Post Views:
2 102
Rosululloh s.a.v.da barcha yaxshi sifat va go‘zal axloqlar jamlangan edi. Shuning uchun u zot s.a.v. insonlar uchun namuna bo‘lishga eng haqli edilar. Alloh taolo payg‘ambarimiz s.a.v.ni barcha musulmonlarga namuna qilib yuborgan. Bu haqida Alloh taolo o‘zining kalomi Qur’oni karimning “Ahzob” surasi 21-oyatida bunday e’lon qilgan: “(Ey, iymon keltirganlar) sizlar uchun Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir”.
Har bir musulmon bajarayotgan ishida payg‘ambari s.a.v.dan ibrat olishi lozim. Ibrat olish esa u zotning xulqlariga, so‘zlariga itoat qilishdir. Bu haqida Payg‘ambar s.a.v: “Kimda kim payg‘ambarga itoat etsa, demak u Allohga itoat etibdi”.
Itoat qilishda u zotni ko‘rish yoki hamsuhbat bo‘lish shart emas.
Rosululloh s.a.v. hayotdan rihlat qilib sahobalardan oz sonlilari qolgan edi. Shulardan Miqdod ibni Asvad r.a.ni oldilariga bir kishi kelib, ko‘zlariga termilib turib: طوبى لهتين عينين رءتا رسول الله [صعو] و الله لو شهدنا ما شهدت
“Qanday ham baxtli ko‘zlarki, bu ikkala ko‘z Rosululloh s.a.v.ni ko‘rgana, koshkiydi biz ham siz ko‘rgan narsani ko‘rganimizda” deb Rosululloh s.a.v.ni iroda qildi.
Shunda Miqdod ibni Asvad r.a. bu kishini gapiga taajjublanib aytdilar: “Bilasizmi, Rosululloh s.a.v. shunaqangi bir zamonda dunyoga keldilarki, johiliyat avjiga chiqqan paytda Alloh taolo u zot a.s.ni Qur’on bilan yubordi, u paytda ibodatning eng afzali bud sanamlarga cho‘qinish edi. Ba’zi bir xonadonlarda o‘g‘il iymonga kelgan, ammo ota mushrik, ba’zilarida esa ayol musulmon, ammo farzanlari mushrik yoki aksincha. Gap ko‘zda emas, Allohga shukr qiling, chunki u zotni ko‘rmasdan turib iymon keltirib turibsiz. Bilasizmi, payg‘ambarni ko‘rgan ko‘pgina ko‘zlarni Alloh taolo yuz tuban jahannamga mustahiq qildi. Shuning uchun gap ko‘zda emas, balki iymonda”, dedilar.
Uvays Qoroniy haqlarida ham Payg‘ambar s.a.v. jannatiylikni bashorat berishlariga sabab, u zotni ko‘rib iymon keltirgandan ko‘ra ko‘rmasdan turib iymon keltirish afzal ekanini bilganlaridan edi. Biroq bir zamonda yashagan edilar, borib ko‘rishsalar bo‘lardi, ammo ko‘rishmasalarda u zotga muhabbatlari cheksiz edi.
Shu yerda muhabbat qilish bo‘yicha ma’lumot.
Muhabbat ikki xil bo‘ladi:
1. Ishqiy muhabbat.
2. Aqliy muhabbat.
1. Ishqiy muhabbat shuki: qalbni bir tomonga moyil bo‘lishligi. Bu qalbni moyil bo‘lishligi insonning qo‘lida emas. Kim kimni yaxshi ko‘rishligi, kimga nima yoqib qolishligi inson qo‘li bilan bajara olmaydigan amal. Hatto Payg‘ambar s.a.v.dek zot ham ayollarining ichida Hazrati Oisha r.a.ni ko‘proq yaxshi ko‘rardilar va aytardilar: “Ey Robbim, ixtiyorim tasarrufidagi ishda adolat qilmoqni istayman. Ammo ko‘nglim ixtiyori menda emaski, O‘zing hikmat sohibisan”.
