Kitob insonni ulgʻaytiradi deganlari rost ekan. Qancha koʻp kitob oʻqisang, hayotga boʻlgan qiziqishing, dunyoqarashing, oʻzingga boʻlgan ishonching ortaverarkan.
Abdulla Qodiriyning «Oʻtkan kunlar» romanini oʻqib, nazorat ishiga tayyorgarlik koʻrib kelganim hamon esimda. Oʻshanda hamma «besh» olish payida kitobni «suv qilib» yodlab keldi, shular qatorida men ham. Avvaliga nazorat ishini aʼloga topshirish uchungina oʻqigan boʻlsam, ikkinchi bor butunlay boshqacha taassurot bilan mutolaa qildim. Kitob meni ohanrabodek bogʻlab oldi. Onajonim ham bu kitob haqida toʻlqinlanib gapirib berdi. «Bu asar oʻqilishi shart boʻlgan kitoblardan» dedi-da, javonidagi kitobni qoʻlimga tutqazdi. Oʻsha kuni kitob meni goʻyoki sehrlab olgandek edi. Undagi qahramonlar, ayniqsa, Kumush obrazi meni kitobni oxirigacha oʻqishga undardi. Shu kuni tundan qarz boʻlib qoldim. Goʻyo kitobni yopgudek boʻlsam, yaxshi koʻrgan filmim tugab qoladi-yu, men uni oʻtkazib yuboradigandek. Baʼzida Kumushga rahmim keldi, baʼzida Zaynabning qilgan ishidan achchiqlandim. Hatto Otabekni ikki emas, uch oʻt orasida qolganiga kuyundim ham. Yozuvchi asar qahramonlarini shunday tanlaganki, agar biri boʻlmasa, asar oʻziga oʻxshamay qoladigandek. Xullas, oʻsha kitob meni jasoratga, mehr-muhabbatga oʻrgatdi.
Maktabni bitirib kollejga kirdim. Endi oʻzimni ancha ulgʻaygandek his qildim. Bolalik shoʻxliklari ortda qolib, hunarli boʻlishga harakat qildim.
…Bugun adabiyot darsi. Oʻqituvchimiz «Oʻtkan kunlar» romani haqida maʼlumot berib, shu kitobni oʻqishni tavsiya qildi. «Men bu kitobni oʻqiganman» dedim hammadan oldin. Oʻqituvchimiz esa «yana oʻqing zarar qilmaydi» dedi tabassum bilan. — Bu kitobni qancha oʻqisangiz shuncha kam. Qahramonlarga razm soling, ularni oʻrganing, oʻzingiz uchun kashf qiling, dedi vazifani tushuntira turib.
Baʼzilar oʻqigan kitobini qayta oʻqigisi kelmaydi, ammo menda unday boʻlmadi. Xuddi kitobni birinchi bor qoʻlga olyapmanu undagi voqealar yana hayratga soladigandek tuyilaverdi. Endi kitobni katta odamning nigohi bilan oʻqiy boshladim. Qahramonlarni tahlil qildim. Tarixga nazar soldim. Xullas, fikrlashni oʻrgandim.
…Universitet talabasiman. Ilm olish odamni yuksaklarga koʻtarib, hayotni oʻrgatarkan. Endi men katta davralarda oʻtirib, koʻpchilikni taniy boshladim. Jamiyat uchun oʻzimni kerakli insondek his qildim. Buni qarangki, oʻqish jarayonida yana oʻsha sevimli asarim bilan oshno boʻldim. Endilikda qahramonlar ustidan oʻzim bilgancha hukm chiqara boshladim. Baʼzi fikrlarimga qarshi chiqdim. Kitobni oʻqishni emas, uqib olishni oʻrgandim. Haqiqatan ham kitob insonni ulgʻaytirarkan.
Kitobdagi har bir syujet kitobxonni nimanidir oʻrganishga, mushohada qilishga undaydi. Masalan, asarning mana bu joyi haqiqiy oʻzbek xonadonida kelinga hurmat, qaynota va kelin oʻrtasidagi koʻrinmas parda — andishaning yuqoriligini namoyon etgan. «…Kumush uyalib zoʻrgʻagina salom berdi va Yusufbek hojining yaqinigʻa kelib boʻyin egdi. Hoji qoʻli bilan Kumushning yelkasiga qoqib suydi va Kumushning manglayiga tegʻizib olgʻan oʻz qoʻlini oʻpdi…» Buni qarangki, Yusufbek hoji mana shu bilan keliniga baxt tiladi, oilasiga qabul qildi. Bu, albatta, oʻzbek otalariga xos fazilat.
«Oʻtkan kunlar»ni hozir ham oʻqir ekanman, kitobdan oʻrganadigan narsalarim hali koʻp ekaniga amin boʻldim. Goʻyo kitob men uchun yozilgandek. Otabek va Kumush oʻrtasidagi muhabbatni koʻrib, meni ham oʻzgacha bir his qamrab oldi. Kumushning botiniy va zohiriy goʻzalligi koʻzlarimni qamashtirgandek edi. Men bu asardan yorga sadoqatni, cheksiz muhabbatni, quyosh yangligʻ mehrni, ota-onaga hurmatni, ayollarga xos andishani, maʼsumalikni, soʻnmas sevgini oʻrgandim.
Dilfuza TILLAYEVA
“Oila davrasida” gazetasidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/men-bilan-ulgaygan-asar/