Aroqdan saqlaninglar, chunki u barcha yomonliklarning kalitidir.
Hadis
Tunov kuni qishloqdan akam kelgan edi. Yangiliklar qatorida Haydarbuloqda katta toʻy boʻlganini aytib berdi. Aroq juda moʻl boʻlibdi. Bular sal kechikib borishgan ekan, qarashsa, deyarli butun qishloq ahli gʻirt mast emish. Shirakayf urugʻdoshlar saxiylik bilan mulozamat qilishar, birovi esa uning boʻyniga osilib, negadir hoʻng-hoʻng yigʻlarmish. Shuni aytish kerakki, togʻliklar uchun toʻy – ham teatr, kino, ham konsert oʻrnini bemalol bosaveradi. Shu sababli deyarli ikki-uch qishloqning aholisi toʻyxonaga keladi. Hamma yangiliklarni shu yerda eshitish mumkin: Rossiyaga ishga ketganlardan anchasi qaytibdi. Boʻshangroqlari zoʻrgʻa yetib kelgan boʻlsa, ayrimlarining oshigʻi olchi emish. Yaxshi ishlab kelayotganlari mashina olib, ana shunday toʻylar ham qilishayotgan ekan. Oʻsha esda qolarli toʻyda tasira-tusur, ur-toʻpolonlar koʻp boʻlibdi. Ayniqsa, Darxondan kelgan mehmon Eshqobilni nedir aybi uchun daryo boʻyida qoniga boʻyab tepkilashibdi…
Shu “yangilik”ni eshitib, aroqning bugungi kunda keltirayotgan zarari, kasofatlari haqida beixtiyor oʻylab ketdim. Keyin shu haqda bir narsa yozmoqchi boʻldim. Menimcha, bu maqola giyohvandlikka qarshi kurash mavzusida boʻlganida, hamma buni hamfikrlik bilan qarshilashi mumkin edi. Ammo ichkilik masalasidagi fikrlar juda xilma-xil! Hatto aroqqa qarshi kurash… ni salkam aqlsizlik deb hisoblovchilar ham talaygina topiladi. Masalan, oʻtmishda ichkilikbozlikni qonun yoʻli bilan bartaraf etishga muvaffaqiyatsiz urinishlar boʻlgani maʼlum. Oʻsha urinishlarni koʻpchilik kinoya bilan: “suxoy zakon” deb atashlarini bilamiz.
Yuqoridagilarni oʻqib: ha, endi kishi yaxshi niyat bilan yigʻinib, toʻy qilsa, xursandchilik boʻlsa, shunga ota goʻri qozixonami, deyuvchilar ham boʻlar. Xoʻsh, bu tariqa “bazmi jamshidlar-u, xursandchilik” bilan biz qayoqqa qarab borayapmiz, oʻzi? Uzoq Rossiyada ixtiyoriy mardikorchilik qilib pul topib, keyin yurtga kelib, hammani mast qilganligi bilan maqtanishda maʼno bormi? Maqsad aroq ichishu qorin toʻydirishmi?
Chor qoʻshinlari Turkistonni bosib olgunga qadar mast qiluvchi ichimliklar ochiq sotilmagan va ichkilikbozlik keng tarqalmagan ekan. Istilodan soʻng Toshkentning oʻrislar yashaydigan qismida bir nechta mayxonalar ochilgan. Ularda oʻrislar pulga aroq ichishar, bitta-yarimta kirib qolgan mahalliy millat vakillariga esa tekinga quyib berisharkan. Buning sababini soʻraganlarga doʻkondorlar: qoʻyaveringlar, bular avval ichishni oʻrganib olishsin, keyin koʻrasizlar foydasini, deb javob berishgan ekan. Endi ortiqcha izohning hojati yoʻq…
Aslida biz aytayotgan gaplar sira yangilik emas. Aroq yetkazayotgan musibatlarning sanogʻi yoʻq. Ichkilik tufayli juda koʻp xonadonlar tinchligini yoʻqotyapti, topish-tutishdan baraka koʻtarilyapti, farzandlar ota-onaga oq boʻlyapti, kelajakka rahna solinyapti. Uning insoniyat kushandasi ekanligiga odamlar allaqachon iymon keltirishgan. Lekin uni man etishning uddasidan chiqilmayapti. Mantiqan qaralsa, juda gʻalati hol: giyohvandlikka qarshi dunyoda murosasiz jang ketayotgan bir paytda aroqqa nisbatan buning mutlaqo teskarisi boʻlyapti. Vaholanki, ichkilikning sogʻliqqa hech foydasi yoʻq. Zarari esa giyohvand moddalarniki bilan deyarli bir xil! Tobora koʻpayib borayotgan aroq va pivo doʻkonlarining peshtaxtalari turfa xil mahsulotlardan sinay deyapti. Ichkilik yaxshigina daromad manbai ekanligi sir emas. (Bittasi aroq zavodini pul chiqaradigan zarbxonaga qiyosladi. Aroq “suyuq valyuta” emish!)