Lekin qalbni biror narsa yoki zotga moil bo‘lishligi bu ne’mat, aslida u dunyoviy bo‘lganda ham, chunki mo‘’tabar kitoblarda qayd etilishicha, bir kishini ishqi boshqa bir ayolga tushsayu, lekin uni nomahramligini e’tibori bilan o‘z muhabbatini izhor qilmay sabr bilan dunyodan o‘tsa, shahidlik maqomida bo‘ladi. Shu kabi bir ayolning ham ishqi nomahram bir erga tushsayu, biror so‘z aytmasa, sevgisini izhor qilmay u ham sabr bilan o‘tsa go‘yo shahidlik maqomidadir” deyiladi.
Ishqiy muhabbat ikki dunyo saodatiga olib boruvchi ham bo‘ladi. Mana shu muhabbatning eng zarracha uchquni, inson qalbida, bandani Allohga nisbatan iymon, ishonchini kufrdan ustun ko‘rishlikdir.
Keyingi o‘rinda esa iymoni taqozo qilgan ishlarni, buyruqlarni boshqalarning buyrug‘idan ustun ko‘rishlik. Masalan: Namoz vaqti bo‘ldi, boshqalarni e’tiboridan ajrab, Allohni buyrug‘ini ado qilish.
Shu kabi buyruqlarni ado etishda banda davom etib bora, bora Allohning buyrug‘ini o‘zini odatiga aylantiradi va bu yo‘lda birovlarning malomatidan qo‘rqmaydi.
Bu haqida Alloh taolo Moida surasining 54-oyatida Allohni sevadigan qavmni sifatini bayonida shunday deydi: “…(ular) malomatchining malomatidan qo‘rqmaslar”.
Mana shunday sifatga sahobalar ega edilar. Allohni sevish yo‘lida birov tomonidan qanday malomat bo‘lsa, ularga qizig‘i yo‘q edi.
Demak, ishqiy muhabbatni Alloh bandaning qalbiga solganidan keyin uni ro‘yobga chiqarish, uni alanga oldirishda bandaning aqli, ilmi, harakati ila mustahkam bo‘ladi.
2. Aqliy muhabbat.
Aqliy muhabbat taqozo etgan narsa bu Allohga muhabbatiga sazovor bo‘lishda Uning maxluqlariga muhabbat qo‘yish ila erishiladi. Masalan: kishining o‘z farzandi, ota-onasiga muhabbati, yoki yetim, yo‘qsillarga rahm shafqat qilish va hakozolar.
Mana shu muhabbatni qozonish yo‘lini Alloh taolo o‘zining Qur’onida ko‘rsatib o‘tgan. Alloh taolo Oli Imron surasining 31-oyatida:
31. “Siz, agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas menga ergashing shunda Alloh sizga muhabbat qiladi va sizning gunohlaringizni mag‘firat qiladi”, deb ayting. Alloh kechiruvchi va rahimlidir”.
Mo‘min bandaning Allohga bo‘lgan muhabbatining isboti uning Payg‘ambar s.a.v.ga ergashishi bilan o‘lchanadi. Payg‘ambar s.a.v.ga ergashish mo‘min bandaga bitmas tuganmas baxtu saodat olib keladi. Oyatda: “…shunda Alloh sizga muhabbat qiladi va sizning gunohlaringizni mag‘firat qiladi”, mo‘min banda uchun Allohning muhabbatidan ham yaxshiroq baxt-saodat bormi? Buning ustiga uning gunohlarini ham mag‘firat qilib tursa!
Hazrati Anas r.a.dan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar s.a.v. shunday marhamat qildilar: “Sizlardan birortangiz, hattoki men u kishi uchun o‘z otasidan, bolasidan va barcha insonlardan ko‘ra sevimliroq bo‘lmagunimcha, haqiqiy mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar.
Hadisda ota va farzand xossatan zikr etilishi nafsga azizroq va nafs istaklaridan ko‘ra Payg‘ambar s.a.v.ni ko‘proq sevishlik talabini ta’kidlovchi narsa bo‘lib keldi.
Bunda kishida solih amallarga, solih zotlarga nisbatan muhabbat paydo bo‘lsa, bilsinki, bu Allohning u bandaga bergan ne’mati. Chunki bu inson o‘zi kasb qilib yetishishi qiyin ish edida.
