Mening “samarska” birodarim

Bundan bir necha yil avval dengiz boʻyiga dam olishga borgan edim. Bir kuni tushlik paytida narigi stolda oʻtirgan yoshi ulugʻroq kishi menga qarab-qarab qoʻyayotganini koʻrib, hayron boʻldim.

Tushlikdan chiqsam, boyagi odam oshxona roʻparasidagi xarrakda oʻtiribdi.

– Kechirasiz, sizni bir minutga mumkinmi? – dedi.

Yoniga bordim. Qoʻl olishib soʻrashgach, qayerdan kelganimni soʻradi.

– Toshkentdan, – degan edim, qaytadan koʻrishdi.

– Beshyogʻoch joyidami? – deb soʻradi.

– Joyida.

– Machit-chi? Machit ham bormi?

Avvaliga bu odam qaysi machitni soʻrayotganini tushunmay turdim-da, soʻng angladim: Abulqosimxon madrasasini gapiryapti. Madrasa ham joyida ekanini aytdim.

– Xayriyat! – dedi suhbatdoshim yengil tortib.

– Siz madrasani qayerdan bilasiz? – deb soʻradim.

– Men “samarskaman”. Ismim Viktor Alekseevich, – deb tanishtirdi oʻzini. – Hozir Stavropolda yashayman. Oʻttizinchi yillari Samara guberniyasida avj olgan ocharchilik tufayli minglab odam Toshkentga yopirilib borgan. Neverovning “Toshkent – non shahri” kitobida toʻgʻri yozilgan.

– Keyinchalik oʻzbek rejissyori Shuhrat Abbosov shu kitob asosida film ham yaratgan, – dedim eslatib.

– Koʻrganman. Ajoyib film, – dedi hamsuhbatim.

Yosh bolalik paytimda odamlarni koʻp bezor qilgan “shpanalar” haqidagi vahimali gaplar qulogʻimga chalingan edi. Shu esimga tushib, yumshoqroq qilib soʻradim:

– “Samarskalar” Toshkent bozorlarini birpasda “shmon” qilib tashlagan, deyishadi. Shu gap rostmi?

– Rost! – dedi hamsuhbatim. – Ruslarda bir maqol bor. “Golod – tebe ne tyotka” (“Ochlik – katta xolang emas!”) Koʻz oldingda onang yoki otang ochlikdan shishib oʻlganini koʻrgach, hech nimadan tap tortmaydigan boʻlib qolarkansan. – Viktor Alekseevich oʻyga toldi. – Toshkent chindan ham non shahri ekan. Hammamizning jonimizga ora kirdi, mehmondoʻst, bagʻrikeng oʻzbek xalqi oldida qarzdormiz.

– Machitni nega soʻrayapsiz? – desam, suhbatdoshim bir zum sukut saqladi.

– Otam yoʻlda ketayotib oʻlgan edi. Toshkentga borganimizda yetmishga yaqin oilani machitga joyladilar. Onam ikkalamiz oʻn yildan ortiq oʻsha yerda yashadik. Qizigʻi shundaki, machitdagi xonalar yozda salqin, qishda issiq boʻlar, pechka yoqishning ham keragi yoʻq edi. Shunday inshootni bunyod etgan ota-bobolaringizga taʼzim qilish kerak. Toshkent bizning ikkinchi vatanimiz boʻlib qoldi. Shuning uchun ham siz bilan zemlyakmiz desam, xato boʻlmaydi.

Xullas, “samarska” birodarim bilan taʼtil tugaguncha koʻp bor hamsuhbat boʻldik.

Chor Rossiyasi Toshkentni bosib olmasidan oldin bunyod etilgan Abulqosimxon madrasasida oʻz vaqtida minglab tolibi ilmlar tahsil olgan. Moʻtabar zoti sharif Abulqosimxon eshon 1892 yili Toshkentda “vabo qoʻzgʻoloni” boshlanganida, mustamlakachilar armiyasi eski shaharga bostirib kirib, qirgʻin boshlamoqchi boʻlib turganida oʻsha paytdagi general-gubernator huzuriga kirib, bu xunrezlikni toʻxtatishga koʻndirgan ekanlar.

Oʻtgan asrda ham bu dargohda Abdulla Qodiriy, Fitrat, Munavvar qori Abdurashidxonov kabi ulugʻ siymolar taʼlim olgan.

Madrasa ochlik-muhtojlik vajidan olisdan yurtimizga kelib qolgan oʻnlab oilalarga uzoq yillar beminnat boshpana boʻlgan.

Xudoning qudratini qarangki, imonsizlikni shior qilib olgan shoʻrolar davlati yurtimizdagi yuzlab machit va madrasalarga oʻt qoʻygan, portlatgan, hatto choʻchqaxonaga aylantirgan kezlarda ham bu obida vayron boʻlib ketmagan…

Shularni oʻylaganimda dengiz boʻyida tanishganimiz “samarska” birodarimning “Shunday binoni bunyod etgan ota-bobolaringizga rahmat”, degani esimga tushaveradi…

Buyuk ajdodlarimizning oxirati obod boʻlsin!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

https://saviya.uz/ijod/nasr/mening-samarska-birodarim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x