Matluba singlisining xatini ertalab olgan boʻlsa ham, oʻqib chiqib stolining tortmasiga tashlab qoʻya qoldi. Chunki uning iltimosini ado etolmasligini tushungan edi. Keyin kun boʻyi sanatoriy vrachining zimmasidagi ming xil mayda-choʻyda ishlar bilan boʻlib, singlisining xati yodidan ham koʻtarildi. Kechqurun nimanidir qidirib stolning tortmasini ochdi-yu, koʻzi xatga tushib, koʻngli yana bir xil boʻlib ketdi.
Singlisi sanatoriyning shofyoridan berib yuborgan xatida shunday degan edi:
“Opajon!
Institutga eng kami oʻn toʻrt ball bilan qabul qilishar ekan. Men oʻn ikki ball oldim. Biroq odamlar: har nechuk qishloqdan kelgansan-ku, shoshmay tur, deyishyapti. Kecha qabul komissiyasining masʼul sekretari Samigʻjon Matqobilov degan kishining oldiga kiruvdim. U kishi sizni yaxshi tanir ekan, salom aytdi, keyin ketmay tur, bir iloji topilib qolar, dedi.
Opajon! Indinga mandat komissiyasi boʻladi. Shungacha bir kelib, oʻsha yigitga uchrashib ketsangiz qandoq boʻlar ekan? Sanatoriyning mashinasida ikki soatda kelasiz-ku! Jon opajon! Shundoq qiling. Chunki bu yigit sizni juda… juda… hurmat qilar ekan…”
Mastura “juda, juda hurmat qilar ekan”, degan soʻzlarning tagiga chizib qoʻygan edi.
Ertalab bu soʻzlar faqat gʻashini keltirgan edi, hozir ham yuragini jiz ettirolmadi, lekin Masturaning “Opajon!” deb boshlagan xatini qayta oʻqirkan, nigohi oldiga uning ozgʻin maʼsum chehrasi va moʻlti-rab turgan koʻzlari keldi…
Matluba yuragi “shigʻ” etib, ochiq derazaning oldiga bordi.
Kun botgan, ikki togʻ oraligʻidagi chuqur daraga soya tushgan, lekin oʻng qoʻldagi osmon oʻpgan choʻqqilar olmosday charaqlab turardi. Choʻqqi etagidagi sanatoriy bogʻidan jaz va saksofon ovozlari kelar, pastdan shopillab oqqan soy boʻyidagi yongʻoqzor orasidan goh shirakayf xirgoyi, goh zoʻr qahqaha eshitilardi.
Kecha kechqurun soy boʻyiga bir guruh “yovvoyi” dam oluvchilar kelgan. Ular orasida bir mahallar Matluba ishlagan shahar poliklinikasining bosh vrachi Asqar Aminovich ham bor edi. Asqar Aminovich Matlubani koʻrib: “Ie, shoʻttamisiz hali? Toʻy boʻldimi? Chaqirmadingiz-a?” deb hazillashdi. Uning bu hazili Matlubaning qalbidagi eski yarani tirnab, kechasi bilan toʻlgʻanib chiqdi.
Samigʻjon ham oʻshanda dadasi bilan birga “yovvoyi”larga qoʻshilib kelgan edi. Ular soy boʻyiga chodir tikib, bir-ikki hafta turishgan edi. Oʻ mahalda bu sanatoriy hali qurilmagan, Matluba esa endigina sakkizinchini bitirgan, kiyikday hurkak bir qizcha edi. Katta shahardan kelishgan bu odamlar juda gʻalati tuyular, dam hurkak qishloq qizlarini suratga olib, dam “Tarzan” boʻlib daraxt shoxlarida uchib yuradigan xushsurat “poson” yigitcha esa bir yuragini jizillatar, bir choʻchitar edi. Samigʻjon ham boshqa qishloq qizlari orasidan yolgʻiz Matlubani xushlasa kerak, uni koʻproq suratga olishga tirishardi. Baʼzan u Matlubaning qalbida ajib hislar uygʻotguvchi olis shaharlarning, allaqanday sirli qalʼalarning suratlarini hadya qilar, baʼzan goʻyo Matluba mevaga zorday, etak-etak yongʻoq qoqib hadya qilar, qiz uyalib qochganda esa, quvib borib, sochidan tortqilab oʻynashar edi…
Lekin qiziq: Matluba har safar Samigʻjonni oʻylarkan, negadir koʻnglini yorugʻ nurga toʻldirgan bu yoz oqshomlari emas, hammadan burun yomgʻir chelaklab quyib turgan iliq bahor kuni esiga tushardi.
Unda Matluba sakkiz yillik maktabni bitirib, medtexnikumning birinchi kursida oʻqir edi.
Oʻsha kuni ust-boshi yomgʻirdan shalabbo boʻlsa ham oʻzi yosh boladay quvnab kulgan Matluba avtobus toʻxtaydigan joyga chopib borarkan, uni yangi “Moskvich” quvib oʻtib, besh-olti qadam narida toʻxtadi, soʻng mashinaning eshigi ochilib yosh bir yigitchaning boshi koʻrindi:
– Choping, Matlubaxon!
Matluba darrov tanidi: “Samigʻjon!..” Tanidi-yu, shoshganidan mashinaning yonidan oʻtib qochmoqchi boʻldi.
Lekin Samigʻjon “gaz” berib uni quvib oʻtdi va yana mashinasini yoʻliga koʻndalang qildi.
– Ie, meni tanimadingizmi, Matlubaxon? Men oʻsha… “Tarzan” boʻlaman… Esingizdami?
Matluba beixtiyor iljaydi.
– Ha, esimda…
– Boʻlmasa nega qochyapsiz? Shaharga kelib, haliyam shaharli boʻlolmadingizmi? Qani chiqing. Men boʻri emasman-ku yeb qoʻyadi deb qoʻrqsangiz! – dedi Samigʻjon kulib: – Oʻzingiz ayta qoling, Matlubaxon, sizday qiz yomgʻirda pishib tursa-yu, men mashinada oʻtib ketsam qandoq boʻladi, a?
Matluba nima deyishini bilmay:
– Mashina oʻzingiznikimi? – deb soʻradi, soʻradi-yu, labini tishladi: shuniyam soʻraydimi?
– Mashina pochchamlarniki, lekin oʻzimniki hisob. Nega desangiz pochchamlar haydashni bilmaydilar! – dedi Samigʻjon va Matlubaga qarab koʻzini qisdi:
– Xohlasangiz har kuni kataysa qildiraman!
– Rahmat! – Matluba achchigʻlangan boʻlib, yuzini chetga burdi; lekin bu hazilkash, xushchaqchak yigitdan achchigʻlanolmasligini, hatto qovogʻini solishga ham qurbi yetmasligini sezib, beixtiyor jilmaydi.
– Shunaqa boʻlsin! – dedi Samigʻjon. – Sal qovogʻingizni ochib oʻtiring. Odamning kapalagini uchirib yubordingiz-ku, Matlubaxon!
Samigʻjon Matlubani yotoqxonalariga olib borib qoʻyguncha bir lahza tinmay hazillashib, uni kuldirib bordi, xayrlasharkan:
– Ertaga Temiryoʻlchilar parkida texnikumlararo voleybol musobaqasi boʻladi, – dedi. – Bizning komanda soat beshda oʻynaydi. Kelasiz, a, Matluba?
Matluba:
– Bilmadim endi… – deb bahona qidira boshlagan edi. Samigʻjon, qoʻlini ogʻritib siqdi:
– Yoʻq demang, Matlub! Kutaman. Bormasangiz xafa boʻlaman!
Matluba sport bilan koʻp qiziqmas edi, musobaqaga yigʻilgan olomonni koʻrib hayratda qoldi: odamning koʻpligidan keng maydonga tanga tashlasa yerga tushmas edi.
Havorang mayka kiygan Samigʻjon uzun, baquvvat oyokdariga goʻyo prujina oʻrnatilganday, dik-dik sakrab kelib, Matlubani qoʻltiqlab oldi va voleybol maydonchasining chetida turgan bir toʻp qizlarning yoniga boshlab bordi. Qizlarning shivirlashib qolganlarini koʻrgan Matluba darrov sezdi: rashk qilishyapti!
Qizlarning rashk qilishi bejiz emas: xushqad, kelishgan Samigʻjon oʻyinda ham ustasi farang edi. Har safar Samigʻjon osmonga sakrab toʻpni qarshi tomonga qarata urganida park xushnud qiyqiriqlardan larzaga kelar, qizlar esa, koʻzlari chaqnab: “Qoyil, Samigʻjon, qoyil!” deb qiyqirishar edi. Matlubaning oʻzi ham shunchalik qizishib ketdiki, oʻyinning oxirida gʻalaba va tabriklardan ogʻzi qulogʻiga yetgan Samigʻjon qizlarning qurshovidan zoʻrgʻa chiqib Matlubaning oldiga kelganda oʻpich berganini oʻzi ham bilmay qoldi!..
Keyin… keyin Samigʻjon xizmatga ketdi. Matluba uni ikki yil kutdi. Qishloq yigitlarining xatlari va yuborgan sovchilarini, kursdoshlarining ishq-muhabbati, hammasini rad etib kutdi. Bu oʻrtada texnikumni ham bitirib, poliklinikaga ishga kirdi…
– Opajon…
Matluba bir sapchib “yalt” etib burilib qaradi. Ostonada… Mastura turardi. Ust-boshi chang-chung, boshidagi nafis havorang durrasi bir tomonga ogʻib ketgan, koʻzlari horgʻin.
– Yiqilib qoldingmi? Mastura yerga qaradi.
– Yoʻq… Sizni tushgacha kutdim – bormadingiz. Keyin taksi olib keldim. Ertaga mandat komissiyasining majlisi…
– Bekor qipsan kelib, – dedi Matluba. – Men bari bir borolmayman.
Mastura koʻzlarini moʻltillab opasiga tikildi.
– Nega?
– Chunki… men texnikumga ham, institutga ham birovga yolvorib kirgan emasman!
Matluba opasiga bildirmay “qilt” yutindi.
– Axir u kishi… Sizni juda-juda… Matluba toqatsizlanib, boshini chayqadi.
