Mavlono Qosim

Biz ulugʻ allomalar haqida oʻylaymizu, ammo ularga hamnafas, suyanchiq boʻlgan, jon fido kishilarni tilga olmaymiz. Mavlono Qosim ana shunday fidoyi insonlardan boʻlgan. Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da Mavlono Qosim haqida maʼlumot berar ekan, uni asli Farkatdan ekanligini, ellik yilga yaqin Xoja Ahrori Valiga vobasta boʻlib yoshi yetmishdan oshib olamdan oʻtganligini aytadi.

Mavlono Qosimning Xoja Ahrori Valiga va xojagon tariqatiga eʼtiqodi shunchalik baland ediki, yarim asr ul tabarruk zotga xizmat qilib, bir kun ham ayrilmagan. Hazrati Eshon mavlononi bogʻbonliqgʻa buyurgan edilar. Mavlono Qosim xojagon tariqatiga shunchalik berilgan ediki, hamxonalari ertalab belbogʻiga tugib bergan nonni yeyishni ham unutib, butun fikru zikri Alloh bilan band boʻlardi.

U haqda Ali Safiy “Mavlono Qosim alayhi-r rahma Hazrati Eshonning ajillan asʼhoblaridan va yoronlarining sobiqlaridin va qadimiy xodimlaridin, maqbul va mahbublarining jumlasidin edi. U diyorning azizlari olarni hazrati Xojaning soyalari der erdilar”, deb yozadi.

Mavlono Qosim oʻzini pirga fido qilgan inson edi, u xizmatdan topdi. Hazrati Eshon salomatligini yoʻqotgach, Mavlono Muhammad Qozi tabib olib kelish uchun Hirotga yoʻl oldi. Muhammad Qozi tabibni olib kelgunicha, yaʼni oʻttiz besh kun Mavlono Qosim pirning yonidan jilmadi, Hazrati Eshon tuzaldilar. Mavlono Qosim esa vafot etdilar. Voqea bunday boʻlgan edi. Hazrati Eshon aydilar: “Bir kuni Mavlono Qosim bizning yonimizga keldi va aydi: “Man oʻzimni sizga fido qilurman”. Man aydim: “Ey Qosim, sen faqir kishisan va mutaalliqlaring koʻp turur, bu yangligʻ etmagil: “Aydi: “Man sizga bu amrda mashvarat uchun kelganim yoʻq, bu ishni etdim, Haq subhonahu va taolo qabul etdi”. Har necha mubolagʻa etildi u muqobalada bu soʻzdin boshqa soʻz aytmadi va bu soʻz bila ketdi”.

Bundan Xoja Ahrori Vali juda qattiq qaygʻuradi va Mavlono Qosimni Mulyonda Mavlono Ali Arronning qabri oldiga qoʻydiradilar. Kishilarga aytadilarki, siz Mavlono Qosimni faqir kishi deb oʻylamang, uning guzashtalari qirq Mavlono Aliga teng kelardi. Ondin soʻng yigʻladilar va aydilar: “Mavlono Qosimni bu olamda kishi tanimadi, oning qadru kamoli ul olamda zohir boʻlgʻusidir”.

Mir Abdulavval “Masmuʼot”da yozishicha, Mavlono Qosim 1486 yilda vafot etgan.

 

Sayyid Imomxoʻja SALIMIY,

filologiya fanlari nomzodi

 

zarnews.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/mavlono-qosim/

5 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x