MASHINASOZLIK SANOATI

MASHINASOZLIK SANOATIxalq xoʻjaligi uchun mehnat qurollari, shuningdek, isteʼmol buyumlari va mudofaa ahamiyatiga ega boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi ogʻir sanoat sohalari majmui. Mashinasozlik sanoati butun xalqxoʻjaligini texnika bilan taʼminlashda moddiy asos hisoblanadi, ijtimoiy mehnat unumdorligi, texnika progressi, xalqning moddiy farovonligi va mamlakatning mudofaa quvvati Mashinasozlik sanoatining taraqqiyot darajasiga bogʻliq. Mashinasozlik sanoatining asosiy vazifasi xalq xoʻjaligining hamma sohalarini yuqori unum bilan ishlaydigan mashina va asbob-uskunalar bilan taʼminlashdir. Bu soha oʻz navbatida, mashinasozlik va metallga ishlov berish, metall buyumlar, metall konstruksiyalar i. ch. hamda mashina va asbob-uskunalarni tuzatish tarmoqlarining tarkibiy qismini tashkil etadi. Mashinasozlik sanoatiga energetika mashinasozligi, elektrotexnika, stanoksozlik va as-bobsozlik, traktorsozlik va q. h. mashinasozligi kabi yirik tarmoqlar kiradi.

Mashinasozlik sanoati sanoat sifatida 18-a. da vujudga keldi, dastlab 19-a. da Buyuk Britaniyada, Gʻarbiy Yevropaning baʼzi mamlakatlarida, keyinchalik AQSHda tez rivojlana boshladi. Rossiyada 1mashinasozlik zavodi 18-a. da qurilgan.

Oʻzbekistonda Mashinasozlik sanoatining dastlabki korxonalari 20-a. boshlarida vujudga kelgan. Bu davrda metallga ishlov berish sanoati, asosan, 14 ta kichik tuzatish ustaxonalaridan iborat edi. Ularda, asosan, t. y., paxta tozalash va yogʻ zavodlarini taʼmirlash ishlari bajarilardi. Yalpi sanoat mahsuloti umumiy hajmida ogʻir sanoat va metallga ishlov berish tarmogʻining hissasi 1,3% ni tashkil etgan. 1920-y. lardan q. x., sanoat va transportning rivojlantirish zaruriyatidan mavjud taʼmirlash korxonalari kengaytirildi, yangilari kurila boshladi. 1927-y. noyab. da Toshkentda «Boshpaxtasanoat»ning mexanika z-di ishga tushirildi. 1931-y. da bu z-d negizida taxta tozalash z-dlari uchun asbobuskunalar i. ch. va q. h. texnikasi taʼmiri b-n shugʻullanadigan «Qishloqmash» (hoz. «Toshkent qishloq xoʻjaligi mashinasozligi zavodi» ak-siyadorlik jamiyati) tashkil etildi. Zavodda chigit seyalkalari, borona va kultivatorlar tayyorlash yoʻlga qoʻ-yildi.

1941—45 y. lardagi oʻrush davrida res-publikada 16 mashinasozlik z-di ishga tushirildi. Sanoatning tarmoq tarkibi oʻzgardi. Urush davrida ishga tushirilgan mashinasozlik korxonalari front ehtiyojlari uchun qurolyarogʻ, oʻqdori va b. mahsulotlar ishlab chiqardi. 1945-y. dan keyin paxtachilik va irrigatsiya qurilishi mashinalari i. ch. tiklandi, toʻqimachilik, kimyo va xalq xoʻjaligining boshqa tarmoqlari uchun yangi jihozlar i. ch. boshlandi. Paxta terish mashinalari, ekskavatorlar, koʻprik elektr kranlari, yigirish mashinalari i. ch. oʻzlashtirildi, korxonalarning ixtisoslashuvi va koopera-siyasi rivojlandi.

Respublikada Mashinasozlik sanoati 15 tarmoqqa mansub 100 dan ortiq yirik korxonalardan iborat. Ularning orasida traktorsozlik va q. h. mashinasozligi, toʻqimachilik mashinasozligi, paxta tozalash mashinasozligi, elektrotexnika sano-atining salmogʻi katta. Ayni paytda respublika iqtisodiyoti uchun yangi boʻlgan avtomobilsozlik, radioelektronika kabi sanoat tarmoqlari barpo etilmoqda.

Avtomobilsozlik. Avtomobillar, avtomobil dvigatellari, avtomobillarga ehtiyot qismlar, turli ji-hozlar va b. asboblar i. ch. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin shakllana boshladi. 1990-y. larga qadar respublikada avtomobilsozlik sanoati yoʻq edi. Oʻzbekistondagi bir necha avtomobil tuzatish z-dlari (Toshkent avtotuzatish z-di 1939-y. da ishga tushirilgan), yengil mashinalarga xizmat koʻrsatadigan «Oʻzavtotexxizmat», «OʻzavtoVAZxizmat» i. ch. birlashmalari korxonalar, tashkilotlar va aholining avtomobillariga texnika xizmati koʻrsatib kelgan. Avtomobilsozlik sanoati sohasida ishlab turgan va yangi qurilayotgan z-dlar negizida avtomobil in-dustriyasini barpo etish, yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar, trolley-buslar hamda ularga ehtiyot qismlar i. ch., servis xizmatini yoʻlga qoʻyish, respublika xalq xoʻjaligining avtotransport texnikasiga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish, avtomobil sanoatining raqobatbardosh mahsulotlar bilan jahon bozoriga chiqish vazifalari hal etilmoqda (q. Avtomobil sanoati).

