakkuri, qomusiyligi bilan jahon ahlini lol qoldirgan Mirzo Ulugʻbek faoliyati dunyo mamlakatlarida ham eʼtirof etilgan. Masalan, atoqli polyak astronomi Yan Geveliy 1647 yildayoq nashr qilingan “Selenografiya” kitobida oydagi kraterlardan birini Mirzo Ulugʻbek nomi bilan atagan. Shuningdek, u astronomiya fani tarixida turli mamlakatlar astronom olimlariga ularni fan taraqqiyotiga qoʻshgan hissalariga qarab nisbat beradi va “Astronomiya darakchisi” nomli kitobida keltirgan ikkita gravyurada ham Mirzo Ulugʻbekni dunyo olimlari orasida oldingi oʻringa qoʻyadi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, har qanday millat ham Ulugʻbekday farzandni tarbiya etgani uchun gʻururlanishi tabiiy holdir. Chunki bunday insonlar faqat oʻz xalqiga emas, balki umumbashariy sivilizatsiya uchun ham xizmat qiladi va jahon eʼtiborini qozonadi.
Narziqul ShODIYEV,
SamDU professori
https://saviya.uz/hayot/nigoh/millat-gururiga-aylangan-siymo/