Bir savdo xodimi tahririyatga xat yozib, aroqning harom ekanligini bilaman, ammo savdosi-chi, deb soʻrabdi. Javob: “Harom narsa bilan savdo qilish musulmon kishi uchun haromdir. Chunki u moʻminning narsasi emas. Harom bilan savdo qilish savdoni buzadi. Unga sarflangan pul ham oʻz-oʻzidan haromga aylanadi. Unday pulni savdodan chiqarib tashlash kerak. (Miskin, faqirlarga berib yuboriladi, ammo bu muruvvatdan savob umid qilinmaydi.) Yaʼni, bir kishi oʻn soʻmga aroq sotib olib, keyin oʻn besh soʻmga sotsa, foydasi boʻlgan besh soʻmini emas, oʻn besh soʻmning hammasini chiqaradi. Chunki haromga sarflash halol pulni harom qiladi… Bilmasdan qilingan gunohlarga istigʻfor aytilsa, boshqa takrorlanmasa, Alloh kechirimli, gʻofir zot, magʻfirat qilishi shubhasiz”. “Musulmonlar taqvim kitobi”dan. 2003 y. 1-chorak.
Biz, ojiz bandalar, albatta, Yaratganning marhamatidan umidvormiz. Lekin buning uchun U taqiqlagan harom-xarishni tark etishimiz ham kerak-da!
Oddiygina kuzatish: ichkilikni sevuvchilar, yaʼni aroqxoʻrlar juda koʻp (hatto “keragidan ortiq” koʻp!). Boʻlmasa, doʻkonlarda turli-tuman nomdagi aroqlar shunchalik koʻpayib ketarmidi! Narxi har qancha qimmat boʻlmasin, unga talab sira kamayayotgani yoʻq. Koʻrinishidan binoyidek, yaʼni “alkash”ga sira oʻxshamaydigan, ammo ichkilikka turli-tuman bahonalar bilan ixlos qoʻygan insonlar talaygina. Ular: “Aroqsiz ziyofat qizimaydi, aroq – dasturxon koʻrki, yoki aroq qoʻymasam, ulfatlar orasida izza boʻlaman-ku”, degan “uzrli” mulohazalardan sira chiqa olmaydilar. Toʻgʻrisini aytish kerak, mulohazalarida ham jon bor! Toʻylarda, ayniqsa, qishloq toʻylarida mehmonlarni eng tansiq taomlar bilan siylang-u, ammo dasturxonga aroq qoʻymasangiz, ochiq-oydin malomatlar tagida qolishingiz hech gap emas. Aroq daryodek oqqan toʻy haqida esa: “Oʻsha kuni bi-ir yayradik-da”, deb gapirib yurishlari ham bor gap.
