Mehnat va maʼnaviyat uygʻunligi

Qalampirkent qayerda? Bunaqa joy yoʻq deysizmi? Uning qayerdaligini oltiariqliklardan soʻrang. Ular oʻzlari uchun eskitdan juda-juda qadrdon boʻlib ketgan qoʻli chaqqon, dili guliston kishilar yashovchi qoʻshni Bagʻdodga shunday “taxallus” qoʻyib olishgan.

Bu bejiz emas. Bagʻdodliklar hatto qandchoyga ham qalampir ezib ichishadi. Toʻylarida alohida doshqozon osiladi, unga qalampirni paqirlab solib qaynatishadi, bir olim oshni chaynaguncha, qumoritqi boʻlib ketgan qalampirshoʻrvadan uch marta hoʻplashadi. Tumanning faxri, behad jonkuyar farzandi boʻlmish Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoga bagʻishlangan bir sheʼrda ham mahalliy aholining ana shu xususiyati boʻrttirma tarzda hazilga olingan. Yurtimizning turli hududlarida yashovchi eski ulfatlar oʻz qishlogʻidan biri goʻsht, biri guruch, biri sabzi, biri piyoz, biri zira-zirk koʻtarib kelib, toʻkma palov uyushtirishadi. Bir qaraganda, kerakli masalliqning hammasi muhayyo, lekin oshpaz Iqboljon oʻchoqqa oʻt yoqishni paysalga solaveradi. Sababini surishtirishsa, hali Bagʻdoddan qalampir yetib kelmagan ekan.

Gapni qalampirdan boshlaganimning boisi bor. Ilgarilari bozorlarda qalanib yotuvchi ushbu mahsulot suvtekinga sotib kelingan boʻlsa, endi ne koʻz bilan koʻraylikki, quling oʻrgilgur zamonaning zayli bilan, qimmat-qimmat bahoda xorijga eksport qilinyapti. Qalampirchilarning yonchigʻi qappaygandan qappaymoqda.

Bir mahallar savdo tizimida ishlab yurgan Furqat Berdaliyev keyinchalik tadbirkorlikka oʻtib, turli koʻkatlarni Rossiya bozorlariga eltib sotish bilan shugʻullana boshladi. Bir yili, sinov tariqasida, oz-ozdan qalampir ham olib boradigan boʻldi-yu, xaridor koʻpayib, birdan ishlari yurishdi. Daromad oshib boravergach, avvaliga kichik tsex tashkil etdi, yana picha vaqt oʻtib, hokimlik tomonidan ajratib berilgan ikki gektar joyga qator binolar qurdi, xorijdan uskunalar sotib olib, “Aromatiʼ Bagdada” degan dovruqli korxonaga asos soldi.

Xaridor mahsulotning yangi uzilganini talab qiladimi, qayta ishlanganinimi, xuddi oʻshanday tarzda yetkazib berish uchun endi jamoada barcha imkoniyat yetarli. Bir uskunada mahsulot quritilsa, ikkinchisida qiymalanadi, uchinchisida tuyiladi, toʻrtinchisida har xil vaznlarda qadoqlanadi. Achchiq qalampirlar qatoriga har xil hajmda toʻgʻralgan, chiroyli oʻramalarga qadoqlangan bulgʻori qalampir, baqlajon qiymalari, quritilgan rayhonu jambillar qoʻshilib, mahsulot turi yanada koʻpaytirildi. Qadimiy usulda ipga shodalab tizilgan quruq qalampirlarning ham oʻz mijozlari bor.

Oldinlari birgina Rossiya bilan savdo aloqasi yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, hozir bu safga Ukraina, Gruziya, Qirgʻiziston kabi davlatlar ham qoʻshilib, yangi sheriklar mahsulotning asosiy qismini oʻzlari tashib ketadigan boʻldi. Qolganini korxona ixtiyoridagi “MAN” rusumli fura, “Mersedes-benz” yuk mashinasi ichki va chetki bozorlarga olib borib, yangi-yangi mijozlarni kashf etmoqda. Eksport miqdorini bu yil kamida besh yuz ming dollarga yetkazish koʻzlanyapti.

Korxona mahsulotlariga yana bir qancha davlatlarning tadbirkorlari qiziqish bildirayotgan boʻlsa-da, ishlab chiqarishning hozirgi cheklangan quvvati yangi shartnomalar tuzishga monelik qilib turibdi. Shartnomani tuzib qoʻyib, vaʼdaning ustidan chiqolmay qolishdan yomoni yoʻq, sheriklarning ishonchi bir yoʻqoldimi, keyin tiklash juda mushkul kechadi.

Shular nazarda tutilib, soʻnggi yillarda yurtimizda keng quloch yoyib borayotgan, ishlab chiqarishning yangicha samarador usuli boʻlgan klaster tizimini joriy etishga ahd qilindi. Markaziy Fargʻonadan yuz gektar yer olinib, shu oʻramda tiklanayotgan arzon uylardan yigirmatasiga yosh oilalarni koʻchirib borish orqali, zarur boʻlgan achchiq va bulgʻori qalampirlarning asosiy qismini oʻz ekinzorlarida yetishtirishga, Xitoydan yana olti yuz ming dollarlik yangi texnologiyalar keltirib, korxona quvvatini oshirishga, muzlatkich ombor qurishga kirishildi.

