MAVLONOV Sirboy (1922.17.9, Kustanay viloyati — . ?, Olmaota) — Qozogʻiston xalq shoiri (1982). 2-jahon urushi qatnashchisi (1941—43). Urushdan yarador boʻlib qaytgach, Kustanay viloyati gaz. da muharrir oʻrinbosari (1943 — 50). Soʻng turli vaqtda Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi, «Qozoq adabiyoti» gaz. va «Juldiz» («Yulduz») jur. ning bosh muharriri. Sheʼriy ijodi 1948-y. dan boshlangan. «Yangi bahor» (1956), «Moviy togʻlar» (1964), «Yer qaymogʻi» (1965), «Jangchining kafti», «Tanlangan lirika» (1967), «Qadimiylik va yoshlik» (1969), «Barglar yonmoqda» (1971), «Aprel yomgʻiri» (1972), «Subhidam» (1976) singari qozoq va rus tillarida 30 dan ziyod sheʼriy kitoblari eʼlon qilingan. Bayron, Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Mayakovskiy, Gʻafur Gʻulom, Mirtemir, Shukrullo, Mirmuhsin sheʼrlarini qozoq tiliga tarjima qilgan.
Mavlonov oʻzbek adabiyotining Qozogʻistondagi eng faol targʻibotchilari va tarjimonlaridan biri. Mavlonovning «Kuzgi bulutlar» (1987) toʻplamidan joy olgan «Oʻzbekiston — gullar diyori» sheʼriy turkumi shoirning oʻzbek yurti va oʻzbek xalqiga mehr-muhabbat tuygʻulari b-n yoʻgʻrilgan. L. ning bir qancha sheʼrlari Mirtemir, S. Akbariy, M. Jalil va b. tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Abay nomidagi Qozogʻiston Davlat mukofoti laureati.