Bashariyatdagi har bir millatda bir yoki bir necha shunday ulugʻ farzandlari boʻladiki, ular Alloh ato etgan buyuk gʻayrat, mislsiz iroda, teran aql-idrok va ezgu axloq-odoblari bilan shu xalq bayroqlari kabi muqaddas timsollarga aylanadilar. Ular andozalarga sigʻmaydigan ulugʻ xizmatlari tufayli el tomonidan boshga koʻtariladi, eʼzozlanadi, asrlar, hatto ming yilliklar davomida qadrlanadi.
Agar siyosat va davlatchilik sohasidagi bunday buyuklar turli davrlar va har xil xalqlarda goh salbiy, goh ijobiy baholansalar, adabiyot va sanʼat vakillari barcha millatlar, butun bashariyat tomonidan faqat seviladi va qadrlanadi.
Jahon adabiyoti titanlarini eng qisqa roʻyxatda koʻz oʻngimizda tizadigan boʻlsak, bular – Homer, Evripid, Li Bo, Roʻdakiy, Firdavsiy, Dante Aligʼyeri, Nizomiy Ganjaviy, Hofiz Sheroziy, Alisher Navoiy, Vilyam Shekspir, Yohann Volfgang Gyote, Aleksandr Pushkin, Lev Tolstoy, Onore de Balzak, Fyodor Dostoyevskiy, Jek Londonlarning hamisha porloq siymolari oʻz ijod olamlari bilan gavdalanadilar. Chunki ularning har biri oʻz xalqlari va bashariyat uchun adabiy dahodirlar.
Adabiy daholarning boshqa safdosh va davradosh boʻlgan mumtoz shoir va adiblardan farqlari yirik boʻladi. Chunonchi, biz uchun Yusuf Xos Hojib, Hofiz Xorazmiy, Sayfi Saroiy, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy, Bobur, Nishotiy, Munis, Ogahiy, Nodira, Gulxaniy, Uvaysiy, Muqimiy, Furqat, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Usmon Nosir, Oybeklarning har biri mumtoz soʻz sanʼatkori sifatida ulugʻ, har bir kitobxon uchun azizdirlar.
Biroq shunday mumtoz shoirlar davrasida ham, hamma biladiki, oʻzbek mumtoz adabiyotimiz shohsupasida uch kishi tura oladi. Bular Navoiy, Bobur va Ogahiylar boʻlib, birinchi oʻrin istisnosiz Alisher Navoiygagina xosdir. Chunki Navoiygacha ham, undan keyin ham uning isteʼdodi darajasidagi inson hali yorugʻ olamga kelmadi. Bu haqiqatni XV asrdayoq zamondoshlari Abdurahmon Jomiy “Xiradnomai Iskandariy”, Bobur “Boburnoma”, Xondamir “Makorim ul-axloq” va Muhammad Haydar Mirzo “Tarixi Rashidiy” asarlarida aniq-ravshan yozganlar, taʼkidlaganlar.
Xoʻsh, Navoiy dahosining qaysi qirralari uni jahon soʻz sanʼatkorlari safiga olib chiqdi?
Birinchidan, uning millatimiz adabiyoti uchun qilgan xizmatini qayd etaylik. Ungacha ijod qilgan mumtoz shoirlarimiz saflari siyrak va adabiy mahsullari ozroq, ular shugʻullangan adabiy janrlar mundarijasi qisqa edi. Alisher Navoiydan keyin ham bu manzara unchalik oʻzgarib ketmadi.
Agar ilmda mubolagʻa qilish mumkin boʻlsa, Navoiy oʻzbek mumtoz adabiyotida ijobiy maʼnoda inqilob yasadi. Uning bir oʻzi yuzga yaqin isteʼdodlar yukini oʻz yelkasiga oldi. Uning birgina dahosi XV asrda turkiy adabiyotni dunyoning juda boy adabiyoti boʻlgan fors adabiyoti bilan boʻylatib qoʻydi.
Navoiyning bu sohadagi xizmatlari:
– turkiy sheʼriyatga toʻrt devon – “Xazoyin ul-maoniy” bilan kirib keldi;
– turkiy adabiyotga mislsiz “Xamsa”ni olib kirdi;
– tasavvufning ramziy-adabiy talqini – “Lison ut-tayr”ni yozdi.
– ajam xalqlari tarixi va maʼnaviyatiga doir “Tarixi muluki ajam”, “Tarixi anbiyo va hukamo”ni yaratdi.
– turkiy adabiyotga manoqib janrini olib kirdi. (“Nasoyim ul-muhabbat”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Pahlavon Muhammad”).
