“… men telba sargardon hanuz”

Sel un chektiyu savdo menda bepoyon hanuz,

Dasht sarsabz oʻldiyu men telba sargardon hanuz.

 

Gunbadin qildi imorat gʻunchaning yoz yomgʻuri,

Telba koʻnglum uyi savdo selidin vayron hanuz.

 

Har quruq shox oʻldi dasht uzra sabodin hullapoʻsh,

Tinmagʻur jismim junun vodiysida uryon hanuz.

 

Tong nasimi birla nayson yomgʻiri, ne sudkim,

Ohu ashkim dahr aro har dam solur toʻfon hanuz.

 

Yongʻil, ey Isodamim, husnung bahori haqqikim,

Bordurur muhlik jununimgʻa davo imkon hanuz.

 

Ne osigʻ har oq gul oʻlsa marham uchun bir momuq,

Chunki chiqmaydur yaramdin gʻunchadek paykon hanuz.

 

Dasht hayvoni qocharlar suhbatimdin rom qilib,

Aqli yoʻq nosih gumon aylar meni inson hanuz.

 

Kom yeturmak gʻanimat angla holat ahligʻa,

Ey gʻaniy, bu damki koming birladur davron hanuz.

 

Shayx manʼ aylar junun har dam Navoiygʻa, koʻrung,

Kim bahor ayyomida oqildur ul nodon hanuz.

 

Alisher Navoiy gʻazallarini mutolaa qilar ekanmiz, shoir koʻp oʻrinlarda oʻz lirik qahramonini telba, majnun, savdoyi deb ataganligi, uning holatini tasvirlashda “junun”, “savdo”, “devonalik” soʻzlaridan foydalanganining guvohi boʻlamiz. Shoirning mashhur gʻazallaridan biri

 

Junun vodiysida moyil koʻrarmen joni zorimni,

Tilarmen bir yoʻli buzmoq buzulgʻon roʻzgʻorimni.

 

deb boshlanadi. Boshqa bir gʻazalida u:

 

Mening majnunlugʻumgʻa ishqu savdo erur bois,

Va lekin bu ishga bir pariy paykar erur bois.

 

deb yozadi. Oʻzining “Yuzi gulchehra soqiyning tarab hukmiga tugʻrodur” deb boshlanuvchi gʻazalida Navoiy lirik qahramonning savdosi xirad ahlini ham savdoyi qilishi mumkinligini ifodalovchi shunday misralarni bitadi:

 

Damim dudi xirad ahlin qilur har lahza savdoyi,

Dimogʻimda koʻrung ul zulf mushkidin ne savdodur.

 

Buyuk mutafakkir shoir devonlarida yuqoridagi singari baytlarning koʻp uchrashi tasodifiy hol emas, balki shoir lirikasining mazmun-mohiyati, unda inson qalbining kechinmalari va dardlarining aks ettirilishi bilan bogʻliqdir. Zero, telbalik va junun, savdoyilik va devonalikning zimnida inson dardi, alami, iztiroblari yotadi. Shoirning lirik qahramoni koʻngil kishisi, dardmand inson. Navoiyning “Gʻaroyib us-sigʻar” devoni tarkibiga kirgan:

 

Sel un chektiyu savdo menda bepoyon hanuz,

Dasht sarsabz oʻldiyu men telba sargardon hanuz –

 

matlaʼsi bilan boshlanuvchi gʻazali ham ana shunday inson, lirik qahramon kechinmalari tasviriga bagʻishlangan. Gʻazal toʻqqiz baytdan iborat. Sanʼatkorona bitilgan matlaʼdagi soʻz va iboralar bir-biri bilan oʻzaro bogʻliq, jumladan, birinchi misradagi “sel” – savdo bilan, ikkinchi misradagi “dasht” soʻzi – telbalik, sargardonlik bilan assotsiatsiya hosil qiladi. Lekin asosiysi bu emas. Gap shundaki, sel – bu suv. Savdo esa – dard, yaʼni oʻt. Suv oʻtga taskin berishi, uni oʻchirishi lozim. Lekin bunday boʻlmayapti. Sarsabz boʻlgan, yaʼni yashnagan, yam-yashil oʻtlar bilan qoplangan dasht koʻrinishi lirik qahramonga orom bagʻishlashi, uning koʻngliga tasalli berishi lozim edi. Lekin qahramon hanuz taskin topmagan, telba va sargardon. Shoirning “Sel un chektiyu (hayqirdi, ovoz berdi) mening savdom hanuz bepoyon, dasht yashnab koʻkardi-yu, men telba hanuz sargardonman” deb yozishining sababi shunda.

