Qoʻqon
Oʻrda. Nazm saroyi. Arkon.
Yuksaladi ruhing bu shondan.
Umarxondan oʻzga hech qachon
Xon oʻtmagan goʻyo Qoʻqonda.
Tun. Sayrga chiqar yulduzlar,
Yogʻdulardan sachraydi soʻzlar.
Qoʻqon osmonidan bir oqshom
Koʻkka chiqib ketgan yulduzlar.
Yuragimda gullaydi bir soʻz,
Koʻtaradi ruhim sarbaland.
Navoiyga, Hirotga soʻngsiz
Yoʻllar intiladi Qoʻqondan.
Bu Xoʻqandi Latif. Moʻjiza…
Yaraladi har lahza sirday.
Adabiyot, abadiyat qadar
Farzandlarin koʻtarar pirday.
Bu Xoʻqandi Latif. Lol ochun…
Dunyo tashlar hayratiy nazar.
Qutlagani bu tong erk bilan
Koʻkdan yerga tushar yulduzlar.
Alam
Bedavo ishq, endi alvido,
Oʻzimni unutdim, oʻzimdan ketdim.
Uni qismatimdan qilma deb ayro
Tangriga yolbordim, Tangriga aytdim.
Muhabbat oʻtida kul boʻlmoq abas,
Bahorim kelmasdan yetib keldi kuz.
Aldangan bu koʻngil koʻtarar uvvos,
Garchi sevmoqlikka arzimaysiz, siz.
Sizni qargʻamoqqa yetmaydi kuchim,
Sizni ayblamoqqa yoʻq menda asos.
Sizni telbalarday sevgani uchun
Endi bu yurakdan olaman qasos…
Oʻrik gullagan kecha
Nur tushganday bogʻning qoʻyniga,
Novdalarda gullayotir baxt.
Oppoq, harir oʻrik guliga
Manglayini urib olar vaqt.
Titrab ketar kecha hayratdan,
Tunning ohu koʻzida hadik.
Titrogʻingdan ketgudek toʻzib,
Novdalarga ingan goʻzallik.
Goʻyo qantdak oʻrik shoxiga
Farishtalar olganday qoʻnib,
Yuragimdan xuddi shu lahza
Gulgʻunchalar chiqmoqda unib.
Yashadimmi odamday zotan,
Angladimmi nima farogʻat?
Oq oʻrikday gullay olmagan
Umrim endi juda omonat.
Behishtiy bogʻ…
Bir ilohiy nur
Oqib kelar koʻkning toqidan.
Goʻyo, gullab yotganday shuur
Oppoq, harir oʻrik shoxida.
Xarsang yonida
Oʻtma bundan hargiz nopisand, illo,
Balki hasratidan chiqib yotar chang.
Koʻpni koʻrgan donishmanddir, yo,
Zikr tushib tolgan darvesh bu xarsang.
Balki asrlarning yodidan oʻchgan –
Vaqtning domida choʻkib yotgan sir.
Balki Vatan uchun jonini tikkan –
Sehru sinoatdan tosh qotgan botir.
Balki yorugʻ paygʻom, oyat, kalima
Aylantirgay uni zumda asliga.
Faqat sen poyida angla, indamay,
Quloq tut hikmati – sukut darsiga.
Manzara
Xazonrezgi bosgan yoʻllarni,
Sovuq urgan mevalar uvol.
Kuzak asir etgan gullarni
Istagancha xoʻrlaydi shamol.
Vido oni… soʻnggi soʻz aytmoq,
Daraxtlarga keladi malol.
Novdalarni darralab yaydoq,
Boʻrilardek uvlaydi shamol.
Toʻrtliklar
Har tong koʻkka boqaman ogʻir,
Ich-ichimdan kelar bir titroq.
Osmon olib ketmas, baribir,
Qoʻyvormaydi meni bu tuproq.
* * *
Nimani soʻrasang, beradi hayot,
Yurakdan tilagil, koʻtarar shonga.
Ruhim muruvvatin buradim… faqat,
Meni baxt uygʻotib qoʻysin deb tongda.
Enaxon SIDDIQOVA
“Sharq yulduzi”, 2014–2
https://saviya.uz/ijod/nazm/meni-baxt-uygotib-qoysin/