Endi bu muhabbatdan bandaga nima foyda bor? Bunda mahbubining roziligi hammaning roziligidan ustun turishi bor. U nimani gapirsa, u tomonidan qanday holat sodir bo‘lsa unga yoqadi, ko‘ngli to‘ladi. Uni qanday bo‘lmasin ishonchini oqlash, uning ishqiga yetishish yo‘lida har qanday mashaqqatni yengishga harakat qiladi. Boshqalarni e’tibori ushbu ishqning oldida sariq chaqalik e’tibori yo‘q degan fikr turadi. Qanday bo‘lsa ham mahbubim mendan rozi bo‘lsa bo‘ldi, deydi.
Umuman olganda kishi o‘zga bir kimsaga muhabbat qo‘yishi uchun mahbubiga nisbatan unga 4 narsa sabab bo‘ladi.
1. Nasabining oliyligi.
2. Hasab ya’ni xulqi atvori.
3. Jamolining go‘zalligi.
4. Kamolotga yetganligi.
Biz e’tibor beradigan narsa shuki, Alloh taolo mazkur 4 sifatni barchasini Payg‘ambar s.a.v.da jamlab qo‘ygan.
1. Nasablarini oliy qilib, o‘sha zamondagi Makkaning eng mansabdorlaridan bo‘lgan Bani Hoshim qabilasidan chiqargan.
2. Xulqlarini oliy qilib, hatto O‘zi Qur’oni karimda: “(Ey, Muhammad s.a.v.) Siz buyuk xulq uzradirsiz”, deb ta’rif bergan.
3. Jamollarini ham husnlarini ham chiroyli qilgan. Aslida husn bilan jamolning o‘rtasida farq bor. Husn shunday narsaki, inson bir qarashda aqlini olib o‘ziga rom qilishlikdir. Keyinchalik ko‘p qarayverish bilan ko‘nikib oxiri bilinmay qoladi. Masalan Yusuf a.s.ning husnlari. Jamol esa, kishi avval ko‘rishda hayratlanadi, keyin unga yaqin yurgan sari muhabbati oshib, oxiri qarab to‘ymaydigan xolatga yetib boraveradi. Payg‘ambar s.a.v.da husn ham jamol ham mujassam edi. Kunlaring birida Payg‘ambar s.a.v.ning ayollari Yusuf a.s. haqlarida gaplashib: “Yusuf a.s. juda ham chiroyli bo‘lganlaridan hatto mahliyo bo‘lib ayollar to‘g‘rayotgan sabzilari qolib qo‘llarini ham kesib yuborganlarini sezmay qolgan ekanlara” deb aytib havasmand bo‘lishibdi. Shunda Payg‘ambar s.a.v. u majlisdan tashqariga chiqib Allohga “Ey Robbim, yuzimdagi pardani mendan ko‘targin!” deb so‘raganlarida Alloh taolo Payg‘ambar s.a.v. yuzlaridagi 40 pardadan birini ko‘tardi. U zot s.a.v. qaytib ichkariga kirishlari bilan Hadicha r.a.ning ko‘zlari tushiboq hushlaridan ketib yiqildilar, chunki Payg‘ambar s.a.v.ning chiroylari aqlini olib qo‘ygan edi. Keyin Alloh yana pardani qaytarib yuzlaridagi chiroyni to‘sib qo‘ydi. Jamol ham berilgan edi. Har qanday odam avval u zotga yo‘liqqanda haybatlaridan qo‘rqardilar, keyin bo‘lsa Payg‘ambar s.a.v.ning yuzlariga qarab to‘ymaydigan bo‘lishgan.
4. Kamolotlari har jihatdan berilgan edi. Ilm-ma’rifatda, taqvoda, ibodatda yetuk edilar.
Payg‘ambar s.a.v. purma’no va go‘zal hikmatlar bilan xoslangan edilar. Arab lahjalarini yaxshi bilar va har bir qabila aholisiga ular lahjasida xitob qilar, ularning tillarida so‘zlar edilar.
