MAVRITANIYA

MAVRITANIYA (Mauritanis), Mavritaniya Islom Respublikasi (AlJumhuriya al-Islomiya al-Mavritaniya, Republique Islamique Mauritanie) — Afrikaning shim.-gʻarbidagi davlat. Mayd. 1031 ming km2. Aholisi 2,7 mln. kishi (2001). Poytaxti — Nuakshot sh. Maʼmuriy jihatdan 12 viloyat (region) ga boʻlinadi, poytaxti — Nuakshot sh. muxtor okrug (district) sifatida ajratilgan.

Davlat tuzumi. Mavritaniya — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1991-y. da qabul qilingan. Davlat boshligʻiprezident (1992-y. dan polkovnik Maauyya uld Sidi Ahmad Tayya). U umumiy toʻgʻri ovoz berish yoʻli bilan 6 y. muddatga saylanadi va bir necha marta qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — 2 palatali parlament (Milliy assambleya va Senat). Ijroiya hokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi, bosh vazirni prezident tayinlaydi.

Tabiati. Mavritaniyaning koʻp qismi Gʻarbiy Sahroi Kabirning qumli va toshloq choʻllari, Atlantika okeaniga tutash sohili pasttekislik. Yer yuzasida pasttekisliklar va uncha baland boʻlmagan platolar koʻp. Mamlakat hududi tokembriy jinslaridan tarkib topgan qad. AfrikaArabiston platformasiga mansub. Mis, temir rudalari, shuningdek, toshtuz, gips, fosforit konlari bor. Iqlimi tropik choʻl iqlimi. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi 16—20°, iyulniki 30—32°. Eng yuqori t-ra 40—45°. Sharqdan tez-tez issiq shamol esib turadi. Yillik yogʻin 50—100 mm. Mavritaniyada Senegaldan boshqa oqar daryolari yoʻq. Ekinlarni sugʻorishda daryo, yer osti va buloq suvlaridan foydalaniladi. Choʻllarda butalar, akatsiya va b. oʻsadi. Mavritaniyada sudralib yuruvchilar, kemiruvchilar koʻp; chiyaboʻri, fenek tulkisi, gʻizol, kiyik va b. bor. Qirgʻoq suvlari ovlanadigan baliklarga boy. Bandargon milliy bogʻi mavjud.

Aholisi. Mavritaniya tub aholisining 80% dan koʻprogʻini mavrlar tashkil etadi. Ular arab tilining hasaniyya shevasida soʻzlashadi, shuningdek, barbarzenagalar, fulbe, volof, tukuler, soninke va b. xalqlar yashaydi. Rasmiy tilarab tili. Rasmiy dinislom. Aholining 39% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari — Nuakshot, Nuadibu, Zuerat, Kaedi.

Tarixi. Mavritaniyaning qad. va oʻrta asrlar tarixi kam oʻrganilgan. 4—11-a. larda Mavritaniyaning jan. qismi Gʻarbiy Afrika (Gana va b.) davlatlari tarkibida boʻlgan. 13—14-a. larda Mavritaniyaning jan. qismi Mali davlatiga qoʻshilgandan keyin arablar hukmronligi kuchaydi.

15-a. dan Mavritaniyaga portugallar, ispanlar, gollandlar, inglizlar, fransuzlar kelib, qul, oltin, sirach olib keta boshladi. 1783-y. gi Versal sulhiga koʻra, Mavritaniya sohillari tamoman Fransiyaga tobe boʻlib qoldi. 1903-y. da Fransiya M. ni oʻz protektoratiga aylantirdi. 1920-y. mamlakat rasmiy ravishda Fransiya mustamlakasi deb eʼlon kdlindi. Mavritaniya xalqi mustamlakachilarga karshi muntazam kurashib keldi.

2-jahon urushidan keyin Mavritaniyada ozodlik harakati kuchaydi. 1946-y. dan M. Fransiyaning «dengiz ortidagi hududi». 1958-y. dan Fransiya hamjamiyati tarkibida oʻzini oʻzi boshqaruvchi respublika. 1960-y. 28 noyab. da Nuakshotda mustaqil M. Islom Respublikasi tuzilganligi eʼlon qilindi. 1961-y. mayda Mavritaniya konstitutsiyasi qabul qilindi. 1991-y. dan mamlakatda koʻp partiyali tizimga oʻtiddi. Mavritaniya tashqi siyosatda bloklarga qoʻshilmaslik, barcha mamlakatlar bilan hamkorlik tamoyiliga sodiq. Mavritaniya 1961 i. noyab. dan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 28 noyab. — Mustaqillik kuni (1960).