– Bilaman. Biroq, bormayman. Yur, damingni ol. Endi nima boʻlsa ham… toleingdagini koʻrasan! – dedi u, soʻng singlisi yigʻlab yuborishga tayyor ekanini koʻrib, yana koʻngli erib:
– Meni kechir, Mastur, – dedi yolvorib. – Men sen aytgan… yigitning oldiga borolmayman, jonim. Sababini keyin… bir kun aytib beraman. Yur, damingni ol…
Mastura indamadi, faqat pastki labini qattiq tishlab oldi. Opa-singil ambulatoriyadan chiqib, darvozaga yaqinlashib qolganlarida bogʻdan Asqar Aminovichning shirakayf ovozi eshitildi:
– Matlubaxon! Shoshmang, mana buni olib keting!.. Asqar Aminovich, egnida pijama, qoʻlida dasturxonga oʻralgan tovoq, olchazordan chiqib keldi.
– Umringizda bunaqa osh yemagansiz. Oʻzim damladim… – Asqar Aminovich toʻxtab bir Matlubaga, bir Masturaga qaradi.
– Bu qiz…
– Bu qiz mening singlim, – dedi Matluba. – Oʻxshaymizmi?
– Oʻxshash ham gapmi? Xuddi hozirgina tuxumdan chiqqan joʻjalarday! – deb kuldi Asqar Aminovich. – Sizni birinchi marta koʻrganim esimga tushdi. Texnikumni bitirgan chogʻingiz… esingizdami?
– Esimda, – dedi Matluba, negadir qizarib.
– Singlim ham institutga kirmoqchi edi… bali yetmabdi…
– Qaysi institut? – dedi Asqar Aminovich. Mastura qizarib:
– Fizkultura instituti, – dedi istar-istamas. Asqar Aminovich Matlubaga yuzlandi:
– Ilgariroq aytmabsiz-da, Matlubaxon. Oshna-ogʻaynilar topilar edi. Attang!
Asqar Aminovich gapini tugatmagan ham edi, Mastura toʻsatdan koʻzlari yonib:
– Opamlar oʻzlari shunaqa! Boshqaga qayishsa qayishadilarki, oʻz jigariga rahm-shafqat qilmaydilar! – dedi-yu, tekis yoʻlda qoqinib darvoza tomonga chopib ketdi.
Matluba rangi oʻchib, uning ketidan tikilib qoldi. Asqar Aminovich oʻngʻaysizlanib tomoq qirdi.
– Attang, oldinoq bilganimda…
– Mayli, – dedi Matluba. – Oʻz yoʻlini oʻzi topgani yaxshi.
Asqar Aminovich kuldi.
– Ammo-lekin… Xuddi oʻzingiz! Xulq-atvori ham sizga oʻxshar ekan. Oʻsha… texnikumda aytgan gaplaringiz esimga tushib ketdi… Esingizdami?..
Matluba “ha” deb bosh irgʻadi-da, Asqar Aminovich oilan sovuqqina xayrlashdi. U uylariga borgisi kelmay, daraga, shovillab oqayotgan soyga burildi. Asqar Aminovichning gaplari koʻnglining eng chuqurida yotgan esdaliklarini yana qoʻzgʻab, xayolini agʻdar-toʻntar qilib yuborgan edi.
* * *
Oxirgi davlat imtihonini “besh”ga topshirib chiqqan Matluba dugonalarining tabrik va oʻpichlariga hali toʻygancha ham yoʻq edi, yoʻlakda sekretar qizning ovozi yangradi:
– Matlubaxon, komissiyaga kirarmishsiz! Matluba qurshab olgan qiz-yigitlarning davrasini zoʻrgʻa yorib oʻtib, hozirgina chiqqan auditoriyaga kirdi.
– Keling, yaqinroq keling, qizim! – komissiya raisi, yumalokdan kelgan ximiya domlasi uni ochiq chehra bilan qarshi oldi, soʻng yonida oʻtirgan toʻladan kelgan xushsurat odamga yuzlandi:
– Hali aytgan qizimiz Matlubaxon Ibrohimova shu kishi boʻladilar…
Toʻladan kelgan xushsurat odam oq oralab qolgan qalin sochlarini silab, Matlubaga sinovchan tikilib oʻtirardi. Boya Matluba imtihon topshirganida bu odam yoʻq edi, shuning uchunmi, boshqami, Matluba iymanib koʻz qirini tashlar ekan, oq sochli odam ximiya domlasiga “maʼqul” degan maʼnoda bosh irgʻaganini koʻrib qoldi.
– Sizni hurmatli dotsentimiz Asqar Aminovich chaqirdilar, Matlubaxon, – dedi domla.
Asqar Aminovich uning gapini taʼkidlab bosh irgʻadi.
– Bizning poliklinikamizga sizga oʻxshagan… yosh, qoʻl-oyogʻi chaqqongina hamshira qizcha kerak edi, borasizmi, Matlubaxon?
Matluba yelkasini uchirdi.
– Taqsimotda meni Surxondaryoga yozishgan.
– Sizga Toshkent yaxshimi yo Surxondaryo dashtlarimi? – dedi Asqar Aminovich kulimsirab.
– Men shunchaki… oʻshanda oyimlar betob desam ham qoldirishmovdi…
– Unda qoldirishmagan boʻlsa, endi qoldirishadi. U yogʻini bizga qoʻyib berasiz. Kelishdikmi?
– Menga bari bir, – dedi Matluba va bu gapi Asqar Aminovichga yoqmaganini payqab qoldi. Dotsentning keng peshanasi tirishib, katta qoʻy koʻzlari qisildi.
– Xoʻp, yaxshi, – dedi u. – Ertaga ministrlikning kadrlar boʻlimiga boring. Men aytib qoʻyaman.
Shunday qilib, Matluba Asqar Aminovichning rahbarligida hamshira boʻlib ishlay boshladi. Poliklinikada undan boshqa yana oʻn chogʻlik hamshiralar ishlar, shunday boʻlsa ham odam yetishmas edi. Matluba ukol qilar, jarohatlarni bogʻlar, dori-darmon berar, yuz xil asbob-uskunalarni ishga solib, bemorlarni davolar, xullas, ertalabdan kechgacha nafas olishga ham vaqt topolmas edi. U bosh vrachni deyarli koʻrmas, goho-goho yoʻlakda duch kelib qolsa, Asqar Aminovich muloyim kulimsirab:
– Ha, qora qiz, ishlar qalay? – deb soʻrab qoʻyardi. Bosh vrachning qoʻygan laqabi tezda butun poliklinikaga tarqab, boshqalar ham Matlubani “qora qiz” deb chaqiradigan boʻlishdi. Lekin bu laqab Matlubani uncha ranjitmas, chunki qorachadan kelgan boʻlsa ham yulduzi issiq ekanini yaxshi bilar, buni yosh vrachlarning muomalasidan ham sezar edi.
Matluba boshida nafis qizil durra, egnida nozik qomatiga yarashib tushgan va qoracha chehrasini allaqanday ochib yuborgan oppoq xalat, ikki oʻrim mayin sochi belida, tor yoʻlakdan dik-dik yurib oʻtganida suqlanib qaramagan odam boʻlmas, hatto davolanishga kelgan keksa bemorlar ham Matluba ukol qilayotganida: “qoʻlingiz yengil ekan, dard koʻrmang, qizim!”, deb duo qilishar, yoshlar esa tirjayishib, yoʻlini poylashar edi.
Bir kuni uni Asqar Aminovich chaqirib qoldi.
Matluba kirganda Asqar Aminovich, oldida bir likopcha novvot, doʻng peshanasida marjon-marjon ter, famil choy ichib oʻtirardi. U Matluba bilan oʻrnidan turib, qoʻl berib koʻrishdi, stolning oldiga chuqur kresloga oʻtqazib, bejirim xitoy piyolasida choy uzatdi.
– Ishlar qalay, qizim, hech kim xafa qilayotgani yoʻqmi?
Matluba uning sinovchan koʻzlaridan koʻzini uzib yerga qaradi.
– Yoʻq, rahmat…
– Shikoyat yoʻq deng? Yaxshi-yaxshi… – Asqar Aminovich doʻng peshanasini silab ancha oʻtirdi, bir-ikki marta tomoq qirib oddi, keyin yasama xushnud kulib:
– Sizdan bitta iltimosim bor, Matlubaxon, – dedi. – Lekin koʻnglingizga hech narsa kelmasin… xoʻpmi?
Matluba charakdab turgan qop-qora koʻzlarini yerdan uzib, bosh vrachga qaradi. Asqar Aminovich qoshlari chimirilib, yana tomoq qirdi.
– Mening bir jiyanim bor. Oʻzi juda yaxshi, kamtar, kulturniʼy yigit, Matlubaxon. Lekin haligidaqa… sal tortinchoqroq. Iltimosim shuki, ikkaloving bir uchrashib tanishsalaring…
Matluba Asqar Aminovichday salobatli odam shu gapni qoʻzgʻaganidan uyalib, yana koʻzini olib qochdi.
– Jiyanim sizni qayerdadir koʻrgan ekan. U sizni haligidaqa… qanday tushuntirsam boʻladi, yoqtirib qopti… Uylaringizga sovchi yubormoqchi ekan, urishib berdim. Hozirgi yoshlar avval tanishadilar-bilishadilar, yaʼni madaniy yoʻl tutish kerak, dedim…
“Madaniy yoʻl!.. Oyimlar kasal deb, yigʻlab borganimda qoldirishmagan odamlar, sizning bir ogʻiz gapingiz bilan Surxondaryodan olib qolishdi. Bundan chiqdi, gap tagida gap bor ekan-da!..”
Matlubaning oʻylari quyunday charxpalak boʻlib ketdi. Bu quyun orasidan Samigʻjonning vokzalda xayrlashayotanlaridagi xafaqon chehrasi, gʻamgin qoʻy koʻzlari namoyon boʻldi.
– Yana taʼkidlayman, koʻnglingizga hech narsa kelmasin, Matlubaxon, – dedi Asqar Aminovich. – Albatta, hozirgi yoshlarga, yaʼni sizga, mening bu gaplarim gʻalati tuyulishi mumkin. Lekin men aminmanki, tanishsalaringiz… til topishib ketasizlar. Jiyanim ham haligidaqa… ja zamonaviy, kulturniy yigit, Matlubaxon!..
“Zamonaviy yigit!..” Matlubaning koʻz oldiga yana Samigʻjon keldi. Lekin bu safar uning xafaqon chehrasi tez xiralashib, esiga soʻnggi xati tushdi:
“Belorus qizlari ja durkun boʻlar ekan, oʻzlariyam ja qurib ketmagurlar…”
– Mening “Volgam” ixtiyorlaringda. Bir oʻynab kelinglar… xoʻpmi, Matlubaxon?