U zotni Alloh taoloning O‘zi halimlik, chidamlilik, o‘ch olishga qodir bo‘laturib, kechirib yuborish, aziyatga sabr qilish sifatlari bilan odoblantirgan edi. Har qanday halim odamning ham goho sabr kosasi to‘lib, chidayolmay ketish hollari uchrab turadi. Biroq, Rosulullohga ozor kuchaygani sari u zotning sabrlari ziyoda bo‘lib bordi, johillar jaholati kuchaygani sari u zotning halimliklari oshaverdi.
Payg‘ambar s.a.v. bu dunyoga kelishlari biz ummatlari uchun bir namuna, andoza sifatidadirlar.
Hazrati Oisha r.a. aytadilar: “Rosululloh s.a.v.ning xulqlari Qur’on edi”. (Imom Muslim rivoyati).
Go‘yoki Alloh taolo: “Ey Muhammad s.a.v. ummati, siz ham mana payg‘ambaringiz kabi bo‘lsangiz najotga erishasizlar, Qur’onga mana bunday amal qilishingiz kerak. Qur’ondagi xulqlarni yaxshisiga amal qilmoqchi bo‘lsangiz, mana Qur’ondagi odoblarni amalga oshirgan zotni siyrati siz uchun katta dastur, amaliy bajaruvchisi”, degan ma’noda Payg‘ambar s.a.v.ni Qur’oniy xulq bilan yubordi.
Payg‘ambar s.a.v. tomonlaridan shunaqangi ishlar sodir bo‘ldiki, toki qiyomatga qadar ummatlarga haqiqiy o‘rnak bo‘lsin. Ulardagi go‘zal gulqlaridan biri bu kechirimlilikdir.
Kechirimlilik haqida qisqacha ma’lumot:
Avvalo inson biror kishini kechirishi uchun, kechirishlikka loyiq ish yoki xodisa sodir bo‘lish kerak. Ya’ni, biror kishidan ko‘ngilni xira qiladigan, g‘ashni keltiradigan, ranjitadigan, g‘azabni qo‘zg‘aydigan, nafsoniyatiga tegadigan, dardu alam keltirib chiqaradigan hodisa yuz bergandan keyingina inson o‘zini bosib, sabr qilib, g‘azabini ichiga yutsagina kechirish mumkin. Chunki, bir odam xaloyiqqa qarata: “Xoy xaloyiq! Men hammalaringizni kechirdim”, desa, vaholanki xaloyiq unga biror zarar yetkazmagan bo‘lsa, zulm qilmagan bo‘lsa ularni qaysi aybi uchun kechirish mumkin?
Kishi o‘zgalardan qachon ranjishi mumkin? Agar kishi o‘zgalardan o‘zi kutgan javobni, ishni, harakatni, holatni topmasa undan keyin ulardan ranjish sodir bo‘ladi. Zero bunday holatlar insonni har qadamida sodir bo‘ladi. Chunki, inson hech qachon o‘zi haqida yomon gumonda bo‘lmaydi, hamisha o‘zini to‘g‘ri qilyapman deb o‘ylaydi. Lekin o‘zim ularga ijobiy javob berishlariga loyiq ish qildimmi, yoki gapirdimmi? deb kamdan kam o‘ylaydi. Balki umid qilgan narsasi amalga oshmasa, achchig‘i chiqadi, behuzur bo‘ladi, ranjiydi. Ammo insonda achchig‘i chiqishlik bu uning xilqatida mavjud bo‘lgan hususiyatdir. Zero Payg‘ambarimiz s.a.v. bu haqida shunday deganlar: “Bir tog‘ joyidan siljibdi, deyilinsa tasdiqlanglar, lekin bir odamni fitrati o‘zgaribdi deyilinsa tasdiqlamanglar”, deganlar.
Agar odamning achchig‘i tez bo‘lsa bu odati umrining oxirigacha o‘zgarmay turadi.
Agar birinikining achchig‘i chiqmas, halim bo‘lsa uni qanchalar turtib surtilsa ham achchig‘i chmqmaydi.
Biroq, Alloh taolo insonni shunday xilqatda yaratgan bo‘lsa, unda insondan nima talab qilinadi?
Inson o‘zidagi fitriy xulqlarini boshqarishi talab etiladi.
