Kecha dam olish kuni edi.
Allanechuk parishonxayolligim oshib, kun sayin hech narsaning qizigʻi qolmayotganday. Toʻqqiz qavatli binoning toʻqqizinchi qavatidagi laylakning uyasidek ikki xonali uydan zarurat boʻlmaganda chiqqim kelmaydi. Avvallari, qattasiz, qachon kelasiz, deganicha holi jonimga qoʻymagich xotinim ham, biror joyga chiqib aylanib kelsangiz boʻlmaydimi, deya endi teskarisini aytadi.
Yoʻq, deyman, yoʻq!
Asab. Televizor koʻrmang, gazeta-jurnallar oʻqimang, koʻproq dam oling – ketmon chopib, oʻroq oʻrdimmi? Oson ekan-da.
Yoʻlakdan kiraverishda, oʻng tomondagi devorga oʻrnatilgan pochta qutilari oʻz-oʻzidan qayoqqadir gʻoyib boʻlgan – gazeta-jurnallar oʻqimang emish. Televizor koʻrmang emish. Uning qarshisidagi divanda yonboshlab, barcha kanallarni birma-bir koʻrishdan durustroq ermak bormi?
Kecha tushdan keyin, soat uchda soy boʻyidagi choyxonada hamqishloqlar yigʻilib, osh qiladigan boʻlishgan edi. Ozodqul meni uch kun avval ogohlantirib, domla, boshqa zakaz olib qoʻymay, albatta keling, degan edi. Uning otasi bilan maktabdoshman. Bizdan ikki sinf balandda oʻqigan. Kechagidek eslayman.
Ozodqulga bergan vaʼdamga koʻra oʻrnimdan turib otlanayotgan edim, birdan borgim kelmay qoldi.
– Bormaysizmi?
– Yoʻq.
– Uyda yakkamoxov boʻlib oʻtiravering.
– Oʻtiraveraman.
U yana nimadir demoqchi boʻldi, aytmadi. Qoshini chimirib, oshxona tomon yoʻnaldi. Soʻnggi paytlarda munosabatlarimizda mana shunaqa ohanglar ustunligiga ham sekin-asta koʻnikib boryapmiz.
Kechqurun odatdagidek televizor qarshisidagi divanga choʻkdim. Jajjigina qizcha chiqdi. Matematika fanidan qandaydir tanlov gʻolibi boʻlgan ekan. Shunisiga qiziqdim. E xudo, matematika haqida bir ogʻiz ham gapirmasa-ya?! Oʻzining shu darajaga yetishida mahallasining, ota-onasining oʻrni haqida baloday maʼruza qildi. Qanaqa qilib oʻrgatishdiykin?
Keyin katta ishni doʻndirib qoʻygandek ogʻzi qulogʻida bir odam ekranda qora berdi. Qizchaning otasi ekan. Uni qayerdadir koʻrgandek edim. Qizini maktabda ham oʻzi oʻqitar ekan, boshqalarga qanday talabchan boʻlsa, qiziga ham shunaqa ekan. Demak, uyam matematik, ammo mahmadanaligiga qaraganda, misol yechishdan koʻra gapni koʻproq doʻndiradi. Ehtimol unga ham talabaligida oʻzim dars bergandirman. Kim bilsin, umrimning koʻp qismi shunaqalarni odam qilaman, degan orzu bilan oʻtdi.
– Serial koʻrasizmi?
Oshxonadan qaytib keldi.
– Yoʻq.
Pultni divanga tashlab, oʻrnimdan qoʻzgʻaldim.
– Siz bularni oʻqing.
Qoʻlimga ikkita sariq matbuot deb ataluvchi koʻcha gazetasini tutqazdi.
Bunaqa gazetlaringni oʻzing oʻqi, demoqchi boʻldim-u, yana san-manga borib oʻtirmaslik uchun indamay qoʻya qoldim. Xonamga kirdim.
Shiftga qarab chalqancha yotdim. Allaqanday sillani quritib yuboradigan zerikishni his etdim.
Onamni esladim. Meni qishloqda olib qolaman, deb ne zahmatlar chekmadi boyoqish. Boshingni ogʻritib nima qilasan, oldimda oʻtir, qavmu qarindosh, qoʻni-qoʻshnilaring orasida yurmaysanmi, uzoqlarda sanqib bir burda ortiqcha non topganing nima boʻlardi, derdi. Axiyri, taqdirga tan bergach, oʻqiyman deb ochin-toʻqin yurma, oshxonaga kirib qorningni toʻygʻazib-toʻygʻazib ol, deb oʻrgatishdan charchamasdi. Shu Ozodqulgayam rahmatli onam tayinlab qoʻygan. Devor-darmiyon qoʻshnimiz, qolaversa, kichiksan, tez-tez xabar olib tur, bir-biringga hampo boʻlib yuringlar, oʻzini yolgʻiz qoldirmanglar, degan – bir kuni shirakayfligida aytib yuborib, buvim juda ajoyib kampir edilar-da, devdi. Oʻsha-oʻsha, yosh bolagayam shunaqa gap gapiradimi deb goh rahmatlidan, goh bu gapni boshqalar oldida doston qilgan Ozodquldan domangir boʻlib yuraman.
Oʻzi, bugun borsam ham boʻlarkan… Soatga qarayman, endi kech. Mijjalarim namlanganini birov koʻrmagani yaxshi boʻldi. Ayniqsa, anavi…
Oʻzimni ovutish uchun gazetaning birinchisini ochdim. Hammasi krossvord, chaynvord degan narsalar ekan. Yana allaqanday eʼlonlar, reklamalar. Oʻzini-oʻzi qoplashi kerak. Boyoqishlar – barcha yugur-yugur bilan ovora.
Ikkinchi gazeta ham birinchisidan qolishmasdi. Teledasturlar sahifasidan keyingi betni ochib, gʻalati uch nuqtalarga koʻzim tushdi. Chamasi, bu uch nuqtalar sarlavha oʻrnida edi. Ammo uning ustida na biror ism-sharif, ostida na biror bir janr koʻrsatilgan edi. Uch nuqtalarning yettita ekanligi va tobora kattalashib borgani meni ajablantirdi. Keyin bunga eʼtibor bermay, ostidagi matnni oʻqishga tutindim.
…….
Tuman markazi oʻrtasidan kesib oʻtgan, qachonlardir asfalt yotqizilgan yoʻlning qor va yomgʻirdan oʻydim-chuqurlashgan joylariga shagʻal toʻkilgan – tepadan qaraganda yamoqchining toʻrvasiday koʻrinadi.
Yoʻl boʻyida toʻxtagan koʻk rangdagi “Otayoʻl”[1]ning oldingi eshigi ochildi.
Undan bir ayol tushdi. Avtobus joyidan siljidi.
Burni tanqaygan, koʻzlari changdanmi, charchoqdanmi qizarib ketgan haydovchi ortiga oʻgirilib, qalin lablarini choʻchchaytirdi va zarda qilayotgandek xirilladi:
– Qolganlar hamma bozorgami?!
– Ha, bozorga-a! – yoʻlda tushirib qoldirilishidan xavotirlangandek chuvillash quloq qasmoqlari oralab oʻzini ichkari urgach, haydovchi qiyofasiga mamnunlik ifodalari balqib, koʻkragini rulga berdi va gazni qattiqroq bosdi.
Avtobusdagilar hanuz tushib qolgan ayolni unutisholmasdi – bechoraga qiyin boʻpti; yana ikki yilgina chidashsa boʻlardi; oʻn yil oldin qonun chiqqan ekan; shu choqqacha nega indashmapti; kerak boʻlgan-da; endi yangilarga ish topib berish kerak ekan; koʻp yugurdi shuyam; uyda oʻtirgani bilan ustidan eshik qulflanib qolsa nima qiladi; ha-a, boshida tugʻi boʻlgandayam boʻlak gap edi; oʻgʻli oʻqishini bitirib olgandayam mayliydi…
Avtobus gavjum joyga kirib bordi.
Deraza-tirqishlardan yopirilayotgan shovqin-suron yoʻlovchilarni chalgʻitdi – yalakatlik mahv boʻldi. Hademay oʻzlari borib qoʻshiladigan izdihomga ichlari qizigancha boshlarini koʻtarib qaray boshladilar. Narsalarini qoʻllariga olib, hali bir joyda muqim toʻxtamagan avtobusni tark etish harakatiga tushishdi.