 

Gʻazalning ikkinchi bayti quyidagicha:

 

Gunbadin qildi imorat gʻunchaning yoz yomgʻuri,

Telba koʻnglum uyi savdo selidin vayron hanuz.

 

Mazmuni: Yoz yomgʻiri gʻunchaning gumbazini bino qildi, mening telba koʻnglim esa hanuz savdo selidan vayrondir.

Keyingi baytlarda muallif oʻz badiiy niyatini quruq shox va lirik qahramonning jismi, tong nasimi va qahramon ohi, nayson yomgʻiri va qahramonning koʻz yoshlari oʻrtasidagi parallelliklar vositasida amalga oshiradi va shu tariqa oʻz qahramonining holatini chuqur tasvirlab berishga erishadi:

 

Har quruq shox oʻldi dasht uzra sabodin hullapoʻsh,

Tinmagʻur jismim junun vodiysida uryon hanuz.

 

Tong nasimi birla nayson yomgʻiri, ne sudkim,

Ohu ashkim dahr aro har dam solur toʻfon hanuz.

 

Lirik qahramonning jununi qanchalik kuchli, uning dardi naqadar ogʻir boʻlmasin, hali uning najot topish imkoni bor. Buning uchun uning huzuriga yor qaytishi lozim. Faqat ugina majnunning (lirik qahramonning) dardiga davo boʻla oladi:

Yongʻil, ey Isodamim, husnung bahori haqqikim,

Bordurur muhlik jununimgʻa davo imkon hanuz.

 

Har bir oq gul uning yarasiga marham uchun paxta boʻlsa ham, endi buning foydasi yoʻq, chunki gʻunchaga oʻxshash paykon (oʻq uchi) hanuz uning yarasidan tashga chiqmagan:

 

Ne osigʻ har oq gul oʻlsa marham uchun bir momuq,

Chunki chiqmaydur yaramdin gʻunchadek paykon hanuz.

 

Aqlsiz nasihatgoʻygina uni hamon inson deb oʻylaydi, holbuki dashtdagi vahshiy hayvonlar ham lirik qahramonimizdan oʻzlarini olib qochadilar:

 

Dasht hayvoni qocharlar suhbatimdin rom qilib,

Aqli yoʻq nosih gumon aylar meni inson hanuz.

 

Sheʼrning navbatdagi bayti nasihat tarzida bitilgan:

 

Kom yeturmak gʻanimat angla holat ahligʻa,

Ey gʻaniy, bu damki koming birladur davron hanuz.

 

Gʻazal lirik qahramonning uni junundan manʼ etgani sababli shayxga qilgan maʼnosini ifodalovchi quyidagi maqtaʼ bilan yakun topadi:

 

Shayx manʼ aylar junun har dam Navoiygʻa, koʻrung,

Kim bahor ayyomida oqildur ul nodon hanuz.

 

Endi mazkur sheʼrning rus tiliga A. Krongauz tomonidan qilingan tarjimasi haqida mulohaza yuritaylik. (Alisher Navoi. Sochineniya v 10 tomax. T. 1. Sokrovishʼnitsa miʼsley. Str. 117. Tashkent, “Fan”, 1968).

Gʻazalning birinchi bayti xususida biz yuqorida soʻz yuritdik. Uning qanchalik mahorat bilan bitilgani, undagi soʻz va iboralarning oʻzaro bogʻliqligi, baytning umumiy mazmuni haqida toʻxtalib oʻtdik. Bu yerda oʻsha fikrlarni takrorlashga hojat yoʻq, deb oʻylaymiz va matlaʼning tarjimasini keltirish bilan cheklanamiz. Yuqorida eslatib oʻtilgan maʼno-mazmun, muallifning mahorati bayt tarjimasida oʻz aksini topgan-topmagani xususida oʻquvchilarning oʻzlari xulosa qilishlari mumkin:

 

Melanxoliya bezbrejney zaburlivshego ruchya,

Step zatoplena, bezumsem tam yeshʼe blujdayu ya.

 

Gʻazalning ikkinchi bayti shunday oʻgirilgan:

 

Liven – kupolom nad rozoy. No, razrushiv, ponesla

Zdanye moyego bezumya melanxolii struya.