Chunki, katta kishilarda mavjud bo‘lgan achchiq, yosh bolalarda ham borda. Go‘yoki kattalar mashinani haydaganidek yosh bolalar ham haydayveradi. Lekin haydashning o‘rtasidagi farq, mashinani yaxshi boshqarishda. G‘azab ham xuddi shundek, g‘azab qiluvchilar o‘rtasidagi farq ham g‘azabini boshqara olishida. Uni to‘g‘ri boshqara olishlik o‘z egasining insoniylik xulqi hisoblanadi va shu bilan ulkan darajalarga erishadi.
G‘azab Payg‘ambarimiz s.a.v.da ham bor edi. U zot ham g‘azablanar edilar. Sahobalar aytadilarki: “Agar Rosululloh s.a.v. g‘azablansalar, yuzlarida go‘yo anor donasining suvi siqilgandek qizarib ketar edi”, deb sifat beradilar.
Qalbi nihoyatda qattiq bo‘lgan Hazrati Umar r.a. dek zot: “ أعوذ بالله من غضب الله ومن غضب رسول الله ya’ni: “Allohning g‘azabi va Rosulullohning g‘azabidan panoh tilayman”, der ekanlar.
Shu darajadagi g‘azabga ega bo‘laturib, u zot o‘zlarini boshqarib, tutib turaolardilar. Bunga doir u zotning hayotlarida juda ko‘p namunalar keltirishimiz mumkin. Zero u zotning hayotlari biz ummatlari uchun axloq maktabidir.
Hayotlarida bo‘lib o‘tgan bir voqyeani eslasak: Rosululloh s.a.v.ning to‘ng‘ich qizlari Zaynab r.a. Abul Os ibni Rabi’aga turmushga chiqqan edilar. Otalari Rosululloh s.a.v. o‘z ashoblari bilan Madinaga hijrat qilib ketgan davr, Zaynab r.a. Makkada qolib musulmon bo‘lganlar, lekin erlari musulmon bo‘lmadi. Hijratdan bir necha vaqt o‘tgandan keyin Madinaga hijrat qiladigan bo‘lib o‘zlari tuyaga minib yo‘lga chiqadilar. Makka shahridan tashqariga chiqib ketayotganlarida yo‘lda Abu Sufyon hali iymonga kelmagan vaqti o‘zi bilan hamroh bo‘lib turgan odamlarni Zaynab r.a.ga nisbatan gij-gijlaydi: “Hoy, qaranglar kim o‘tib ketyapti! Buning otasi Muhammad senlarni olihalaringni sindirib, xorlab, Madinaga qochib ketdi, senlar o‘z olihalaringga muhabbat qilmaysanlarmi, shunday qilsa ham qarab o‘tiraverasanlarmi? Undan o‘chlaringni ol!”, deydi. Shunda haligilardan Hubor ibn Asvad o‘rnidan shartta turib, otiga o‘tirib, Zaynab r.a.ning ortidan quvib borib, shahar tashqarisida yetib olib, minib ketayotgan tuyalarini turtib, Zaynab onamizni tuyalaridan yiqitib yuboradi. Zaynab onamiz tuyadan zarb bilan yerdagi harsang toshga orqalari bilan tushib, umurtqa suyaklari sinib, qattiq jarohatlandilar (boshqa bir rivoyatda homilador edilar homilalari ham tushgan deyiladi). Hubor ibn Asvad bu holatni ko‘rib: “Zaynab tur o‘rningdan, Madinaga bu zaylda keta olmaysan, ortga qayt”, deb tursa, orqadan Abu Sufyon ham yetib kelib: “Zaynab, holing juda ham yomon, hozir bu ahvolda Madinaga ketmagin, keyinroq ketarsan”, deb uni yo‘ldan qaytarib Makkaga olib ketadi.
Keyinroq, Madinaga borib, oz o‘tmay Zaynab r.a. o‘sha umurtqalarining qattiq jarohati tuzalmay oxiri dard bilan 31 yoshlarida vafot topdilar. Unga sabab Hubor ibn Asvad bo‘lgan edi.
