Mashhura Hasanova. Ko‘kcha dahasi


Post Views:
249

XVIII asr o‘rtalarida Toshkent to‘rtta — Beshyog‘och, Ko‘kcha, Sebzor va Shayxontohur dahalariga bo‘lingan. 1784 yili Shayxontohur dahasi hokimi Yunusxo‘ja tomonidan barcha dahalar birlashtirilib, yagona siyosiy hokimiyat barpo etilgan.

Ko‘kcha dahasi shaharning g‘arbiy qismida, asosan, hozirgi Shayxontohur tumani hududida joylashgan. Uning hududini chuqur jarliklar kesib o‘tgan. Chegarasi sharqda Sag‘bon ko‘chasining sharqidan, janubi-sharq tarafidan Quyi Bo‘zsuv bo‘ylab (Mannon Uyg‘ur va Samarqand darvoza ko‘chalari oralig‘idan) o‘tgan. Bu yerlarning g‘arbida ko‘kchaliklarning bog‘lari va polizlari bo‘lgan. Asosan, Kaykovus va uning shoxobchalaridan sug‘orilgan Ko‘kcha dahasining chorbog‘lari Nazarbek, Ko‘ksaroy hamda Keles daryosi bo‘ylaridagi joylarda bo‘lgan. XIX asr o‘rtalarida Ko‘kchada uchta — Sag‘bon, Chig‘atoy va Ko‘kcha darvozalari bo‘lgan.

Ko‘kcha mahallasi tarixi bevosita Shayx Zayniddin-bobo bilan uzviy bog‘liq. Bu zotning otasi bag‘dodlik mashhur so‘fiy, suxravardiya tariqatining rahnamolaridan sanalgan shayx Shahobiddin Suxravardiy (1145-1235) bo‘lgan. Tarixdan ma’lumki, shayx Shahobiddin 1215 yili Muhammad Xorazmshoh huzuriga Bag‘dod xalifasi Nosirning (1180-1225) elchisi sifatida kelgan. Shayx Zayniddin otasi ta’limotini Toshkentda keng targ‘ib etgan. Uni shayx Zayniddin Kuyi Orifoniy deb ulug‘lashadi. Uning vafotidan so‘ng, qabri ziyoratgohga aylanib, atrofi Orifon deb nom olgan qishloqqa aylangan (XSH asr). XIV asrning 90-yillarida Amir Temur Toshkentda bo‘lganida qabr ustiga maqbara qurdirgan. XVI asrda uning atrofida Orifon mahallasi bunyod etilgan bo‘lib, u shahar tashqarisida joylashgan. Bu mahalla XIX asrda Shayx Zayniddinbobo, keyinchalik Ko‘kcha deb nom olgan.

Ko‘kcha aholisi, asosan, ko‘nchilik bilan shug‘ullangan. Arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, 1871 yilda dahadagi 695 ustaxonadan 341 tasi ko‘nteri, 218 tasi kosibchilik ustaxonasi bo‘lgan. Ko‘kchada 7 ta xumdon, 22 ta tegirmon, 22 ta objuvoz, 34 ta maktab, 4 ta madrasa (Eshon Bo‘rixo‘ja Saqichmoniy, Shukurxon, Hofiz Ko‘hakiy, Sharafiboy), 60 ta masjid, 14 ta qadamjo-mozorlar (Langar ota, Yalang‘och ota, Vaqqos ota, Qo‘ychi mozor va h.k.) bo‘lib, shundan eng mashhuri Shayx Zayniddinbobo qabristoni hisoblanadi.