Yoʻlda qolgan ayolning boshi aylanib oʻziga kelolmas, avtobusdagilarning biri olib, biri qoʻygancha hamdardlik qilmoqchi boʻlishgani xayolini tark etmagan, quloqlari ostida shovqin gʻuvillardi – qoʻysangiz-chi, egachi, shuncha yil ishladim deb nervingizni buzavermang, nari borsa tarbiyachi ekansiz, ket degandan keyin etak silkib keting, yurasizmi; ha-a, shuncha vaqt ertani erta demay, kechni kech demay umrini berib ishlab kelyapti ekan, nogiron bolalar bilan hazilmi sizga, nega endi nafaqaga yaqin qolganda ketaverar ekan, haq-huquqini talab qilsin; avvaldan bilmagan-da, bilganida institutda oʻqib olardi; sirtqisi boʻlsa ekanki oliy maʼlumot olsa, qariganda farzandi tengilar bilan partada oʻtirsinmi; undan koʻra bozorga chiqsin, mana bizniyam kunimiz oʻtib turibdi-ku…
Ayol beixtiyor toʻkila boshlagan koʻz yoshlarini roʻmolining bari bilan artib oldi – yaxshiyam, shular bor ekan, odamni yolgʻizlatib qoʻyishmaydi; qani, yana bir harakat qilib unnab koʻrsin-chi, zora, arzi-dodiga yetib rahm qilishsa, bozor qochmas, keyin ham boʻlaveradi; anov opa ham aytdilar-ku, bunaqa boʻsh-bayov boʻlib yurmang, biz ham siz tomonda, deb; bizga oʻxshaganlar ham koʻp ekan-da, qayoqdan ham bilishsin edi bunaqa boʻlishini…
U burnini tortib, tevarak-atrofga alangladi. Nariroqda oʻsgan gullar ustiga kapalaklar uchib-qoʻnishardi – u yoshligini, ota-onasini esladi, chuqur xoʻrsindi.
Yoʻlning narigi tomonidagi qoʻqqaygan muhtasham binoga nimalarnidir yodiga keltirmoqchi boʻlgandek koʻzlarini qisib qaradi. Keyin bir fikrga keldi, shekilli, sirti qoʻpchib olapesga aylangan sumkasini yelkasiga ilib, yoʻlni kesib oʻtdi.
Tepada oftob qizdirar, tevarak-atrof kimsasiz – devorlar ostidan yulinmay qolib quvragan oʻt-oʻlanlarni makon qilgan chirildoqlar chirillashi quloqqa chalinadi. Holsizlangan ayol tosh yoʻl va devorlar purkayotgan olovga dosh berishning yagona yoʻlini topgandek, ozgʻin yelkalarini yoydek egib oldi. Muhtasham bino baland temir panjara bilan oʻralgan, uning kirib-chiqar eshigi qaydaligi, umuman, unda shunaqa narsa bor-yoʻqligi nomaʼlum edi.
Binoga olib boradigan yoʻl tobora torayib, yigirma-oʻttiz qadam qolganda tugadi, chap va oʻng tomonlarga yolgʻizoyoq yoʻlakcha boʻlib boʻlinib ketdi – tanla qay birini boʻlsa ham degandek ikki qanotda mayda daldalar moʻltirab turishardi. Goh u yoqqa, yana goh ikkinchi u yoqqa qarayotgan ayol chap tomonga burilib yura boshladi va koʻp oʻtmay yoʻli toʻsilmish binoga qaraganda koʻrimsizroq boʻlib turgan manzilga yetdi. Izlab kelgan joyi shumikan-boshqamikan?
U hadiksirayotgandek orqa-oldiga qarab oldi.
Panjaralar ortida quyuq daraxtzorning salqin epkini tashqariga ham urib turgani boisidanmi, boshqa sababdanmi, ayol tomogʻi ostidan roʻmolini ozroq boʻshatib, yengil nafas olgandek boʻldi – xayriyat.
Chap tomondagi yolgʻizoyoq yoʻl olib kelgan bino haqiqatdan ham u istagan joy edi. Bir muammo – toʻsiq, bino bogʻcha hovlining toʻrida joylashgan boʻlib, u yoqqa borish uchun panjaralar orasidagi panjara eshikni ochib, ichkariga kirishda edi. Bu oʻz-oʻzicha boʻlmasdi – ichkarida qopagʻon it-pit yoʻqmikan, degan qoʻrquvdan tashqari boshqa andishalar ham birovning koʻcha eshigi qarshisidagi kabi ayolni toʻxtatib turardi.
U avval qoʻngʻiroq tugmasi bormikan, degan ilinjda panjaralar panjalariga diqqat bilan nazar soldi va navqiron navkar nayzalaridek tikraygan temirlarning jipsligini koʻnglining bir chetidan oʻtkazib, bitta-yarimtaning qorasi koʻrinib qolishidan umidvorday tevarak-atrofga alanglab oldi. Chirildoqlar chirillashidan oʻzga qilt etgan tovush quloqqa chalinmas, avtobusdan tushganida unga dalda bergandek tuyulgan kapalaklar ham katta yoʻl boʻyidagi gulzorda qolgan edi.
U panjaralar orasida siqilib turgan panjara eshikni ochishga jazm etdi. Oʻng qoʻlidagi sumkasini chap qoʻliga oldi va oʻng qoʻlini koʻtarib qora panjaraga yopishtirib qoʻyilgandek oq dastani ushladi. Ushlagan narsasi nima ekanligini idrok etmoqchi boʻlayotgandek birpas qoʻyvormay turdi, soʻngra bu matohning ishlash mexanizmini eslab qolgandek, uni pastga qayirib oʻziga tortdi.
Eshik ochilmadi.
Bunaqa eshiklar qatʼiy tartibda hech qachon tashqariga ochilmagan, ochilmas ham edi – qandaydir ichki ilinj, orzu niqobidagi umidvorlik tuygʻusi savqi tabiiy ravishda uni shunday qilishga undagan edi, xolos.
Uning nigohidan shu choqqacha pinhoniy tarzda moʻralab turgan xavotirning koʻzlari katta-katta ochilib ketdi va pinhoniylikning behuda pinhon boʻlmagani sir-asrori namoyon boʻldi. U oʻz xatti-harakatlari baribir samara bermasligiga ishongan koʻyi dastani qoʻyvormay ichkari tomon itargan edi, eshik ochila qoldi.
– Ho-ov opa, qayoqqa?
U sarosimalangancha, na oldinga, na orqaga yurishni bilolmay turganida yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi – yengi kalta koʻylagining chap yengi oʻrtasida allaqanday belgisi boʻlgan oʻttiz yoshlardagi rangpar, ozgʻinligidan yanayam uzun koʻrinadigan novcha yigit paydo boʻldi.
Ayol esankiradi, merovlandi – qidirib kelgan joyi bu yer emasligiga inonib, begona joyga adashib kirib qolgandek xijolat cheka boshladi va qaysi manzilni istab kelganini uzr soʻrayotgandek tortina-tortina izhor etib:
–… shumi? – deb soʻradi, soʻragani shu boʻlib chiqmasligini astoydil istayotgandek.
Peshvoz chiqqan yigit negadir uyqusi buzilgandek noxush kayfiyatda edi, birpas aniqtaniq javob bergisi kelmay turdi-da, keyin bosh irgʻab uning hujjatini soʻradi.
Ayol shosha-pisha sumkasini titkilab, pasportini topdi va uning qoʻliga berdi.
Yigit pasportni shoshmasdan hafsala bilan ochib undagi suratga, keyin ayolning aftiga tikildi, ishonqiramayotgandek bu harakatini yana takrorladi.
– Maktabdanmisiz? – deb soʻradi pasportni uning qoʻliga qaytib berarkan.
– Yoʻq, imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatidan.
– Chaqirtirishganmi?
Ayol beixtiyor bosh irgʻadi. Keyin duvva qizarib ketdi.
– Qabulxonadan soʻraysiz, – dedi endi rangpar yigit uning aftiga qaramay, yoʻlak adogʻidagi eshikka ishora qildi.
Ayol unga minnatdorchilik bildirgancha hujjatini qoʻliga oldi. Chehrasi yorishib, yoʻl-yoʻlakay pasportini sumkasiga joylagancha yigit koʻrsatgan eshik tomon yurdi. Borib, eshikni ochdi va yana hayajonlanib, ichkari kirish-kirmasligini bilolmayotgandek ostona ustida kalovlanib turib qoldi.