Matluba toʻsatdan yuragi uvishib, boshini pastroq egdi.
– Nusratjon! – dedi Asqar Aminovich. Matluba eshik ochilganini sezsa ham qaramoqchi emas edi, ixtiyoridan zoʻr bir kuch ohista boqishga majbur etdi.
Ostonada haqiqatan zamonaviy kiyingan, qop-qora sochlari silliq, uzunchoq bugʻdoyrang yuzi qip-qizil boʻlib ketgan bir yigit oʻngʻaysizlikdan koʻzlari suzilib, ishshayib turardi. Yigit novchagina, lekin yagʻrindor boʻlgani uchunmi, baqaloqroq koʻrinar edi.
– Qani, yoshlar, tanishib qoʻyinglar… “Volga”mni olib, bir kataysa qilib kelinglar!
Asqar Aminovich shunday dedi-da, goʻyo Matluba eʼtiroz bildirishidan qoʻrqqanday, shosha-pisha xonadan chiqdi. Nusratjon qoshlari chimirilib, allaqanday sodda yuzidagi jimir-jimir tomchilarni dastroʻmolchasi bilan artib, Matlubaning roʻparasidagi kresloga choʻkdi.
– Man Sizni… koʻrganman, juda koʻp koʻrganman, Matlubaxon…
– Shunaqami? – dedi Matluba. Toʻsatdan uning dilida bolalarga xos bir shoʻxlik uygʻonib, kulgisini arang bosdi.
– Biz doʻstlar bilan chollar choyxonasida osh qilishib… gurunglashib oʻtirganimizda oʻtib qolardingiz. Hamma sizning yoʻlingizga tikilardi…
– Hammami yo sizmi?
Nusratjon “qovun tushir”ganini payqab, duduqlandi.
– Men… Meni-ku, oʻzingiz koʻrib turibsiz…
– Ha, koʻrib turibman… – Matluba koʻnglidagi shoʻx tuygʻuni yana ichiga yutib:
– Oʻtiraveramizmi shoʻtta? – deb soʻradi.
– Yuring boʻlmasa aylanamiz, “Volga”ni tashlab ketdilaru togʻamlar…
– Togʻangizning “Volga”si boʻlmasa, oʻn birinchi tramvay ham bor, – deb kuldi Matluba.
– Keling, bir kataysa qilaylik, – dedi Nusratjon koʻchaga chiqqanlaridan soʻng. – Noumid shayton, biz ham “Volga”lik boʻlib qolarmiz…
Matlubaga Nusratjon bu gapni boʻlakcha maʼnoda gapirganday tuyuldi, mashinaga chiqarkan, joʻrttaga:
– Qachon olasiz “Volga”ni? – deb soʻradi. Nusrat ham boʻsh kelmay:
– Lotereya olib qoʻyibman. Bittasi boʻlmasa bittasiga chiqib qolar, – deb kuldi.
Matluba ham beixtiyor kulimsiradi. U oʻzidan hayron edi: boya Asqar Aminovich jiyanidan gap ochganida shsasi qotgan boʻlsa, endi Nusratjonning gap-soʻzlari yoqib, yuragining allaqayeri jazillay boshlagan edi. Nusratjon unga necha bor ishq-muhabbat izhor etgan qishloq yigitlarini eslatardi. Matluba bu yigitlarning sevgisini rad etsa ham, ularni qattiq ranjitayotganini sezib, ich-ichidan zil ketardi.
Qizning indamay qolishini boshqacha tushungan Nusratjon:
– Gap pulda emas, pul topiladi, – dedi. – Mashina topilmaydi, Matlubaxon. Ayniqsa yangisini topish qiyin.
– Pulingiz shuncha koʻpmi?
– Har qalay, bir mashinaga topiladi.
Matluba:
“Pulingiz mashinaga ketsa qalinni qanday toʻlaysiz?” deb hazillashmoqchi boʻldi-yu, quyishqondan chiqib ketishdan iymanib:
– Olganga yarasha yangisini oling-da! – deb kuldi.
– Iloyim, aytganingiz kelsin! – dedi Nusrat. – Xoʻsh, nima qilamiz, dalaga chiqamizmi yo kafe-mafega kiramizmi, Matlubaxon?
– Yoʻq, birorta park-markka kira qolaylik. Yaxshisi, Skverga tusha qolaylik.
Skverda odam gavjum edi. Iliq musaffo havoni jiyda va akatsiya gulining xushboʻy hidi tutgan, xiyobondagi qiz-yigitlarning qoʻllarida ham dasta-dasta gul, shuning uchunmi, yo yoshlarning shoʻx kulgilaridanmi, hammayoq allaqanday ochilib, yashnab ketgan edi.
Nusratjon ham gul olmoqchi boʻlib, gulchilarning oldida toʻxtagan edi, Matluba “rahmat, kerak emas”, deb qoʻlidan tortdi.
Matluba duch kelgan birinchi boʻsh skameykaga oʻzini tashlab, atrofga tikilarkan, Samigʻjon xizmatga joʻnashidan bir kun oldin xuddi shu yerga kelganlari esiga tushdi…
Ular Skverga kechqurun kun botmasdan oldin kelishgan, lekin gaplari tugamay, yuraklarni limmo-lim toʻldirgan his-tuygʻulardan entikib, qaynoq boʻsalar ogʻushida tong otganini ham payqamay qolishgan edi.
Bu esdaliklar toshqinday yopirilib keldi-yu, Matluba oʻzidan ijirgʻanib, Nusratjonga yuzlandi:
– Menga aytadigan gapingiz bor edi shekilli? Ayting…
Uning dabdurustdan bunday deyishini kutmagan Nusratjon shoshib qoldi.
– Endi… oʻzingizdan qolar gap yoʻq. Bor gapni togʻamlar aytgandir.
Matluba kulgisini yashirish uchun yerga qaradi.
– Xayriyat togʻangiz bor ekan. U kishi boʻlmasa nima qilardingiz?
– Yoʻq-yoʻq, gap unda emas! Shunchaki… oʻzingiz bilib turibsiz-ku, demoqchi edim… Qisqasi, birga turmush qursak deyman! – dedi Nusratjon va quloqlarigacha lovillab, xuddi togʻasinikiga oʻxshagan doʻng peshonasi yaltillab ketdi. Buni koʻrgan Matluba gapni choʻzmasligi kerakligini, gap qancha choʻzilsa bu sodda yigit shuncha qattiq ranjishini tushundi.
– Meni kechirasiz, Nusratjon aka, – dedi u muloyimlik bilan, – men hali turmushga chiqmoqchi emasman. Oʻqimoqchiman.
– Mayli, oʻqisangiz bosh ustiga…
– Yoʻq-yoʻq, gapni choʻzmaylik. Foydasi yoʻq. Meni kechirasiz, Nusratjon aka.
Yigit allaqanday soʻnib, nursizlanib qolgan koʻzlarini osmonga tikib:
– Mayli, nima ham deymiz, – dedi sekin. – Suymaganga suykanmaymiz, Matlubaxon…
– Xoʻp, xayr boʻlmasa… – Matluba oʻrnidan turdi. Nusratjon qoʻzgʻalmadi. U osmondagi siyrak pushtirang bulutlarga tikilib oʻtirar, oqarib ketgan yuzida, sal qisilgan qoʻy koʻzlarida allaqanday sokin bir mung jilva qilardi. Matluba yuragi “shigʻ” etib, bir-ikki ogʻiz shirin gap aytgisi keldi, lekin yigitning koʻnglini battar ogʻritishidan qoʻrqib, ohista uzoqlashdi…
* * *
…Ertalab Matluba endi ishga borgan edi, Asqar Aminovich chaqirtirib qoldi. Matluba xuddi hozir sovuq suvga shoʻngʻiydigan odamday, vujud-vujudi jimirlab ketdi. Lekin bosh vrach uni kulib qarshi oldi.
– O, yoshlar, yoshlar! – dedi u boshini chayqab. – Tuzukroq gaplashishni ham bilmaysizlar. Arzimagan narsaga arazlashib qolasizlar! Qani, oʻtiring-chi, Matlubaxon? Xoʻsh, kecha nima boʻldi oʻzi?
Matluba divanning chetiga omonatgina oʻtirdi, hozir boshlanadigan savol-javoblardan oʻngʻaysizlanib, roʻparasida oʻtirgan bu salobatli va xushmuomala odamni ranjitishini bilib gʻujanak boʻlib oldi.
– Mabodo… qoʻpollik qilmadimi u tentak?
– Yoʻq, yoʻq…
– Yo jiyanim yoqmadimi sizga?
Matluba uyalganidan sovqotayotganday titrab:
– Kechirasiz, Asqar Aminovich, men… hali turmush qurmoqchi emasman! – dedi.
– Hmm… – Bosh vrach barmoqlari bilan stolni chertib jim qoldi, soʻng oʻrnidan turib, kabinetini bir aylanib chiqdi. Matluba unga qaramasa ham, bosh vrachning yuzidagi muloyim tabassum soʻnganini, qoshlari chimirilib, qovogʻi solinganini sezib oʻtirardi.
Nihoyat Asqar Aminovich toʻxtab:
– Turmushga chiqishni xohlamasangiz… bir nima deyishim qiyin, – dedi xoʻrsinib. – Lekin nazarimda, siz xato qilyapsiz, Matlubaxon. Biz keksalar koʻpni koʻrganmiz. Ishq-muhabbat degan balandparvoz gaplarga uchib, gulday qizlar bebaxt boʻlganini bilamiz. Shuning uchun… men sizni oʻz qizimday koʻrib, shu ishga aralashgan edim. Chunki jiyanim, qoʻrsroq boʻlsa qoʻrsroqdir, biroq… koʻnglida kiri yoʻq, pok yigit, Matlubaxon. Haliyam boʻlsa oʻylab koʻring!
Matluba boshini koʻtarmasdan:
– Mayli, – dedi ohista. – Men oʻylab boʻldim, Asqar Aminovich.
– Shunaqami? Xoʻp, nima ham deymiz? Ammo-lekin kechirasiz, Matlubaxon, men sizni bunchalik yengiltak deb oʻylamovdim. Umuman men sizdan buni kutmagan edim! Ha, kutmagan edim!
Matluba yalt etib qaradi. Bosh vrachning: “Men sizdan buni kutmagan edim” degan soʻzlari unga: “Men sizni Surxondaryodan olib qolganimda iltimosimni yerda qoldiradi deb oʻylamagan edim”, degan maʼnoda eshitildi-da, bu gap juda qatgiq tegdi.
