Adashmasam, oʻn bir yoshlarda edim. Tok kesish mahali boʻlsa kerak, otam rahmatli bilan birga kechqurun bogʻdan qaytayotgan edik. Yoʻlda menga tengdosh bola ozroq oʻtin orqalab olib, bir kishiga ergashib kelayotgan ekan. Otam u kishi bilan salomlashib:
– Qani, Abdugʻafforboy, yigit ham katta boʻlib qoldimi? – deb soʻradi.
Oʻz navbatida u odam ham:
– Xudoga shukr, yigit boʻlib qoldi, bogʻning tokini tashib yotibdi. Koʻrmaganmisiz, toʻylarda olishib turadi, – dedi.
Vaqti keldi, olish boʻldi. Ikkalamizni olishtirishdi. Uzoq kurashdik, gʻolib boʻlmadi.
Otamning bizlarni ajratib aytgan shu gaplari esimda qolgan:
– Oʻgʻlim, sen kurash tushgan bolaning oti Togʻay, bizga qoʻshni oʻtiradigan Bahor momoning nevarasi, Tojixolning oʻgʻli boʻladi. Otasini Boʻriboy degich edi. Mol doʻxtiri edi, oʻlib ketdi rahmatli.
… Biz tugʻilgan qishloqni Xoʻjasoat deyishadi. U juda katta qishloq – hozir oʻn ming aholisi bor. Xoʻjasoat ikkiga boʻlingan: Past qishloq, Yuqori qishloq. Surxondaryoning nomdor polvonlari shu yerda tugʻilgan. Hozirgacha Oʻzbekistonning har yeridan polvonlar kelib turadi. Toʻylarda ikki qishloq polvonlari tarafma-taraf olishishgan, agar chekkadan polvon kelsa, bir taraf boʻlishgan. Keyinchalik ana shu toʻylar, ana shu kurash, koʻpkarilar Togʻay Murodning mashhur qissalarida aks etdi, oʻzbek kurashini, koʻpkarisini dunyoga tanitdi.
Biz Togʻay bilan ana shunday tanishib, topishib oshna boʻlganmiz. Maktabda oʻqib yurganimizda har kuni koʻrishib, salomlashib turar edik, sal keyinroq bir-birlarimizning uylarimizga ham borib keladigan qalin oʻrtoq boʻlib qoldik. Togʻay bolaligida juda orasta kiyinar edi – kiygan kiyimiga gard yuqmas edi. Bu kiyim-kechakning taxchilligida emas (60-yillarda ust-bosh unchalik moʻl emasdi), chiroyli kiyimini avaylab saqlash uning oʻziga xos odati edi.
Sal esayganimizdan keyin u tish choʻtka va pasta sotib olib, tishlarini parvarish qilib boshladi. U tishlarini koʻz-koʻz qilib maqtanishni yaxshi koʻrardi. Bu narsa kundaliklarida ham aks etgan – har bir kunning yakunida tishlarimni yuvib yotdim, degan soʻzlar boʻlardi. Ana shu orastalik, ozodalik uning asarlarida ifodasini topdi. Darvoqe, Togʻay juda yoshligidan xotira daftar tutib, uni muntazam yuritib turar edi. Uning keyinchalik katta yozuvchi boʻlib ketishida ana shu kundalik – xotiralarning ham beqiyos yordami boʻlgan, deb oʻylayman.
Togʻay bizning joʻraboshimiz edi. Uning aytgani aytgan, degani degan boʻlardi. U tanani chiniqtirishni yaxshi koʻrardi: qorda yuvinishni, Izmolining soyigacha (3-4 chaqirim masofa ) yugurib borib kelishni, qish paytlarida ariqning muzini yorib choʻmilishni yoqtirardi va bizni ham shunga majbur qilar edi. Mengboy, Muhammadi, Ziyod, Bozor Katta (yoshi ulugʻligi uchun) Abdurahmon, Avaz birga yurar edik. Qishki gurunglarimiz koʻpincha Muhammadilarnikida boʻlardi, chunki ularning boʻlak mehmonxonasi bor boʻlib, Togʻay uni “Kal tom”, deb atardi. Bunga sabab uy Xorazm usulida qurilgan, yana bir tomoni Muhammadilarning uylari yonida qishin-yozin bir ariq suv oqib yotardi. Yozda esa bizning gurung markazimiz Ziyodlarning tomi ustiga koʻchar edi. U mahallarda Xoʻjasoat haqiqiy qishloq, yaʼni qishlaydigan joy boʻlardi: odamlar qish chiqishi bilan oʻtoviyu kapasini olib, echki-qoʻy, moli bilan dashtga koʻchib chiqar, uzum tugashi bilan toʻgʻri boqqa koʻchar, qishloqda deyarli hech kim qolmas edi. Biz huvillab qolgan qishloqni yozning qisqa va gʻaroyib oqshomlarida yulduzlarga tikilib (yoshligimizda osmondagi yulduzlar katta-katta boʻlardi, shekilli) tongotdi gurunglar bilan obod qilib turar edik.