Unga bu yerda hech kim eʼtibor bermadi.
Ayol qoʻrqa-pisa xonaga nazar tashladi – u hozirgina bosib oʻtgan yoʻlakning chap tomonidagi bogʻchaga qaragan deraza ostida yonma-yon turgan ikkita kursining birida boshida andijoncha baland doʻppi, egnida oq yaktak, oq-sariqdan kelgan choʻqqi soqolli oltmish yoshlardagi kishi oʻtirar edi. Tizzalari ustiga taqvodorlik odatiga koʻra odob bilan qoʻyilgan ikki qoʻlining barmoq uchlari titrashidan asabiylashayotgani bilinayotgan bu kishining tomirlari qontalashib turgan yonoqlaridan qon bosimi baland ekanligini sezish qiyin emasdi. Uning qarama-qarshi tomonida, allaqachonlar botib ketgan quyosh nurlari sachragan osmon fonida uchib borayotgan turnalar karvoni tasviri tushirilgan yogʻoch ramkadagi surat ostida, qandaydir koʻkimtir tusdagi devorga taqab qoʻyilgan kresloda bir yigit bemalol yastanib olgan edi. Yaqindagina yaqiniga aza ochgan kabi qop-qora usti-boshdagi oppoq loʻppi yuzli, qoraqosh oʻttiz yoshlardagi bu yigit nimanidir kutishdan yoinki behudabekorchi qandaydir ish-yumushdan zerikkandek, “Ayfon” telefoni ustida barmoqlarini mohir tikuvchi kabi oʻynatish bilan mashgʻul edi. Mashgʻulotiga shu qadar berilib ketgan ediki, “Ayfon”i uning qoʻlida emas, u “Ayfon”ining qoʻlida qoʻgʻirchoq kabi taassurot uygʻotar edi. Shunga qaramay, qovogʻi soliq katta-katta koʻkish koʻzlarini oʻqtin-oʻqtin koʻtarib, xonaga oshigʻich ravishda, yana nima gaplar, deyayotgandek olazarak nazar tashlab qoʻyardi. Keyin yana “Ayfon”iga shoʻngʻirdi.
Ayol ostonasida serraygancha turib qolgan qabulxona eshigining roʻparasida jigarrang tusdagi yogʻochmi yoinki yogʻoch boʻlmay yogʻochga oʻxshagan boshqa materialdanmi ishlangan eshik yarqirab, qadam bosgan har qanday ehtiyojmandni oʻziga jalb etib turardi.
Bu – tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri xonasining yopiq eshigi edi.
Shu eshikning kesakisi oʻrnashgan devor bilan choʻqqisoqol oʻtirgan oynavand devor tutashgan burchakdagi qora stol ortida “Ayfon”ga shoʻngʻigan yigit bilan tengqur koʻrinsa-da, unga qaraganda ancha ozgʻin va jonsarak, yengi kalta oq kuylakdagi mudir yordamchisi stolga qapishgancha nimalarnidir yozib-chizish bilan ovora edi. Nihoyat, u oʻz ishini tugatib, qogʻozni qoʻliga oldi, shoshganicha oʻrnidan turdi va tik holda oʻz ijodi mahsulini yana bir sidra nazardan oʻtkazib, qanoat hosil qilgach, hech qayoqqa qaramay mudirning xonasi eshigining qabzasidan dadil tutib, uni oʻziga tortib ochdi. Shunda ayol ichkarida yana bir eshik borligini koʻrdi. Yordamchi qoʻshqavat eshikning keyingi qavatini mudir xonasi tomon itarib ochdi va shu tariqa muvozonatni barqaror qilib, ichkari kirib ketdi.
Qabulxonada choʻqqisoqol kishi, qora kiyimdagi oq yuzli qoraqosh yigit va ayolning yarmi qoldi – uning yarmi ostona tashqarisida edi. Bu ikki yarim kishidan taqvodori hamon oʻz odob-ikromida oʻziga sabr-bardosh tilash, “Ayfon”ga shoʻngʻimishi tobora “Ayfon”ga shoʻngʻish, yarmi ichkarida-yarmi tashqaridagisi esa ichkari kirishni ham, ortga qaytishni ham bilolmaslik bilan ovora edi. Bu orada “Ayfon”ga shoʻngʻimish bosh koʻtarib avval choʻqqisoqolga, keyin ayolga birrov nigoh tashladi, nimadir demoqchi ham boʻldi, shekilli; harqalay, uning qarashidan ayolning ichi bir qalqib tushdi – ammo u tiliga kelayotganini yana ichiga yutib yuborib, tuproqdan tashqarida dumalab qolgan oppoq kartoshkaga oʻxshash burnini kafti bilan ishqay-ishqay, shoʻngʻimish joyidan chiqib ketishning ilojini topolmayotgandek yana shoʻngʻidi.
Endi choʻqqisoqol ayol tomonga qarab, unga nimadir demoqchi boʻlib turganda, mudirning eshigi ohista ochilib, ichkaridan yordamchi chiqib keldi va “Ayfon”ga shoʻngʻimishga yovuqlashib, uning qulogʻiga enkayib, ichkarining qandaydir gapini yetkazgan boʻldi. “Ayfon”ga shoʻngʻimish bepisand bosh irgʻab qoʻyib, shoʻngʻishda yana davom etdi.
Yordamchi joyiga oʻtib oʻtirdi. Stol qirgʻogʻida turgan telefon apparatini oʻzi tomon surib, chap qoʻli bilan goʻshakni koʻtardi, oʻng qoʻli barmoqlarni oʻynatib raqam tera boshladi. Goʻshakni birpas qulogʻiga tutib turdi. Javob boʻlmadi, shekilli, goʻshakni “sharaq” etkazib joyiga tashladi.
Ayol choʻchib tushdi.
Choʻqqisoqol oʻrnidan turdi. Qiyomda tik turgan kabi oʻrnidan siljimay qoʻl qovushtirdi. Yordamchining xoli fursatini topib, oʻng kafti ostidan chap qoʻlini sugʻurdi va koʻrsatkich barmogʻi bilan mudirning eshigiga ishora qilib:
– Kirsam boʻladimi? – deb soʻradi biroz qaltiroq, ammo qatʼiy ovozda.
Yordamchi qiyomda tik turgan taqvodor shunday qila olishi mumkin yoki mumkin emasligi haqida ulamolarcha mulohaza yuritayotgandek, uning ishoraga koʻtarilmish qoʻliyu choʻqqisoqol aft-angoriga sarosar qarab oldi-da, darhol mulohazalariga yakun yasab, xulosasini bayon etdi:
– Oʻtirib turing.
Choʻqqisoqol qulogʻiga urilgan gapga ishonib-ishonqiramayotgandek, oʻng yelkasini bir-ikki koʻtarib-koʻtarib uchirib qoʻydi – osmonlarda parvoz etgan qanotli chogʻlarini savqi tabiiy ravishda yod etdi, shekilli.
“Ayfon”ga shoʻngʻimish tuyqusdan qahrli tarzda bosh koʻtardi, qanotsiz parvoz etmoqchi boʻlayotganga oʻqrayib qaradi. Uning qarashidan anglashilgan, gapga tushunasizmi-yoʻqmi oʻzi, degan tahdidona maʼno yordamchini behad ruhlantirib yuborgandek boʻldi.
– Lom qayoqda qoldi ekan? – dedi goʻshakni koʻtarayotib majhul ohangda.
“Ayfon”ga shoʻngʻimishning qalin lablari ochildi, oppoq yuziga har qanday odamni oʻzidan nari itarib, qandaydir himoyalanishga majbur etuvchi tabassum yoyildi. Choʻqqisoqol tushunmagan, goʻshakni koʻtarayotib yordamchining oʻziga-oʻzi savol bergandek aytgan gapi “Ayfon”ga shoʻngʻimishga nashʼa qilib, uni suyuntirib yuborgan edi. Bu holat choʻqqisoqol koʻnglida gʻivirlab turgan qoʻrquvni negadir vahimaga aylantirib yubordi va joʻyali taklifni oʻz vaqtida bajo keltirmaganiga taassuflanayotgandek, darhol joyiga oʻtirib oldi.
