Oʻtgan yili adabiyot ahli oʻlmas asarlari bilan butun dunyo adabiyotining yirik namoyandalari qatoridan oʻrin olgan olmon shoiri Haynrix Hayne (1797–1856) tavalludining 220 yilligini keng nishonladi.
Maʼlumki, Germaniyadagi 1618–1648 yillarda boʻlgan 30 yillik urush nemis xalqini arosatda qoldirdi. Vestfaliya sulhi (1648) bu urushga barham berdi. Sulh shartnomasiga koʻra, Germaniya hududiy jihatdan mayda boʻlaklarga boʻlinib ketdi. Natijada, bir necha kichik mamlakatlar paydo boʻldi. Bu davrda Germaniya tarqoq mamlakat boʻlib, iqtisodiy-siyosiy jihatdan mushkul ahvolga tushib qolgan edi. Germaniya shunday bir qaro tun qoʻyniga choʻmgan ediki, “hatto nemis xalqining eng yaxshi va eng kuchli donishmandlari ham oʻz mamlakatlarining kelajagiga mutloq ishonchini yoʻqotib qoʻygan edilar”. Shunga qaramasdan, oʻlkada adabiy muhit ancha jonlandi. Mamlakatdagi madaniy hayot rivojiga taʼsir qiluvchi adabiy kuchlar paydo boʻla boshladi.
Haynening ota-onasi uning harbiy boʻlishini orzu qilgan edilar. Biroq Napoleonning urushdagi magʻlubiyati ularni ikkilantirib qoʻyadi. Hayneni, maktabni bitirgach, Hamburgdagi boy savdogar amakisi Salomonlar oilasiga joʻnatishadi. Salomon Hayneni savdo ishlari bilan shugʻullanishga undaydi. Hayneda bu kasbga moyillik yoʻqligini sezgach, uni huquqshunoslikka yoʻnaltiradi va moddiy jihatdan taʼminlab turadi. Ammo yosh shoir na huquqshunoslik, na tijorat sohasini suymas, uning maʼnaviy dunyosini qoniqtirmasdi. Shunga qaramasdan, Gyottengen shahrida huquqshunoslikdan tahsil olib, doktorlik unvonini oladi. Ruhiyatidagi romantikaga moyillik sabab, sheʼrlar mashq qila boshladi.
Hayne 1819–1825 yillarda Bonn, Berlin va Gyottengen shaharlarida tahsil olgan chogʻlari nemis romantizm maktabining nazariyotchisi, professor A.V.Shlegel bilan doʻstlashadi. Bu doʻstlashuv uning sheʼriyatga boʻlgan qiziqishini yanada kuchaytiradi. A.V.Shlegel uning mashqlarini koʻzdan kechirib, sheʼriyat sirlaridan boxabar qilib boradi. Shoir bir vaqtning oʻzida faylasuf Gegelning maʼruzalariga ham qatnaydi. Shu tariqa adabiyot va falsafa Hayne hayotining asosiy mazmuniga aylanadi. Uning inson ruhiyatidagi ogʻriqli nuqtalar, joʻshqin hislar yorqin ifodalangan kichik janrlardagi sodda, taʼsirchan sheʼrlari ohangdorligi, musiqiyligi bilan xalq orasida keng tarqalgan, qoʻshiqqa aylangan. Shulardan eng mashhuri tabiat manzaralari goʻzal ifodalangan “Bilmam nedan beradi darak” deb boshlanuvchi afsonaviy olmon xalq qoʻshigʻi “Loreleya”dir. Bu qoʻshiq turli davrlarda, turli munosabatlar bilan oʻzbek tiliga oʻgirildi va vaqtli matbuotda sheʼrning bir necha tarjima variantlari paydo boʻldi. Sheʼrning birinchi bandi shunday jaranglaydi:
Bilmam nedan beradi darak
Gʻam oʻtida yonaman chandon
Bir ertakkim qadim-qadimdan
Tinchlik bermas biror lahza, on[1].
Sekin-asta uning ijodida lirik va epik elementlarga boy romantik kayfiyat yuzaga kela boshladi. Hayne oʻzini romantizmning yetakchi vakili sifatida namoyon qildi. Bu yoʻnalishda qalam tebratgan barcha ijodkorlar, ular sanʼatning qaysi turiga daxldor boʻlmasin, asarlarida qahramonlarining oʻtmish voqea hodisalaridan hayratlanishiga, tabiat goʻzalliklaridan taʼsirlanishiga, inson tuygʻularining rangin ohanglarini romantik ruhda akslantirishga urgʻu berganlar. Bu yoʻl Haynega ham tegishli edi.
Uning sheʼriyatida yurak qaʼrida yashiringan oshiqona ehtiroslar, siru sinoatlar, inja tuygʻular, rad etilgan sevgi, afsonaviy ishq yuksak pardalarda kuylanadi. Ishq iztiroblarini boshidan kechirayotgan shoir tuygʻulariga quloq tutamiz:
Bila turib chekkan azobim
Qanday qilib uxlaysan begʻam?
Gar qoʻzgʻalsa eski gʻazabim
Parchalagum kishanlarni ham.