– Qilgan gʻamxoʻrligingiz uchun… rahmat. Biroq men ham sizdan buni kutmagan edim.
– Nimani kutmagan edingiz? – dedi Asqar Aminovich yurishdan toʻxtab.
– Agar Surxondaryodan olib qolishdan maqsadingiz, jiyaniniz… Meni jiyaningizga olib berish boʻlsa… rahmat! Haliyam ketishim mumkin.
Asqar Aminovich, iyagi gʻalati qaltirab, koʻzlari qisildi.
– Agar men shuncha yaxshilik qilib eshitgan gapim shu boʻlsa… Sizga ham rahmat. Lekin Toshkentda qolganingiz uchun pushaymon qilayotgan boʻlsangiz, marhamat, haliyam yoʻlingizdan qolmang!
– Mayli, ketaman! – dedi Matluba.
– Juda soz. Oq yoʻl. Ertaga ministrlikka boring. Kadrlar boʻlimiga telefon qilib qoʻyaman. Xayr. Muvaffaqiyat tilayman.
– Rahmat! – Matluba boshini magʻrur koʻtarib xonadan chiqdi, lekin laboratoriyaga kirdi-yu, oʻzini divanga tashlab yigʻlab yubordi. Bir zumda hamshira qizlar yigʻilishdi, bir-biriga gap berishmay surishtira ketishdi, biroq Matluba lom-mim demadi, xalatini yechib, oʻz kiyimlarini kiydi-da, poliklinikadan chiqdi.
* * *
…Ministrlikning kadrlar boʻlimida odam koʻp edi. Matluba navbat olib, tashqariga chiqdi. U chorburchak gulzorning chetidagi skameykaga oʻtirib, koʻchadan gʻizillab oʻtayotgan mashinalarga, tramvay va trolleybuslarga pashshaday yopishib olgan bolalarga tikildi.
Matlubaning koʻngli xufton, koʻchada uzoq oʻtirdi. Har safar Asqar Aminovichning muomalasi esiga tushsa, koʻziga milt-milt yosh kelardi. Kecha bu gaplarni pisand qilmagan boʻlsa ham, kechasi juda alam qildi. Yoʻq, gap uning Surxondaryoga ketishida emas. U olis joylarga borib ishlashdan qoʻrqmaydi. Lekin Asqar Aminovich… U bunday qilishga nima haqi bor? Jiyanimga erga tegmading deb haqorat qilishga, ishdan haydashga kim huquq berdi unga?..
Matluba buni har oʻylaganida bir toʻlgʻanib, tong otguncha xayolida Asqar Aminovich bilan olishib chiqdi.
U bir oʻyi ministrga kirib boʻlgan voqeani aytib bergisi ham keldi, lekin bu fikridan darhol qaytdi, chunki ministr uni Surxondaryoga borishdan qoʻrqyapti, deb oʻylashi mumkin!
Matluba navbati oʻtib ketishidan qoʻrqib oʻrnidan turgan edi, gulzorning roʻparasiga tanish qora “Volga” kelib toʻxtadi-da, undan Asqar Aminovich tushdi.
Matluba koʻrib-koʻrmaganlikka olib, teskari burildi. Asqar Aminovich qoʻlida katta charm papka Matlubaning yonidan oʻtib eshikkacha bordi, bordi-yu, xuddi bir narsa esidan chiqqanday toʻxtab:
– Sen… bu yerda nima qilib yuribsan? – deb soʻradi.
Matluba hayron boʻlib Asqar Aminovichning yuziga tikildi:
– Nima qilardim? Surxondaryoga ketmoqchi boʻlib keldim.
– Tentak! – dedi Asqar Aminovich, qovogʻini solib. – Bor, ishingga bor, hech qayoqqa ketmaysan!
– Oʻzingiz-ku, kecha…
– Oʻzingiz, oʻzingiz! Bir ogʻiz gapirib boʻlmaydi senlarga! – dedi Asqar Aminovich, yuzini burishtirib. – Hayronman hozirgi yoshlarga. Buncha tegma-nozik boʻlmasalaring? Bor ishingga, kech qolasan!
Matluba eʼtiroz bildirolmadi, tomogʻiga bir narsa tiqilganday tuyulib, “qilt” yutindi-da, Asqar Aminovichning yonidan oʻtib, tramvayga qarab chopib ketdi.
* * *
Iyunning oxirlarida Samigʻjondan telegramma keldi: “Yoʻlga chiqyapman. Reys 421. Kutib ol. Matqobulov”.
Qasdiga olib, Samigʻjon keladigan kuni poliklinikaning uch-toʻrtta xodimi bir haftaga Mirzachoʻlga yordamga boradigan boʻlib qoldi. Ular orasida Matluba ham bor edi.
Matluba uzoq oʻyladi. Asqar Aminovichning oldiga kirishga oyogʻi tortmas, kirganda nima bahona koʻrsatishni tasavvur etolmas edi. Lekin oʻylay-oʻylay boshqa iloj topolmagach, oxiri kirishga majbur boʻldi.
Oʻsha voqeadan keyin Matluba bosh vrach bilan gaplashgan emas, Asqar Aminovich ham u yer-bu yerda uchrashib qolganlarida sovuqqina bosh irgʻab qoʻya qolardi.
Matluba kirganida Asqar Aminovich xalatini yechib, qoziqqa ilmoqda edi. U Matlubaga qaramay:
– Xoʻsh, xizmat? – deb soʻradi.
Matluba dudugʻlana-dudugʻlana iltimosini tushuntira boshlagan edi, Asqar Aminovich xuddi u kutgan savolni berdi:
– Sabab borolmaysiz? Sizni Mirzachoʻlga komandirovka qilayotgan boʻlsak, yosh deb, bola-chaqasi yoʻq deb yuboryapmiz axir. – Asqar Aminovich joyiga borib oʻtirarkan, kinoyali jilmaydi. – Yo… biror muhim sababi boʻlsa – buni ayting.
– Sababi… – Matluba dovdirab qolgani uchun oʻzidan gʻijinib, sumkasidan telegrammani olib, stolga qoʻydi. – Sababi shu!
Asqar Aminovich telegrammani oʻqirkan, peshana-sini ishqab:
– Matqobulov… Bu kim? – deb soʻradi.
– Soldat… xizmatini bitirib kelyapti… – Matluba koʻzlarini qayoqqa yashirishini bilmay, terlab ketdi.
– Xoʻp. Soldat boʻlsa, xizmatdan kelayotgan boʻlsa… iloj yoʻq, – dedi Asqar Aminovich. – Muovinimga ayting: oʻrningizga boshqa birovni tayinlasin!
Matluba sevinganidan stulga qoqilib eshikka otilgan edi, Asqar Aminovich toʻxtatdi:
– Yaxshi yigitmi? Toʻyga chaqirish esingizdan chiqmasin-a, qora qiz?
…Samolyot bir soatcha kechikib keldi. Boshida doʻppi, egnida atlas koʻylak, qoʻlida bir dasta gul, yuragini chulgʻagan hayajondan bir joyda turolmay, aeroport oldidagi xiyobonlarda aylanib yurgan Matluba, gulzorning chetidagi skameykada oʻtirgan bir guruh erkak-ayollar uni zimdan kuzatishayotganini, bir-birlariga qarab imo-ishoralar qilishayotganini payqab qoldi:
“Samigʻjonning qarindosh-urugʻlari!”
Ular orasida oʻn sakkiz-oʻn toʻqqiz yashar ikkita qiz bor, ikkalovi ham juda kelishgan, chiroyli edi. Biri sochini qirqtirib sargʻish rangga boʻyagan, ikkinchisi baland qilib turmaklab olgan. Oʻtgan-ketgan hammaning koʻzi shularda edi. Davrada xuddi Samigʻjonga oʻxshagan durkungina yosh juvon ham bor edi. Matluba gulzorning yonidan oʻtayotib, yosh juvon chiroyli burnini jiyirib kulayotganini koʻrib qoldi, koʻrib qoldi-yu, qaddini rostlab olislab ketdi.
Matluba Samigʻjonni darrov tanidi. Samolyotdan chiqqanlar orasida besh-olti soldat boʻlsa ham, uni koʻrgan zahotiyoq tanib, yuragi oʻynab ketdi: oʻsha!
Chap qoʻlida shinel, oʻng qoʻlida chamadon koʻtarib olgan Samigʻjon trapdan chopqillab tushib, ildam yurib, temir panjaraga yaqinlasha boshladi.
Samigʻjonning boʻy-basti yana ham choʻzilib, kuchga toʻlib, baquvvat yigitga aylangan, uzunchoq qoramagʻiz yuzida, koʻz qarashlari, hatto odimlashida ham allaqanday shiddatli bir narsa paydo boʻlgan edi.
Panjaradan chiqishi bilan uni qarindosh-urugʻlari qurshab olishdi.
Chiroyli yosh juvon uning boshini egib ikki yuzidan choʻlp-choʻlp oʻpdi, qizlar kulishib qoʻl uzatishdi, qizlardan keyin shlyapa kiygan sersavlat yoʻgʻon odamlar va xivchinday xushqomat yigitchalar navbatma-navbat quchoqlashib, oʻpishishib uzoq koʻrishishdi, nihoyat, hammasi katta olomon boʻlib, aeroport binosiga qarab yoʻl olishdi. “Meni chaqirgani esida ham yoʻq! Ahmoq boʻlib yugurib kelibman!..”
Xuddi shu payt, Samigʻjon, goʻyo Matlubaning koʻngil faryodini eshitganday, atrofga alanglab qaradi va mungʻayib turgan qizni koʻrib, unga tomon intildi. Lekin yosh juvon uni toʻxtatib, qulogʻiga bir nima deb shivirladi. Samigʻjon “xoʻp” deb bosh irgʻadi-da, Matlubaga qarab yugurdi. Matluba ham koʻngli birdan ravshan tortib unga tomon intildi. Samigʻjon qadoqday ogʻir katta qoʻli bilan uning mayin kaftini ogʻritib siqarkan:
– Yaxshimisan, Matlub? – dedi kulimsirab. – Bitta oʻpsam boʻladimi?
Matluba qoʻlini tortib olib, orqaga tisarildi.
– Haliyam oʻshanaqamisan? – dedi Samigʻjon.
– Qanaqaman?
– Qishloqi!
– Boring. Qarindosh-urugʻlaringiz bezovta boʻlishyapti! – dedi Matluba.
Samigʻjon yana uning qoʻlidan ushladi:
– Yur, biznikiga!
