Yurtimizda yoshlar masalasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor berib kelinyapti. Bunday gʻamxoʻrlik va eʼtibordan ijodkor yoshlar ham chetda emas. Mana, bir necha yildan buyon Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi homiyligida “Birinchi kitobim” loyihasini amalga oshiryapti. Isteʼdodli yosh ijodkorlarning ilk kitoblari katta adadlarda bepul chop etilib, respublikamizdagi oʻquv dargohlari va kutubxonalarga tarqatilyapti. Hozirga qadar “Birinchi kitobim” loyihasida 53 nafar yosh ijodkorning kitobi nashr qilindi. “Isteʼdod maktabi” respublika seminari ishtirokchilaridan 100 dan ortigʻining ijodiy ishlari saralab olinib, “Kaftdagi nihol”, “Biz istiqlol farzandlarimiz” bayozida, “Bahor bulbullarining chah-chahi” yosh tarjimonlar bayozida chop etildi.
Bu yil “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida Jasur Kengboyev, Eʼzoza Obidjonova, Dilnoza Abduhamidova, Sevinchoy Yoqubova, Visola Pardaboyeva, Sarvinoz Meliboyeva, Mansur Gʻaniyev, Goʻzal Roʻziyeva, Charos Yoqubova, Muruvvatxon Gʻafforjonovaning kitoblari nashr qilindi.
Sevinchoy YOQUBOVA
1996 yili tugʻilgan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti talabasi. “Isteʼdod maktabi” VII respublika seminari ishtirokchisi. “Tengdoshlarim – tuygʻudoshlarim” adabiy-tanqidiy maqolalar toʻplami muallifi.
2016 yil hayotimda muhim hodisalar yuz berdi:
birinchidan, chorak asrga tengdosh erkin va hur yurtimizning ulugʻ toʻyini zoʻr tantana, koʻtarinki ruh bilan toʻylash;
ikkinchidan, jahonning eng ilgʻor taʼlim muassasalari bilan bemalol boʻylasha oladigan moʻtabar dargoh – Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida oʻqishimni davom ettirish;
uchinchidan, “Tengdoshlarim – tuygʻudoshlarim” nomli adabiy-tanqidiy maqolalarim jamlangan ilk toʻplamim “Birinchi kitobim” loyihasida nashr etilgani, intiluvchan tengdoshlarim safidan oʻrin olganim hayotimdagi eng unutilmas voqealarga aylandi.
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yillik toʻyiga atalgan ushbu moʻjaz sovgʻam ham oʻz-oʻzidan paydo boʻlmagan.
Menda adabiyot va sanʼat, nafis soʻzga muhabbatim juda erta uygʻongan. Buning negizida oilaviy muhit, yaʼni adabiyotshunoslar oilasida tugʻilganim va uyimizda kattagina kutubxona mavjudligi sabab boʻlgan. Kitoblarga mehrim, ustoz shoiru adiblarga havasim cheksizligi bois maktab va akademik litseyda oʻqigan kezlarimdayoq sheʼriy mashqlar qoralay boshladim. Vaqtli matbuot sahifalarida va men faol ishtirok etgan “Chashma”, “Onajonim, sheriyat” toʻgarak mashgʻulotlarida bot-bot adabiy tanqidning nisbatan susaygani haqidagi qarashlar ilgari surilardi. Shunda qalbimda tengdoshlarimizning “Birinchi kitobim” rukni ostida nashr etilgan toʻplamlaridan oʻrin olgan sheʼriy, nasriy, publitsistik qoralamalariga munosabat bildirsam-chi, degan fikr paydo boʻldi. Zotan, bu bitiklar mening qalbim va ruhiyatimga gʻoyat yaqin, yoshlarning aksariyati menga tuygʻudosh edi. Bu esa meni tahlil va talqin kengliklari sari ohanraboday chorladi.
Dono xalqimiz: “Izlagan imkon topadi”, deydi. Biz esa ijod erkinligi toʻla taʼminlangan, yosh avlodga hamisha maʼnaviy-ruhiy madadkor boʻlish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan ulkan imkoniyatlar mamlakatida yashayapmiz. Shu maʼnoda, ilk kitobimda Shodi Otamurod, Joʻrabek Jahon, Behzod Biybolayev, Mahfuza Imomova, Bibirobiya Saidova, Dilorom Moʻminova, Dildorxon Imomaliyeva singari yoshlarimizning ijodiy yutuq va nuqsonlari haqidagi dil soʻzlarim jamlanganidan behad mamnunman.