Muhimi – kimdir ulgu koʻrsatib berishida ekan. Qalampirchilik bilan shugʻullanuvchi bunday ishbilarmonlar soni tumanda ortib bormoqda.

Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat

Mirziyoevning jannatmonand yurtimizda eksportga chiqarish mumkin boʻlmagan narsaning oʻzi yoʻq, degan gapi asl haqiqat ekanligiga oilaviy bizneschi Shuhratjon Razzoqov xonadonida boʻlganimizda yana bir karra ishonch hosil qildik. Qalampir-ku – qalampir, qarangki, oddiy oyim supurgi-yu, ruslar “mochalka” deb atovchi qozon yuvgʻichni-da chet elga pullab, valyuta ishlasayam boʻlar ekan.

Xonadonda, oila aʼzolaridan tashqari, yana oʻn nafarga yaqin qoʻshnilar ishlab turganini koʻrdik. Har biri kuniga yuztadan oshirib supurgi bogʻlar ekan. Ushlaganda qoʻlni tilmaslik uchun dumiga rangdor suvqogʻoz (plyonka) qoplangan supurgilar ikki xil koʻrinishda, biri – oʻzimizdagi odatiylari, ikkinchisi – rus ertagidagi jodugar kampir minib yuradigan uzun yogʻoch soplisi. Bunga “yalmogʻizsupurgi” degan nom qoʻyib olishibdi. Oʻtgan yili ushbu xonadondagilar oʻn yetti mingtadan oshiq supurgi bogʻlab berishdan tashqari, atirgul koʻchatlari yetishtirib, bir qismini Rossiyaga sotishibdi. Oʻzimizda bitta supurgi uch ming soʻm atrofida tursa, Rossiyada salkam bir dollar, soplisi ikki dollar ekan. Atirgul koʻchatlari, qozonyuvgʻich ham u yoqda oʻzimizdagidan toʻrt-besh baravar qimmat, deyishdi.

Tadbirkor Ahmadjon Joʻrayev takroriy ekin sifatida ekiluvchi supurgi poyalarini dalalardan mashinada tashib keltirib, har bir supurgi uchun naqd toʻlanadigan bahoni kelishib olgan holda, Choʻlyunus, Qoʻshtegirmon, Chektuvaloq, Xoʻjaqishloq, Chekxitoy, Karimbobo singari joylardagi Shuhratjonnikiga oʻxshash yuzlab xonadonlarga tarqatib chiqarkan. Odamlar poyaning kerakli qismini supurgi uchun qirqib olgach, ostki yoʻgʻon boʻlagi oʻtin, shilib olingan poʻsti va donlari qoʻy-mollarga bepul ozuqa boʻlarkan. Oʻtgan yilning oʻzida uch yuz ming dollarlik mahsulot eksport qilinibdi. Pulni supurib olish degani mana bunaqa boʻladi!

Bu tuman xususida gap ketganda, mashhur “Tohir-Bagʻdod” telekanali ustida toʻxtalib oʻtmaslikning iloji yoʻq. Mashhurligi shundaki, bu joyga Said Ahmad, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Neʼmat Aminov, Oʻtkir Hoshimov, Muhammad Yusuf singari dovruqli zotlarning qadami tekkan. Telekanal qoshida viloyat yozuvchilar hamda jurnalistlar uyushmalari bilan birgalikda “Ijodkorlar uyi”, adabiy toʻgarak tashkil etilgan.

Toʻgarak haqida soʻz yuritayotib, bu mavzuga batafsilroq yondashgim keldi. Millatimizning maʼnaviy jihatdan yanada barkamollikka erishuvida hech nima adabiyotning oʻrnini bosolmasligi nazarda tutilib, yurtimizda kitob chop etish va kitobxonlikni tobora avj oldirish, kitob doʻkonlari, kutubxonalar faoliyatini keskin jonlantirish; ijodkorlar, ayniqsa, yosh qalamkashlarga gʻamxoʻrlikni kuchaytira borish borasida mamlakatimiz boʻylab amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar Fargʻona viloyatida ham oʻz aksini topmoqda. Barcha shahar va tumanlarda oʻn oltita adabiy toʻgarak tashkil etilib, zarur vositalar bilan jihozlangan xonalar ajratib berilgan, ularga aʼzo boʻlgan yoshlar soni besh yuz yetmish nafardan oshib ketdi. Fargʻona shahrida Farida Anis, Gulchehra Asronova, Margʻilonda Ismoil Mahmud, Qoʻqonda Farida Husainova, Fargʻona tumanida Aʼzam Ismoil, Rishtonda Bahodir Iso, Yozyovonda Oʻktamxon Soliyeva, Quvada Zuhra Aliyeva, Oltiariqda Aziza Joʻrayeva, Bagʻdodda Karima Ashurova boshqarayotgan toʻgaraklar alohida tilga tushgan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari Enaxon Siddiqova bularga doim bosh-qosh boʻlish bilan birga, viloyatda yashab ijod qilayotgan Oxunjon Hakimov, Malika Mirzayeva, Matluba Dehqon qizi, Yoʻldosh Solijonov, Sanʼat Mahmudova, Siddiq Moʻmin, Maqsuda Egamberdiyeva, Gulbahor Saidgʻaniyeva, Qahhor Yoʻlchiyev, Rashidxon Shukurov kabi faollardan tashqari, poytaxtdan kelib turuvchi qalamkashlarni ham joylardagi toʻgaraklarga boshlab borib, mahorat darslari uyushtirib turadi. Havaskor ijodkorlarning oldingi va keyingi avlodlari Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Muhammad Ali, Jumaniyoz Jabborov, Baxtiyor Nazarov, Mahmud Toir, Oʻtkir Rahmat, Sirojiddin Sayyid, Abdugʻafur Rasulov, Toʻlan Nizom, Habib Saʼdulla, Ahmadjon Meliboyev, Shuhrat Jabborov, Bahodir Karim, Qoʻchqor Norqobil, Shuhrat Rizayev, Ahror Ahmedov yangligʻ taniqli adib va jurnalistlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarni hanuz sururga chulgʻana-chulgʻana eslab yurishadi.