Doʻstimning hikoyasi:
Sobiq ittifoqning soʻnggi yillarida katta amaldor hamqishlogʻimiz toʻy qildi. Kolxozimizdagi hamma paxtachilik brigadalari shu yerda: brigadirlar buyruq beryapti, qolganlar gʻizillagancha xizmatda! Xizmat toʻlib yotibdi: minglab mehmonlarga joy hozirlash uchun paxta zavodidan brezent chodirlar olib kelingan. Oʻnlab qozonlarda taomlar tayyorlanyapti. Toʻy boshlangach, shiftigacha yashiklar taxlangan katta “Alka”lardan aroq tarqatildi. Aroq daryo boʻlib oqdi: kishi boshiga bitta, hatto ikkitadan aroq berildi. Mabodo kimning oldiga alohida shisha qoʻyilmasa, oʻzini kamsitilgan hisoblar edi. Kuzatib turibman: endigina maktabni bitirgan oʻspirinlar kelib oʻtirishdi. Ularga taom tortildi. Ammo aroq tarqatuvchi Moʻydin kinochi “Sizlar hali yoshsizlar aroq ichishga”, dedi-yu, naq baloga qoldi! Bu gapi bilan u boʻz bolalarning “gʻururi”ga tegib qoʻygan edi. Oxiri ularga ham “el qatori” ichimlik beribgina qutuldi…
Hayotimda shu vaqtgacha: “Aroq ichib, falon foyda topdim”, degan kimsani uchratmadim. Toʻgʻri, uning sotilishidan tashqari, yana bir qancha “foyda”larini sanab oʻtsa boʻladi: masalan, qovushmay turgan davraga jon kiritishi, odamlarni oʻzaro “yaqinlashtirishi”, ayniqsa, keng tarqalgan tushuncha – tushkun kayfiyatni koʻtarishdek “xosiyat”larini aytish mumkin. Lekin bularning hammasi qip-qizil yolgʻon! Ishonavering. Barisi sunʼiy “xosiyatlar”. Jismni asta-sekin xarob etish evaziga hosil boʻladigan vaqtincha xush kayfiyat. Buni koʻpchilik ich-ichidan tan oladi-yu, ammo Bari bir yolgʻon tushunchalar toʻsigʻini yorib oʻtishga kuchi yetmaydi. Shu tariqa, yana avvalgidek, hayot maromi davom etaveradi.
Muqaddas Qurʼoni karimda ichkilik keskin qoralangani maʼlum. Islomda mast qiluvchi barcha ichimliklar umumiy nom bilan “xamr” deb ataladi. Xamrning zarari haqida juda koʻp hadislar, rivoyatlar mavjud:
Rasululloh (SAV) aytadilar: “Xamr yomonliklarning onasidir”; “Xamrdan saqlan. Uning daraxti boshqa daraxtlardan oshib oʻtgani kabi, gunohlari ham boshqa gunohlardan oshib tushadi”.
Hazrati Usmon (r. a.) bir kuni xutba oʻqiyotib, Allohga qasam ichib aytdilarki: “Ey jamoat! Xamr bilan iymon bir qalbda boʻlishi mumkin emas, albatta, biri boshqasini quvib chiqaradi”.
Hazrati Bilol (r. a.) aytadilarki: “Sharobning bir qatrasi quduqqa tushsa, keyin oʻsha quduqning ustiga minora qurilsa, u minorada azon chaqirmayman. Agar sharobning bir tomchisi dengizga tomsa, dengiz qurib, u yerdan oʻt-oʻlan unib chiqsa, oʻshandan ham foydalanmayman”.
Bizda ichkilik ichish salkam sanʼat darajasiga koʻtarilib boryapti. Mayxoʻrlar davrasida tantanavor nutqlar (tostlar) irod qilinadi, ehtirosli sheʼrlar oʻqiladi. Umar Xayyom ruboiylarini oʻz saviyalariga moslab talqin qilishadi. Esimda: bir doʻstimiz toʻy bazmlarida oʻziga soʻz berilsa, albatta, Umar Xayyomning “may ichsang oqilu-dono bila ich…” deb boshlanuvchi ruboiysini oʻqirdi. Oxirida, “ezma, rasvo boʻlma, maʼno bila ich”, misrasini buzib, “siqqanicha ich!” deb oʻqishi davradagi shirakayflarning olqishiga sazovor boʻlardi. Va… albatta, shu ruboiy sharafiga yana qadahlar koʻtarilar edi. Qoraqalpoq tomonlarda esa, “tost”ning yana bir antiqa turini uchratdim: bu “tost” Xudoga iltijo shaklidagi duosifat soʻzlardan iborat boʻlib, har bir tilakni davradoshlar qoʻlda qadah bilan “omin!” deya “tasdiqlab” turishadi…
Naqadar mantiqsizlik: Xudoning kalomida harom ekanligi aytilgan va isteʼmol qilish qatʼiyan taqiqlangan boʻlsa-da, aynan aroq va mayxoʻrlar davrasida Yaratganning nomi qayta-qayta tilga olinaveradi! Qoʻlda qadah koʻtargancha, “Xudo xohlasa…”, “Alloh nasib etsin!” deya hech tortinmasdan lutflar qilinaveradi. Zahar-zaqqum ichib, yana bir-birlariga sogʻliq ham tilaydilar. Vo ajabo!