Kezi kelganda aytib oʻtay, bu yil “Birinchi kitobim” loyihasida toʻplamlari nashr etilgan Jasur Kengboyev, Akmal Murod, Visola Pardaboyeva, Muruvvat Gʻafforjonova, Mansur Gʻaniyev, Charos Yoqubova, Goʻzal Roʻziyeva, Eʼzoza Obidjonova kabi oʻndan ziyod yosh shoiru nosirlarimizning bitiklari ham oʻziga xosligi bilan alohida kuzatishlarga molikdir. Yaqin kelajakda ular ijodini ham tahlil-tadqiq etmogʻimiz mustaqillik davri adabiyotimizda yoshlar ijodining yetakchi tendensiyalarini aniqlash va ularning munosib oʻrnini belgilash imkonini berishi shubhasiz.
Akmal MUROD
1988 yili tugʻilgan. 2014 yili Oʻzbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetining magistratura bosqichini tamomlagan. “Isteʼdod maktabi” VII respublika seminari ishtirokchisi. “Koʻz ochgan buloqlar” kitobi muallifi.
Kitob chiqarishni istovchilar sonmingta. Koʻrsam, tengdoshlarim orasida xayrli bir anʼana shakllanib ulguribdi. Oʻttizgacha kitobi chop etilmagan aytarli hech kim oʻsha minglar safida koʻrinmoqchi emas. Yaxshi maʼnoda, albatta. Negaki, ularning bari “Birinchi kitobim” loyihasida eʼtirof etilishni koʻngliga mahkam tukkan. Buni “Doʻrmon” ijod uyida oʻtkazilgan yosh ijodkorlarning “Isteʼdod maktabi” respublika seminarida qatnashib, angladim.
Isteʼdodli oʻgʻil-qizlar hayotida unutilmas anʼanaga aylangan mazkur loyihani yurtimizda yoshlar ijodiga, adabiyotga berilayotgan eʼtiborning yuksak va yorqin samarasi deb bilaman. Satrida yoshlik nashidasi ufurib, soʻz hovuri gupillab turgan bu moʻjaz kitobchalar, shubhasiz, yosh qalamkashlarning ijodda oʻziga xos uslub, yoʻl izlayotganidan soʻzlaydi.
…Oʻzimni koʻproq publitsistikaga moyil koʻraman. Har bitta maqolaning demayman, zoʻr ocherk yo essening yaralish tarixi, bosqichlari, sarlavhadan xulosagacha – barchasi men uchun qiziq. Baʼzan ikki enlik material ustida oylab qolib ketish, baʼzida esa ikki sahifa maqolani soatda maromiga yetkazish – tushuniksiz. Kayfiyatga bogʻliq desam, hammasi joyida. Yozgim kelmayapti desam, toʻliqib turibman…
Birinchi kitobimdan beshta maqolam oʻrin oldi. Har birining yuragimga bosilgan muhri bor. Masalan, “Koʻz ochgan buloqlar”. Maqola uch qismdan iborat. “Oʻn yetti yosh hayratlari” qismi miniatyurachi yosh rassom Munisa Boʻronova haqida. “Qizcha bolalik kezlaridanoq boʻyoqlar olami ichida ulgʻaydi”, deb yozsam, ustoz Mahmud Saʼdiy tahrirda – “oq” qoʻshimchasi ustiga qalam tortib, olib tashladi. Soʻngra:
– Yoshulli, bu deyman, Navoiy yo Pushkinni yozayapsanmi?! – dedi odatiy pichingini kanda qilmay.
Domlani tez ilgʻayolmay, kalovlanib turganimda oʻzlari aytib qoldi:
– Bolalik kezlaridanOQ deyishing uchun qizimiz hali koʻp izlanishi kerak, unga nisbatan kezlaridan desak, yetadi.
Oddiy yuklama oʻzida bunday ulkan maʼno ifodalashi haqida, rosti, oʻylab ham koʻrmabman. Endi butun boshli maqolaning, kitobchaning tahrir holatini tasavvur qilavering. Sheʼrning goʻzalligi qofiyadan, hikoyaniki syujetdan boʻlganidek, oʻylashimcha, maqolaning husni – tahrirdan.
…20 ming nusxada yurtimiz maktablari, litsey-kollejlariga tarqab ulgurgan ilk kitobimiz haqida oʻylasam, ularni ustozlarimiz koʻzlari chaqnab-chaqnab oʻqiyotgani xayolimga keladi.
Ustoz, koʻring, Siz koʻngliga ilm urugʻini sochgan nihollar sekin-asta barg yozayotir!
Ustoz, qarang, Siz oʻgʻil-qizlaringiz diliga solgan ijod choʻgʻlari alanga olayotir!..
Charos YOQUBOVA
1994 yili tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi. “Isteʼdod maktabi” VII respublika seminari ishtirokchisi. “Quvonch boʻlib dunyoga keldik” sheʼriy toʻplami muallifi.