– Yoʻq, yoʻq! – Matluba choʻchib orqaga tisarildi.
– Kimdan uyalasan? Ja gʻalati odatlaring bor-da! – dedi Samigʻjon, peshanasi tirishib. – Xoʻp, boʻlmasa… Ertaga uchrashsak… Qayerda uchrashamiz? Ha, Temiryoʻlchilar parkida! Temiryoʻlchilar parki. Esingdami? Voleybol oʻynagan joy. Soat beshda. Esingdan chiqmaydimi? – Samigʻjon koʻzini qisib kuldi-da, kutib turgan qarindoshlariga qarab chopib ketdi. U chopib borib qizlarni qoʻltiqlab oldi. Buni koʻrib turgan Matluba, birdan oʻpkasi toʻlib. “Bormayman! – dedi oʻzicha. – Agar oʻlib qolsam ham bormayman!”
Samigʻjon goʻyo uni darrov esidan chiqarganday qizlarni qoʻltiqlab, aeroportga kirib ketishi, qarindosh-urugʻlarining uni mensimay kinoyali boqishlari Matlubani shunday oʻksitdiki, dakki yegan sodda qishloq qizlariday koʻz yoshini tiyolmay piq-piq yigʻlab yubordi, soʻng qizargan koʻzlari bilan avtobusga chiqishga iymanib kamqatnov trotuardan piyoda ketdi…
Kun botgan, lekin daraxtlarning uchlari, koʻp qavatli baland imoratlarning peshtoqlari charaqlab koʻzni olar, oftobda erib, kigizday mayinlashib qolgan asfaltdan qoʻlansa hid koʻtarilardi.
Matluba koʻziga hech narsa koʻrinmay, tuflisining poshnasi bilan yumshoq asfaltga “mix qoqib” borarkan, shu mahalgacha Samigʻjonning qarindosh-urugʻlari bilan qiziqmaganini esladi. Qarindosh-urugʻlari u yoqda tursin, endi oʻylab qarasa, Samigʻjonning oʻzini ham yaxshi bilmas ekan. Yaxshi biladigan oʻrtalarida nima ham boʻldi? Qishloqda tanishishdi, keyin bir-ikki marta u yer-bu yerda uchrashishdi, xizmatga joʻnayotganida oʻpishib xayrlashishdi, nihoyat, xat yozishib turishdi. Shu!
Bunaqa tanishlar hozirgi yoshlar orasida ozmuncha boʻladimi? Uch yildan beri kelgan hamma sovchilarni qaytarganida, tanishmoqchi boʻlgan hamma yigitlarga rad javobi berganida… nimaga umid qilgan edi?
Yoʻq, u ertaga uchrashuvga bormaydi. Samigʻjon uni sevmas ekan, u ham Samigʻjonga suykanmaydi!.. Mayli, qarindoshlari unga tanlaganlarini olib berishsin! Samigʻjon uni “qishloqi” dedi, Matluba qishloqi boʻlsa, haligi qizlardan bittasini ola qolsin!
Matluba uchrashuvga bormaslikka astoydil qasd qilsa ham, ertasiga soat beshga yaqinlashgan sayin yuragi oʻynab, bir joyda turolmay qoldi. Qizning ixtiyoriga boʻysunmagan bir kuch uni parkka sudrar, joyida oʻtirishga qoʻymas edi. U oʻzi bilan oʻzi olishib, shunday charchadiki, soat beshga zang urganda holsizlanib divanga yiqildi. Shu payt uni telefonga chaqirib qolishdi.
– Matluba, senmisan? Xayriyat ketmagan ekansan!
Matluba Samigʻjonning gaplariga emas, telefonda baralla eshitilib turgan chinqiroq muzikaga quloq solib, sukut saqlar edi.
– Gap shundaki, men borolmaydigan boʻlib qoldim. Eshityapsanmi, Matluba?
– Eshityapman, – dedi Matluba. – Juda yaxshi boʻpti. Men ham borolmas edim.
– Nega? – dedi Samigʻjon kulib. – Mendan xafa boʻlyapsanmi? Bilasan-ku axir: bunaqa paytda keldi-ketdi koʻp boʻladi. Uydan zoʻrgʻa qutulib chiquvdim, opam bilan pochchamlar sudrab ketishdi. Bu yerda… yana oʻtirish. Ziyofat!.. – Samigʻjon shirakayf odamlarga xos xushnudlik bilan kuldi. – Koʻrib turibsan-ku, axir!
– Ha, koʻrib turibman. Mayli, opangizning qayinsingillari bilan boʻlavering… – Matluba bu gapni aytishga aytib qoʻyib oʻzidan gʻijindi: “Muncha bachkana boʻlmasam!”.
– Ie, ha? – dedi Samigʻjon. – Koshki opamlarning sendaqa ajoyib qayinsingillari boʻlsa? Mana, opam ham kulyaptilar, seni aytyaptilar, sodda qiz ekan deyaptilar!.. Eshityapsanmi, Matluba! Nega indamayapsan?
– Nima deyman?..
– Ertaga soat beshda. Oʻshatta. Eshityapsanmi – soat beshu nol-nolda. Kech qolmagin tagʻin. Koʻzim toʻrt boʻlib kutaman. Eshityapsanmi, Matluba?
Matluba dili ravshan tortib jilmaydi.
– Agar chindan koʻzingiz toʻrt boʻlib kutsangiz!..
* * *
Matluba ishdan chiqib, atelyega bordi. Uning bundan bir oy muqaddam zakaz qilgan, lekin kecha Samigʻjonning kelishiga tayyor boʻlmagan koʻylagi tayyor boʻlgan ekan. Ertalab u yangi koʻylagi bilan yangi tuflisini kiyib, ikki oʻrim sochini baland qilib turmaklab, poliklinikaga kirib kelganida, hamma hayratda qoldi. Hamshira qizlar esa:
– Voy, muncha ochilib ketibsan, Matluba!.. – degan xitoblar bilan qarshi olishdi.
Matluba bu xitoblar, yosh vrachlarning xushomadlari va kutayotgan uchrashuvdan boshi gangib, tushgacha qushday uchib yurdi. Tushki ovqat mahalida xalatini yechib, bufetga kirayottan edi, kimdir muloyim ovozda: “mumkinmi, yaxshi qiz?” deb chaqirib qoldi. Matluba burilib qaradi-yu, yuragi allanechuk boʻlib ketdi.
Yoʻlkada aeroportdagi chiroyli yosh juvon turardi! Juvon qop-qora ingichka qoshlarini chimirib, Matlubaga razm soldi, keyin: – Kechirasiz, yaxshi qiz, – dedi. – Malol kelmasa bir minut vaqtingizni bersangiz. Tashqariga chiqa qolaylik. Bu yerda gaplashadigan xoliroq joy yoʻq ekan.
Ular oldinma-keyin yurib, poliklinikadan chiqishdi. Koʻchaning u yuzidagi kichik gulzorga oʻtib, chinor tagidagi skameykaga oʻtirishdi.
– Matlubaxon – dedi juvon. – Siz balki “bu notanish juvon nima qilib yuribdi”, deb hayron boʻlayotgandirsiz?
Matluba indamadi. Uning yuragidagi qoʻrquv soʻngan, uning oʻrnini allaqanday sovuq bir tuygʻu egallagan, chunki juvon nima maqsadda kelganini payqagan edi.
– Men… Samigʻjonning opalari boʻlaman, – dedi juvon jilmayib, jilmayganda oppoq tishlarining orasiga qoʻyilgan nafis tilla qoplama yaltillab ketdi.
– Men sizni… oʻzimga singlimday yaqin olganim uchun keldim, Matlubaxon. Siz juda… sodda, yaxshi qiz ekansiz…
– Rahmat.
– Yoʻq, oʻlay agar yolgʻon gapirsam! Siz menga juda yoqdingiz. Agar yoqmaganingizda, oq koʻngil bir qiz ekaningizni bilmaganimda bu yerga kelib yurmas edim…
“Gaping boʻlsa rezinkaday choʻzavermay aytib qoʻya qolmaysanmi?” Matluba rangi oʻchib, koʻzlarini olib qochdi. Juvon xoʻrsindi.
– Koʻrib turibman, meni xushlamayapsiz. Siz Samigʻjonni juda yaxshi koʻrsangiz kerak… Biroq oqibati nima boʻladi? Yaxshiroq oʻylab koʻrdingizmi buni?
Matluba entikdi.
– Oqibat… nima boʻlishini ukangizdan soʻrang!
– Ukamni qoʻyib turing, Matlubaxon!
– Nega endi qoʻyib turar ekanman?
– Chunki… hozirgi yigitlarni bilasiz. Ayniqsa Samigʻjon. Shon-shuhratdan mast boʻlib, qizlarning xushomadlaridan boshi aylanib qolgan. Hali koʻrishsalaringiz aytib berar: armiyada bir kun ham xizmat qilmabdi. Ikki yil Okrug ofitserlar uyining fizkultura komandasida voleybol oʻynab oʻtkazibdi. Shaharma-shahar kezib yuribdi. Chet ellarga chiqib, bir dasta diplom olib, sport masteri boʻlib qaytibdi! Endi institutga kirmoqchi… Besh yil oʻqisa, shaharma-shahar aylanib yursa! Yana chempionatlar, chet elga chiqishlar, shon-shuhrat, yoʻlini poylagan jononlar!.. Siz… Siz soddagina bir qiz ekansiz…
Matluba koʻnglining bir chetida uning haq ekaniga iqror edi, lekin iqror boʻlgani uchun ham battar yondi.
– Undan koʻra… sen ukamga munosib emassan deb qoʻya qoling! – dedi u lablari titrab.
Juvon boshidagi durrasini toʻgʻrilab kuldi.
– O, Matlubaxon, Matlubaxon! Yoshsiz-da, yosh! Men sizning kelajagingizni oʻylayapman!
– Boya aytdim-ku, kelajagim nima boʻlishini ukangizdan soʻrang, deb!
– Men ham aytdim-ku, ukam hali turmushning achchiq-chuchugini tatib koʻrmagan tantiq bir yigit deb. U hozir aql bilan ish tutadigan ahvolda emas!
“Ha-a… kosa tagida nima kosa bor ekan-da! – Matlubaning qalbida shoʻx tuygʻu javlon urdi. – Bundan chiqdi Samigʻjon bilan gaplashgan. Samigʻjon meni degan!..”
– Mayli-da! – dedi u keskin. – Nima qilsa ham oʻzi qilsin! Siz aralashmang!
