Bundan oʻttiz yil burun boshimga musibat tushdi: onam vafot etdi… Ikki kun oldin – 8 mart bayramida oʻynab-kulib oʻtirgan odam toʻsatdan koʻz yumdi… “Ota-ona oʻlmogʻi meros” degan gap bor. Biroq yaqin kishining vafoti doim adolatsizlikdek tuyulaveradi. Ayniqsa, u bir lahzada yoʻq boʻlib qolsa…
Xullas, ogʻir iztirobga tushdim. Kechalari onam tushlarimga kiradi. Uning oldida burchimni oʻtolmaganim, yetarli mehr bera olmaganim battar azoblaydi. Oxiri toqqa chiqib ketdim. Ammo xotiralardan qochib boʻlmaydi-ku! Shunda olim doʻstim Abdugʻafur Rasulov joʻyali maslahat berdi: “Shu tuygʻularning hammasini qogʻozga toʻkib soling. Asar yozing!”
Maʼyus iztirob bilan yoʻgʻrilgan dastlabki parchalarni “Saodat” jurnaliga olib bordim. Ertasigayoq Zulfiya opa qoʻngʻiroq qildi. Ochiq chehra bilan kutib oldi.
– Onangiz sodda va donishmand ayol ekanlar. Hikoyangizni darhol bosamiz.
Tashakkur bildirib, chiqib ketmoqchi edim, Zulfiya opa toʻxtatdi:
– U yogʻini nima qilmoqchisiz?
Rostini aytsam, uncha tushunmadim. Biroq yoshi ulugʻ odamdan “Qaysi maʼnoda u yogʻi?” deb soʻrashga iymandim.
Zulfiya opa holimni anglab, jilmaydi.
– Axir bu butun boshli kitobning mavzusi-ku! Oʻzbek ayoli, oddiy oʻzbek onasining qanchalar jafokashligi, bagʻrikengligi, mehridaryoligi, boringki, donishmandligini koʻrsatadigan asar boʻladi! – Bir zum jim qolib, qatʼiy fikrini aytdi. – Gap bunday: siz kitobni bobma-bob yozaverasiz, jurnalimiz har sonida bobma-bob yoritib boraveradi. Xohlasangiz, bir yil, xohlasangiz, ikki yil. Ishoning, bu juda teran kitob boʻladi!
…Chindan ham bir yil davomida “Saodat”da oʻsha kitob sonma-son bosildi va shu tariqa “Dunyoning ishlari” degan asar dunyoga keldi. Nazarimda, kitob oʻquvchilarga maʼqul boʻldi, boshqa tillarga tarjima qilindi, bir necha qayta chop etildi…
Asarning tugʻilishiga esa Zulfiya opa dalda berdi, aniqrogʻi, sababchi boʻldi. Albatta, sheʼr va dostonlari yuz minglab kitobxonlarni larzaga solgan, mushoiralarda ovozi baland jaranglagan, talay sovrinlar, shu jumladan, xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan Oʻzbekiston xalq shoirasi Zulfiya haqida koʻp gapirish mumkin. Men esa muhtaram opamizning birgina qirrasi – yosh ijodkorlarga mehri haqida bir chimdim aytdim, xolos.
Imonim komilki, istiqlol nuri bilan yanada tiniqlashgan, yanada teranlashgan bugungi adabiyotning turli avlodga mansub vakillari – shoiru shoiralar, adibu adibalar, olimu olimalar orasida “Mening Zulfiya opam!” degan soʻzni mehr va faxr bilan aytadiganlar koʻp. Odatda, katta isteʼdod nomini olis yillar va manzillarga, avvalo kitoblari, qolaversa, shogird va farzandlari yetkazadi. Zulfiya opada unisi ham, bunisi ham bor!
Oʻtkir Hoshimov
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/mening-zulfiya-opam/