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Respublikachilar sotsialdemokratik partiyasi, 1991-y. da tuzilgan; Demokratiya va birlik yoʻlidagi birlashma, 1991-y. da tashkil topgan; M. uygʻonish partiyasi, 1991-y. da asos solingan. Mavritaniya mehnatkashlari ittifoqi — birlashgan umummilliy kasaba markazi, 1961-y. da tuzilgan, Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi.

Xoʻjaligi. Mavritaniya — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda q. x. (baliqchilik b-n birga) ulushi 30%, sanoat ulushi 19,2%. Ishlab chiqaruvchi kuchlar zaif rivojlangan. Mustaqillikka erishilgach, hukumat q. x. va baliqchilikni jadal rivojlantirish, xorijiy sarmoya qoʻyishni ragʻbatlantirish tadbirlarini koʻrdi. Konchilik sanoati rivoj topgan. Qayta ishlash sanoati oziq-ovqat (baliq va goʻshtni qayta ishlash, qandshakar va konserva i. ch.), kimyo, neft mahsulotlari, koʻnchilik, tikuvchilik, gilamdoʻzlik tarmoqlaridan iborat. Dengiz suvini chuchuklashtirish kurilmasi oʻrnatilgan. Yiliga 140 mln. kVt/soat elektr energiya qosil qilinadi. Anʼanaviy hunarmandchilikni rivojlantirish ragʻbatlantiriladi. Sanoat korxonalarining aksariyati Nuakshot sh. da joylashgan. Koʻpchilik aholi band boʻlgan q. x. zaif. Uning asosiy tarmogʻi — koʻchmanchi va yarim koʻchmanchi chorvachilik. Qoramol, tuya, qoʻy, echki, eshak, ot boqiladi. Baliq va dengiz jonivorlari ovlanadi. Senegal daryosi boʻyida va vohalardagina dehqonchilik qilinadi. Hududining 2/5 qismi yaylov. Asosiy oziq-ovqat ekinlari: tariq, oq joʻxori, makkajoʻxori, batat, dukkaklilar, sholi, yer yongʻoq, xurmo va b. Akatsiya daraxtining muayyan turlaridan ajralib chiqadigan yopishqoq modda — gummiarabik (arab yelimi) eksport ahamiyatiga ega. Tez-tez boʻlib turadigan qurgʻ-oqchilik q. x. ga katta zarar yetkazadi. Temir yoʻllari uz. —0,7 ming, avtomobil yoʻllari uz. —8 ming km dan ortiq. Asosiy dengiz portlari va xalqaro aeroportlari — Nuakshot va Nuadibu. Senegal daryosining quyi oqimida kema qatnaydi. Mavritaniyadan chetga temir rudasi, oltin, gips, baliq va baliq mahsulotlari, chorva, teri va b. chiqariladi. Mavritaniyaga chetdan sanoat mollari, neft mahsulotlari, mashina va uskunalar, oziq-ovqat keltiriladi. Tashqi savdoda Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Germaniya, AQSH, XXR bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — ugiya.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. Boshlangich taʼlim majburiy hisoblanadi, biroq bolalarning oz qismi maktabga qatnaydi. Mavritaniyada 1214 boshlangʻich va 51 oʻrta maktab bor. Oʻqish muddati: boshlangʻich maktabda 6 y., oʻrta maktabda ham 6 y. Boshlangʻich maktablarda darc arab tilida, oʻrta va oliy maktablarda fransuz tilida olib boriladi; boshlangʻich maktablarda fransuz tili ham oʻrgatiladi. Oliy oʻquv yurtlari: Nuakshotda un-t (1983), Ped. in-ti (1971), Oliy maʼmuriy maktab. Butilimit sh. da Oliy islom tadqiqot in-ti (1961) bor. Yoshlarning aksariyati Fransiya, Senegal va b. mamlakatlarning untlariga borib oʻqiydi. Mavritaniyada konchilik sanoati i. t. markazi, sabzavotchilik i. t. instituti, bir necha q. x. tajriba st-yasi, Ped. hujjatlashtirish markazi (1962) bor. Nuakshotda Milliy kutubxona (1961), Milliy arxiv (kutubxonasi b-n, 1955) va Markaziy ommaviy kutubxona mavjud.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Mavritaniyada chiqadigan asosiy nashrlar: «Ash-shaab» («Xalq», 1975-y. dan, arab va fransuz tillarida chiqadigan kundalik hukumat gaz.), «Pyopl» («Xalq», fransuz va arab tillarida yiliga 6-marta chiqadigan gaz.), «Jurnal ofisyel» («Rasmiy gaz.», fransuz tilida haftasiga 2-marta chiqadigan hukumat xabarnomasi). Mavritaniya radioeshittirish va telekoʻrsatuv xizmatiga 1958-y. da asos solingan; arab, fransuz va mahalliy tillarda eshittirish va koʻrsatuvlar olib boradi. Mavritaniya axborot agentligi 1975-y. da tuzilgan boʻlib, 1990-y. gacha Mavritaniya matbuot agentligi deb atalgan; u hukumat nazoratida.