Ko‘kcha dahasiga quyidagi mahallalar kirgan: Ayrilish, Allon, Balandko‘prik, Guzarboshi, Damak, Jarariq, Ishqobod, 1-Kallaxona, 2-Kallaxona, Kattahovuz, Kesakqo‘rg‘on, Kunjak, Ko‘kcha, Langar, Mahkama (Chorsu bozori mahallasi; mahallaning boshqa qismi Beshyog‘och, Sebzor dahalarida), Molharam, Obinazir, Oqilon, Oqtepa, Pichoqchilik, Podaxona, Sarxumdon, Saqichmon, Sag‘bon, Sag‘bon Oqtepa, Torko‘cha, To‘qshjallob, Xiyobon, Xodabozor, Xonaqoh (Xonaqohi buzurg; bir qismi Beshyog‘och dahasida), Xotinmasjid (bir qismi Sebzor dahasida), Xo‘jako‘cha, Xo‘japarixon, Chaqar, Chig‘atoy Chaqari, Chig‘atoy, Chuqurqishloq, Shayx Zayniddinbobo, Yangishahar, Shohnishintepa, O‘zgant, O‘rikzor, Qatorterak, Qilbel-bog‘, Qoziko‘cha, Qozoqbozor (Chorsu bozori mahallasi; bir qismi Sebzor dahasida), Qoraqiyiq, Qo‘rg‘ontagi, Qo‘shtut, Qalimko‘p, Hojimalik, Hofiz Ko‘hakiy. Shuni nazarda tutish lozimki, XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlarida mahallalar soni va nomlanishi o‘zgarib turgan.

Obinazir — Ko‘kcha dahasidagi qadimgi mahallalardan biri bo‘lib, shaharning g‘arbiy qismida Ko‘kcha darvozasiga yaqin yerda joylashgan. Mahalla nomi ba’zi tadqiqotchilar tomonidan «Yobunazir» shaklida, Ko‘kcha darvozasini qo‘riqlagan «Yobu» qabilasi nomidan olingan deb hisoblashlariga qo‘shilib bo‘lmaydi. Aslida esa, uning mazkur qabilaga mutlaqo aloqasi yo‘q. Tarixchi Salohiddin Toshkandiyning yozishicha: «1390-91 yillarda Dashti Qipchoqqa otlangan Amir Temur Toshkentda bo‘lganida Hazrat Shayx Zayniddin Ko‘yi Orifoniyga Kaykovus suyidin chiqarib, qabrlari uzra gumbaz ko‘tarib, andin keyin Zangi otani muborak qabrlarini bino qilgan». Bundan ko‘rinadiki, bu ariqning nomi Obinazir — «nazir qilingan suv» demakdir. Xoja Ahror Valiy manoqiblarida («Rashahot» va b.q) bitilishicha, Zayniddinbobo ziyoratiga kelib astoydil Allohdan farzand tilagan befarzand oilalar murodlariga yetishgan. Obinazir arig‘i muqaddas sanalgan, uning suvi ko‘pgina dardlarga davo bo‘lgan. Hozirgacha aholi masjid eshigi yonida, yer ostidan chiqadigan shu suvdan foydalanib kelmoqda. Xulosa qilib aytganda, mahalla XIV asr oxiri – XV asr boshlarida aynan mana shu ariq bo‘yida vujudga kelgan va uning nomi bilan atalgan. Hozirda Shayxontohur tumaniga qarashli mahalla Yangishahar, Bog‘ko‘cha, Gulobod, Jarariq mahallalari bilan chegaradosh. Mahalla hududida XIX asrga oid me’moriy obidalardan Obinazir va Po‘latboy masjidlari saqlanib qolgan.

Yangishahar mahallasida qadimda Ko‘kcha darvozasi joylashgan. Tarixchi Muhammad Solihxo‘janing «Tarixi jadidayi Toshkand» asarida keltirilishicha, Shayx Zayniddin qabristonidan Ko‘kcha darvozasigacha bo‘lgan masofa 1800 qadamni tashkil etgan. Mahalla Obinazir, Ko‘kcha, Jarariq, Oqilon mahallalari bilan chegaradosh. Mahalla nomining kelib chiqishi haqida tarixchi olim X.Meliqulov «Mahalla — Vatan ichidagi vatan» kitobida shunday yozadi: «Bir paytlar Ko‘kcha atrofi butunlay bog‘-rog‘lardan iborat bo‘lgan. Faqatgina mana shu Yangishahar deb ataladigan qismidagina baland-baland imoratlar bo‘lgan, ya’nikim shaharchaga o‘xshab turgan, nomi ana shu o‘xshashlik bilan bog‘liq». Bizningcha, bu unchalik to‘g‘ri emas. Yangi shahar mahallasi qo‘shni Obinazir mahallasi tarixi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, tax-minan XIV-XV asr boshlariga borib taqaladi. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida shahar hududining kengayishi natijasida, shahar devori tashqarisida ko‘plab yangi mahallalar vujudga kelgan (masalan, Yangishahar Minor, Yangishahar Turk, Yangishahar Labzak va h.k), shulardan biri Yangishahar mahallasi bo‘lgan. Mahalla aholisi, asosan, mayda hunarmandchilik, bog‘-dorchilik, dehqonchilik, savdo-sotiq bilan shug‘ullangan.