Traktorsozlik va qishloq xoʻjaligi mashinasozligi. Respublika mashinasozligida ishlab chiqariladigan jami mahsulotning qariyb 20% shu tarmoq hissasiga toʻgʻri keladi. 90-y. boshigacha tarmoqning koʻpgina mahsulotlari sobiq Ittifoq ahamiyatiga ega boʻlgan. MDH mamlakatlari boʻyicha paxta terish mashinalari, chigit seyalkalari, paxtachilikka moslashtirilgan chopiq traktorlari, traktor tirkamalarining asosiy kismi Oʻzbekistonda ishlab chiqariladi. 30-y. lar boshida paxtachilikda ishlatiladigan ekish va tuproqqa ishlov berish mashinalari, paxta tozalash z-dlari uchun texnologik va b. jihozlar Oʻrta Osiyoda yagona «Boshpaxtasanoat»ning mexanika z-dida tayyorlangan. 90-y. ga kelib traktorsozlik va q. h. mashinasozligi tarmogʻida 20 dan ortiq z-d, birlashma va tashkilotlar faoliyat koʻrsatdi. Bu tarmoqda paxtachilik traktorlari, dvigatellar, traktor tirkamalari, paxtachilik texnikasi kompleksi, bogʻdorchilik va tokchilik mashinalari, q. h. mashinalari reduktorlari, chorvachilik, ozuka tayyorlaydigan mashinalar, ehtiyot qismlar va h. k. ishlab chikariladi. 20-a. ning 90-y. lar boshida quvvati 30 ot kuchi boʻlgan TTZ – 30 traktori va unga moslangan q. h. mashinalari va qurollari majmui yaratildi. Traktorsozlikning yirik korxonalari — «Toshkent traktor zavodi» davlat-aksiyadorlik jamiyati va «OʻzKeystraktor» qoʻshma korxonasida TTZ-30, MT-30, TTZ-100K.10, TTZ-100K.11, SX-100 («Keys»), SXR-100 va b. paxtachilik, universal traktorlari, traktor tirkamalari, yuklagichlar, metall quymalar, shtampovkalar ishlab chiqaradi. Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tarmogʻidagi yirik korxonalardan biri «Uzqishloqmash» aksiyadorlik jamiyati chigit se-yalkalari, koʻsak chuvish mashinalari, rotorli oʻrim mashinalari, TTZ-30 va b. traktorlarga tirkab va osib ishlatiladigan mashinalar, kartoshka ekkichlar, «Kimyoqishloqmash» aksiyadorlik jamiyati q. x. da ishlatiladigan tirkamali purkagichlar ishlab chiqariladi. Paxtachilikni kompleks mexanizatsiyalash uchun mashina va mexanizmlar, gʻoʻza kultivatorlari, chizelkultivatorlar, oʻgʻit solgichlar, ariq qazgichtekislagichlar, koʻsak terish mashinalari, pluglar, chorvachilik uchun turli mashinalar va b. mahsulotlar «Chirchiqqishloqmash» aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqariladi. 1959-y. dan «Toshqishloqmash» aksiyadorlik jamiyati paxta terish mashinalarini i. ch. ga ixtisoslashdi (dastlabki paxta terish mashinasi 1949-y. tayyorlangan). Hoz. davrda korxonada yangi, gorizontal shpindelli XMG-04 va XMG-12 oʻrnatiluvchi paxta terish mashinalari, «OʻzKeysmash» qoʻshma korxonasida «2022 Kotton Ekspress» ikki qatorli, gorizontal shpindelli oʻziyurar paxta terish mashinalari ishlab chiqariladi. Bogʻdorchilik, tokchilik va polizchilikda foydalaniladigan mashina va moslamalar «Bogʻdorchilik mashinasozligi z-di» aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqariladi. 3-d 1969-y. ixtisoslashtirilgan konstruktorlik byurosi tarzida tashkil etilgan, keyinchalik Toshkent tajriba eksprimental z-di bilan «OʻrtaOsiyoqishloqmash» birlashmasiga aylantirilgan. «Urganchozuqamash» aksiyadorlik jamiyati (1987) osma traktor urok, mashinalari, traktor xaskashlari, sholi oʻrish mashinalari, Buxoro ixtisoslashtirilgan tajriba z-di chorvachilik jmhozlari, gʻoʻzapoya yulgichlar i. ch. ga ixtisoslashgan.

Respublikada umumiy mashinasozlik, toʻqimachilik sanoati, paxta tozalash sanoati mashinasozligi, asbobsozlik sanoati mashinasozligi va b. sanoat korxonalari 1994-y. da tashkil etilgan Oʻzbekiston mashinasozligi sanoati uyushmasi («Oʻzmashsanoat»), qishloq xoʻjaligi mashinalari va traktorsozlik korxonalari «Oʻzqishloqxoʻjalikmashxolding» kompaniyasi, avtomobilsozlik sanoati va unga texnika xizmati koʻrsatish korxonalari Oʻzbekiston avtomobilsozlik korxonalari uyushmasi («Oʻzavtosanoat»), elektrotexnika, radiotexnika sanoati korxonalari Oʻzbekiston radioelektronika, elektrotexnika sanoati korxonalari uyushmasi («Oʻzeltexsanoat») tarkibiga kiradi. 2002-y. da Oʻzbekiston Mashinasozlik sanoatida 716 dona kuchli tok transformatorlari, 35130 dona avtomobil (shu jumladan, 414 avtobus), 3148 dona traktor, 65 dona paxta terish mashinasi ishlab chiqarildi (yana q. Asbobsozlik sanoati, Paxta tozalash sanoati mashinasozligi, Radioelektronika sanoati, Elektrotexnika sanoati va b.).

Ortiqali Oʻrimboyev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x