Birinchi kitobim! Bu soʻz tilimda “Men baxtliman!” degandek jaranglamoqda. “Birinchi kitobim” loyihasida chop etilgan toʻplamimni koʻrganda yuragimga qadalgan havas urugʻi niholga aylanib kurtak ochgandek, orzum qushga aylanib koʻkka olib chiqqandek boʻldi goʻyo. Beqiyos quvonch ulashgan bu lahzalar bunchalar tanish. Yana qachon shunday baxtni his qilgandim? Doʻrmon seminarida qatnashgandami, kitoblarda oʻqib, zangori ekranda koʻrgan ustoz ijodkorlar bilan ilk bor uchrashgandami?! Oʻsha lahzalarga bir on qaytgandek boʻldim. Oʻshanda…
Kollejimiz kutubxonasida yosh ijodkor Iftixor Xonxoʻjayevning “Uygʻoq yurak” sheʼriy toʻplamini koʻrib, juda hayratlangan edim. Kitobning bejirim muqovasi ustiga “Birinchi kitobim” deb yozilganidan ilk toʻplami ekanligi bilinib turar, hali tanilmagan yosh qalamkashning kitobi taʼlim dargohimizga kelib qolgani taajjub uygʻotgan edi.
Qiziqib bilsam, bu toʻplam Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi billan “Ijod” fondi tomonidan “Birinchi kitobim” loyihasida nashr ettirilgan ekan. Bunday kitoblar esa mamlakatimizning barcha hududlariga tarqatilishini eshitib, yuragimga otash tushgandek boʻldi. Axir, qanday baxt, sendan olisdagi qaysidir viloyatning shahar yoki qishloqlaridan birida qalam tebratayotgan tengdoshlaringning ijodidan bahramand boʻlsang, ular ham sening yozganlaringni oʻqishlari mumkinligini his etsang! Ushbu loyihada nazm, nasr, badiiy publitsistika, adabiy tanqid va bolalar adabiyoti yoʻnalishida chop etilgan asarlarning barchasini diqqat bilan kuzatib bordim. Ularga qarab oʻzimning mashqlarimni ham tahlil qiladigan boʻldim.
Yosh ijodkorlar bunday kitobchalarni koʻrib havaslangani aniq. Men ham ilk toʻplamimning ushbu loyihada chop etilishini istab, oʻz ustimda koʻproq ishlay boshladim. Bir asarda nimanidir qattiq istasang, butun koinot seni oʻshanga yetishtirishga urinadi, degan hikmatni oʻqigan edim. Ammo istakning oʻziyoq maqsadga erishishga kamlik qilarkan. Buning uchun oʻqish, izlanish, ustozlar oʻgitini olish zarur ekan. Ustozim Mehribon Abdurahmonovaning saboqlari orzum sari dadil odimlar tashlashimga koʻmakchi boʻldi.
2015 yili “Isteʼdod maktabi” VII respublika seminarida qatnashdim. “Doʻrmon” ijodkorlar bogʻiga ilk qadamni qoʻyganimda koʻnglimda oʻzim ham nomini bilmaydigan tuygʻular uygʻondi. Yuragim quvonch va hayajondan tez-tez urardi. Uch kun davomida oʻtkazilgan mushoiralar, taniqli shoir va yozuvchilar bilan suhbatlar yuragimda chuqur iz qoldirdi. Sheʼriyatning, adabiyotning mohiyatini teranroq angladim. Eng katta yutugʻim, boshqa viloyatlardan kelgan tengdoshlarim bilan doʻstlashdim. Hozir ham ular bilan fikrlashib turaman. Bu esa bizning yanada joʻshqin ijod qilishimizga turtki beryapti.
Uch yil davomida “Birinchi kitobim” loyihasida ishtirok etishni istabman-u, kitobxonlar mening yozganlarimni qanday qabul qilishar ekan, degan savolni oʻzimga hech bermagan ekanman. “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida kitobi chiqadigan mualliflar roʻyxati ichida oʻz ism-familiyamni oʻqiganimda, birdan yelkamda katta masʼuliyat yukini his etdim. Axir, oʻzim ham kursdosh dugonalarim bilan birinchi kitob masalasida tortishib, kimning yozganlari qalbga yaqin-u, qay muallif qofiyalarni “oʻynatib” yuborgani haqida qizgʻin bahslashgan kunlarimni unutganim yoʻq! Kitobimni qoʻlimga olgach, oʻquvchi sifatida varaqlab chiqqanimda bu masʼuliyatning yuki naqadar ogʻir ekanligini angladim. Shu bilan birga, cheksiz quvonch hissini tuydim. Axir, shunday yurtda, erkinlik zamonida tugʻilganimning oʻzi baxt, endi bir umr quvonch boʻlib, insonlarga quvonch ulashib yashashim kerak.
Orifjon Madvaliyev
tayyorladi.
“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 10-sonida chop etilgan.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/masuliyatli-quvonch/