Shohnishintepa ham Ko‘kcha dahasidagi qadimgi mahallalardan bo‘lib, Chig‘atoy darvoza ko‘chasi (hozirgi Forobiy)da joylashgan. Mahalla nomi shu yerdagi Shohnishintepa arxeologik yodgorligi (VII-XIII asrning boshlari) nomidan olingan. Rivoyatlarga ko‘ra, Turon podshosi Afrosiyob o‘z fuqarolarini shu yerda qabul qilgan. Shohnishin — shoh o‘tirgan yer ma’nosini bildiradi. Bu tepalikdan ilk o‘rta asrlarga oid moddiy madaniyat yodgorliklari topilgan. IX-X asrlarda bu yerda ko‘shk barpo etilib, u Binkat rabodi tarkibiga kirgan. Mahalla aholisi kulolchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan, arxeologik izlanishlar natijasida bu yerdan kulolchilik ustaxonalari va xumdonlar topilgan. Mo‘g‘ullar bosqiniga qadar Shohnishintepa Binkat rabodi mahallalaridan biri bo‘lgan.

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Shohnishintepa (xalq tilida «Sharshintepa») Eski shahar bozori atrofidagi mahallalardan biri bo‘lib, u Chaqar, To‘qlijallob, Chig‘atoy mahallalari bilan chegaralangan. Ancha gavjum mahallada 300 ga yaqin xonadon yashagan. Aholi, asosan, mayda hunarmandchilik, savdo-sotiq, shahar atrofidagi bog‘ hovlilarida (Zaxariq, Oqtepa, Beltepa, Damariq mavzelarida) bog‘dorchilik va dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Mahalla guzarida choyxona, baqqollik do‘konlari, masjid bo‘lgan. Hozirda Shohnishintepa «Eski shahar» va «Chig‘atoy darvoza» mahallalari tarkibiga kirgan.

Daha hududida bir qancha ziyoratgoh mozorlar bo‘lgan, jumladan, Qoraqiyiq mahallasida — Xo‘ja Boboxo‘ja mozori, Ko‘kcha mahallasida — Shayx Zayniddinbobo mozori, Kallaxona mahallasida — Oqcho‘lliq-Ko‘kto‘nlik ota mozori, O‘zgand mahallasida — Langar ota mozori, Hofiz Ko‘hakiy mahallasida — Habzi ota mozori, Chimboy mahallasida — Tursun ota — «Davlat shohota» mozori, Molharam mahallasida — Chilik ota mozori, To‘kdijallob mahallasida — Yalang‘och ota mozori, Sag‘bon Oqtepasi mahallasida — Qoraxo‘ja ota mozori, Chig‘atoy mahallasida — Qo‘ychimozor, Pichoqchilik mahallasida — Eski mozor, Qoraqamish mahallasida — Vaqqos ota mozori, Xiyobon mahallasida — Chilla mozori, Yangishahar mahallasida — Ko‘kcha mozori va boshqalar.

1929 yil shaharda rayonlashtirish jarayoni boshlanishi bilan Ko‘kcha dahasi yangi tashkil etilgan rayon (sobiq Oktyabr, hozirgi Shayxontohur) tarkibiga kiritildi.

Mashhura Hasanova

Manba

https://shosh.uz/uz/mashhura-hasanova-ko-kcha-dahasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x