Juvon boshini chayqab xoʻrsindi-da:
– Nechaga kirdingiz, Matlubaxon? – deb soʻradi.
– Har nechuk, siz oʻylagandek qarib qolganim yoʻq!
– Men ham shuning uchun soʻradim-da, yoshingizni! – dedi juvon. – Samigʻjon endi yigirma birga kirdi. Siz koʻp boʻlsa yigirmaga borgandirsiz… Hozir qaysi qiz oʻz tengdoshiga turmushga chiqadi, Matlubaxon?
– Bundan chiqdi, sizningcha hozirgi qizlar chollarga tegar ekan-da!
– Cholga boʻlmasa ham, har holda, oʻzidan oʻn-oʻn besh yosh katta odamga tegadi. Men hammani emas, aqlli qizlarni aytyapman!
Matluba burnini jiyirdi.
– Aqlli qizlar, a? Ahmogʻingiz bordir bu yerda! Oʻylaysizki, niyatingizni bilmaydi deb? Bu nasihatingizni oʻsha ukangizga olib bermoqchi boʻlgan qayn-singillaringizga bering! Tushundingizmi?
– Tushundim! – juvon rangi oʻchib oʻrnidan turdi, koʻzlari allaqanday sovuq chaqnab:
– Kecha sizni koʻrganimda soddagina qiz ekan deb oʻylovdim. Endi qarasam… ichidan pishgan ekansiz! Ha, siz ukamga munosib emassiz! Uning kelajagi porloq! Hali dongʻi butun dunyoga ketadi. Siz ukamga tegib, uning boshiga dardisar boʻlmoqchimisiz? Tegib boʻpsiz!
Juvon buning hammasini tin olmasdan tez gapirdi-da, Matluba ogʻiz juftlaganicha boʻlmay, koʻchadagi olomonga qoʻshilib ketdi. Matluba hushiga kelganda juvonning allaqachon qorasi oʻchgan edi.
Matluba avval oʻksib, koʻziga milt-milt yosh oldi, keyin oʻpkasini bosib, oʻzidan gʻijindi, dilini chulgʻab olgan alam qishloq qizlariga xos boʻlakcha bir oʻjarlik bilan almashdi:
“Yoʻq, men ukangga dardisar boʻlmoqchi emasman. Boshda men emas, ukang menga yopishgan. Yoʻq, chuchvarani xom sanabsan! Samigʻjondan ayirib boʻpsan meni!”
Matluba sumkasidan mittigina oynasini olib, toʻzgʻigan sochlarini tuzatdi, yuzlari lovullab yongan muloyim qizchaning aksiga qarab, koʻz yoshi aralash jilmaydi: “Cholga teg deydi-ya! Hammani oʻzingdek koʻrasanda!.. Kerak boʻlsa… oʻsha qaynsingilliringni cholga ber!.. Ahmogʻing yoʻq bu yerda!..
* * *
Samigʻjon aytgan joyida, bir mahallar voleybol maydoni boʻlgan, hozir esa oʻrtasiga katta fontan oʻrnatilgan gulzorning atrofida aylanib yurardi.
Egnida yengsiz guldor finka, oyogʻida koʻzgudek yaltillagan uchi bigiz tufli, toʻzgʻigan qalin sochlari oʻziga yarashib tushgan. Samigʻjon Matlubaga aeroportdagidan ham xushsurat koʻrindi-yu, negadir yana koʻziga yosh keldi.
Samigʻjon uni koʻrib, tez yurib keldi-da, qoʻltigʻidan olib, chetrokdagi skameykaga boshladi. Skameykada mushtdekkina bir kampir kolyaskada nevarasini oʻynatib oʻtirar edi.
Samigʻjon Matlubani qoʻltiqlab olganicha kampirning yoniga oʻtirdi.
– Yarim soat kuttirding. Burun bunaqa odating yoʻq edi-ku?
– Biz ikki yil kutganda siz yarim soat kutsangiz nima boʻpti?
– Ha-a? Balosan-ku! Biru nol! – Samigʻjon shunday deb kuldi-da, toʻsatdan qizni quchoqlab yuzidan, lablaridan, boʻynidan oʻpa boshladi.
Uning olovli boʻsasidan nafasi qaytib vujudidan oʻt chiqib ketgan Matluba, kampir oʻrnidan turganini koʻrib, hushiga keldi, qattiq talpinib, Samigʻjonning quchogʻidan chiqdi.
– Voy, nima qilyapsiz? Uyalmaysizmi odamlardan? – dedi hansirab.
– Be! Kimdan? Ana u kampirdan uyalamizmi? U ham rosa oʻpishgandir yoshligida! – Samigʻjon koʻzlari oʻt chaqnab, Matlubaga yaqinroq surilib oʻtirdi. Matluba uning yana oʻpishga chogʻlanayotganini koʻrib, skameykaning chetiga surildi. Samigʻjon xiyobondagi qiz-yigitlar kulimsirab qarashayotganini koʻrib qovogʻini soldi.
– Ana xolos! Odamlar mening oʻpichlarimdan emas, sening mana shu qiligʻingdan kulishyapti! – dedi u. – Shu odatlaring sira qolmadi-qolmadi-da!
– Odatimga nima boʻpti? Boʻlmasa sizga… uchragan joyda oʻpib ketaveradigan tekin qizni topibsiz-da!
– Ie, bu nima deganing? – dedi Samigʻjon.
– Oʻzingizni goʻllikka solmang! – dedi Matluba keskin. – Agar meni desangiz oldin… oldin ZAGSdan oʻting, keyin bilganingizni qiling!
– ZAGSdan oʻting! – Samigʻjon koʻzlarini loʻq qildi, keyin birdan xoholab kulib yubordi.
“Bundan chiqdi… opaxonlarining gapi toʻgʻri ekan-da!” – Matluba rangida qoni qochib, entikdi.
– Nega kulasiz?
– Oʻzi kuladigan gap qilyapsan-da!
“Yaxshi koʻrsa nega uylangisi kelmaydi? Nega?” – dedi Matluba ichida. U bunga sira tushunolmas, Samigʻjon esa hamon xoholab kulardi.
– Sichqonga oʻlim, mushukka oʻyin. Siz meni qoʻgʻirchoqday oʻynatib, bir kun tashlab ketmoqchisiz!
– Qiziqsan-a! Hozirgi zamonda kim ZAGSni oʻylaydi? Bir-birini yaxshi koʻrgandan keyin…
– Yaxshi koʻrsangiz… – Matluba “toʻy qiling, uylaning!” demoqchi boʻldi-yu, iymandi.
– Yaxshi koʻrsangiz… nega ZAGSdan oʻtishdan qoʻrqasiz?
– Toʻxta! Axir sen… axir biz…
Samigʻjon: “axir biz bir-birimizni sevamiz-ku!” demoqchi edi, lekin “sevgi” soʻzi unga chuchmal koʻrinib, dudugʻlanib qoldi, soʻng yuzi burishib: – Axir sen meni… yaxshi koʻrasan-ku! – deb xitob qildi.
– Siz-chi? – dedi Matluba. Samigʻjon asabiylashib yelkasini uchirdi.
– Menga nima boʻpti? Axir… bir-birimizni yaxshi koʻrsak boʻldi-da! Oʻynab qolaylik… Boshqasi boʻlaverar axir!.. Nahot shaharga kelib hech narsani oʻrganmagan boʻlsang? Men seni… tuppa-tuzuk boʻlib qolgandirsan, deb oʻylovdim!
– Men siz aytgan tuppa-tuzuklardan emasman! – dedi Matluba. – Boʻlmayman. Boʻlolmayman ham.
– Agar men oʻrgatsam-chi?
– Rahmat!
Toʻsatdan Samigʻjon qizning qoʻlidan “shap” ushlab oʻrnidan turgʻazdi.
– Boʻldi! Yur, bir joyga boramiz! Matluba unga hadiksirab qaradi:
– Qayoqqa?
– Bir oʻrtogʻim chaqirgan. Jinday ziyofat boʻladi. Mening yor-birodarlarim bilan tanishasanmi, yoʻqmi? – dedi Samigʻjon kulib: – Yo ZAGSdan oʻtmaguncha tanishmaysanmi?
Matluba indamay park darvozasiga tomon yoʻnaldi. Samigʻjon parkdan chiqishi bilanoq besh panjasini koʻrsatib, (bu uning “besh soʻm beraman” degani edi) duch kelgan birinchi mashinani toʻxtatdi.
– Chilonzorga.
– Oʻtiringlar!
Mashina “gazik” edi. Samigʻjon Matlubani, orqa oʻrindiqqa chiqarib, oʻzi yoniga oʻtirdi-yu, mashina qoʻzgʻalishi bilan yana boyagiday mahkam quchoqlab oldi. Matluba uning issiq lablaridan labini olib qocharkan, goh oʻzini koʻrib koʻrmaganlikka olib oʻtirgan shofyordan uyalar, goh boradigan joylarini oʻylab vahima bosar, lekin shunday boʻlsa ham Samigʻjonni siltab tashlashga jurʼat etolmas, chunki uning “qishloqi” deb kulishidan qoʻrqar edi.
Mashina uzoq yurdi. Matluba Chilonzorga borgan boʻlsa ham hech qachon savdo markazidan nariga oʻtmagan edi, shuning uchun ham nazarida, dunyoning bir chetiga borib qolganday tuyuldi. Nihoyat Samigʻjon “keldik” deb mashinani toʻxtatdi-da, sakrab tushib Matlubaga qoʻlini choʻzdi.
Ular katta koʻchaning muyulishiga tushgan, koʻchaning ikki yuzida egizak bolalarday bir-biriga oʻxshagan toʻrt qavatli binolar soldatlarday saf tortib turardi.
Samigʻjon Matlubani qoʻltiqlab, koʻchaning chap yuzidagi hovliga boshlarkan:
– Sal qovogʻingni och, Matlub! – dedi yolvorib. – Xuddi mendan qoʻrqayotganga oʻxshaysan, a?
– Yoʻq, oʻzim…
– Shunday chiroyli qiz!.. Hayronman: kiyinishing, yurish-turishing joyida-yu, qiliqlaring… Ke, qoʻy, zamonaviy qizlarga oʻxshagin, Matlub!
– Oʻxshay olmasam-chi?
– Juda oʻxshab turibsan-da! Faqat… qovogʻingni och! Qani bir jilmaygin. Yana!..