– turkiy sheʼriyat nazariyasi asoslarini aruz va muammoga doir asarlari bilan bunyod etdi.
Xullas, oʻz davri podshohi Sulton Husayn Boyqaro – Husayniy xulosasiga koʻra, Alisher Navoiy soʻz mulkining sohibqironi edi.
Ikkinchidan, agar uning oʻzbek tiliga qoʻshgan hissasini qayd etmoqchi boʻlsak, bunda uch nuqta inobatga olinadi:
a) Oʻzbek tiliga davlat maqomini berish xususida jonbozlik koʻrsatdi.
b) Oʻzbek adabiy tilining boy va mislsiz imkoniyatlarini nazariy jihatdan asosladi (“Muhokamat ul-lugʻatayn”) va amaliy jihatdan oʻz ijodi bilan isbotladi.
v) Alisher Navoiygacha besh yuz yil davomida yashagan turkiy adabiyot namoyandalari oʻz asarlarida qoʻllagan soʻzlarni birma-bir hisoblab qoʻshib chiqqanimizda ham birgina Navoiy asarlarida ishlatilgan soʻzlar miqdori bir necha barobar koʻplik qiladi.
Eng nozik yana bir masala isteʼdod darajasi boʻlib, Navoiygacha va hozirgacha ham Alisher Navoiy siymosiga nasib etgan bu fazilat pogʻonasiga hech kim yuksala olmadi. Uning adabiy mahorati sirlari hozircha endi ochila boshlagan qoʻriq boʻlib turibdi.
Navoiy dahosining eng muhim nuqtasini uning oʻzi qayd etgan, yaʼni, shoir asarlarida “dard va soʻz (kuyish)” tantanasiga keng oʻrin bergan va bu bilan ularning voqelikka juda yaqinligini taʼminlagan… Uning romantik qahramonlari – Farhodi, Majnuni, Shirinu Laylisi ham kitobxon uchun afsonaviy ertak qahramoni emas, bugungi Otabegu Kumush singari boʻlib, ularning fojialari, qismat va hissiyotlari tugʻyoni qalbimizga shundoqqina yaqindan taʼsir qilib turadi.
Navoiy ijodi abadiyatining bosh siri – uning asarlarida kuylangan umumbashariy oʻlmas va qarimas gʻoyalar: insonparvarlik, axloqlilik, aqliy va hissiy komillikdir.
Insonparvarlik – insonni irqi, millati, jinsi va yoshidan qatʼi nazar hurmat qilish: uning baxt-saodatini taʼminlashga qoʻldan kelgancha harakat qilish, oʻzgalarni baxtiyor qilishda oʻz baxtini koʻrishdir.
Axloqlilik deganda-chi: Navoiy fikricha shaxs uchun axloq masalasi hayot-mamot masalasidir. Baxt va badbaxtlik, solihlik va fosiqlik, olijanoblik va yovuzlik, vafo va jafo, haq va botil, hamma-hamma narsa axloqqa tegishli. Jahon yoki biror mamlakatda axloqlilik tantana qilsa, shu joyning oʻzi jannatning bir goʻshasiga aylanadi.
Komillik – kasbda mohirlik, tabobatda hoziqlik, axloqda kamtarlik va poklik, aqlda – oʻqish va uqish riyozati bilan mislsiz yuksalishga erishishdir. Bu darajadagi inson bilish, yaʼni oʻqib maʼrifatli boʻlishdan yuksak baxt yoʻqligiga amin boʻladi.
Va nihoyat uning shaxsidagi mislsizlikka kelsak: Navoiy oʻzbek xalqidan chiqqan va oʻz saxovatli faoliyati bilan arab Hotami Toyi sarguzashtlarini choʻpchakka aylantirgan quyoshsifat siymo edi. Uning shiori quyidagi misralarida aniq aks etgan:
Ey Navoiy, olam ahlida tamaʼsiz yoʻq kishi,
Har kishida bu sifat yoʻqtur – anga boʻlgʻay sharaf.
Sen agar tarki taʼm qilsang, ulugʻ ishdur bukim:
Olam ahli barcha boʻlgʻay bir taraf, sen – bir taraf.
Navoiy oʻz shaxsidagi tamaʼ degan axloqiy saraton kasalligidan qutulgan yagona inson boʻlib tuyuladi. Navoiy ana shu fazilati bilan jahon xalqlari ehtiromiga abadiy loyiqdir.
Oʻz davri millioneri boʻlgan Navoiy oʻz daromadlarining 98 foizini elga sochar, ikki foizini oʻz shaxsiy ehtiyojlariga sarflardi.