 

Baytning avvalgi misrasi tarjimasida muallifning matnga erkin yondashuvi koʻzga tashlanadi. Asliyatida atirgul (roza) haqida gap yoʻq. Unda Navoiy yoz yomgʻiri tufayli gul butasida gʻuncha paydo boʻlganini tasvirlaydi va bunda gʻuncha shakli bilan gumbaz koʻrinishi oʻrtasida oʻxshashlik borligidan foydalanadi: “Gunbadin qildi imorat gʻunchaning yoz yomgʻiri”. Tarjimasida esa “Sel – atirgul ustida gumbaz” (“Liven – kupolom nad rozoy”) boʻlib qolgan.

Uchinchi baytda “sabo”ning “bura” deb olinishi ham uncha maqbul emas:

Kajdiʼy suk suxoy odela burya piʼlnaya v stepi,

S obessilennogo j tela sorvaniʼ klochki tryapya.

 

Keyingi baytda tarjimon “nayson yomgʻiri”ni “osenniy dojd” (“kuz yomgʻiri”) deb oʻgirgan:

 

Yesli vzdoxi vse i sleziʼ, kak potop, chto tolku mne

I ot utrennogo vetra i osennego dojdya.

 

Aslida esa “nayson yomgʻiri” – bahorda, aniqrogʻi, aprelda yogʻadigan yomgʻir. (Nayson – suryoniy oylarning yettinchisi, aprel).

Navbatdagi bayt tarjimada tashlab ketilgan. Bunday qisqartirishlar Navoiy gʻazallarining rus tiliga qilingan tarjimalarida uchrab turishi va bu hol sheʼrlarning mazmuni hamda kompozitsion yaxlitligiga putur yetkazishi haqida oldingi maqolalarimizdan birida toʻxtalib oʻtgan edik. Mazkur gʻazaldagi qisqartirish ana shu fikrlarning toʻgʻriligini yana bir bor tasdiqlaydi.

“Gʻunchaga oʻxshash paykon (oʻq uchi) hanuz yaramdan chiqmagan, shunday ekan, har bir oq gul marham uchun paxta boʻlsa ham buning foydasi yoʻq” mazmunidagi oltinchi baytning tarjimasi quyidagicha:

 

Budet vatoyu s lekarstvom beloy roziʼ lepestok,

Kol iz raniʼ – krasnoy roziʼ – strel ne viʼnut ostiya.

 

Yuqoridagi misralardan shunday maʼno chiqadi: “Yaradan – qizil atirguldan – oʻq uchi chiqarib olinmagan ekan, oq atirgul bargi unga dori surtilgan paxta boʻladi”.

Koʻrinadiki, tarjima asliyat mazmuniga muvofiq emas.

Gʻazalning yettinchi (tarjimada oltinchi) bayti nasihatgoʻyga murojaat shaklida oʻgirilgan boʻlsa, sakkizinchi baytida asliyatdagi shakl (gʻaniyga murojat) saqlangan. Bu ikki baytda tarjimon, har qalay, asliyat mazmuni va badiiyatini ifodalay olgan:

 

O sovetchik, tiʼ schitayesh, chto yeshʼe ya chelovek,

No ya stal v pustiʼne dikoy pugalom i dlya zverya.

 

Ispolnyat lyudey jelanya sluchaya ne upuskay,

O bogach, poka tiʼ vlasten nad techenyem biʼtiya.

 

Gʻazal maqtaʼsida shayxga nisbatan keskin taʼna mavjud va tarjimada bu maʼno yumshatilgan holda ifoda etilgan:

 

Sheyx bezumye proganyaet ottogo, chto v dni vesniʼ

Sheyx ne znayet, kak bezumna, Navoi, dusha tvoya.

 

Tadqiqotchilar tomonidan qayta-qayta taʼkidlanganidek, Navoiy sheʼriyati teran mazmuni, nozik badiiyati bilan ajralib turadi va oʻzida genial shoirning takrorlanmas mahoratini namoyish etadi. Bu xol oʻz navbatida, shoir sheʼriyatini tahlil qilish, sharhlash, tarjima qilishga oʻta masʼuliyat bilan yondashishni taqozo qiladi.

 

Qodirjon ERGASHYeV,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/men-telba-sargardon-hanuz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x