Mayin esar tong shamoli

Ibroyim YUSUPOV,

Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri

 

BESh TOʻBANING  TOGʻLARIDA

Koʻp vaqt boʻldi kezdik holi,

Sirlashaylik ovlogʻida…

Mayin esar tong shamoli,

Besh toʻbaning togʻlarida.

 

Ota-bobo armon etgan,

Horib-tolib  zoʻrgʻa yetgan,

U kunlar olislab ketgan,

Besh toʻbaning togʻlarida.

 

Amudaryo toʻlqin otar,

Suv boʻyida qator-qator,

Besh nor tuya choʻkib yotar,

Besh toʻbaning togʻlarida.

 

Bulduruqli boʻz tumani,

Boshlandi yangi davroni,

Bebaho boylikning koni,

Besh toʻbaning togʻlarida.

 

Oqsin yayrab jilgʻa soylar,

Oʻtlar pastda suruv qoʻylar,

Arxarlar irgʻishlab oʻynar,

Besh toʻbaning togʻlarida.

 

SUYMAGANGA

Oshiq dilning  oʻz yoʻli bor,

Suymaganga salom yoʻqdir.

Goʻzallikda erka  dildor,

Senga oʻxshash sanam yoʻqdir.

 

Oshiq boqmas ahvoliga,

Qanoti bor xayolida,

Jon kuydirmay visoliga,

Yetsam degan tamam yoʻqdir.

 

Boqiy emas davru davron,

Bizdan ketib,  sizga borgan.

Men gʻarib ishqingda yongan,

Bedard dillarga  gʻam yoʻqdir.

 

Bulbul qoʻmsar gul vaslini,

Qalbin  yoqar  ishq  yolini,

Oshiq Ayozning  holini

Xatga bitar qalam yoʻqdir.

 

ANGLAMAS

Toʻpidan ayrilgan yagona gʻozning

Nolasini oydin koʻllar anglamas.

Gul ishqida kuygan bulbul  figʻonin

Bahorda ochilgan gullar  anglamas.

 

Kimgadir hijronu kimgadir visol,

Dunyoning ishiga qolib hayron-lol,

Suv izlab horisa yarador marol,

Oʻzi suvga chanqoq choʻllar anglamas.

 

Qasding borday buncha qiynab jonimni,

Beayov  chertarsan koʻngil torimni,

Mening  “sen” deb chekkan ohu zorimni,

Xudoga ming shukr, yellar anglamas.

 

Gullar fasli – oʻtar  bahori, yozi,

Besabab urmagay xazon ayozi.

Oshiq Ayoz “sen”ga bitgan bayozin

Bedard jonlar, hissiz dillar anglamas.

 

DAVRU DAVRON

Qirq oy qoʻlda oʻsgan kiyik

Choʻl isini olsa turmas.

Keng yaylovda kezgan choʻpon

Shaharda bogʻlasa turmas.

 

Bogʻ ichida pista-bodom,

Tatir nasib etgan odam.

Ohangni tuymagan nodon,

Bulbullar sayrasa tuymas.

 

Muruvvatli boʻlsa koʻngil,

Dard-alaming boʻlar yengil,

Bu boʻstonda ochilgan gul,

Xazon urib soʻlsa, turmas.

 

Baland toqqa qurib oshyon,

Bulut koʻz yosh qilar har on,

Poyoni yoʻq davru davron,

Yotib tush koʻrgancha boʻlmas.

 

 

Qoraqalpoq tilidan Ochil Tohir tarjimasi

 

“OʻzAS”dan olindi

https://saviya.uz/ijod/nazm/mayin-esar-tong-shamoli/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x