Gabriel Garsia Markesning “Atirgulning tikoni” hikoyasi haqida
Men bu hikoyani koʻp yillar burun “Ogonyok” jurnalida oʻqigan edim. “Tafakkur” nashr etila boshlagach, uning sahifalarida shu hikoyani koʻrish istagi tugʻildi. Deyarli har sonda rejaga kiritiladigan asar, mana, olti yildirki, jurnaldan oʻrin ololmay, niyatimiz amalga oshmay keladi. Sababi – hikoya “yoʻqolib” qolgan. Olatasir saksoninchi yillarning ikkinchi yarmida chiqqan, lekin aniq qaysi yilu qaysi sonda ekani yoddan koʻtarilgan edi, Uyimda saqlanayotgan jurnal taxlamlarini qayta-qayta varaqlayman – topilmaydi, topilmaydi. Shinavanda birodarlardan surishtiraman – qayoqda! Tahririyatimizga kelgan yosh xodimlarga ilk topshiriq ham shu: “Navoiy kutubxonasiga borasiz, “Ogonyok” jurnalining…” Yoʻq, yoʻq, topilmaydi, zimgʻoyib. Baayni bunday hikoya aslida boʻlmaganu mening xayolimdagi bir roʻyo, xolos. Dildagi niyat esa hech soʻnay demaydi. Holbuki, jahon adabiyotida bundan boshqa ham ne-ne durdonalar bor!
Buni qarangki, izsiz yoʻqolgan narsa Alisher Navoiy nomidagi bosh kutubxonamiz rahbariyatining saʼy-harakati bilan osongina topila qoldi (himmatlari uchun ularga tashakkur aytmoqqa burchlimiz).
Lotin Amerikasi xalqlarining ajabtovur hayotini beqiyos bir yoʻsinda tasvir etib dunyoga dovruq taratgan kolumbiyalik yozuvchi, Nobel mukofotining sovrindori Gabriel Garsia Markes ijodi (“Tanholikning yuz yili”, “Oshkora kotillik qissasi” va boshqa) oʻzbek kitobxonlariga tanish. Oʻzimizning xalq ijodiyotimiz – dostonlar, afsonayu rivoyatlarimizga ruhan yaqin, oʻsha anʼanalarni yodga soladigan bu gʻaroyib asarlar adabiyot doʻstlariga xush yoqib qolgani ham maʼlum.
Yigirmanchi asrning eng mashhur sanʼatkor adibi Gabriel Markesning boshqa asarlariga mutlaqo oʻxshamagan bir ruhda bitilgan mazkur hikoyasini jurnalimizning yigirmanchi asrning soʻnggi yilidagi soʻnggi sonida chop etishdan murod shuki, inson moʻjizasi, baxt va baxtsizlik tushunchalari hamma zamonda ham dolu zarb – eskirmas, chinakam sanʼat sehri hamma zamonda ham maftunkor boʻlib qolajagini yana bir karra taʼkidlamoqdan iboratdir.
Darvoqe, asar qahramonlari qismatida bizning shu hikoyani “yoʻqotib” qoʻyishimizga oʻxshashroq bir tushunmovchilikmi, sinoatmi bordek. Sinoatki, andak batafsil, sarmastu shohona hayot tasviri bilan boshlangan asar nogahonda… Keling, u yogʻini ham soʻzlab beradigan boʻlsak, hikoyani bu qadar aziz bilib qidirmoqdan, unga jurnaldan azza-bazza oʻrin bermoqdan maʼno qolmasdi.
Erkin AʼZAM
1999
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/men-izlagan-hikoya/