Samigʻjonning muloyim kulib gapirishi, ayniqsa “Matlub”, deb erkalab chaqirishi qizga u bilan ilk bor uchrashgan chogʻlarini, yigitning allaqanday begʻubor shoʻxliklari, qizlarni kuldirish uchun yongʻoq tepasida “Tarzan” boʻlib shoxdan-shoxga sakrab uchishlarini eslatdi. Koʻz oldiga suyukli qishlogʻi, togʻ etagidagi qalin yongʻoqzorlar keldi-yu, yuragi iliq mehrga toʻlib, beixtiyor jilmaydi.
– Ha, bormisan? Mana endi men yaxshi koʻrgan Matlubga oʻxshading! – dedi Samigʻjon.
Ular arining uyasiday gʻuj-gʻuj bolalarga toʻla hovlidan oʻtib, qarshidagi uyning ikkinchi qavatiga chiqishdi. Samigʻjon “34” deb yozib qoʻyilgan eshikning tugmasini bosdi. Eshik ochilib, ostonada boʻynidagi galstugi bir tomonga qiyshayib, siyrak malla sochlari toʻzgʻib ketgan pakana xomsemizgina bir yigit paydo boʻldi. U shirakayf koʻzlarini Matlubaga tikib ishshaydi:
– E, bormisanlar, olamda? Qani, xonim, marhamat qilsinlar! – Yigit Matlubaning qoʻltigʻidan olmoqchi boʻlib qoʻlini choʻzdi, Matluba xuddi yosh boladay hurkib, Samigʻjonning orqasiga yashirindi. Uni xom-semiz yigitning mastona harakatigina emas, ichkaridan eshitilayotgan chinqiroq muzika bilan qizlarning qahqahasi, ayniqsa yoʻlakni toʻldirgan pagʻa-pagʻa tamaki tutuni-yu, allaqanday qoʻlansa hid seskantirib yuborgan edi.
Pakana yigitning xuddi boʻyalganday qip-qizil, qalin lablarida gʻalati tabassum jilva qildi:
– Ie, ha, namuncha choʻchiysiz, xonim? Boʻri emasmizki, yeb qoʻysak! – Yigit gapini tugatmagan ham edi, yoʻlakda u kuni Samigʻjonni kutgani aeroportga chiqqan ikki qiz koʻrindi. Qizlar Matlubaga “salom” degan maʼnoda bosh irgʻashdi-da, Samigʻjonni qoʻltiqlashib ichkariga boshlashdi.
– Sizdaqa kavalerdan oʻrgildik! – Kutaverib koʻzimiz toʻrt boʻldi-ku, oʻrtoq Matqobulov?
Samigʻjon qizlarni koʻrganda Matluba esidan chiqqanday, xushnud kulib ichkariga kirib ketdi.
– Qani, xonim! – pakana yigit, qiyshayib qolgan galstugini toʻgʻrilab, Matlubaning bilagidan ushladi.
Matluba toʻsatdan qishlokda eshittan vahimali gaplari, mana shunaqa ziyofatlaru bu ziyofatlarda boʻladigan behayoliklar haqidagi “mish-mish”lar esiga tushib:
– Yoʻq, yoʻq, kirmayman! – deb baqirdi-da, qoʻlini tortib olib, zinadan pastga otildi. U birinchi qavatga tushganida orqadan haligi yigitning:
– “Hoy, Samigʻjon! Tutib kelgan kiyiging qochib ketdi, ogʻayni!” degan ovozini eshitdi. Samigʻjon uni katta koʻchaga chiqqanida quvib yetib, qoʻlidan ushladi:
– Toʻxta? Qayoqqa qochyapsan? Nima boʻldi senga?
– Hech nima! – Matluba qoʻlini tortib olib, uning yuziga gʻazab bilan tikildi. – Qayoqqa olib keldingiz?
– Qayoqqa boʻlardi? Ogʻaynimnikiga keldik.
– Oʻrgildim bunaqa ogʻayningizdan. Men koptok emasmanki, ogʻayningizga oshirsangiz! – Matluba shartta burilib ketmoqchi edi, Samigʻjon ushlab qoldi.
– Shoshma-shoshma, nimalar deyapsan oʻzi? Nahot hazilni tushunmasang?! Axir ogʻaynimning xotini bor-ku!.. Bu juvonlarning bittasi oʻshaning xotini-ku!..
Matluba yana koʻzlari charaqlab ketdi.
– Xotini boʻlsa… nega menga osiladi? Siz ham yaxshisiz! Meni xomsemiz ogʻayningizga tashlab, uning xotini bilan… qoʻltiqlashib…
Matluba gapirolmay yuzini kaftlari orasiga yashirdi. Samigʻjon uni yelkasidan quchoqlab, kuldi.
– Shu ham gap boʻldi-yu! Bular juda yaxshi, juda oq koʻngil, odamlar, axir!… Sen… qanaqasan oʻzi?
– Mayli, men shunaqaman! – dedi Matluba iztirob bilan. – Ulardaqa boʻlolmayman! Boʻlishni xohlamayman. Tushundingizmi?
Samigʻjon yoʻlovchilar qiziqsinib qarayotganini koʻrib, Matlubani chetta tortdi.
Qizning xatti-harakatlari boya uning kulgisini qistatgan boʻlsa, endi gʻashiga tega boshladi. Ayni zamonda qizning soʻzlarida, allaqanday ichki bir dard aks etib turgan maʼsum chehrasida, yosh bilan pardalangan katta qora koʻzlarida boʻlakcha bir poklik va samimiyat bor edi. Samigʻjon bu samimiyatni sezar, sezgani uchun hazilga burishga urinardi.
– Bundan chiqdi… toʻy boʻlmaguncha koʻrishmas ekanmiz-da!
– Nega kulasiz? Yaxshi koʻrsangiz… nega qoʻrqasiz?
Samigʻjonning yuzidan iztirob aks etdi.
– Haliyam qoʻrqayotganim yoʻq. Lekin… kimga kerak shu ish? Men hali oʻqiyman, axir!
– Oʻqisangiz nima qipti? – dedi Matluba. – Siz oʻqiysiz, men ishlayman. Sizga yordam beraman.
Matluba: “Jonim bilan xizmatlaringizni qilaman!” demoqchi boʻldi-yu, Samigʻjon gʻalati kulimsiraganini koʻrib, labini tishladi. Koʻnglida esa uning “xoʻp” deyishini iltijo qilar, agar u “xoʻp” desa chindan ham uning vafodor yori, sodiq doʻsti boʻlishga qasamyod qilardi…
Samigʻjon aftini bujmaytirib:
– Toʻy, uy-roʻzgʻor, qozon-tovoq, bola-chaqa! Voy-dod! – deb kuldi.
Matluba boshini egdi, qoʻrqib boʻlsa ham oʻjarlik bilan: – Voydod boʻlsa… men ham bunday yurolmayman, – dedi.
– Boʻlmasa kutar ekansan-da! – dedi Samigʻjon, – Besh yilga chidaysanmi?
– Mayli, kutaman!
– Qarib qolasan-ku! – Samigʻjon bu gapni aytishga aytib qoʻyib, darrov tilini tishladi. Chunki Matluba toʻsatdan rangi oʻchib, lablari pirpirab ketdi.
– Qarib qolishimdan qoʻrqsangiz… atrofingizda parvona boʻlib yurganlar bilan boʻlavering! Institutni bitirib, mashhur boʻlganingizda uylanasiz!
Matluba shunday dedi-da, oʻzini katta koʻchaga otdi. U yoqdan bu yoqqa gʻizillab oʻtayotgan mashinalarning biri tormozini gʻichirlatib toʻxtadi, ikkinchisi chetga burilaman, deb ariqqa qiyshayib qoldi. Matluba esa koʻziga hech narsa koʻrinmay, koʻchadan oʻtdi-da, trotuardagi olomonga qoʻshilib ketdi…
Samigʻjon bir lahza qizning ketidan tikilib turdi, keyin qoʻlini bir siltab, orqasiga qaytdi.
* * *
Hozir olti yildan keyin, oʻshanda Samigʻjonga aytgan gaplari, darhol “ZAGSdan oʻtasan” deb, oyoq tirab turib olganlari Matlubaning oʻziga ham gʻalati tuyuladi, buni har eslaganida uyatdan yuzlari burishib ketadi. Lekin sodda qishloq qizi, u oʻsha kecha Samigʻjon bilan aloqani uzib, toʻgʻri qilganiga amin edi. Tong otguncha mijja qoqmay, qorongʻida shiftga tikilib yotarkan, Matluba oʻshanda yana bir narsani koʻngliga qattiq tugdi: oʻqishi kerak! Chunki nazdida, Samigʻjon ham, opasi ham uni shunchaki bir hamshira deb oʻylaganlari uchun nazarga ilishmaganday tuyuldi. Agar u institutda oʻqiganida ular ham boshqacha muomala qilishar edi!.. Shuning uchun ham qishloqi bir oʻjarlik bilan: “Agar boshimga tosh yogʻsa ham oʻqiyman, kirish imtihonlaridan surunkasiga oʻn yil yiqilsam ham oʻqiyman!” deb oʻziga oʻzi soʻz berdi.
Samigʻjon bu voqeadan keyin ham bir-ikki marta Matlubaxonni izlab poliklinikaga keldi. Lekin Matluba uning oldiga chiqmadi. U chiqmaslikka chiqmas edi-yu keyin bir necha kungacha hech qayoqqa sigʻmay, pushaymon chekib yurardi. Umuman, Samigʻjondan koʻnglini uzishga qattiq ahd qilsa ham uni zimdan kuzatishda davom etar, gazetalarda suratlari chiqsa qirqib olar, u hakdagi maqolalarni qayta-qayta oʻqir, shunday paytlarda dugonalariga bildirmay xilvatda yigʻlab koʻnglini boʻshatar edi.
Bir kun – unda Matluba ToshMIning ikkinchi kursida oʻqir edi, – mediklar bilan fizkulturachilarning voleybol boʻyicha oʻrtoqlik uchrashuvi boʻldi. Uchrashuvda Samigʻjon ham qatnashdi.
Matluba Samigʻjon koʻrib qolishidan qoʻrqib, ham shuni istab, oʻyinni boshdan oxirigacha tomosha qildi.
Fizkulturachilar uchrashuvni uchu bir hisobi bilan yutdilar. Uyinning oxirida fizkulturachilar Samigʻjonni osmonga otib, tabriklashdi. Uni tabriklashib, atrofida girgitton boʻlganlar orasida qizlar koʻp edi. Buni koʻrgan Matluba maydondan sekin chiqib ketdi.