“Ayfon”ga shoʻngʻimish “Ayfon”ga shoʻngʻigan edi.
Choʻqqisoqol ikki kaftini tizzalari ustiga odob bilan qoʻygancha, barmoqlarining uchlari qattiqroq titragan koʻyi oʻz mehrobiga kirgan edi.
Yarmi ichkari kirgan ostonadagi ayolning yarmi hamon tashqarida edi.
Telefon raqami terib, joyiga tusholmayotgan yordamchi asabiylashmoqda edi. U, axiyri, goʻshakni qoʻlida tutib turgan holda “Ayfon”ga shoʻngʻimishga yuzlanib, undan kimningdir boshqa telefoni bormi-yoʻqligini soʻradi. “Ayfon”ga shoʻngʻimish oʻng qoʻlini yuqori koʻtarib, “yoʻq”, maʼnosida silkitib qoʻygach, yordamchi yana raqam terishga kirishdi.
– Allo! – qichqirib qoldi u koʻkragini koʻtarib, oʻzini kursisi suyanchigʻiga tashlaganicha. – Nega koʻtarmaysiz?
Yordamchi goʻshakni oʻng qulogʻidan chap qulogʻiga oldi. Uni qulogʻida kifti bilan qisib tutganicha, allaqanday qogʻozlar oʻrvin-toʻda boʻlib yotgan stoldan oʻziga kerakli qogʻozni topib, unga nimalarnidir yoza boshladi.
– Shumi? – goʻshakning u yogʻidan oʻzigagina maʼlum boʻlgan narsani lab burgancha soʻragach, qoʻlidagi ruchkani oʻzi ijod qilgan qogʻoz ustiga bepisand uloqtirdi. Keyin goʻshakning u yogʻidan kelayotgan gaplarni goh stol ostidagi tuflisining uchiga, goh choʻqqisoqolning andijoncha baland doʻppisiga, goh ostonadagi ayolning sumkasiga koʻrib-koʻrmay tikilgancha tinglay boshladi. Tinglagani sayin uning jonsarakligi oshib, alamini nimadan olarini bilmagandek stol ustidagi narsalarning goh unisini, goh bunisini olib yana joyiga tashlar edi. Toʻrtburchak oʻchirgʻichni gugurt qutisini oʻynagan kabi oʻynab, biror burchagida tik turgʻozolmagach, uni stolning bir burchagiga otib yubordi.
– Lom esingizdan chiqmadimi mabodo? – axiyri toqati tugab, haligina eslagan matohini yana tilga oldi. – Oʻzingizga qarang!
U goʻshakni “sharaq” etkazib joyiga tashlaganida ayol yana choʻchib tushdi.
Oʻrnidan turmoqchi boʻlgan choʻqqisoqol qandaydir mulohozaga borib, mehrobida qoldi.
– Gapini qarang, – dedi yordamchi yana “Ayfon”ga shoʻngʻimishga yuzlanib. – Men qayoqdan olaman deydi. Bu gapini nega menga aytadi, aytsin edi oʻshanda ortini qilpillatmay.
Telefon jiringladi.
Yordamchi goʻshakni koʻtardi.
– Allo, eshitaman! – u stol ostidagi tuflisining uchiga tikildi. – Xoʻjayin yoʻq edilar. Xoʻp, aytib qoʻyaman.
U goʻshakni bu gal joyiga ohista qoʻydi.
Endi “Ayfon”ga shoʻngʻimish unga, kim ekan, degandek “Ayfon”idan lahza bosh koʻtarib yuzlandi.
– Dum! – iljaydi yordamchi. – Qayoqdalar deb soʻrayapti.
“Ayfon”ga shoʻngʻimish bosh koʻtarib qiziqqani uchun afsuslanayotgandek yana “Ayfon”ga shoʻngʻidi.
Yordamchi choʻqqisoqolning gavdasi toʻsmagan oynavand orqali tashqarida kimningdir kelayotganini payqadi va oʻrnidan turdi. “Ayfon”ga shoʻngʻimishga im qoqdi.
– Opa, yoʻlni toʻsmay yo ichkari kiring, yo tashqari chiqib turing, – dedi yordamchi endi ostonada turgan ayolni payqab qolgandek.
Choʻqqisoqol ayol tomonga mutakabbirona qarab qoʻydi. U hamon oʻz mehrobida qoyim edi.
“Ayfon”ga shoʻngʻimish suyaklari uvishib qolgandek oʻrnidan turdi. Kerishdi. “Ayfon”ini qoʻltigʻiga qistirib, barmoqlarini birma-bir tortib qisirlatdi.
– Ana-a, joy bor! – u tomdan tarasha tashlagandek choʻqqisoqolga yer ostidan ilkis qarab oldi.
Shu choqqacha biror soʻz aytmagan “Ayfon”chining tuyqusdan tilga kirganidanmi yoinki kimga qaratilgani nomaʼlum gap aytib, unga majhul maʼnoda qarab qoʻyganidanmi, choʻqqisoqol dabdurustdan sarosimaga tushdi. Umuman olganda, u shu xona muhitida negaligini oʻzi ham bilmagan holda mana shu “Ayfon”chidan hadiksirab-hayiqib qolgandi. Oʻzi tanimagan, avvallari biror marta koʻrmagan, kimga oʻxshatishini-da bilmagan farzandi tengqur nomaʼlum bir yigit oʻz-oʻzidan, hech narsa demasdan, unga qarshi biror soʻz aytmasdan yosh bolalar ham qoʻldan qoʻymay oʻynab yuradigan “Ayfon” oʻynaganicha uning koʻngliga dahshatli vahima-qoʻrquv sola olishi mumkinligini tasavvur etishning oʻzi ham juda gʻalati, koʻz koʻrib-quloq eshitmagan hol edi. Gapning sirasini aytganda, u mana shu “Ayfon”chi tufayligina ortiqcha saʼy-harakatdan oʻzini saqlab, taqvodorona odob saqlab oʻtirgan edi.
Shu choqda ayolning ortida jikkakkina kishi koʻrindi.
– Opa, oʻtsak boʻlami? – dedi-yu, gʻayriixtiyoriy ravishda chetlangan ayolning yonidan “shilt” etib oʻzini ichkari urgancha xona oʻrtasida hoziru nozir boʻldi.
Eski tanishini tasodifan uchratib qolgandek, dik etib oʻrnidan sakrab turib, qoʻl qovushtirgan choʻqqisoqolning koʻzlaridagi mung tuyqusdan qaygadir mahv boʻlib, charaqlab ketdi. U hatto oʻz kursisini yordamchi stoli tomon ozroq jildirib, ayolga yonidagi kursini koʻrsatib imlaganicha, xalaqit bermay kelib oʻtirsang-chi, degan maʼnoda imo-ishora qilib qoʻydi. Ayolning nigohi buni ilgʻab, oʻzi ham noqulay vaziyatdan qutilganiga suyungandek tezgina kursiga borib oʻtirgandagina, choʻqqisoqol ham, ayolning oʻzi ham indamas “Ayfon”chining tuyqusdan tilga kirib aytgan gapi maʼnosini ilgʻagandek boʻldi.
Jikkak kishi yalang boshining tuksiz old qismini kafti bilan sidirib, orqa tomonidagi, quloqlari yonida kuyib ketgandek siyrak sargʻish sochlarini avaylayotgandek siypab qoʻyarkan, hamon tavoze qilib turgan choʻqqisoqolga, tanish boʻlsa kerak, degan oʻyda bosh irgʻadi. Choʻqqisoqol bagʻoyat yuksak iltifotga sazovor boʻlgandek ogʻzi qulogʻiga yetgancha iljayib, taʼzim bajo qildi.
Yordamchi chap qoʻlini koʻksiga qoʻygancha oʻng qoʻlini tavoze ila uzatib, “Ayfon”chi esa oʻz haddini biladigandek biroz nopisandroq, ammo quchoqlashib koʻrishishdi.
– Bormilar? – deb soʻradi jikkak kishi boshi bilan mudirning xonasi tomon ishora qilgancha.
– Marhamat, – dedi yordamchi qoʻli bilan mudir xonasi eshigini koʻrsatib. – Telefon boʻlib qoluvdi…
Jikkak kishi keskin qoʻl siltadi va yordamchi yugurib borib ochgan eshikdan ponadek ichkari kirib ketdi.