Eslaysanmi, koʻhna qoʻshiqda
Ellar shuni naql etganin:
Murda yigit tunda yorini
Qora goʻrga olib ketganin.
Chiroyligim, seni deganman,
Soʻzlarimga ishon, koʻnik, san.
Men hayotda tirik ekanman.
Kuchliroqman barcha oʻlikdan.
(Xayriddin Saloh tarjimasi).
Hayne asarlarida ohang va ranglar garmoniyasi oʻzaro birlashib, singishib ketganki, ohori toʻkilmagan satrlar shuurimizga, idrokimizga bexosdan oqib kirib kelganini sezmay qolamiz. Bu holat, aytish mumkinki, uning butun nazmi uchun xos xususiyat sanaladi. Hayne qanchalik romantik boʻlmasin, shu qadar realist ham edi. Uning sheʼriyatida romantizm bilan realizm ijodiy usuli omuxta boʻlib ketgan, deyish mumkin. Bu holatga uning “Germaniya. Qish ertagi” poemasi, “Sileziya toʻquvchilari”, “Madhiya” kabi ozodlik, erkinlik va haqiqat mavzui kuylangan siyosiy qoʻshiqlarini oʻqiganimizda guvoh boʻlamiz.
Demak, Hayne romantik shoir sifatida hayot haqiqatlarini tahlil qilishga harakat qilar ekan, bir vaqtning oʻzida romantik tuygʻularini jilovlab, realist sifatida siyosiy ozodlik va milliy erk, baxt-saodat uchun kurashayotgan hujumkor nafosatshunosga aylanadi. U oʻzi haqida: “Nemis lirika maktabi men bilan tugaydi va ayni paytda yangi, zamonaviy lirika maktabi boshlanadi”, – degan edi. U nemis yozuvchilari orasida birinchilardan boʻlib, nemis romantizm maktabining yemirilayotganini tan olgan, XIX asr nemis adabiyotida endigina paydo boʻlayotgan tanqidiy realizm adabiy yoʻnalishi uchun kurashgan shoirdir. Demak, shu nuqtai nazardan qaraganda uni tanqidiy realizm adabiy yoʻnalishining asoschisi ham deyish mumkin.
Hayne adabiy merosi nemis adabiyotshunosligida uch davrga boʻlib oʻrganiladi. Birinchi davr 1817–1830 yillarni oʻz ichiga oladi. Bu davrda uning ilk sheʼrlari turli xil gazeta va jurnallarda chop etilgan.
1827 yilda “Yoshlik iztiroblari”, “Lirik intermetsso”, “Vatanga qaytish”, “Shimoliy dengiz” kabi qismlardan iborat lirik toʻplami – “Qoʻshiqlar kitobi” nashr boʻldi. Bu asar olmon lirikasida Gyotedan keyingi muhim hodisa ekanligini koʻplab olmon hayneshunoslari, munaqqidlari taʼkidlaydilar. Mashhur nemis xalq qoʻshigʻi “Loreleya” ham shu toʻplamdan joy olgan.
Shoir ijodining ikkinchi davri (1831–1846) emigratsiya yillariga toʻgʻri keladi. “Germaniyada falsafa va din tarixi” (1834), “Romantizm maktabi” singari asarlarida ijtimoiy-tarixiy, adabiy, diniy va falsafiy intilishlar aks etadi. Maqolalarida nemis adabiy tili va adabiyotiga asos solgan M. Lyuter, Lessing, Kant, Fihte kabi nemis faylasuflari portretini yaratadi.
Ijodining uchinchi davri (1846–1856) da falsafiy va siyosiy qarashlarining yorqin ifodasi boʻlgan asarlar yaratdi. “Germaniya. Qish ertagi” poemasi buning misolidir.
Shoir hayoti iztirob va mashaqqatlarga toʻla kechgan. Hayne davlat xizmatchisi boʻlib ishlashni xohlardi. Ammo davlat ishlariga joylasha olmaydi, chunki uning erkinlikka, ozodlikka daʼvat etuvchi, aristokratlar, katta yer egalariga berilgan siyosiy huquqlar barchaga berilishini talab qilib yozilgan asarlari yuqori idoralarga yoqmas edi. Natijada, shoir ijodiy taqiqqa uchrab, qoʻlyozmalarini chop qilish man qilindi.
Bu yillar ichida shoir har tomonlama ruhan eziladi, oʻzini yolgʻiz his qila boshlaydi. Taʼqiblardan tinkasi qurib, 1831 yilda Parijga koʻchib ketishga majbur boʻladi.