“Ishq va may kuychisi” (mayxoʻrlar iborasicha) Umar Hayyom aytmishlar:
Bir qoʻlda Qurʼonu, bittasida jom,
Gohida halolmiz, gohida harom.
Feruza gumbazli osmon ostida
Na chin musulmonmiz, na kofir tamom.
Yaqinda “na chin musulmonmiz, na kofir tamom” misrasiga isbot boʻlgulik yana bir voqeani eshitib qoldim: Bir yigit kafega kirib, ofitsiant qizga bir shisha aroq buyuribdi. Gazagiga kabob keltirishini tayinlabdi. Aroqni ichib, kabobni yeb boʻlar-boʻlmas, “juda muhim” bir narsani bilib qolib, shovqin koʻtaribdi. Maʼlum boʻlishicha, ofitsiant keltirgan kabob choʻchqa goʻshtidan ekan. Mijoz oʻzining musulmon ekanligini pesh qilar va harom goʻshtdan tayyorlangan kabob bergani uchun ofitsiantni ishdan boʻshatishni qatʼiy talab qilayotgan ekan. Oshxona xoʻjayini befarosat ofitsiant qizni shu birgina aybi uchun ishdan boʻshatishini bildiribdi. Ammo mijozdan ham: “Musulmonga aroq ham, choʻchqa goʻshti kabi harom emasmi?!” deya soʻrabdi. Mijoz avvaliga nima deyishini bilmasdan baqrayib qolibdi. Keyin Bari bir otdan tushsa-da, egardan tushmay, soʻkina-soʻkina kafeni tark etibdi. Rahbar esa noshud ofitsiantni Bari bir ishdan boʻshatibdi…
Mana, tushunchalarimizning nochorligi: shariatda harom qilingan goʻshtni isteʼmol qilmaslik durust, ammo kishining oʻzini-da toʻngʻiz holatiga soladigan ichkilikni ichish… gunoh emasdek, goʻyo.
Paygʻambarimiz (s. a. v.) oxir zamon alomatlaridan soʻz ochib, shunday degan ekanlar: “Ichkilikni davlatlar tashviq qiladi va har xil nomlar bilan ichiladi”. Bugungi hashamatli ichkilik doʻkonlariga bir nazar soling: antiqa shaklli idishlar, billurdek tiniq, turli-tuman shishalar, turfa nomdagi ichimliklar… Ortiqcha izohning hojati yoʻq.
Hayotimizda mayning tutgan oʻrni va uni targʻib qilish muhiti oʻzimizga yaxshi maʼlum. Uyda, farzandlar koʻz oʻngida ichishdan mutlaqo tortinmay qoʻyganmiz. Shunday “ibrat” boʻlayotganimiz yetmagandek, ularni ichishga yanada qiziqtiruvchi vositalar ham oʻylab topilmoqda. “Detskiy shampanskiy” degan ichimlikka nima deysiz? Idishi xuddi “kattalar shampanskiysi”ga oʻxshaydi, faqat rangdor suratlar bilan bezatilgan. Xoʻsh, bundan maqsad nima? Bolalikdanoq oʻz taʼbiga yarasha “shisha bilan doʻstlashtirish”mi?
… Ushbu maqolaning yozilishiga guvoh boʻlgan doʻstlardan bitta joʻyali taklif chiqdi: “Shu maqolang chiqqach, uni albatta “yuvish” kerak”! Oʻylanib qoldim: rostdan ham, yuvsammikin? Qandoq boʻlarkin?..
Baxtiyor HAYDAROV
“Ijod olami”, 2017–3
https://saviya.uz/hayot/nigoh/mastona-yol-oldim-mayxona-tomon/