Makka fath qilindi, Payg‘ambar s.a.v. Makkadaliklarida Hubor u zotning oldilariga kelib iymon keltirdi. Payg‘ambar s.a.v. uni kechirib yubordilar. Bo‘lmasa, o‘z qizlarini o‘limiga sababchi bo‘lgan shaxs, jarohat o‘zlariga bo‘lsayam kechib yuborar, lekin farzandning alamiga, dardiga uncha buncha ota chiday olmaydi, shunda ham u zot kechirib yubordilar.
Yana bir voqyea: Hazrat Oisha r.a. Payg‘ambar s.a.v.dan: “Sizga hayotda eng qiyin kun qaysi kuningiz bo‘lgan ey Allohning Rasuli?”, deb savol berdilar. Rosululloh s.a.v. aytdilar: “Menga eng og‘ir kun Toifga borgan kunim bo‘lgan, u kunda hatto toiflik yosh bolalarga buyurib tosh bo‘ron qilishgan. Toshlar tegib tanamga yetgan jarohatimdan oqqan qonim oyoq kiyimimga to‘lgan. Ko‘p aziyat chekkanman. Ular tomonidan cheksiz ahmaqona ishlar bo‘lgan”, dedilar.
Aslida bundan boshqa aziyatlar ham chekkanlar, hatto mushriklar Rosululloh s.a.v.ni xorlashib, Ka’bada ibodat qilib o‘tirganlarida yelkalariga yangi tuqqan tuyaning bachadonlarini qo‘yib ketishgan, qanchadan qancha g‘azotlarni ko‘rganlar, lekin Toifdaliklarida aziyat haddan ziyod o‘tib ketgan edi.
Rosululloh s.a.v. Toifdan chiqib ketayotganlarida, Malakul jibol ya’ni barcha tog‘larning ustida turgan ulug‘ bir farishta kelib:
“Ey Muhammad s.a.v, Alloh taolo bizni sizning xizmatingizga yubordi. Sizning buyrug‘ingiz bilan ish qilgani keldik. Agar xohlasangiz, Sizga qarshilik ko‘rsatgan ikki shahar ustiga ikki tog‘ni tashlaymiz”, dedilar. Shunda Rosulloh s.a.v. ushbu duoni o‘qidilar: “Allohumma ihdi qovmi fainnahum laa ya’lamuun”. Ma’nosi: “Ey Robbim! O‘zing bu xalqni to‘g‘ri yo‘lga solgin, ularga balo yubormagin, senga qarshilik qilgan bo‘lsalar, bilmasdan qildilar. Ularning gunohlarini kechirgin”.
Bu kabi ishlari juda ham ko‘p marta bo‘lgan.
Xulosai kalom shuki, mazkur kechirimliliklarini bilib, gapirib ketavermasdan balki Rosululloh s.a.v.ning xulqlaridan o‘zimizga lozim tutishimiz kerak. Biz ham najot topishimiz uchun bizda ham shu kabi kechirimlilik sifati hosil bo‘lishi kerak. Boshimiz achchiq chiqaradigan holat yuz bersa, kechirishni o‘rganishimiz kerak. Insonning o‘zini islohi, o‘zlagalarni isloh qilishidan ustun turadi. Avval kishi o‘zini isloh qilsin. Agar siz Allohning toatida bo‘lib kechiradigan bo‘lsangiz, Allohning sunnati shuki, hech sizni quruq qo‘ymaydi, har bir ishning asari qolganidek kechirishlikdan qolgan asar, manfaat shuki, kim kimni kechirsa, kechirgan odamga nisbatan muhabbat paydo qilib qo‘yadi.
Kechirishlik deganda xohlaganda kechirib, xohlamaganda kechirmaslik degani emas. Alloh taolo kechirishning fazilatini Qur’onda bayon qilib, uning amaliy dalilini O‘z Payg‘ambari s.a.v.ning hayotlarida bir necha sinovlar bilan sinovdan o‘tkazib kelajak ummatga haqiqiy o‘rnak qilib ko‘rsatib qo‘ydi. Chunki, u zot s.a.v.ning axloqlariga ergashish mo‘min kishini ikki dunyo saodatiga erishtiradi.