Hayne 1841–1846 yillarda Parijda yashagan. Bu davrda Fransiyada ijtimoiy-siyosiy muhit birmuncha shaffof boʻlib, ozodlik gʻoyalari hukmron edi. 1843 yil Hayne Parijda paytida Balzak, List, Berlioz, G. Zand, Gyugo, Mendelson, Shopen singari maʼrifatparvar ijodkorlar bilan tanishadi. Fransuz adabiy-madaniy hayotida faol qatnashib, siyosiy voqealardan, ijtimoiy oqimlardan olmonlarni xabardor qilib turadi. Matbuot xodimi sifatida ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtirishga, ular oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini bogʻlashga harakat qiladi. Nemis munaqqidi va tarixchisi F.Mering: “U oʻzini Parijda xuddi baliq suvda suzganday his qildi, begona oʻlkada yashasa ham u joyni oʻz yeridek koʻrdi va oʻzligini yoʻqotmadi”, degan edi. Ammo shoir Parijda ham bir umr vatani Germaniyani qoʻmsab, sogʻinib yashadi. Uning “Endi u bir tush” sheʼrida shunday mazmundagi misralar bor: Ajib Vatan bor edi menda, Dub oʻsardi azamat, ulkan /Binafshalar mudrardi nafis, Endi u bir tush/ Vatan suyar edi nemischa, Va nemischa oʻpardi meni.
Sheʼrda umuminsoniy tuygʻular kuyga solingan. Sogʻinch tasviridagi badiiy boʻyoqlar quyuq. Shoir “Vatan suyar edi nemischa, Va nemischa oʻpardi meni” der ekan, tugʻilgan yurti Germaniyaga ishora qilmoqda, uning kelajagiga katta umid bogʻlamoqda. Sheʼrdagi “binafsha” esa erk, ozodlik majoziy maʼnolariga ega. Shoir asarini bejizga “Germaniya. Qish ertagi” deb nomlamagan. Biz bu timsolni Choʻlponning ijodida ham koʻrishimiz mumkin. Choʻlponda ham “binafsha” erk, ozodlik timsoli sifatida berilgan. Ikkala shoirda ham motiv, gʻoya, maqsad binafsha obrazi orqali erk va ozodlikka boʻlgan intilishni badiiy ifoda ettirishdan iborat.
Choʻlpon Hayneni oʻqigan, tarjima qilgan, undan taʼsirlangan. Shoirning:
Hamma esnab turdi, quloq solmadi,
Qaygʻumni gapirib bergan vaqtimda.
Meni alqamagan kishi qolmadi,
Qaygʻumni nazmga tergan vaqtimda.
misralarini oʻzbekchalashtirgan. Shu maʼnoda, Choʻlponni Haynening ilk oʻzbek tarjimoni deyish mumkin.
Bundan tashqari, Haynening “Sileziya toʻquvchilari” sheʼri 30-yillarda buyuk shoir Oybek, “Goʻzal baliqchi qiz”, “May oyida” lirik sheʼrlari Amin Umariy, “Germaniya. Qish ertagi” dostonidan parchalar ustoz tarjimon Mirtemir tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilgan.
Oybek va Mirtemir tarjimalari jamlanib, 1941 yilda “Lirika” nomli toʻplam bosmadan chiqdi. Shundan soʻng Hayne asarlarining umumiy gʻoyasi, qahramonlari ijodkorlarimiz maʼnaviy dunyosiga chuqur kira boshladi. Haynening oʻzbek tarjimonlari safiga Maqsud Shayxzoda, Gʻafur Gʻulom, Jumaniyoz Jabbor, Xayriddin Saloh, Abdulla Sher, Muhammadali Qoʻshmoqov, Olimjon Xoldor, Sadriddin Salim Buxoriy kabi shoirlar kelib qoʻshildilar.
“Germaniya. Qish ertagi”dostoni XIX asr jahon sheʼriyatining eng yaxshi namunalaridan hisoblanib, uning rus tilida oʻn toʻqqizta tarjima varianti bor. Doston toʻliq holda isteʼdodli shoir Abdulla Sher tomonidan tarjima qilindi. Abdulla Sher tarjima jarayonida asarning ruscha varianti bilan birgalikda jahon hayneshunoslarining tadqiqotlaridan ham keng foydalandi.
Haynedan oʻqib oʻrganish, tarjimalar qilish ijodkorlarimiz hayotida beiz, besamar qolmadi, uning badiiy mahoratidan ijodiy taʼsirlandilar. Xususan, atoqli shoir Abdulla Oripov, Pushkin, Gyote, Bayron qatori Hayne ijodini mehr bilan oʻrgandi, uning yoniq qalbini, ilohiy muhabbatini chuqur his qildi. Undan ilhom oldi.
Chunonchi,
Reyn boʻylaridan Hayne ham shunda,
Goʻzal Loreleya tinglar sirini
Bir qoʻli inqilob nogʻorasida
Amaliya tomon choʻzgan birini,
desa, yana bir joyda:
Sen Pushkinning sevgan malagi,
Sen Gyote orzu etgan qiz.
Sen Bayronning qalbin sadafi,
Sen Hayneni yondirgan yulduz,
deydi.
Xulosa qilib aytganda, Hayne talqinidagi ezgulik gʻoyalari xalqimiz qalbida ham aks-sado berib, ijodkorlarni ilhomlantiruvchi ijod gulshani, tadqiqotchilar uchun boy manba boʻlib xizmat qilmoqda.
Roviyajon ABDULLAYEVA,
filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti”, 2018/1
[1] Tarjima muallifniki.