Negadir koʻngli vayron boʻlgan Matluba, katta koʻchada maʼyus borarkan, toʻsatdan uning yoniga “Volga” kelib toʻxtadi-da, Samigʻjonning “Matlub” degan tanish ovozi eshitildi.
Matluba yuragi shigʻ etib, yalt etib qaradi, qaradi-yu, mashina toʻla qizlarni koʻrib, oʻzini yana olomon orasiga urdi.
Oxirgi safar Matluba Samigʻjonni beshinchi kurs imtihonlarini topshirib, praktikaga ketayotganida koʻrdi. Bir kun kechqurun soʻnggi imtihondan qutulgan Matluba xurram kulib, yotoqxonasiga kirgan edi, qoʻshni xonada turadigan bir qiz yugurib kirdi:
– Sizni bir yigit chaqiryapti! Ja ketvorgan yigit!
Matluba darrov sezdi: Samigʻjon! Samigʻjon hovlida papiros chekib turardi. Matlubani koʻrganda oftobda qoraygan shiddatli yuzida kinoyali tabassum jilva qildi.
– Mana, bir qoshiq qonimizdan kecharmikansiz, deb keldik, Matlubaxon!
Matluba unga yaqinroq bordi-yu, seskanib ketdi: Samigʻjon oyoqda zoʻrgʻa turardi!.. Galstugi bir tomonga qiyshayib qolgan, koʻzlari qizarib ketgan, lab-lunji osilgan…
Matluba vujudi zir titrab orqaga tisarildi.
– Toʻxta, nega qochyapsan, Matlub! – dedi Samigʻjon. – Mana, xohlasang ZAGS dan oʻtamiz. Agar sen uchun mening yuragimdan ZAGS qogʻozi ortiq boʻlsa, marhamat, unga ham tayyormiz!
U Matlubaga yaqinlashmoqchi boʻlib bir-ikki qadam tashlagandi, qoqilib ketib, akatsiyani ushlab qoldi.
Matluba qayrilib ham qaramadi. U yotoqqa kirdi-da, oʻzini karavotga tashlab yigʻlab yubordi.
Shu-shu Samigʻjon qaytib kelmadi. Ehtimol oʻshanda mast boʻlsa ham Matlubadan ranjigandir. Undan ranjimagan, koʻngli qolmagan kim bor oʻzi? Bittayu bitta singlisi Mastura boʻlsa… uni ham yigʻlatdi! Bultur institutni bitirib, qishloqqa kelgandan beri qancha joydan sovchi keldi – hammasini qaytardi, hammasini ranjitdi. Yigitlar uni kibor deyishadi, baʼzilar hatto bemehr, toshbagʻir qiz deb oʻylaydi. Balki Samigʻjon ham shu xayolga borgandir? Matluba boʻlsa… Koshkiydi Samigʻjon yana bir marta qidirib kelsa, kelib bir ogʻizgina iliq soʻz aytsa… nimalar qilmas edi Matluba?.. Hijron dudida laxcha choʻgʻ boʻlgan yuragi yoshlik ehtirosi, qizlik mehr-muhabbati – hamma-hammasini unga ikki qoʻllab tutmasmidi! Uning sadoqatli yori, hamdard doʻsti, sirdosh oʻrtogʻi boʻlmasmidi? Bu gʻurur bu, alamlarni esidan chiqarib, bir umr “choʻrisi” boʻlmasmidi?..
Koshkiydi odamlar buni bilishsa! U ham tirik jon ekanini, yoshlikda qoʻmsagan begʻubor, pok muhabbat orzusida yonib bitganini, qonida koʻpirgan ehtirosini jilovlay-jilovlay charchaganini, oldin Samigʻjonni pushaymon qildirib, keyin uning misoli bir choʻrisi boʻlish niyatida adoyi-tamom boʻlganini tushunishsa!..
Yoʻq, hech kim buni bilmaydi, hamma uni “dimogʻdor” bir qiz deb oʻylaydi.
Matluba chuqur xoʻrsinib oʻrnidan turdi, pastda, qorongʻi jarlikda shovillab oqayotgan daryoga quloq solganicha, bir-bir bosib orqaga qaytdi.
Mastura boshiga budilnikni qoʻqib, divanda gʻujanak boʻlib uxlab yotar, yigʻlagan boʻlsa kerak, qovoqlari shishgan, sochlari yostiqqa yopishib qolgan edi. Matluba yuragiga quyulib kelgan opalik mehridan koʻngli erib, singlisining maʼsum chehrasiga, nam kipriklariga tikilib, birpas turdi, soʻng allamahal boʻlib qolsa ham, mashina soʻragani sanatoriy direktorining uyiga ketdi.
Opa-singil sanotoriyning almisoqdan qolgan taraq-turuq “gazigi”da yoʻlga chiqqanlarida qorli choʻqqilar usti endigina oqara boshlagan, lekin dara hali zim-ziyo, togʻ bagʻridagi bogʻlar qorayib koʻrinar, soyning shovullashi allaqanday vahimali tuyulardi.
Ular barvaqt yoʻlga chiqib yaxshi qilishgan ekan, pachoq mashina goh radiatori qaynab, goh motori oʻchib, shaharga soat toʻqqizdan oshganda kirib borishdi.
Qishlokdan ikkilanmay chiqqan Matluba shaharga yaqinlashgan sari hayajoni ortib, talmovsiray boshladi. Agar yonida Mastura gunohkor boladay mungʻayib oʻtirmaganda, balki yarim yoʻldan qaytib ketar edi.
U institut binosi koʻrinishi bilanoq mashinani toʻxtatib, shofyorga javob berdi, sochini, kiyimlarini tuzatarkan, hayajonini yashirish uchun joʻrttaga dagʻal ovozda:
– Qani, boshla! – dedi singlisiga. – Men bilmasam, qabul komissiyalaring qayoqda-yu, oʻrtoq Matqobulov qayoqdalar?
Mastura oldinga oʻtdi. Uning ketidan borayotgan Matluba institut oldidagi xiyobonlarda yurgan toʻp-toʻp qiz-yigitlarni koʻrib, beixtiyor toʻxtadi.
– Qayoqqa chopasan? Matqobulov keladigan vaqt boʻldimi oʻzi?
– Kelgan boʻlishlari kerak. Soat ikkida mandat komissiyasi. Hamma ish oʻsha kishining qoʻllaridan oʻtadi-ku, axir! – Mastura koʻzlari jovdirab bir opasiga, bir institut tomonga qaradi-yu, birdan chehrasi yorishib ketdi.
– Ana, keptilar! U yoqqa emas, bu yoqqa qarang. Koʻrdingizmi, qizlar bilan gaplashib turibdilar-ku!..
Matluba rangi oʻchib, singlisi koʻrsatgan tomonga qaradi. Samigʻjon qoʻlida shlyapa, terakka suyanib, bir guruh qizlar bilan chaqchaqlashib turardi. Uzoqdan uning chehrasi aniq koʻrinmas, faqat oppoq tishlari yiltirar, lekin Matlubaning nazarida u hech oʻzgarmagan, aksincha, yana ham yasharib ketganday tuyuldi. Kutilmaganda Matlubaning esiga Samigʻjonning bir mahallar kulib aytgan gaplari tushdi:
– Kutsang mayli-yu, lekin… qarib qolasanda!..”
– Oʻsha kishi, – dedi Mastura. – Tanimadingizmi?
– Tanidim, – Matluba quruqshab qolgan lablarini yaladi. – Tanidimu biroq… meni kechir, Mastur, men bu odam bilan uchrasholmayman! Keyin… bir kun hammasini aytib beraman. Kechir, jonginam! – Matluba singlisini quchoqlab yuzidan oʻpgan boʻldi-da, Samigʻjon koʻrib qolishidan qoʻrqib, ariq boʻyidagi daraxtlarni panalaganicha chopib ketdi.
Mastura qult etib yutinib institutga qarab ketdi. U Samigʻjonga uchrashmasdan sekin oʻtib ketmoqchi edi, lekin eshikka borganida Matqobulov koʻrib qolib, qizlar davrasidan chiqdi.
– Ha, puchuq, qayoqlarda yuribsan? – dedi u kulib. – Kecha izlab topolmadim.
Mastura boshini xam qilib, tuflisining uchi bilan yer chiza boshladi.
– Men kecha… qishloqqa boruvdim.
– Shunaqami? – dedi Samigʻjon. – Qalay, opangni koʻrdingmi?
– Koʻrdim. Opamlar… hozir shoʻtta edilar… Samigʻjon birdan rangi oʻzgarib, atrofiga olazarak boʻlib qaradi.
– Qani? Qayoqda?
Samigʻjonning yuzida aks etgan hayajon, ovozidagi titroq misoli bir nur boʻldi-yu, Masturaning koʻnglini qorongʻi qilib turgan allaqanday shubhalarni toʻzgʻitib yubordi. U toʻsatdan hamma narsaga tushunib, sekin xoʻrsindi.
– Opam… ketib qoldilar. Sizni koʻrdilaru ketib qoldilar…
– Nega? – dedi Samigʻjon. – Nega keldi-yu, ketdi?
– Bilmasam…
– Tavba! – Samigʻjon boʻgʻilib ketayotganday boʻlib tomogʻini siladi soʻng:
– Eh, Matlub! Matlub! – deb bosh chayqadi-da, miyigʻida kulimsiradi. – Opang… Haliyam oʻsha-oʻsha ekanda a?
…Matluba esa, bu payt institutdan uzoqda shahar parkining eng xilvat joyida bir oʻzi oʻtirardi. U oʻzi bilan oʻzi olishar edi: “Hozir qilgan ishi toʻgʻri boʻldimi, yoʻqmi? Masturaga nisbatan, bittayu-bitta singlisiga nisbatan yaxshi qilmadi, albatta. Lekin hozir Samigʻjon bilan uchrashganda nima derdi? Oʻshanda gapingizga kirmay ahmoqlik qilgan ekanman, mana endi pushaymon boʻlib keldim, deydimi?”
– Yoʻq, uchrashmaganim yaxshi boʻldi! – derdi Matluba. Lekin koʻzlarini park darvozasidan uzolmas, qayoqqa ketganini singlisiga aytmaganini unutib, Samigʻjon izlab kelishini orziqib kutar, olisda unga oʻxshagan yigit koʻrinsa yuragi oʻynab ketardi. Kelayotgan yigit Samigʻjon emasligiga ishongach, koʻziga milt-milt yosh olardi.
Odil YOQUBOV
Toshkent,
1966 yil
https://saviya.uz/ijod/nasr/matluba/