Uning ortidan avval “Ayfon”chi, keyin yordamchi kirishdi.
Yordamchi qaytib chiqib, stol ustidan allaqanday qogʻozlarni olib yana kirib ketdi.
Qabulxonada choʻqqisoqol va ayol qolishdi.
– Hasanbank! – xitob qildi choʻqqisoqol jikkak kishini koʻrib oʻz muammosini esdan chiqargandek.
– Kim? – xonada ikkovidan boʻlak boshqa birov boʻlmagani bois bu xitob oʻziga qarata aytilganiga shubha qilmagan ayolning ogʻzidan beixtiyor ona tilining olmosh turkumiga mansub shu soʻz chiqdi.
– Hasanbank! – takrorladi ona tilining ot turkumiga ishqiboz choʻqqisoqol. – Tumanning eng katta boylaridan.
Ayol bunaqalarni hech koʻrmagan esa-da, “boy” deb eshitganida boshqacha tasavvur etgan ekanmi, ogʻzini ochgancha u kirib ketgan eshikka angrayib qarab qoldi.
– Yigirmata doʻkoni bor, – sonni sifatga doʻndirdi choʻqqisoqol. – Bozorning oʻrtasidagi katta kappon ham shuniki.
Ayol jikkakkina bir odamchada shuncha koʻp narsalar borligini aql tarozisida oʻlchay olmay turganida, choʻqqisoqolning aqli oʻziga keldi.
– Siz ham ish masalasida keluvdingizmi? – deb soʻradi.
– Ha, – bosh irgʻadi ayol.
– Texnikumni bitirganmisiz?
Ayol bosh irgʻadi.
– Toʻrt yillikmidi?
Ayol yana bosh irgʻadi.
Endi choʻqqisoqol ijikilab soʻrayotganining sababi ayon etdi.
– Meni ayolim ham shunaqa, – dedi yana taqvodorona holga kirib. – Oʻsha vaqtda maktablar oʻn yillik edi-ku. Oʻninchi sinfni bitirib, pedtexnikumda ham toʻrt yil oʻqigan, oʻn toʻrt yil. Endi bu texnikumlar kollejlarga aylanib, hozirgi yigit-qizlar oʻn ikki yilda bitirib qoʻyishyapti, – choʻqqisoqol ayol tomonga tezgina nazar tashlab oldi. – Hech iloji yoʻqmikan-a?
– Bilmasam, – ayol kift qisdi. – Direktirimiz oʻzingiz borib uchrashib koʻring, dardu davongizni ayting, ruxsat berishsa ishlayvering, mengayam shunisi qulay, dedi.
– Bungayam shunaqa deyishipti, – choʻqqisoqol chap qulogʻining ostini qiziyotgandek ohista qashib qoʻydi. – Yigirma olti yildan beri ishlaydi-da, tarbiyachi. Ertamitan hali bomdodga turmasimdan joʻnavoradi, borib bolalarni uygʻotib, istalavoyga optushib ovqatlantirar ekan…
– Bizayam shu-da, – dedi ayol oʻzi haqida gap ketayotgandek ancha dadillanib.
– Keyin kiyintirib, oʻqituvchisiga topshirar ekan, silardayam shunaqami?
– Shu-shu, – ayol tezgina bosh irgʻab qoʻydi.
– Koʻpchiligining ota-onasi tuppa-tuzuk odamlar ekan-a? – deb davom etardi choʻqqisoqol achingannamo.
– Ha, shunaqa, – dedi ayol endi mana shu choʻqqisoqolga umidvorlik bilan boqib. – Ayamning ishlari ham biznikidaqa ekan, hali pensaga chiqmovmidilar?
– Ikki yil qoluvdi.
– Menga esa hali uch yil bor, – ayol beixtiyor barmoqlarini bukib sanardi. – Bir yil qolganda ham ilojini topsa boʻlarkan.
– Hamma gap shularda-da, – xonada oʻzlaridan boʻlak hech kim boʻlmagani uchun choʻqqisoqol mudirning eshigini qoʻli bilan dadil koʻrsatishga jurʼat etdi. – Yuqoridan aytsa, darrov bajarishadi.
– Yuqorida tanishimiz yoʻq-da, – dedi ayol afsuslanayotgandek.
– Anavi Hasanbankka oʻxshaganlarga ham yoʻq deyishmaydi, – choʻqqisoqol ilojini topishning turfa yoʻllarini bir-bir xayol chigʻirigʻidan oʻtkazayotgandek koʻrinardi.
Ayol yana mungʻayib qoldi.
Shu choq mudirning eshigi shitob ochilib, yordamchi otilib chiqdi. U qoʻlida daftar va ruchkani shosha-pisha stol ustiga qoʻyarkan, choʻqqisoqol va ayolga, haliyam shu yerdamisizlar, degandek norozi qiyofada nigoh tashladi. Keyin ochiq eshik oldiga borib, ichkaridagilarning chiqishini qoʻl qovushtirib kuta boshladi. Hadeganda birovning qorasi koʻrinavermagach, sabrsizlik bilan oʻng oyogʻini ohista ostonaga qoʻyib enkaydi va ochiq eshikdan ichkari moʻraladi, birovga toʻqnashib ketgandek darhol qad rostlab, maqbara qorovuli kabi turdi.
– Shu-u boʻlami oʻzi yo yoʻqmi, a-a? – ichkaridan Hasanbankning ovozi yangrab chiqdi. – Boʻlamizning dumi-da, yopishib opti enagʻar.
Oʻng qoʻlini soqqa sanayotgandek shimining choʻntagiga chuqur botirib olgan, chap qoʻlini esa ortidagi kimgadir silkiy-silkiy gap uqdirmoqchi boʻlayotgan Hasanbank ichkaridan yonlamasiga yurib chiqib keldi. Oynavand devor tomonda oʻz dardini aytish navbatini kutib oʻtirganlarga shu tariqa orqa oʻgirib qolgan esa-da, choʻqqisoqol “dik” etib oʻrnidan turib, darhol qoʻl qovushtirdi.
– Boʻlamiz ham qoʻrqaq-da, qoʻrqaq, – derdi Hasanbank hamon yonlamasiga turib olgancha, aytayotgan gapini oʻziga ergashib chiqayotgan boshqa birovga tushuntirmaguncha uning tashqari chiqishiga izn bermaydigandek bir alpozda. – Oʻzi, qistaloq qoysi bir opisserning xotini boʻlgan ekan, yurasanmi shuni ortingdan dum qilib, opisserning pagonini yulipti-ku, seni nimangni yuladi desam, shu safar ham aytqonini qilay, keyin mayli deydi. A, shef, shu ish boʻlami, dangalini ayta qoʻy.
Bu gaplar qulogʻiga chalinayotganidan nashʼa qilayotgandek koʻringan choʻqqisoqol qandaydir xayolga borib, eshik tomon yurmoqchi boʻlib endi qadam tashlovdi hamki, hushyor yordamchi uning bu xatti-harakatini payqab qolib, oʻzining masʼuliyatli postini tashlab hojatxona tomon chopgan ichburugʻ maqbara qorovuli kabi u tomon yugurib keldi va chaqchaygancha:
– E, nima qilyapsiz? – dedi savolining mazmunidan ham koʻra ohangiga kuch berib. – Es bormi?
Choʻqqisoqol zoʻr gunoh ishga qoʻl urgandek yordamchiga gʻiq etolmadi, tashqariga uloqtirilishidan hadiksiragancha yana joyiga oʻtirib qoldi. Uning hayajonli holati ayolga oʻtib, uniyam junjiktirib yuborgandek boʻldi.
– A-a, bu boshqa gap! – Hasanbank endi yonlama turgancha oʻng qoʻli bilan soqqa sanashning ham, chap qoʻlini silkishining ham hojati qolmagandek, darhol ikkala qoʻlini ortga qilib qovushtirdi. – Aytaman boʻlamga, boshqa aralashmayman, dumingni bir yildan keyin kesib yuborishsayam ishim boʻlmaydi, deyman. E, tuf-e, shunaqa lankalarning oʻrgatgan oʻgitiga…
Qabulxona eshigi ostonasida shu choqda koʻz ostlari qop-qora, kallasi yum-yumaloq, qorni osilib tushgan, past boʻyli, “Panda” laqabli sanoat qurilishi kollejining kimyo oʻqituvchisi harsillab toʻxtadi. Oʻng qoʻlini eshik kesakisiga tirab, gavdasiga ozgina dam bergandek boʻldi. Bor alamini shundan olishga chogʻlangandek, dumaloqlangan gazetani chap qoʻlida qattiq qisimlab olgandi.