Oʻtgan yilning oʻzida Zomin seminari ishtirokchilari boʻlgan Abdumannob Mansurov bilan Nozima Habibullayeva gʻoliblar qatoriga kirdi, kitoblari Ijod fondi tomonidan katta tirajda nashr etilib, anʼanaga koʻra, respublika kutubxonalariga tarqatildi. Jasur Ahmedov, Farogʻat Roʻziboyeva, Masihulloh Madaminov, Mehriniso Ahmadjonova, Asror Solijonov, Muruvvat oʻafforjonova singari yoshlar viloyat, respublika miqyosida oʻtkazilgan turli tanlovlarda sovrinli oʻrinlarni egalladi. Bu yil “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida birinchi oʻrinni olib, prezident sovgʻasi – “Spark” avtomobili bilan mukofotlangan oltiariqlik Sharofatxon Ismoilova ham, asli, toʻgarak koʻrganlardan.

Yana avvalgi mavzuga qaytsak, mustaqillik sharofati bilan 1996 yilda faoliyatini boshlagan “Tohir-Bagʻdod” telekanali koʻrsatuvlari doirasi hozir birgina Fargʻonani emas, Andijon, Namangan viloyatlari hududining talay qismini ham qamrab olgan. Bu hol qoʻshnilar oʻz mahsulotlarini bir-biriga reklamalab borishidan tashqari, u yoki bu turdagi xom-ashyolarni sotib olishlarini maʼlum qilib turish imkonini yaratib, mahalliy tadbirkorlar orasidagi aloqalarni kuchaytirishda juda qoʻl kelmoqda.

Eng qoyil qolarlisi, tuman hokimligi koʻmagiga tayanib, bu telekanal yaqinginada mamlakatimiz miqyosida ham katta yangilik hisoblanmish raqamli formatga oʻtdi. Respublika teleradiokompaniyasi tizimidagi mohir telejurnalistlardan sanalguchi Sohibjon Alijonov, Ozoda Toʻraqulovalarni tarbiyalab yetishtirgan bu telekanalda hozir oʻn besh nafar xodim ishlab turibdi. Endi, xabarlar tezkorligini oshirish maqsadida Buvayda, Oltiariq, Oʻzbekiston, Rishton, Yaypan, Beshariq tumanlarida muxbirlik boʻlimlari tashkil etilayotgani tufayli, ularning soni oʻttiz nafarga yetadigan boʻldi.

– Bir narsani bilib qoʻyingʻlar, vodiyning agʻ-bagʻidagi hech qaysi tumanda biznikidan boʻlaq telekanal yoʻq, – deya, bagʻdodcha shevada magʻrur soʻz qotadi telekanal rahbari Tohirjon Hamroqulov. – Bu enangʻdan koʻpaygur maqtanyapti demangʻlar-u, mabodo, birorta tuman telekanal tashkil qigʻandayam, hali-veri biz minan kalla urishtirolmaydi.

Aslida, ishlab chiqarishda ham, madaniy-maʼrifiy jabhalarda ham tumanini birdek yuksakka koʻtarib kelayotgan azamat bagʻdodliklarning aynan mana shu dingʻ-dingʻlama soʻzlari, chapanicha shevasi koʻngil tomirchalarini yoqimli qitiqlab, ogʻaynilar davrasiga doim boshqacha bir lazzat baxsh etadi.

Atay Bagʻdodga kelib, uyga qalampirsiz qaytish noqulaydek tuyuldimi, bozorga kirdim. Kirdim-u, qalampir sotib oʻtirganlarning bunisi Said Anvarga, unisi Nabijon Boqiyga oʻxshab koʻrinaverdi. Ularga qarab, nima, gonorarlar kamlik qilyaptimi, deyishdan oʻzimni zoʻrgʻa tiyib turardim.

 

Anvar OBIDJON,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/mehnat-va-manaviyat-uygunligi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x