Bir kun Payg‘ambar s.a.v. shunday dedilar: “Ummatimning hammasi jannatga kiradi faqat qochoqlar kirmaydi!”
Sahobalar: “Kim u qochoqlar?”, deb so‘radilar.
Payg‘ambar s.a.v: “Menga itoat etganlar jannatga kiradi, isyon qilganlar esa qochoqlardir. Mening sunnatimga, mening axloqimga mos tushmaydigan har bir harakat gunohdir”, dedilar.
Yana u zot s.a.v. aytdilar: “Shunday zamon keladiki mening ummatlarim mening sunnatlarimga yolg‘on qo‘shib, sunnatimga amal qilmaslar va bid’atlarni hadis deb so‘zlaydilar. O‘sha vaqtda ozgina odamlar mening sunnatimga amal qilib tobe’ bo‘ladilar. Ular odamlar orasida g‘arib va yolg‘iz qoladilar”.
Sahobalar: “Yo Rosululloh s.a.v, bizlardan keyin keladigan sunnatga tobe’ bo‘ladiganlar ko‘proq fazlga ega bo‘ladilarmi yoki bizmi?”
Rosululloh s.a.v: “Bale ularning fazilati sizlardan ortiqroqdir”.
Sahobalar: “Yo Rosululloh s.a.v. biz ularni ko‘ramizmi, yo‘qmi?”
Rosululloh s.a.v: “Yo‘q, ko‘rmaysizlar”.
Sahobalar: “Sunnatga “tobe’ bo‘lgan ummatlaringiz bid’at ahlining orasida qanday yashaydilar?”
Rosululloh s.a.v: “Suvga solingan tuz kabi”.
Sahobalar: “Ular qanday qilib umr kechiradilar?”
Rosululloh s.a.v: “Ular sirkaga qolgan qurt singari”.
Sahobalar: “Yo Rosululloh s.a.v! Sunnat ahli qanday qilib o‘z dinlarini muhofaza qiladilar?”
Rosululloh s.a.v: “Qo‘lda cho‘g‘ni olib yurgandek. Zero olov qo‘lni kuydiradi”, deb tavsif berdilar.
Alloh taolo Rosululloh s.a.v.ga juda ham ko‘p marhamatlar berdi. Bu haqida “Zuho” surasida ولسوف يعطيك ربك فترض
“Va tezda Robbingiz sizga ato qilur va siz rozi bo‘lursiz”, deydi.
Haqiqatan, Alloh taolo, shu jumladan, eng go‘zal xulq, doimiy himoya, avvalgiyu oxirgi gunohlarining kechirilishi, ummatlari uchun shafoat haqqi va hakozolar.
Bir kuni Rosululloh s.a.v: “Jannatda qo‘limda oltin idish bilan Kavsar suvining bo‘yida ummatimni kutaman va kelganlariga oltin idishda suv beraman. So‘ng oxirgi zamon ummatlarimni ko‘rib, qo‘limdagi oltin idishni tashlab” yuboraman”, deb ko‘zlari yoshga to‘lib yig‘lab yubordilar.
Shunda sahobalar hayron bo‘lib: “Yo Rosululloh s.a.v. o‘sha oxirgi zamon ummatlaringizga suv bermaysizmi?!”, deb so‘radilar.
Rosululloh s.a.v. ko‘zlarida shashqator yosh bilan: “Peshonasini sajdaga qo‘ygan oxirgi zamon ummatlarimga suv berarkanman, ular bilan meni oramizda, hatto oltin idish ham bo‘lishini xohlamayman, balki ularga o‘z qo‘llarim bilan kavsar suvidan beraman”, deb marhamat qildilar.
Alloh taolo barchamizni u zot s.a.v.ga sodiq ummat qilib, sunnatlariga ergashib, axloqlarini hayotimizga tatbiq qilib, jannatda o‘z qo‘llaridan kavsar suvidan ichmoqligimizni nasib etsin!
Ilhomjon Madaliyev,
“Mo‘yi Muborak Ukkosha” jome’ masjidi imom xatibi
https://shosh.uz/uz/mavlid-oyi-rosululloh-s-a-v-ning-go-zal-xulqlari-bilan-xulqlanaylik/