– Bir piyola suvlaring yoʻqmi? – soʻradi u eshik kesakisiga oʻng yelkasi bilan suyangancha biror joyga qarashga holi kelmayotgandek.
Halizamon choʻqqisoqolning odim otmay turiboq oyoq koʻtarmoqchi boʻlganidan oʻtakasi yorilayozgan yordamchi “Panda”ning bu qiligʻidan oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi va yeldek uchib borib, uning chap yelkasidan ushlagancha tashqari surib chiqarmoqchi boʻldi.
– Aka, bir minutga tashqari chiqib, koʻzga koʻrinmay turing, – dedi yalinayotgandek. – Hozir naryoqdan odamlar kelishgan…
– Astma! – xirilladi tomogʻini koʻrsatib “Panda”. – Sillani quritib yubordi, hozir nafas olvolay.
Yordamchi qoʻl siltab yana joyiga ketdi. Bu favqulodda vaziyatga choʻqqisoqol va ayol ogʻiz ochgancha qarab qolishdi. Choʻqqisoqol yordamchining qiligʻigami, “Panda”ning holatigami – nimagaligi nomaʼlum, “ttuttu”lab bosh chayqab turganida, ayolning yodiga nimadir tushib qolgandek, darhol sumkasini qoʻliga olib titkilay ketdi va biqiniga “Nestle” deb yozilgan yorliq yopishtirilgan, ichidagi suvining yarmidan ozrogʻi ichilgan baklashka chiqarib, shosha-pisha sanoat qurilishi kollejining kimyo oʻqituvchisiga yordamga oshiqdi. Ochilgan qopqogʻini oʻzida olib qolib, unga baklashkani tutqazgandi, “Panda” yutoqqonicha baklashkada qolgan suvni bir koʻtarishda qultillatib ichib tugatdi va idish turgan qoʻlini koʻtarib, kaftining orti bilan labini artdi. Soʻngra idishni koʻzining roʻparasida tutib, umidvorlik bilan termuldi va boʻm-boʻshligidan jahli chiqqandek yelkasi osha uloqtirib yubordi.
Ayol qopqoqni kaftining orasida yashirgancha iziga qaytdi.
Hasanbankning ortidan baland boʻyli, keng yelkali, oʻrta yoshlardagi, qorin solgan pahlavon chiqib keldi. Uning yengi kalta oq kuylagining yoqasi qizil boʻyinbogʻ bilan gʻippa bugʻilgan edi.
– Boʻpti! – Hasanbank ortiga qovushtirilgan ikkala qoʻlining oʻngini boʻshatib koʻtardi va yelkasi osha silkitib qoʻydi, keyin ikkala qoʻliniyam yana choʻntaklariga suqib oldi. – Oʻzim ketaman! Oʻzim keldim, oʻzim ketaman!
– Hurmatingiz bor, aka, – mudir belkurakdek qoʻlini misgardishdek koʻksiga muloyim qoʻygancha gavdasiga nomunosib ravishda ingichka ovozda chiyilladi.
– A, qoʻya! – oʻng qoʻlini choʻntagidan chiqarib, boshining ortini tirnayotgandek qashiyotgan Hasanbankning nigohi toʻgʻridagi eshik kesakisiga suyanib turgan “Panda”ga tushib qolib, bir zum qashinishdan toʻxtab, bu maxluq kim boʻlsaykin, degandek ogʻzini ochgancha qarab qoldi va tuyqusdan nimadir yodiga tushib, qiyqirib yubordi. – E, oshna, oʻzingmi?
Ayol bergan suvni sipqorib nafas rostlagan “Panda” tasodifiy bu uchrashuvdan qandaydir oʻzini yoʻqotib qoʻyayozgandek, yordamchining soʻziga koʻnib bu yerni tezroq tark etmaganidan afsuslangancha sarosimalanib qoldi. Ammo ayni damda endi hech qayoqqa qochib qutulishning iloji yoʻq, Hasanbank uning tumshugʻi ostiga yetib kelib, qanday vazn orttirganini nigohi bilan oʻlchab koʻrmoqchi boʻlayotgandek boshdan-oyoq sinchiklab razm solmoqda edi.
– F-fu! – choʻntagiga suqilgan chap qoʻlida soqqa sanab turgan Hasanbank oʻng qoʻlini yuqori koʻtarib, “Panda”ning yelkasiga tashladi. – Ja-a qarib ketipsan-ku, oshna?
“Panda”ning qop-qorayib ketgan koʻz jiyaklari ortida nimadir alamli yiltilladi.
– Ado boʻpsan! – uning yelkasidan olgan qoʻlini ham choʻntagiga suqqan Hasanbankning jonsarak nigohidan “Panda” gʻijimlayotgan gazeta chetda qolmadi. – Haliyam oʻsha bemaza odatingni tashlamabsang-da, – u ortiga qarab kallasini oʻng tomonga qiyshaytirdi va mudirning yonidan xona oʻrtasida telefoniga qarab-qarab qoʻyayotgan “Ayfon”chiga soʻz qotdi. – Mana, sizlar kimlar bilan shugʻullanishlaring kerak, qoʻlidan gazet tushmaydi.
“Ayfon”chi ham endi “Ayfon”ini ortiga yashirib, “Panda”ga gumonsirayotgandek qarab qoldi.
– Bu otlichnik edi! – tushuntirdi Hasanbank taftish etilayotganning baʼzi bir gunohlarini eslatib qoʻyishni oʻz burchi deb bilgandek. – Ammo peshonada boʻmasa qiyin ekan. Maktabda nechchi bahoga oʻqigansan, deb birov bizdan soʻrarmidi? Gap peshonada!
“Panda” nima deyarini, nima qilarini bilmay qolgan; bu yerga nima uchun kelgani ham yodidan koʻtarilgandek edi.
– Ha-a, buyaqda? – “Panda”ning yodidan koʻtarilganini esiga tushirib qoʻymoqchi boʻlgan Hasanbank chap qoʻlining koʻrsatkich barmogʻi bilan belkurakdek qoʻli hamon misgardishdek koʻksida turgan mudirga ishora qildi. – Manavi galvarsga ishing tushgan boʻlsa hoziroq ayta qoʻy, meni oldimda ayt, toʻgʻrilab beradi, toʻgʻrilab bermasa, oʻzining kovushini toʻgʻrilaymiz.
Mudirning kattakon kallasi chayqalib ketdi, “Ayfon”chi darhol oʻta jiddiy qiyofaga kirdi, yordamchi stol ustini titkilab nimalarnidir izlay boshlagandek koʻrsatdi oʻzini.
– Aptobus kerak edi, – harsilladi “Panda”.
– Qanaqa aptobus? – ilib ketdi Hasanbank. – Aptobusni nima qilasan? Toʻy qilyapsanmi yo?
– Paxta chopigʻiga, – koʻzlarini pirpiratdi “Panda”. – Dalaga chiqishimizga aptobus kerak edi.
– E-e! – mudirga yuzlangan Hasanbankning xitobi yangradi. – Chopiqqa chiqarasanlar-u, ulovini bermaysanlarmi? Purkurorga aytayinmi?
Sobiq sinfdoshi huzurida oʻz qudratini namoyish etmoqchi boʻlgan Hasanbankning “galvars” deb ataganidan achchigʻi chiqib, undan qanday alamini olishni bilmay turgan mudir “purkuror” soʻzini eshitgach, galvarsligi ham yodidan koʻtarilib, yoʻl qoʻygan xatosini toʻgʻrilash payiga tushdi.
– Chopiqqa qatnashadigan maktablarga avtobus qoʻyganmiz, – hammasiga sen aybdorsan, deyayotgandek “Panda”ga ola qarab qoʻygancha chiyilladi mudir.
– Qatnashmaydigani ham bor ekan-da, demak? – uning tilidan tutmoqchi boʻldi Hasanbank.