Nega Navoiy yigʻilayotgan boylikni muttasil xayriya uchun sarflagan? Navoiy soʻfiy boʻlgani uchun uning eʼtiqodicha olamda Xalloq – yaratuvchi Allohdan boshqa hech narsa yoʻq. Tabiat – borliqni Alloh yaratgan. Tabiat gultoji inson esa, Allohning jilvasi, nuri zarralaridir. Navoiy sheʼriyatida ramzan quyosh timsolida Alloh talqin etiladi. Zarra timsolida oʻzi va odamlar tushuniladi. Uning Allohni yod etib yigʻlab toʻkkan koʻz yoshlarining har tomchisida Alloh quyosh sifatida aks etadi:
Gar Navoiy toʻkti ul oy furqatida bahri ashk,
Har qachon boqsang quyosh aksi aning yoshindadur.
Navoiyning boylikni xalqqa sochgani, ehsoni – Allohga chin dildan qilgan hadyasidir. Ana shuni bila olsak, tamaʼsiz va elga ehson sochuvchi kishi Xudoni taniydigan, xasis, oʻzi va oilasi uchungina boylik yigʻayotganlar maʼlum maʼnoda xudobexabar ekanligining keskin farqiga boramiz.
Va beixtiyor: “Men kimman? Men Navoiy vorisimanmi, yo Xudodan bexabar kimsamanmi?” degan savolni oʻzimizga bera olamiz.
Demak, Navoiy biz uchun adabiy dahogina emas, axloqiy namunagina emas, komillik timsoligina emas, ezgulik ramzigina emas, bizni faoliyatimizning barcha jabhalarida koʻz-quloq boʻlib turishga chorlagan vijdonning ogohlantiruvchi qoʻngʻirogʻidir.
Oʻzbek millatining baxti borki, uning Alisher Navoiysi bor. Akademik Konrad ana shu maʼnoda, yaʼni Navoiy kelib chiqqan millatning baxtiyorligini alohida qayd etgan edi…
Alisher Navoiy umrbod el-xalq bilan birga boʻldi. Husayn Boyqaro saltanati siyosatini belgilovchi kuchi, shohning doʻsti va taxti ustuni boʻlib xalqqa xizmat qildi. Barcha toifalar ahvoli, ming bir xil feʼl-atvorli kishilarga duch keldi. Ularning hammasi uning lirik va epik asarlarida aks-sado berdi. Birgina “Xazoyin ul – maʼoniy”da ellikdan ortiq kasb-kor va feʼl-atvorning tilga olingani (gʻazalda-ya!) bir jihatdan daho sheʼriyatining voqeiyligi va hayotiyligini, ikkinchi tomondan qomusiyligini taʼminladi.
Oʻttiz yillik siyosat va hayot qozonida jonbozlik koʻrsatib qaynagan Alisher Navoiy oʻz xalqigagina emas, balki jahon xalqiga bosh oʻgitini baralla aytdi:
Olam ahli! Bilingizkim, ish emas dushmanligʻ,
Yor oʻlung bir-biringizgʻakim, erur yorligʻ – ish!
Ilk sevgisiga umrbod sadoqati tufayli Navoiy oiladorlik baxtisiz yashadi. Uning sheʼrlarida tanholikning eng fojiali azob-uqubat ekanligi taʼkidlangani bejiz emas. U zamon dardi bilan ham, zamondoshlar dardi bilan ham oʻrtanardi:
Menga ishq dardi emas muhliku bas
Zamon dardi, ahli zamon dardi hamdur!
“Muhlik” soʻzi halokatli ekanligini bilsak, bu baytdan shoir hayoti fojialar ichida kechganini idrok eta olamiz. Bu poʻlat odam, bu xalqimizning moddiy va maʼnaviy quyoshi shaxsiy hayotdagi baxtsizligidan tamoman koʻz yumib, el baxti uchun umrini fido qilish namunasini koʻrsata olgan bashariyatning balki yagona farzandi edi.
Har ne elga kom erur, kechti Navoiy baridin.
Xalqda qanaqa orzu-tilaklar boʻlsa, Navoiy oʻzi uchun ularning hammasidan voz kechdi.
Uning umr boʻyi binoi xayrlari haqida zamondoshi Bobur mirzo yozadi: “Muncha binoi xayrkim, ul qildi, kam kishi mundoqqa muvaffaq boʻlmish boʻlgʻay”.
Muhimi shundaki, Alisher Navoiy oʻzining kimligini yaxshi bilardi. Uning har kuni, har lahzasi, har tomchi qoni ongli holatda EL uchun sarflandi.
Vahob RAHMONOV,
filologiya fanlari nomzodi
“Yoshlik”, 2014 yil 2-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/millat-dahosi/