“Mehribon” shogird

“Ozod domlaning beozor hazillari” turkumidan

 

Yozda Ozod Sharafiddinov bilan Fargʻonada dam oldik. Toʻy mavsumi avjiga chiqqani uchunmi, Xudoning bergan kuni sahargi oshga taklif qilishadi. Xoʻroz qichqirmasdan turish malol keladi. Ammo aytilgan joyga bormaslik ham odobsizlik.

Bir kuni Ozod aka ikkinchi qavatdan xushlamayroq tushdi.

– Choʻrt poberi, kechasi bilan biqinim ogʻrib chiqdi, – dedi nolib. – Davolanishga kelganmizmi, toʻyma-toʻy yurishgami?

Sanatoriy darvozasida, odatdagidek, mashina kutib turgan ekan. Gʻizillatib olib ketishdi.

Toʻyxonaga kirishimiz bilan “Umarali aka-a-a!” degan hayqiriq yangradi. Soʻritok tagida oʻtirgan naynov, saksovuldek chayir odam sapchib turib biz tomonga kelaverdi. Ertalabdan “otib” olgani koʻrinib turibdi. Oyoqlari chalishib ketyapti. Ikki yuzi toʻyib mosh yegan xoʻrozning tojidek qip-qizil. Yana bir marta “Umarali aka-a-a!” dedi-da, Ozod akani dast koʻtarib chirpirak qilib aylantira boshladi. Domlaning u yuzidan, bu yuzidan oʻpaverib shilta qilib tashladi.

– Bormisiz, Umarali aka? Sogʻmisiz, domlajon? Eshik-ellar tinchmi, domlajon? Nevaralar chopqillab yuribdimi, domlajon? Sogʻintirib yubordingiz-ku, domlajon!

Oʻpgani ham bor boʻlsin! Har “domlajon” deganida Ozod akani silkitib-silkitib qoʻyadi. Ozod aka “Men… men” deydi-yu, “Umarali emasman”, deyishiga boyagi odam qoʻymaydi. Domla “kechasi bilan biqinim ogʻrib chiqdi” degani esimga tushib, achinib ketyapman.

Bir zumda Ozod aka boshigacha terlab, qizarib ketdi. Nuqul hansirab nafas oladi.

Boyagi odam domlani yerga qoʻydi-da, menga yuzlandi.

– Shoir aka-a-a! – dedi hayqirib. Kurash tushadigan polvonlardek qulochini keng yoyganicha tepamga bostirib kelaverdi. Qarasam, qovurgʻamni dazmollab tashlaydigan! Shosha-pisha qoʻshqoʻllab soʻrashgan boʻldim-da, oʻzimni odamlar orasiga urdim.

Domla ikkalamizni alohida xonaga olib kirishdi. Ozod aka hamon hansirab nafas olar, paydar-pay roʻmolcha bilan yuzini artar edi.

– Boyagi odam kim? – dedim non ushatayotib.

Domla eshitmadimi, javob bermadi.

– Kim haligi odam? – dedim choy quyib.

Domla bir chimirildi-yu, tagʻin indamadi.

Har qalay oʻsha “mehribon shogird” kimligini judayam bilgim kelardi.

– Domla, – dedim, – boyagi odam oʻzimizda oʻqiganmi?

Ozod aka bazoʻr chidab oʻtirgan ekanmi, birdan portladi.

– Hoy! – dedi qoʻlini paxsa qilib. – Qanaqa ezma odamsiz? Jimgina oʻtira olasizmi, yoʻqmi? Bilmayman! Eshitdingizmi? Tanimayman! Umuman tanishni ham xohlamayman! Oʻz holimga qoʻyasizmi-yoʻqmi?

Damim ichimga tushib ketdi. Tashqari chiqqanimizda “shumligim” tutdi. Ozod akaning qulogʻiga sekin shipshidim.

– Umarali aka! Anovi shogirdingiz kelyapti. Xayrlashmoqchi shekilli.

Ozod aka alang-jalang qaradi-da, oʻzini mashinaga urdi.

– Haydang, – dedi eshikni yopib. – Haydang, choʻrt poberi! Tezroq ketaylik shu yerdan.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

https://saviya.uz/ijod/nasr/mehribon-shogird/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x