– Ha-a, endi-i… – chaynaldi mudir. – Nogiron bolalar internati…
Uning “nogiron bolalar internati” degani ayolning qulogʻini ding qildi. Hattoki, oʻrnidan turib ketayozdi. Oʻz muammosini hal etishning qulay oʻrni kelib qolganday yuragi duk-duk bezovta urgancha, aytmoqchi boʻlgan gaplarini xayolida pishita boshladi: “oʻn sakkiz yildirki, men siz aytgan ana shu internatda tarbiyachilik qilaman; oʻn sakkiz yildirki, qishin-yozin ertalab soat oltida internatga yetib boraman, bolalarni uygʻotaman, kiyintiraman, oshxonaga olib borib ovqatlantiraman; bir yili internat yopiladi deyishganida bu bolalar qayoqqa boradi deb hammamiz yelibyugurganmiz, keyin u yopilmay qolgan; bir xilisi kap-katta boʻlsayam oʻzini eplolmaydi, ertalab kelganimizda yotgan joyini hoʻllab qoʻygan boʻladi, bir xilisi esa undan kattasini ham tutib turolmaydi – xudoning yaratgan bandasi-da, bu bechoralarning gunohi nima, choyshablarini yigʻib kirxonaga topshirib yuboramiz, u yerda Sayyoraxon, Diloromxon, Malikaxonlar choyshab-sochiqlarni oʻz uyidagidan koʻra ham top-toza qilib yuvib berishadi, narigi dunyoga borganimizda savobi tegib savol-javobimizni oson qilsin, deyishadi-da; shunaqa ishlarning savobi katta boʻlarkan; oʻninchi sinfdan keyin toʻrt yil pedtexnikumda oʻqib turmushga chiqib ketuvdim, bu kishim ishlab nima qilasan, uydagi roʻzgʻor yumushlari ham senga yetib ortadi deb tashqariga chiqqani qoʻymas edilar, oʻsha vaqtlarni eslasam tozayam begoyimlarday yashagan ekanman-da, deb qoʻyaman oʻzimga-oʻzim; qaynota-qaynonamning ogʻzidan “sen” degan soʻz chiqmasdi, meniyam sizlashardi, ular-ku mayli, oshini oshab yoshini yashashgan edi, bu kishimniki yomon boʻldi, biror marta tish ogʻrigʻidan ham shikoyat qilmagan pahlavondek odam-a, qaynota-qaynonamni ham shu kishimning dardi ado qildi; xayriyatki, shu internat, shu bolalar bor ekan, yoʻqsa men ham adoyi tamom boʻlardim; oʻshanda endi menga ham hayotning qizigʻi yoʻq, deb oradan bir yil oʻtgan boʻlsayam egnimdagi aza kiyimimni yechmay, uyda ustimdan eshik qulflab oʻtirganimda kirxonada ishlaydigan ana shu Sayyoraxon dugonam kelib, boʻlib oʻtgan ishlarga salovat, nima, xudodan ham zoʻrmiding uning irodasini tan olging kelmaydi, xudoga shukr, farzanding bor, taqdir nasib etgan boʻlsa, yana oʻz tengingni topib ketasan, deya gap boshlayotuvdi, erimning ruhini chirqiratadigan bunaqa gaplarni aytishga qanday tiling bordi, deb uni uydan haydab chiqarmoqchi boʻldim; ammo u xafa boʻlmay, boʻpti-boʻpti, bunaqa gaplarni boshqa aytmayman, ammo oldingga boshqa ish bilan keluvdim deb qoldi; nima ishi bor ekan Sayyoraxon dugonamning deb unga quloq bersam, joʻyali taklif bilan kelgan ekan; pedtexnikum diploming bor, bizning internatda senga oʻxshab shunaqa joylarda oʻqiganlar tarbiyachilik qilishadi, xohlasang surishtirib beraman, direktirimiz Ziyodaxon yosh boʻlsayam juda aqlli, tushunadigan juvon, yoʻq demaydi, ishga kirsang mengayam yaxshi boʻladi, billa-billa borib-kelaveramiz, deb qoldi; avvaliga indamovdim, bir haftagacha tinmay oldimga kelib-ketaverdi, oxirgi kuni baland boʻyli, kulcha yuzli, koʻzlari kulib turgan oʻttiz besh yoshlardagi juvon bilan kirib keldi, Ziyodaxon degani shu ekan; u boshimdan oʻtgan ishlarni Sayyoraxondan eshitib, oʻzim borib gaplashib koʻray-chi, degan ekan (shu Ziyodaxonning ham boshidan koʻp ishlar oʻtdi!); yoʻq deya olarmidim, meni avval tanib-bilmagan direktirning oʻzi kirxonada ishlaydigan bir dugonamning gapiga kirib kelib turganidan keyin; oʻsha-oʻsha ishlab ketdim, qaytanga, yaxshi boʻlgan ekan, shu nogiron bolalar dardimni olishdi, bir kun koʻrmasam sogʻinadigan boʻlib qoldim, dam olish kunlarida olib ketishga keladigan otaonasi hayallab qolsa, uyga olib ketaverardim, bundan ularning ham koʻngli tinchib indamay qoʻya qolishardi; uyda oʻyinchoqlarni oʻgʻlim bilan talashib-tortishishlari jahlimni chiqarish oʻrniga negadir meni quvontirardi – birovga aytsang ishonmaydi, bunaqasi boʻlmaydi, deb; shu-shu, mana shu internatda sakkizta direktir bilan ishladim, ammo Ziyodaxonga oʻxshagani qaytib kelmadi, mana endi nafaqaga chiqishimga uch yil qolganida oʻrta maʼlumotli ekansan deb ishdan boʻshatishmoqchi; oʻzi, bunga oʻn yil avval qaror qilib qoʻyishgan ekan; oʻgʻlim oʻqishni bitirib olgandayam mayliydi, ungacha yolgʻiz uyda suppayib yana ichim siqiladigan boʻlib qoladimi deb qoʻrqaman; Sayyoraxon dugonam esa aytadiki, ishingni bizning oldimizga kirxonaga oʻtkaza qol, oʻsha koʻradigan bolalaringni koʻrib yurasan, deydi… shunaqa qilsammikan… ketsammikan… oʻgʻlimning oʻqishi qolib ketmasaydi… mayli, ungacha chopiqqa ham, terimga ham ham jon-jon deb borardim, oʻqituvchi-tarbiyachilarimizni burnogʻi yili oʻn kunlik terimga olib chiqishgandayam hammadan koʻp paxta terib, mukofot oluvdim, Sayyoraxon dugonam, balo ekansan, hammani qoyil qoldirding, bunaqada koʻz tegib qolmasin devdi, yo koʻz tegdimikan…”
Ayolning xayolida pishitayotgan gaplari shu qadar koʻp ediki, ularning qay birini aytishni bilolmay, koʻzlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi.
– Hammasiga aptobus qoʻyganmiz deb katta ketasanlar, – derdi Hasanbank sobiq sinfdoshiga oʻzini koʻrsatib qoʻyish uchun endi oʻzini tobora qoʻyvorayotganini ham sezmay-a, bular-chi, bularga qoʻymapsizlar-ku?!
– Kollej va litseylarning oʻz avtobusi bor.
Hasanbank “Panda”ga qaradi.
– Karbiratori oʻlgan, motori ham oʻtirgan, – zoʻrgʻa nafas chiqazdi “Panda”. – Ishlamay yotipti.
– Karbirator mendan, – vaʼda berdi Hasanbank. – Yurgizib beringlar bularning aptobusini, yayov qolishmasin. Hali terim bor, reja bor – odamlarni asrash kerak!
– Nega yigʻlayapsiz? – oʻz mehrobida xayol ummoniga choʻlgʻangancha dindosh, millatdosh va qavmdoshga hamdardlik nuqtai nazaridan hol soʻrash oʻz burchi ekanligi yodiga tushib qolgan choʻqqisoqol burnini shoʻlqillatib tortgancha, roʻmolining uchi bilan koʻzlarini artayotgan ayol tomon ohista oʻgirilib past ovozda soʻz qotdi: – Bu yerda yigʻlaganingiz ish bermaydi, singlim, hamma narsa qonun-qoidaga binoan hal etiladi.
Ayol uning gapini maʼqullaganday, bosh silkib qoʻydi.
Hasanbank “Panda”ning yelkasidan ortga itarib, tashqariga chiqish uchun oʻziga yoʻl ochdi. Barchasi chiqib ketishdi.
Ularning ortidan chiqib, qaytib kelgan yordamchi tikka mudirning xonasiga kirib ketganicha ancha vaqt koʻrinmadi. Choʻqqisoqol oʻtirgan joyida ortga burilib, oynavand orqali tashqariga umidvorlik bilan qarab qoʻyardi.