Kunduz kunlari bugʻdoy oʻrib qaytar edik. Kimdir gap topib kelardi: “Joʻra hoji boboning qovuni pishibdi, ertalab oʻtayotsam, sap-sariq boʻlib yotibdi, oʻlay agar, oʻz koʻzim bilan koʻrdim”. Charchoqlar unutiladi, yarim kechasi toʻnlarni kiyib olib (toʻnning ikki bari – oʻngiri qaytarilsa, tayyor xalta boʻladi), qovun oʻgʻirlikka joʻnaladi. Qorongʻi kechada oʻlja – qovunlarni yorib, yeb boshlaysiz, mazasi qovunnikiga oʻxshamaydi, boshqasini yorasiz, yana shu holat. Shunda pastga – chiroqqa olib tushib koʻrsak, Hoji boboning oshkadi (oshqovoq)larini uzib kelgan boʻlamiz. Bu gapni topib kelgan joʻramiz Abdurahmon Istil esa oshqovoq poʻchogʻi bilan doʻpposlanadi.
… Afsus, ming afsus, Togʻay Murod bizning ana shu sirli, sehrli oʻspirinlik davrimiz haqida ajoyib bir qissa yozmoqchi edi, gurunglarimizda aytgandi, vaqt bevafolik qildi.
Qish kechalarida bir-birimiznikida yotib qolib, dars tayyorlar edik. Togʻayning alohida xonasi, yozuv stoli boʻlardi. Yozuv stoli tepasida dunyo xaritasi osigʻliq turar va Togʻay unda mashq qilishni yaxshi koʻrardi.
Men sinfkom edim va barcha fanlardan yaxshi oʻqishga harakat qilardim. Bir kuni Togʻay shunday deb qoldi: hamma fanlarni oʻzlashtirib ololmaysan, buning imkoni ham yoʻq. Shuning uchun oʻzingga yoqadigan biror fanni tanla va uni durustroq oʻrgan, maktabni bitirganingda kerak boʻladi.
U ana shunday mustaqil va toʻgʻri fikrlaydigan, oʻrinli maslahat bera oladigan aqlli bola edi.
Togʻay bir kuni maktabga kelmadi, joʻyali sababi boʻlmasa umuman dars qoldirmas edi. (Bu voqea, adashmasam, 1963 yilning aprel-may oylarida boʻlgandi.) Sababini bilish uchun darslar tugagach, ularnikiga bordim. U bir oʻzi choy ichib oʻtirgan ekan, kayfiyati koʻtarinki, koʻzlari yonib turardi.
– Bilasanmi, qayerda edim, – deb soʻz boshladi u. – Denovga, “Gʻalaba uchun” gazetasiga bordim, Chori Yoqubov degan kishiga bir-ikki hikoyamni olib borgandim, maqtadi, gʻayrat qiling, dedi. Endi gurunglarni kamaytirib, koʻproq oʻqishim, yozishim kerak boʻladi.
Ana shu voqeadan keyin u adabiyot bilan, ijod bilan jiddiyroq shugʻullanadigan boʻldi. Avvalgi oʻyinqaroq bolalik ortda qolgan edi. Togʻay yoshiga nomuvofiq tarzda jiddiylashgan va oʻychan boʻlib qolgan edi. “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” degan yuksak unvonga olib kelgan yoʻl ana shunday boshlangan.
1966 yil ham yetib keldi. Maktabni tamomlab, Samarqandga yoʻl oldik. Aprel zilzilasidan keyin Toshkent oliy oʻquv yurtlariga qabul Samarqandda boʻlayotgan edi-da.
Togʻay ToshDUning huquqshunoslik fakultetiga oʻqishga kirdi, men esam SamDUning filologiya fakultetiga imtihon topshirib, mandatdan qaytdim va bir yil maktabda oʻqituvchilik qildim. U meni juda chiroyli qilib “maalim” deb atardi.
1967 yil yozida ToshDUning filologiya fakultetiga kirib, toʻrt yil davomida Togʻay bilan deyarli birga boʻldik, yaxshi-yomon kunlarni birga oʻtkazdik.
Men uning oʻqishdan keyingi hayotini yaxshi bilmayman. Mening kenja ukam Ibrohim qishloq xoʻjaligi institutida oʻqidi. Uning xotirlashicha, Togʻay ularning yotoqxonalariga onda-sonda borib turgan. Ibrohim Togʻay aka horgʻin-tolgʻin, ustboshlari nochor boʻlardi, deydi. Bu davr uning hayotidagi tushkunlik davri edi. U bularning baridan eson-omon oʻtib oldi.
Togʻayning irodasi kuchli edi. Boshidan oʻtgan shuncha koʻrgilik-savdolarni yolgʻiz oʻzi yenga oldi. Menimcha, har qanday inson boshiga bunday savdolar tushsa, aqldan ozishi tayin. Ammo u bari qiyinchiliklarni mardona yengdi. Togʻay juda qatʼiyatli edi.
Xudoning suygan bandasi edi u, boladay begʻubor, ishonuvchan. Shuning uchun ham Olloh uni ulkan hamda ezgu ishga boshladi – oʻzbek adabiyotiga xolis xizmat qildi, xalqning sevikli adibiga aylandi. Iloyo, Olloh uni oʻz marhamatiga olgan boʻlsin.
Sattor ALIMARDONOV
“Ijod olami”, 2017–3
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/mening-bolalik-dostim/