Maxtumqulining tayanch togʻi

Turkman adabiyoti tarixida Maxtumqulining otasi – Davlatmammat Ozodiy (1700–1760) haqida maʼlumotlar koʻp emas. Oraz Yagʻmurning “Maxtumqulinoma” kitobida otasining ismi Maxtumquli boʻlib, bir oz shoirlikdan boxabarligi, qirq yoshida oʻgʻil koʻrib, unga Davlatmammat deb ism qoʻygani yozilgan. Oʻn ikki yoshida otasidan yetim qolgan Davlatmammat hayot maktabida tahsil oldi, tajriba orttiradi; Xevada oʻqiydi. Keyin dehqonchilik, zargarlik, mudarrislik bilan shugʻullanadi. Otasining hurmati uchun oʻgʻliga Maxtumquli deb ism qoʻyadi. Davlatmammat Ozodiy oʻz davrining bilimdon olimi, taniqli ziyolisi boʻlgan. Ikki ming baytdan koʻproq hajmli masnaviy usulida yozilgan “Vaʼzi Ozod” asarining mazmuni Ozodiyning Qurʼoni karimni, islom dini tarixi, Rasululloh (s.a.v.) hadislari, shariat ahkomlarini juda yaxshi bilganini koʻrsatadi. Rivoyatlarga koʻra, oʻziga “Ozodiy” deb taxallus tanlashini Davlatmammatning tushi bilan bogʻlashadi. “Tushiga Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) kirib: “Sen doʻzaxdan ozodsan” degan emishlar”[1]. Ozodiy asarlari mustabid shoʻro zamonida – 80-yillarda turkman oʻquvchilariga taqdim etiladi, ammo nashrdan chiqqan kitob davr mafkurasiga mos kelmagani uchun darhol kutubxona va kitob doʻkonlari tokchalaridan yigʻib olinadi; yoʻq qilinadi.

Davlatmammat Ozodiyning kimligidan darak beradiga eng yaxshi manba – bu shuhbasiz Maxtumqulining sheʼrlaridir. Shoirning adabiy merosi tarkibida otasiga ehtiromi balqib turgan “Mulla Ozodim”, “Otamning”, “Ozodim qani?” va boshqa bir qancha sheʼrlari bor.

Otasining maʼrifat bulogʻidan suv ichgan shoir “Kuygan jonima” sheʼrining tuganchida, otasiga ehtirom koʻrsatib: “Duo aylab oʻtarman, ul Ozodiy ustozima”, deydi. Eng muhimi, ustoz sifatida otasining nomi va martabasini tarixda yashab oʻtgan, el-yurtga ezgulik ulashgan ulugʻ insonlar qatoriga qoʻyadi. Tirikligida eʼzozlaydi, vafot etganida yana yozadi:

 

Oltmish yoshda, Navroʻz kuni, luv yili,

Turdi ajal, yoʻlin toʻsdi otamning.

Bu dunyoning ishi bundayin, belli,

Umrining tanopin kesdi otamning”.

 

“Otamning” sheʼri qaysidir maʼnoda Ozodiyning oxirat uchun ozuqa toʻplash gʻamida yashab oʻtganidan, oʻzini abdollar qatoriga qoʻshganidan darak beradi. Maxtumquli ota doʻstlarining jannatga doxil boʻlishidan umid etadi.

Maxtumquli otasi vafot etganida marsiya yozadi. Shoir “koʻzining nuri” boʻlmish otasini sogʻinganda yozgan hissiyotli misralari har qanday odam yuragini titroqqa soladi:

 

Imomsiz qolgandir masjid-mehrobim,

Tugʻmadi sochib nur ul mohitobim[2],

Yomon qoldimsel olibdir atrofim,

Koʻnglimning ummoniOzodim qani?!”

 

Boshqa bandlarda shoir otasiga “shahrimning sultoni”, “minbarim azoni”, “elimning zaboni”, “yuragim oromi”, “Goʻklangning polvoni”, “bogʻimning rayhoni”, “nomusim iymoni” kabi sifatlar beradi. Maxtumqulining ushbu sheʼridan “Ozodim qani?” degan haybatli nola, ezgin afgʻon, choʻng dard eshitiladi. Otasini izlayotgan shoirning alamiga oʻquvchi sherik boʻladi; koʻngli boʻshab, koʻzlariga yosh keladi.

Umuman, Maxtumquli sheʼrlari ichidan otasi – Damlatmammat Ozodiyga bagʻishlangan bunday sheʼrlardan chin musulmon bir insonning, tarbiyachi, olim, abdol, maʼlum bir komillik martabalariga erishgan otaning muhtasham, salobatli siymosini tasavvur qilish mumkin.

Halol luqma, teran taʼlim-tarbiya, haqgoʻy ustozlar, jiddiy mushohada, yuksak odamiylik – bularning barcha-barchasi jamuljam boʻlgan bir vaziyat Maxtumquli dahosini tarix sahnasiga olib chiqdi. Bu dahoning tayanchi, bu adibning ilhomchisi, bu shoirning tarbiyachisi, albatta, otasi Davlatmammat Ozodiy edi.

 

Bahodir KARIMOV,

adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori

 

 


[1] Oraz Yagʻmur. Maxtumqulinoma (Turkman tilidan Muzaffar Ahmad va Rustam Jabbor tarjimasi). “Oʻzbekiston” nashriyoti. 2016 yil, 13-14-bet.

[2] Mohitob – oy, oydin;

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/maxtumqulining-tayanch-togi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x