Sogʻindim
Bu oʻtkinchi dunyoga
Kelishimning sababi –
Koʻzlaringni sogʻindim.
Oyga boqib: “Oh” tortib,
Dard chekishim sababi –
Yuzlaringni sogʻindim.
Kecha-kunduz gung boʻlib
Yurishimning sababi –
Soʻzlaringni sogʻindim.
Har koʻchada it kabi
Daydishimning sababi –
Izlaringni sogʻindim.
Oshiqona
Haridor boʻl, oʻzimni
Qul bozorda sotaman.
Oʻpqon boʻlsang jonimni
Quchogʻingga otaman.
Jallod boʻlgin, boshimni
Senga qilaman tortiq.
Oʻtkir boʻlsin qiliching,
Baxt bormi bundan ortiq?!.
Shamol boʻlsang, sham boʻlay,
Bir lahzada oʻchirgin.
Yoki nozik niholman –
Ildizimdan koʻchirgin.
Kamon boʻlsang, nishoning
Mana mening yuragim.
Oʻq otarda moʻljaldan
Adashmagin, malagim.
Sendan kelgan jafolar
Jannatdan ming aʼlodir.
Muhabbatsiz bu hayot
Boshga bitgan balodir.
Oʻzingsan
Olov yoqqan oʻzingsan,
Endi sira oʻchmayman.
Kuyib kul boʻlsam, hatto,
Jonon, sendan kechmayman.
Olov yoqqan oʻzingsan,
Endi rosa kuyaman.
Kuyishimga kuyinma,
Kuysam, qattiq suyaman.
Qara, menga qoʻshilib:
Yulduz yonar, oy yonar.
Chin rohatim oʻzingsan,
Jannat degan joy yonar.
Olov yoqqan oʻzingsan,
Olovga bir toʻyaman.
Hech kimga yoʻq omonlik,
Dunyoga oʻt qoʻyaman.
Ishq olovi oftobdir,
Bahor boʻling kuz, qishlar.
Ishq, asli, bir kimyodir,
Tillo boʻling kumushlar.
Malika
Malikaga oshiq boʻlibman,
Ol, Malikam, qalbim seniki.
Tuproqqa teng gadodirman, men,
Jisming emas, isming meniki.
Shahzodangning yoniga borgin,
Yerda qolgan izing meniki.
Shahzodalar bari bevafo,
Koʻzyoshlaring – koʻzing meniki.
Senga nisor aylayin desam,
Boyligim yoʻq jonimdan boshqa.
Ol, Malikam, jonimni olgin,
Arziydimi bir boqishingga.
Soching bilan bogʻla boʻynimdan,
Sening sodiq iting boʻlayin.
Jallod boʻlib jonimni olgin,
Faqat yuzing koʻrib oʻlayin.
Shabbodaga aylanib xushboʻy,
Sochlaringni taray olaman.
Yulduz boʻlib, baland osmondan
Yotogʻingga qaray olaman.
Bogʻ aylanib koʻngling shod boʻlar,
Sochlaringga qoʻnar kapalak.
“Malikaning baxti ochilsin”,
Bulbul senga tilaydi tilak.
Gullar seni koʻriboq, deydi:
“Malikamiz muncha ham koʻrkam?”
Bu bogʻ mening qalbimdir, jonim,
Ishonmaysan, oʻzim aytsam ham.
Malikaga oshiq boʻlibman,
Ol, Malikam, qalbim seniki.
Tuproqqa teng gadodirman, men,
Jisming emas, isming meniki.
Ishq
Poyingga tiz choʻkarman,
Bundan ulugʻ tavob yoʻq.
Jannat eshik ochadi,
Bundan aʼlo savob yoʻq.
Visolingga yetay, deb,
Yer ostiga ketyapman.
Jon berarda ismingni
Ming bor takror aytyapman.
Qabrim ichin yoritgan
Oyimsan, oftobimsan.
Mashharda berilajak
Savolga javobimsan.
Dunyo mening ichimda
Oʻzga bir dunyo koʻrdi,
Boʻstonidan quvladi,
Sahroni ravo koʻrdi.
Dunyo mening ichimda
Ishq degan bir gul koʻrdi,
Rashki kelib, ayamay
Koʻksimga xanjar urdi.
Sen, deb, chekkan azobim
Boshga yoqqan rahmatdir,
Borligingni his etib,
Jonim sezgan lazzatdir.
Bir gunohim ishq edi,
Koʻrdim ming tur jafoni.
Jannatda siylagaysan
Mendek joni fidoni.
Poyingga tiz choʻkarman,
Bundan ulugʻ tavob yoʻq.
Izlang, ikki dunyoda
Ishqdan aʼlo oftob yoʻq.
Istasang
Meni qoʻrmoq istasang, gulim,
Endi meni oʻzingdan soʻra.
Uxlayotib oʻzing ham sezmay,
Aytgan gaping, soʻzingdan soʻra.
Meni koʻrmoq istasang, gulim,
Oʻtib ketgan yillardan soʻra.
Gala qumlar ostida qolgan
Choʻllardagi yoʻllardan soʻra.
Meni koʻrmoq istasang, gulim,
Suv oqizgan tuproqdan soʻra.
Yerning oʻyib olingan koʻzi –
Qurib qolgan buloqdan soʻra.
Meni koʻrmoq istasang, gulim,
Tomda oʻsgan maysadan soʻra.
Qaydaligim koʻrib turibdi,
Koʻzi ojiz kimsadan soʻra.
Men yoʻqdirman: na tuproq, na suv,
Na quyoshu na yulduz, oyda.
Balki meni topib olarsan
Yer va osmon qoʻshilgan joyda.
Jonimni ol
Jonimni ol, jonona, senga hadya etaman,
Jononasiz jonlarni itlar yesin, netaman.
Noz qilasan ming turli, soʻzlaring shirin, sirli,
Senga bersam jonimni, men oʻzimga yetaman.
Kelgin, deyman, yonimga, orom bergin jonimga,
Kelmasang ham mayliga, kelmaydi, deb, kutaman.
Mendan nari tur, desang, yiroqlarda yur, desang,
Ketmon olib, goʻr kovlab, oʻsha yerda yotaman.
Sensiz dardga davo yoʻq, bu shaharda maʼno yoʻq,
Men oʻzimni qul qilib, loʻlilarga sotaman.
Oʻldirsa, yor oʻldirsin, paymonimni toʻldirsin,
Lahadning devoriga ishqiy sheʼrlar bitaman.
Maʼno yoʻq
Hayotimda maʼno yoʻq, koʻngil sira toʻlmaydi,
Yulduz kular, oy kular, nega baxtim kulmaydi?
Umr faqat ayriliq, hijron dilga urar tigʻ,
Yor visoli lazzatin koʻnglim hali bilmaydi.
Yorsiz hayot kulfatdir, dunyo quriq tuhmatdir,
Yorsiz zotni kesak deng, odam desa boʻlmaydi.
Dunyo hayoti ozdir, boqiy dunyo hoʻb sozdir,
Ishqsiz boʻlsang, u dunyo pisandiga ilmaydi.
Bu dunyoda kamim koʻp, katta-kichik gʻamim koʻp,
Eng katta kamim ushbu, jonondan xat kelmaydi.
Rahimjon RAHMAT
“Sharq yulduzi”, 2012–6
https://saviya.uz/ijod/nazm/meni-ozingdan-sora/