Adabiyoti mumtoz arab tilida, arab tilining hasaniyya shevasida va barbar tilida. Arablar kelishidan avval barbar qabilalarining xalq ogʻzaki ijodiyoti mavjud boʻlgan va u rivojlanib kelayotir. Mumtoz arab tilida dastlabki diniy va tarixiy mazmundagi asarlar 11-a. dan maʼlum. Hasaniyya shevasida qaxramonlik dostonlari va musiqiy sheʼrlar yaratilgan. 16-a. da mumtoz arab tilida dunyoviy sheʼriyat vujudga keldi. 17 — 18-a. larda U. Razga, Bu Fumuayn, Mavritaniya al-Yadali, 19-a. da U at-Telba, U. Muxamdi, U. ash-shayx Sidiya kabi atoqli shoirlar ijod qildi. Zamonaviy shoirlar orasida Al-Muxtor al-hamid, Xatri ibn-Xatri, Ualla Abnilar bor. Bakken sheʼrlari mahalliy shevada va mumtoz shaklda yozilgan.

Meʼmorligi, tasviriy va amaliy sanʼati. Mamlakat jan. da neolit davriga mansub oʻnlab istehkomli manzilgohlar (tepaliklarda tosh devor bilan oʻralgan tosh uylar) topilgan. Barbarlarning eni 15 m gacha, bal. 2 m li «shusha» deb atalgan doirasimon kabristonlari mil. av. 1ming yillikka oid deb hisoblanadi. Mil. 7—11-a. larda savdo yoʻllarida, quduqlar atrofida bogʻlar, tosh uylar va mayejidlar paydo boʻlib, barbar manzilgohlari hosil boʻlgan va ular asta-sekin shaharlarga aylanib borgan. 11 —12-a. lardan Mavritaniya hududida toʻgʻri burchakli, yassi tomli, ichki hovlili uylar, chorsi minorali masjidlar qurilgan. Gʻarbda imoratlar gʻishtdan gul solib qurilsa, sharqda binolar sirti suvaladi, kiraverishi qizil-oq rangda naqshlanadi. 20-a. da Nuakshot, Nuadibu sh. larida yevropacha imoratlar barpo etildi, ayrim shaharlar oʻrta asr qiyofasida qolgan. Neolit davriga oid sanʼat asarlari (qoya toshlarga oʻyib chizilgan rasmlar, «shusha»lar) saqlangan. Oʻrta asrlarda Mavritaniya hududida arab barbarlarning madaniyati rivoj topgan. Amaliy bezak sanʼatining har xil turlari (metall, sopol, charm, yogʻoch va b. dan buyumlar yasash) mavritan sanʼatining oʻziga xos uslubida rivojlangan. Zargarlik va kulolchilik ravnaq topgan.

Musiqasi. Mavritaniya musiqa madaniyati mavrlar, barbarzenagalar va negroid xalqlarining turli anʼanalarini oʻz ichiga oladi. Griotlar sanʼati anʼanaviy mavritan musiqasining eng yorqin va rivojlangan qatlamidir. Ularning cholgʻu asboblari orasida 4 torli udni eslatuvchi tidinit, 12—14 torli arfaga oʻxshash qovoq poʻstlogʻidan yasalgan ardin ajralib turadi. Bayram va diniy marosimlarda zamzayya (surnay) va neffar (nay) joʻrligida koʻpchilik boʻlib aytiladigan qoʻshiqlar yangraydi. Bundan tashqari, 1 torli ud va rubobda kuylar ijro etiladi. Keyingi yillarda yevropacha zamonaviy kuylar, ayniqsa, estrada sanʼati urf boʻldi.

Kinosi. Mustaqillikka erishilgunga qadar Mavritaniyaning oʻz kino sanʼati yoʻq edi. 1967—68 y. larda mahalliy rej. Med Xondo dastlabki qisqa metrajli filmlarini suratga oldi. 1971 va 1974-y. da uning «O quyoshi» hamda «Qoʻshningiz, negritoslar» filmlari va 1980-y. da «Vest-Indiya» filmi ekranga chiqdi. Xondo ijodi boshqa mavritan rej. lari va aktyorlari taqdiriga katta taʼsir oʻtkazdi. Jumladan, kinorej. va aktyor Sidney Sokxonaning «Alloh yetimlari», «Millati — muhojir», «Safrana yoki Gapirish huquqi» filmlari muhojirlik muammosiga bagʻishlangan. Mavritaniya tabiati, anʼanalari va musiqiy madaniyatiga bagʻishlangan rangli hujjatli filmlar ham suratga olingan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x