Yordamchi mudirning xonasidan qaytib chiqib, eshiklarni zichlab yopdi. Qulflab, joyida turgan kalitni joyida qoldirdi. Endi oʻtirib ishlashning hojati yoʻqligini namoyish etayotgandek, oʻzining stolini tik turgan holda tartibga keltirgan boʻldi, monitorga enkayib qoshini yoydek koʻtarib tikilgancha kompyuterni oʻchirdi, tokdan uzdi. Stol tortmasini ochib, u yerdan konvert oldi, konvert ichidan pul chiqardi, keraklisini sanab, choʻntagiga soldi, qolganini qaytib joyiga qoʻydi. Tortmani yopdi. Yopgan tortmasini yana ochib-yopib koʻrdi.
Oynavand devordagi ochiq darchani yopdi. Qabulxona eshigi tomon yurdi. Eshikka yetib toʻxtadi, choʻqqisoqol va ayolga soʻzsiz qarab turdi.
Ular ham soʻzsiz oʻrinlaridan turishdi.
– Yo, ovlo! – deb qoʻydi choʻqqisoqol oʻz mehrobidan chiqqani shukronasiga.
Ular chiqishgach, yordamchi eshikni qulflab, tushlikka ketdi.
….
Koʻz oʻngimda mavhum manzaralar aniq jonlanar, allaqaylarda koʻrib uchratgan odamlar guyo xonamga kirib olishgandek edi.
Muallifning koʻzga tashlanar-tashlanmas mayda harflar bilan bitilgan familiya – ismi yozuvlar ostida omonatday osilib turardi.
Muallifning avval ismi, keyin familiyasi yozilishi kerakligi haqida oʻyladim-u, shu ondayoq buning hech qanday ahamiyatga ega emasligini his etdim.
Ajabo?! Hammasi aniq, ammo sarlavha oʻrnidagi uch nuqtalar men uchun hamon tushunib boʻlmas muammo edi. Ehtimol, bu modernistik, syurrealistik bir nimadir?!
Shu xayolda men muallifni magʻribona tamoyillarni suv qilib ichib yuborgan, sochlariga oq oralagan jiddiy qiyofadagi baland boʻyli kishi sifatida tassavvur etdim.
Keyin odatdagidek yodimdan koʻtarildi.
Bir kuni irrigatsiya instituti yuqori kurs talabalariga analitik algebradan dars oʻtishimga toʻgʻri kelib qoldi. Boshqa tafsilotlarga toʻxtalib oʻtirmagan holda shuni aytishim lozimki, mavzu oʻzimniki edi, darslikka ham mening familiyam bilan kiritilgan edi, bir shogirdim shu sababli yopishib olib, iltimos qilgan edi. Talabalar leksiyamni qiziqish bilan tinglashdi. Dars soʻngida ulardan savollari bor-yoʻqligini soʻradim.
Savollar har xil edi. Men ularning har biriga qisqa-qisqa javob berdim. Koʻtarilgan qoʻllar orasida orqaroqdagi, qop-qora ingicha bilak ustida qaysidir nomaʼlum ramz kabi ochilib turgan besh barmoq eʼtiborimni tortdi.
– Qani, siz! – qoʻlimdagi qalam uchini toʻgʻri oʻshanga yoʻnaltirdim.
U oʻrnidan koʻtarildi.
Oʻsha gazetada yozilgani kabi, avval familiyasini, keyin ismini aytib oʻzini tanishtirdi. Bu oʻsha – men oʻqigan gʻalati uch nuqtalar sarlavha oʻrnida qoʻyilgan yozuvlar ostida osilib turgan familiya-ismning oʻzginasi edi.
Negadir beixtiyor hayajonlana boshladim.
Gʻayriixtiyoriy ravishda tilimga kelganini aytib, uning savoliga javob bera boshladim. Ammo xayolim parishon edi. Qanchalik urinmayin, fikrimni bir nuqtada jamlay olmasdim.
Talaba hamon tik turardi.
Uning qiltiriqdek ozgʻin boʻyni, shalpang quloqlari ustiga tushib turgan jingalak sochlari menga nimalarnidir eslatayotgandek edi. Ammo nimaligini aniq bilmasdim.
Undan oʻsha gʻalati uch nuqtalar haqida soʻramoqchi edim. Nimadir yoʻl qoʻymadi. Kimsan, falonchi-pistonchi professorman axir – tasodifan shunchaki familiya ismdosh boʻlsa, boshqalar nima deydi? Hattoki, uning oʻzi boʻlib chiqqandayam, har xil gap-soʻzlarni urchitishning hojati yoʻq edi – falonchi-pistonchi professor nimalarga qiziqib yuradi, qanaqa gazetalarni mutolaa qiladi – qichimagan joyni qashib oʻzimga boshogʻrigʻi orttirishim meni choʻchitib turardi.
Oradan bir oy oʻtdi.
Oʻshanda meni irrigatsiya institutiga taklif qilgan shogirdim bilan uchrashib qoldim. Gap orasida shunchaki esimga tushganday, oʻsha talaba haqida soʻradim.
– Nega soʻrayapsiz? – shogirdim menga ajabsinib qaradi.
– Savol berganlar orasida durustrogʻi oʻsha edi.
– Oʻrtacha oʻqirdi, – chaynaldi shogirdim. – Qobiliyati borligini sezmagan ekanman.
– Bundan keyin eʼtibor berib qarang-chi, – dedim oʻzimni bilmaslikka olgancha.
– Endi buning iloji yoʻq, domla.
Men unga hayron boʻlib qaradim.
– Oilada onasi ikkovi ekan, – eshitganlari orasida yodida qolganini aytib, tushuntirish berdi u. – Onasini ishdan boʻshatishgan ekan, shartnoma pulini toʻlay olmay oʻqishni tashlab ketdi, sharoit yaratib beramiz desak ham koʻnmadi.
Xayolimdan lop etib oʻsha qabulxona oʻtdi.
Koʻz oʻngimda uch nuqtalar jonlandi. Men ularning tobora kattarib borgani sirini fahmlab, his etgandek boʻldim. Tinish belgilari ham oʻrni kelganda tenglamalardan kam boʻlmagan maʼnomazmun kasb eta olarkan – shunisiga hayron edim.
Uch nuqtalar oʻrniga javobi murakkab boʻlgan cheksiz soʻroqlarni qoʻysa ham boʻlarmidi?
Bilmadim.
Aytmoqchi, kecha Ozodqul yana qoʻngʻiroq qilib, domla, oʻtgan gal oʻrningiz bilindi, bu safar iltimosimizni yerda qoldirmang, deb uvallo yalindi. Ammo bu gal istagan taqdirimdayam soy boʻyiga bora olmayman. Institutni roppa-rosa yigirma yetti yoshida bitirgan toylogʻimizdan xabar olishga borish uchun bir haftadan buyon tayyorgarlik koʻramiz. Dudlangan tovuqlar, kolbasa-qazilar. Gornizonni boqmoqchi, shekilli. Hamma ota-onayam shunaqa qilarmish, bolaginalar hali oʻrganmagan, horib qolishmasin ekan. Toylogʻimiz Chirchiqda, diplomni olgach, bir oylik harbiy xizmatga ketgan. Kamina yarim yillik maoshini qurtdek sanab berdi – hech gap emas ekan, harbiy hujjat hamma yoqda kerak boʻlarkan. Bir yillikka borsa boʻlardi, deb kesatgan edim, ustimdan kulgandek boʻlishdi. Ungayam bugun chaqirib erta olib ketavermas ekan – ikki oʻn besh bir oʻttiz ekan. Nimalar deyapsiz, domla?! Ana-a, soʻz topolmadim. Menga sanoqdan saboq beradiganlar toʻlib-toshib yotibdi – murakkab tenglamalar ularning oddiy arifmetikasi oldida ip esholmaydi.
Uzr, Ozodqul, bu gal ham borolmadim, nasib etsa kelgusi safar mahtal qilmay oʻtaman, xafa boʻlma – buvingni eslab tur!
[1] “Otayoʻl” – avtobus rusumi.
Shoyim BOʻTAYEV
Yoshlik”, 2017–5
https://saviya.uz/ijod/nasr/men-onam-va-bolam/